Transport inshootlarini loyihalash va qurish-2
Ushbu darslik S.S. Salixanov tomonidan yozilgan bo‘lib, «Transport inshootlarini loyihalash va qurish» deb nomlanadi. U ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism po‘lat ko‘priklar, ikkinchi qism esa tunnellar va ularni loyihalash hamda qurish masalalariga bag‘ishlangan. Darslikda temir yo‘llardagi metall ko‘priklarning materiallari, birikmalari, oraliq qurilmalarining asosiy sistemalari va turlari, konstruksiyalari, metall ko‘priklarni loyihalash va hisoblashning asosiy qoidalari, po‘lat oraliq qurilmalarni tayyorlash va montaj qilish usullari keltirilgan. Shuningdek, tonnellarning vazifasi va ularning klassifikatsiyasi, qurilish usullari, rejasi va profili, obdelkalarining konstruksiyasi va ularning hisobi, gruntlarni kavlash va yuklash usullari, shuningdek, tonnellarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish kabi masalalar chuqur yoritilgan. Darslik qurilish sohasiga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari va fakultetlarining talabalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shuningdek qurilish tashkilotlarining muhandis-texnik xodimlari va ilmiy amaliyot olib boradigan mutaxassislar tomonidan foydalanishi mumkin.
Asosiy mavzular
- Kirish: Qurilishda, hususan, temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari oraliq qurilmalari uchun ishlatiladigan po‘latlar yuqori mustahkamlik, egiluvchanlik va zarblarga dosh berish ko‘rsatkichlariga ega. Po‘lat ko‘priklarning oraliqlari eng katta va ular og‘ir dinamik yuklar ta’siri ostida ishonchli ravishda ishlaydi. Zamonaviy po‘lat ko‘priklarning oraliq uzunligi 3000 metrdan ortiq, temirbeton ko‘priklarniki esa 500 metrgacha bo‘lishi mumkin. Hozirgi paytda oraliq uzunligi 3030 metr bo‘lgan po‘lat ko‘prik loyihasi ishlab chiqilgan va qurilish ishlari boshlanmoqda. Po‘lat oraliq qurilmalar uzoq xizmat muddatiga ega. Vaqtinchalik harakatlanuvchi yuklarning kattaligi oshganda bunday oraliq qurilmalar nisbatan oson kuchaytirilishlari mumkin. Po‘lat ko‘priklarining asosiy kamchiligi – ularning korroziyaga bo‘lishi mumkinligidir. Shuning uchun po‘lat oraliq qurilmalar puxta asrashni va davriy ravishda bo‘yab turishni talab qiladi, bu esa ekspluatatsion xarajatlarni ko‘paytiradi. Bu kamchilik korroziyaga chidamli po‘latlarni va maxsus qoplamalarni qo‘llash orqali yo‘qotiladi. Po‘lat ko‘priklar turli yo‘llarda va har qanday klimatik shartlarga ega bo‘lgan hududlarda quriladi. Mamlakatimiz temir yo‘llaridagi eng katta oraliqli ko‘priklar po‘lat ko‘priklardir. Po‘lat ko‘priklarni qo‘llash texnik-iqtisodiy hisoblar bilan asoslangan bo‘lishi lozimdir. Odatda po‘lat ko‘priklar katta oraliqlarda (ba’zi hollarda esa o‘rta uzunlikdagi oraliqlarda ham) iqtisodiy jixatdan maqsadga muvofiqdir. Katta oraliqlarni qo‘llash tayanchlar sonini kamaytiradi, bu esa tayanchlarning balandligi katta va poydevor chuqur joylashganda ishlarni va sermashaqqatligini anchagina kamaytiradi, ko‘prik qurilishi muddatini va qiymatini qisqartiradi.
