O’zbekiston sug’urta bozorida qayta sug’urta kompaniyalari faoliyatini tashkil etishning yo’nalishlari
Ushbu bitiruv malakaviy ishi O‘zbekiston sug‘urta bozorida qayta sug‘urta kompaniyalari faoliyatini tashkil etishning yo‘nalishlarini o‘rganishga bag'ishlangan. Ishda sug'urta bozori, qayta sug'urtalashning iqtisodiy mohiyati, uning nazariy asoslari, O'zbekiston va jahon sug'urta bozorlarining hozirgi holati va rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida sug'urta kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish yo'llari tahlil qilingan.
Asosiy mavzular
- KIRISH: O‘zbekiston Respublikasida sug'urta bozori rivojlanishini davlat tomonidan qo'llab quvvatlanishi natijasida yuridik va jismoniy shaxslarga sug'urta xizmatlarini koʻrsatish koʻlami kengayib sifat ko'rsatkichlarida ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida respublikamizda to'laqonli sug'urta bozorini barpo etish va uni barqaror rivojlanishini ta'minlash uchun yetarli darajada iqtisodiy va huquqiy asoslar yaratildi. Sug'urta sohasida mavjud bo'lgan davlat monopoliyasiga barham berildi. O'tgan yillar tajribasi shuni ko'rsatadiki, mamlakatimiz rahbariyati va hukumati sug'urta sohasini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashga va rivojlantirishga muntazam eʼtibor berib kelayapti.
- 1-BOB. QAYTA SUG’URTA FAOLIYATINI AMALGA OSHIRISHNING IQTISODIY MOHIYATI VA NAZARIY ASOSLARI: Qayta sug'urtalash bu – bir sug'urta tashkiloti zimmasidagi riskni yoki uning bir qismini ikkinchi sug'urta yoki qayta sug'urtalash tashkilotiga o'tkazishdir. Bu tushunchani qisqacha qilib risklar tranformatsiyasi deb ham yuritish mumkin. Risklar transformatsiyasi jarayoni sug'urta tashkilotlari o'rtasidagi munosabat bo'lganligi sababli, u bir qancha o'ziga xos xususiyatlarga ega. Eng avvalo qayta sug'urtalash, sug'urta tashkiloti zimmasidagi me'yordan ortiq majburiyatlardan qutulishning eng optimal yo'lidir. Chunki, sug'urta tashkiloti katta summali bir shartnoma asosida qabul qilgan majburiyatning ma'lum qisminigina qoplash imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin. Bunday holda, qayta sug'urtalash mijozning talabini qondirish imkonini beradi, ya'ni sug'urta tashkiloti (sedent) o'z zimmasidagi me'yordan ortiq majburiyatlarni qayta sug'urtalovchi(sessioner)ga o'tkazadi va mijozni o'zida ushlab qoladi. Bundan tashqari qayta sug'urtalash, sug'urta tashkilotlari uchun katta hajmdagi majburiyatlarni qabul qilish va o'z faoliyatining imkoniyatlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Masalan, sug'urta tashkiloti o'nlab yoki yuzlab sug'urta tashkilotlari bilan qayta sug'urtalash munosabatlarini o'rnatgan holda, turli katta ob'yektlarni (aviatsiya, dengiz sug'urtasi va boshqalar) sug'urtalash imkoniyatiga ega.