- Po‘lat ko‘priklarni loyihalash va hisoblashning asosiy qoidalari: Po‘lat ko‘priklar konstruksiyalarining hisobi yog‘och va temirbeton ko‘priklarning hisobiga solishtirilganda bu hisob o‘ziga hos hususiyatlarga ega. Oraliq qurilmaning ishchi xujjatlarini ishlab chiqish jarayonida loyihachi avval konstruktiv mo‘ljalni belgilaydi, taxminiy hisoblarni amalga oshiradi, keyin bu hisoblarni analitik hisoblar bilan tekshirib chiqadi, kerak bo‘lgan taqdirda esa loyihaga lozim bo‘lgan o‘zgartirishlarni kirgizadi. Umuman olganda ko‘prik konstruksiyalari elementlarini loyihalash va hisoblash quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi: 1.Ko‘priksozlik tarixiga va tajribasiga tayanib loyihalanayotgan ko‘prik konstruksiyasi hisoblanayotgan elementining asosiy geometrik o‘lchamlari belgilanadi; 2.Hisoblanayotgan elementning hisobiy sxemasi tanlab olinadi. Bunda hisobiy elementning boshqa ko‘prik elementlariga tayanishi, ular bilan birikishi va boshqa hususiyatlari inobatga olinadi; 3.Hisoblanayotgan elementga ta’sir etuvchi doimiy va vaqtinchalik yuklarning miqdori, yuklanish shakli, bu yuklarning miqdoriga ta’sir ko‘rsatuvchi yuk bo‘yicha ishonchlilik koeffitsienti, ish sharoiti koeffitsienti, dinamik koeffitsient va bir vaqtda ta’sir etuvchi yuklarning birikmalari (sochetaniya nagruzok) va boshqalar aniqlanadi; 4.Qurilish mexanikasi uslublari yordamida hisoblanayotgan elementning xarakterli kesimlaridagi zo‘riqishlar (eguvchi moment, kesuvchi kuch, bo‘ylama kuch) aniqlanadi; 5.Elementning xarakterli kesimlari chegaraviy holatlar uslubiga binoan mustahkamlikka, chidamlilikka, mahalliy va umumiy deformatsiyalarga hisoblanadi.
- Po‘lat ko‘priklar materiallari: Ko‘p marta qaytariladigan og‘ir dinamik kuchlar ta’siri ostida ishlaydigan ko‘prik konstruksiyalari uchun amalda bo‘lgan Davlat standartlari va Qurilish me’yorlari va qoidalari talablariga javob beradigan, yuqori sifatli, uglerodli va kam legirlangan, martenli va konvertorli, issiqlayin jo‘valangan po‘latlar qo‘llaniladi. Uglerodli po‘lat – temirning uglerod va rudadagi oz miqdordagi aralashmalar bilan qotishmasidir. Uglerod miqdorining ko‘payishi po‘latning mustahkamligini oshiradi, lekin uning plastikligini va payvandlanuvchanligini pasaytiradi, po‘latni mo‘rt qilib qo‘yadi. Shu tufayli ko‘prik konstruksiyalari uchun tarkibida uglerod miqdori 0,25% dan ko‘p bo‘lmagan kam uglerodli po‘latlar qo‘llaniladi. Po‘latlar tarkibida zararli aralashmalar – oltingugurt, fosfor va boshqalar ham bordir. Oltingugurt po‘lat mustahkamligini pasaytiradi va uni issiqqa sinuvchan (ya’ni harorat 800-10000C bo‘lganda mo‘rt) qilib qo‘yadi. Bu esa payvandlash paytida darzlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Fosfor esa plastiklikni va zarbga qayishqoqlikni keskin kamaytiradi, po‘latni sovuqda sinuvchan (manfiy haroratda mo‘rt) qilib qo‘yadi. Ko‘prik konstruksiyalari po‘latida, odatda, oltingugurt va fosfor miqdori 0,035% dan (keskin sovuq hududlar uchun oltingugurt - 0,03% dan, fosfor 0,025% dan) oshmasligi kerak. Eritish usuliga va kisloroddan tozalanish darajasiga ko‘ra po‘latlar sokin, yarim sokin va qaynovchi po‘latlarga bo‘linadi. Sokin po‘latlar yarim sokin va qaynovchi po‘latlarga nisbatan yuqoriroq zichlikka va tuzilishining bir jinsliligiga egadir. Uglerodli po‘latlar tayyorlanish shartlariga ko‘ra A, Б va V guruhlariga, sifatining meyorlangan ko‘rsatkichlariga ko‘ra olti kategoriyaga bo‘linadi. Masalan, ВСт3пс5 markasi quyidagilarni bildiradi: V guruhli, uglerodli po‘lat 3, yarim sokin tayyorlangan va 5-kategoriyali. Kam legirlangan po‘lat - temirning uglerod va legirlovchi qo‘shimchalari (2,5% gacha) bilan qotishmasidir. Legirlovchi qo‘shimchalar po‘latning mustahkamligini oshiradi, lekin uning plastikligini va qayishqoqligini biroz pasaytiradi. Legirlovchi qo‘shimchalar sifatida xrom (X), kremniy (С), nikel (Н), mis (Д), vanadiy (Ф) va boshqa elementlar qo‘llaniladi.
- Po'lat elementlarning birikmalari: Zamonaviy ko'prik konstruksiyalarining po'lat elementlari ularni tayyorlash va montaj jarayonida elektr payvandlash, mustahkamligi yuqori boltlar, ayrim hollarda esa oddiy boltlar bilan biriktiriladi. Temir yo'l va aralash ko'priklarda payvandlangan va bolt va payvandlashdan kombinatsiya qilingan montaj birikmalari faqat “O‘zbekiston temir yo‘llari OAJ” bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Mixparchinli birikmalar po‘lat ko‘priklarda taxminan o‘tgan asrning 70-yillaridan beri qo‘llanilmaydi. Payvand birikmalar. Ko‘prik konstruksiyalarining po‘lat detallari bir biri bilan ulanma (rasm 1.15,a) va burchak (rasm 1.15,b) choklari bilan biriktiriladi. Bu choklar avtomatik, yarim avtomatik yoki qo‘lda payvandlash orqali amalga oshiriladi. Qalinligi 30 mm dan ortiq bo‘lgan po‘lat taxtalar vertikal yoki qiya holatda elektroshlak usuli bilan payvandlanadi. Qo‘lda payvandlashda qalin qoplamali (surtilgan) elektrodlar ishlatiladi va bu usul etib borish qiyin bo‘lgan joylarda, tepadagi choklarni payvandlashda qo‘llaniladi. Elektr payvandlashni qo‘llash po‘lat sarfini va ko‘priklar konstruksiyalarini tayyorlash mashaqqatini kamaytiradi. Payvandlash vaqtida hosil bo‘ladigan yuqori haroratdan biriktirilayotgan elementlarning notekis qizishi qo‘shimcha kuchlanishlarni keltirib chiqaradi, choklar zonasidagi po‘latning strukturaviy o‘zgarishi va elementlarning buralib ketishi hollari kuzatilishi mumkin. Bular montaj payvand choklarini qo‘llashni murakkablashtiradi. Markaziy cho‘zilishda yoki siqilishda payvand ulanma birikmalarining mustahkamlikka hisobi quyidagi formula orqali amalga oshiriladi: N/twlw ≤ Rwym1, bu yerda: N - hisobiy zo‘riqish; tw va lw - kesimning hisobiy balandligi; Rw – ulanma payvand birikmasining hisobiy qarshiligi; m1 - ekspluatatsion yuklarga hisoblarda ish sharoiti koeffitsienti (0,9 ga teng). Mustahkamligi yuqori boltlardagi friksion birikmalar. Bu birikmalar zo‘riqishlarni mustahkamligi yuqori boltlar tortilganda biriktirilayotgan detallarning kontakt yuzalarida hosil bo‘lgan ishqalanish kuchlari hisobiga uzatadi (rasm 1.9,c). Friksion birikmalar oddiy konstruksiyaga, o‘rnatish uchun nisbatan kam mehnat sarfiga, kuchlanishlarning kichik konsentratsiyasiga, ko‘p marta qaytariladigan yuklarga yaxshi ishlashiga, yuqori ishonchlilikka ega. Shu sababdan friksion birikmalar po‘lat ko‘priklar konstruksiyalarini montaj birikmalarining asosiy turidir. Po‘lat ko‘priklarda normal aniqlikka ega, diametri 18-27 mm, mustahkamligi yuqori bo‘lgan va termik mustahkamlangan 40X, 38XC markali po‘latlardan tayyorlangan boltlar gaykasi bilan birgalikda qo‘llaniladi. Bir dona mustahkamligi yuqori bolt bilan tortilib biriktirilayotgan