- 2-BOB. O'ZBEKISTONDA QAYTA SUG'URTALASH BOZORINING HOZIRGI HOLATI VA UNING TAHLILI: Xalqaro va milliy qayta sug'urta amaliyoti tahlil qilinganda, qayta sug'urta operatsiyalari bilan ikki xil sug'urta tashkilotlari qayta sug'urta bilan shug'ullanishini kuzatish mumkin. Birinchi turdagi qayta sug'urta tashkilotlari qayta sug'urta operatsiyalari bilan ikkilamchi faoliyat tariqasida shug'ullanishadilar. Ularning asosiy faoliyati to'g'ridan-to'g'ri sug'urta shartnomalari asosida sug'urta xizmatlarini ko'rsatish hisoblanadi. Ikkinchi turdagi qayta sug'urta bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar esa faqat qayta sug'urtaga ixtisoslashgan tashkilotlardir. So'ngi yillarda sug'urta sohasi bilan bir qatorda qayta sug'urta sohasini rivojlantirish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. O'zbekiston Respublikasi prezdentining 2011 yil 31 maydagi “Sug'urtachilarning moliyaviy barqarorligini yanada oshirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" PQ-1544-son qaroriga muvofiq qayta sug'urtalovchilarning ustav kapitalining eng kam miqdori 2012 yil 1 iyuldan boshlab 6 mln yevro ekvivalentida qilib belgilangan.
- 3-BOB. IQTISODIYOTNI MODERNIZATSIYALASH SHAROITIDA O'ZBEKISTONDA QAYTA SUG’URTA KOMPANIYALARI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH YO'LLARI: Ma'lumki, sug'urta munosabatlari keng qamrovli tushuncha bo'lib, u o'z ichiga sug'urta shartnomasining tuzilishidan, uning tugashigacha bo'lgan muddatni qamrab oladi. Yuqorida ta'kidlanganidek, bitiruv malakaviy ishi sug'urta munosabatlarining aynan qayta sug'urtalash, ya'ni sug'urta riskini uzatish bilan bog'liq sohasini o'rganishga va uni takomillashtirishga bag'ishlangan. O'zbekistonda qayta sug'urtalash munosabatlarini rivojlantirishni quyidagi yirik yo'nalishlarda amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi: O'zbekiston sug'urtalovchilari tomonidan amalga oshirilayotgan tarif siyosatini takomillashtirish, mamlakatda aktuariylarning faoliyati uchun huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish; sug'urtalovchilar tomonidan iqtisodiyotning kengroq qamrab olinishi ta'minlash maqsadida, sug'urta xizmatlarini sotish yo'nalishlarini takomillashtirish; sug'urta tashkilotlarida sug'urta zahiralarining majburiyatlarga muvofiq va oqilona shakllantirilishini ta'minlash; qayta sug'urtalash munosabatlarini rivojlantirish ularning ko'lamini kengaytirish uchun zarur sharoitlarni yaratish.
- XULOSA VA TAKLIFLAR: Xulosa qilib aytganda, sug'urta bozorida sotilayotgan sug'urta xizmatlarining katta qismi umumiy sug'urta sohasiga to'g'ri keladi. Ta'kidlash joizki, sug'urta turlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, sug'urta xizmatlarini sotishning turli usullarini qo'llash mumkin. Albatta, sug'urta xizmatlarining sotilishida sug'urtalanuvchilarning to'lov qobiliyati va sug'urta madaniyati ham katta ahamiyatga ega. Shu nuqtai-nazardan sug'urtalovchilar sug'urtalanuvchilarning to'lov qobiliyatiga muvofiq ravishda sug'urta xizmatlarini ishlab chiqishi hamda sug'urta madaniyatini oshirish bo'yichatarg'ibot, tashviqot ishlarini amalga oshirib borishi sug'urta xizmatlarini sotish ko'lamining kengayishini ta'minlovchi omil hisoblanadi. O'zbekiston sug'urta bozorining zamonaviy holati, uning infratuzilmasining rivojlanganlik darajasi mavjud sug'urta kompaniyalari faoliyatini tartibga solish tizimini takomillashtirishni talab etmoqda. Sug'urta faoliyatini yanada takomillashtirishdan maqsad sug'urtalovchilarning kapitallashuvi va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularnining hududiy tarmoqlarini kengaytirish va sug'urta tashkilotlari investitsion jarayonlardagi ishtirokini rag'batlantirish, shuningdek sug'urta xizmatlari iste'molchilarining huquqlarini samarali himoya qilishni ta'minlashdan iborat. Qayta sug'urtalash sohasini ham sug'urta sohasi bilan bir qatorda rivojlantirib, takomillashtirib borish zamon talablariga aylanmoqda.