detallarning har bir ishqalanish yuzasi qabul qila olishi mumkin bo‘lgan hisobiy zo‘riqish Qbh quyidagi formula orqali aniqlanadi: Qbh=μP/λbh. Bu formulada: μ - kontakt yuzalarini tozalash usuliga bog‘liq bo‘lgan, qiymati 0,35 - 0,58 ga teng ishqalanish koeffitsienti; λbh - kontakt yuzalarini tozalash usuliga va birikmadagi mustahkamligi yuqori boltlar soniga bog‘liq bo‘lgan, qiymati 1,18 - 2,51 ga teng ishonchlilik koeffitsienti; P=RwAbn mbh formula bilan aniqlanadigan, mustahkamligi yuqori boltni tortish zo‘riqishi. Bu formulada: Rbh=0,7 Rbun - mustahkamligi yuqori boltni cho‘zilishga bo‘lgan hisobiy qarshiligi; Abn - boltning kesim yuzasi, netto; Rbun - mustahkamligi yuqori boltning uzilishga bo‘lgan eng kichik vaqtinchalik qarshiligi (40X “selekt”markali po‘latdan tayyorlangan, diametri 16-27 mm bo‘lgan boltlar uchun 1100 MPa ga teng); mbh - mustahkamligi yuqori boltlar tortilishga ishlaganda ish sharoiti koeffitsienti (0,95 ga teng). Oddiy boltlardagi birikmalar. Oraliq qurilma va tayanchlarning ko‘prik polotnosi, trotuarlar, panjaralar, ko‘rik moslamalari va shularga o‘xshash boshqa elementlarini biriktirish, shuningdek tayanch qismlarini mahkamlash uchun aniqligi yuqori (d0 – d =0,4 - 0,6 mm), normal va taxminiy aniqlikka ega (d0 – d =2 - 5 mm) oddiy boltlar ishlatiladi. Bu erda d0 – teshik diametri; d – bolt sterjenining diametri (rasm 1.9, d). Bu birikmalarda zo‘riqishlar bolt sterjenlari orqali uzatilishi sababli sterjenlar kesilishga va ezilishga ishlaydi. Bir dona oddiy boltning chegaraviy (qabul qila olishi mumkin bo‘lgan) hisobiy zo‘riqishi Nb quyidagi formula orqali aniqlanadi: kesilishda Nb=Rbs mb1 Ans ; ezilishda Nb=Rbp mb1 d∑t ; cho‘zilishda Nb=Rbt Abn ; Bu formulalarda: Rbs , Rbp , Rbt - bolt po‘latining kesilishga, ezilishga va cho‘zilishga bo‘lgan hisobiy qarshiligi (ShNQ 2.05.03-12 bo‘yicha qabul qilinadi); d - bolt sterjenining diametri; A , Abn - bolt sterjenining kesim yuzasi (brutto, neto); ns - bir boltning kesilish tekisliklari soni; ∑t - bir yo‘nalishda ezilayotgan detallar qalinligi yig‘indisining eng kichik miqdori; mb1 - birikmaning ish sharoiti koeffitsienti (aniqligi yuqori boltlar uchun 1,0 ga, normal va taxminiy aniqlikka ega boltlar uchun 0,9 ga teng). Boltlarning joylashishi. Mustahkamligi yuqori va oddiy boltlar birikmada iloji boricha g‘uj qilib joylashtiriladi. Bunda teshikli detallardagi kuchlanishlar konsentratsiyasini pasaytirish va siqilgan taxtali detallarning bukilib ketishining, kontakt zonasiga suv kirishining va korroziya bo‘lishining oldini olish uchun boltlar markazlari orasidagi masofalar quyidagicha bo‘lishi kerak: a) mustahkamligi yuqori boltlar uchun ixtiyoriy yo‘nalishdagi eng kichik masofa – 2,5d, oddiy boltlar uchun - 3d; b) cho‘zilishga va siqilishga ishlaydigan po‘lat taxtalar uchun eng chetki qatordagi boltlar orasidagi ixtiyoriy yo‘nalishda maksimal masofa – 7 d yoki 16t, burchaklar uchun – 160 mm; v) o‘rta qatorlardagi maksimal masofa: cho‘zilishda va siqilishda zo‘riqishga ko‘ndalang – 24t, cho‘zilishda zo‘riqish bo‘yicha -24t va siqilishda -16t. Bolt markazidan element chetigacha bo‘lgan masofalar: a) zo‘riqish bo‘ylab va dioganal bo‘yicha eng kichik masofa – 1,5d; b) xuddi shunday, zo‘riqishga ko‘ndalang – mexanik ishlov berilgan qirralar uchun - 1,5d, prokat qirralar uchun yoki gaz – kislorod bilan qirqilgandan so‘ng – 1,3d; v) eng katta masofa – 8t yoki 120 mm.
- Po'lat oraliq qurilmalarning asosiy sistemalari va turlari: Oraliq qurilmalarining asosiy sistemalari. Oraliq qurilmaning eng oddiy sistemasi ikki tayanch ustiga o‘rnatilgan qirqilgan to‘sindir (rasm 1.10, a). Statik ishining aniqligi, eguvchi momentlar epyurasining bir ishoraligi, tipovoylashtirishning va ta’mirlashda almashtirishning qulayligi bu sistemaning temir yo‘l ko‘priklarida keng tarqalishiga sabab bo‘ldi. Faqat metalldan tuzilgan, yaxlit devorli, qatnovi ustidan bo‘lgan to‘sinlar oraliq uzunligi l = 45-50 metr bo‘lgan oraliqlar uchun eng ratsional hisoblanadi. Qirqilgan to‘sinning balandligi h ning kattaligi (1/15 ... 1/20) l miqdorida qabul qilinadi. Ko‘rsatib o‘tilgan oraliqlardan katta oraliqlarni berkitish uchun qirqilgan to‘sinli panjarali, qatnovi ustidan yoki ostidan (rasm 1.10, b) bo‘lgan fermalar yaxlit devorli to‘sinlarga qaraganda ratsional bo‘lib chiqadi. Bunda bosh fermalarning balandligi H ferma panellarining soni va uzunligi b bilan moslashtiriladi va H = (1/6...1/10) l miqdorida qabul qilinadi. Ko‘priklarning qirqilgan panjarali fermalar bilan berkitilgan eng katta oraliq qurilmalari sifatida AQSh da qurilgan Metropolise temir yo‘l ko‘prigini (219,5 metr; 1917 yil), Paduka-Brukpore avtomobil ko‘prigini (218,3 metr; 1929 yil), Chestere temir yo‘l ko‘prigini (227,1 metr; 1976 yil) ko‘rsatish mumkin. Ko‘priklarda qirqilmagan fermalarni qo‘llash (rasm 1.10, c) qirqilgan fermalarga qaraganda kattaroq oraliqlarni berkitishga imkon yaratadi. Qirqilmagan fermalar qo‘llanilganda oraliq o‘rtasidagi hisobiy musbat moment qiymati kamayadi, bikirlik ortadi, egilish chizig‘i tekislanadi, tashqi ko‘rinish yaxshilanadi, tayanchlarning ishlash sharoitlari yaxshilanadi, oraliq qurilmalarni osma usulda montaj qilish va bo‘ylama surish uchun yaxshi sharoitlar yaratiladi. Bunday fermalardan AQSh da qurilgan Frensis Skott Key temir yo‘l ko‘prigi (365,9 metr; 1977 yil), Astoriya avtomobil ko‘prigi (375 metr; 1966 yil), Yaponiyada qurilgan Tenmon-Kio avtomobil ko‘prigi (300 metr; 1966 yil) eng katta oraliqli ko‘priklar hisoblanadi. Bunda fermalarning balandligi h=(1/30...1/40)l kattaligida qabul qilinadi, oraliq uzunliklari esa taxminan l1=(0,3...1,0)l ga tengdir. Yaxlit devorli qirqilmagan to‘sinlarni avtomobil ko‘priklarida qo‘llash konstruktiv sabablarga ko‘ra 150 metr bilan chegaralanadi. Shuning uchun kattaroq oraliqlarni berkitishda balandligi o‘zgaruvchan to‘sinlarni qo‘llash maqsadga muvofiqdir (rasm 1.10, d). Tayyorlash va montaj qiymatining oshib ketishiga qaramasdan bunday konstruksiya yaxshi tashqi ko‘rinishga ega va doimiy balandlikka ega bo‘lgan to‘sinlarga qaraganda iqtisodiy jihatdan samaraliroqdir. Bunda, qirqilmagan to‘sinlarning parametrlari quyidagicha bo‘lishi kerak: l1’ =(0,6...0,8)l’ ; h’ =(1/35...1/50)l’ va N = (1,5 …3)h’ . Yaxlit devorli qirqilmagan to‘sinli oraliq qurilmalar bilan berkitilgan eng katta oraliqlar Yugoslaviyada Savu daryosi ustidan qurilgan (261 metr; 1956 yil), Germaniyada Zoobryuke (259,1 metr; 1966 yil), AQSh da San-Mateo-Xeyuord (228,7 metr; 1967 yil) avtomobil ko‘priklarini ko‘rsatib o‘tish mumkin. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, XX asr oxirlarida to‘sinli-konsolli sistemali ko‘priklar ko‘p sonda qurilgan bo‘lib, ularning eng mashhurlari sifatida Shotlandiyadagi Fort qo‘ltig‘i ustidan qurilgan ko‘prikni (521,24 metr; 1890 yil), Kanadadagi Kvebek ko‘prigini (549 metr; 1917 yil) ko‘rsatish mumkin. Yaqin o‘tmishda bunday ko‘priklar dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlarida, ya’ni Yaponiyada Minato ko‘prigi (510 metr; 1974 yil), AQSh da Komodor-Djon-Berri ko‘prigi (501,2 metr; 1974 yil), Buyuk Yangi Orlean ko‘prigi (480 metr; 1958 va 1988 yil) ham qurilgan. Ushbu ko‘priklarning barchasi avtomobil ko‘priklaridir.
- Tonnellar haqida umumiy ma'lumotlar va ularni loyihalash: Transport maqsadlari, suv o‘tkazish, shahar kommunal tizimlarini o‘tkazish, ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan, katta uzunlikka ega bo‘lgan, gorizontal yoki qiya joylashgan yer osti sun’iy inshooti tonnel deb ataladi. Tonnellar aloqa yo‘llarida turli to‘siqlarni oshib o‘tish uchun yoki yer ostida ma’lum bir qiyalikda yo‘l trassasini davom ettirish uchun xizmat qiladi. Transport tonnellariga temir yo‘l tonnellari, avtoyo‘l tonnellari, metropolitenlarning piyodalar tonnellari, shuningdek ko‘ndalang kesimi katta bo‘lgan, bir necha transport turlari harakatlanadigan tonnellar kiradi. Transport tonnellarining klassifikatsiyasi ularning asosiga qo‘yilgan vazifalar bilan belgilanadi. Tonnellar joylashishiga qarab tog‘ tonnellari, suv osti tonnellari va turli vazifalarga ega bo‘lgan shahar tonnelariga ajraladi. Qurilish usuliga ko‘ra tonnellar ochiq va yopiq usulda qurilishi mumkin. Ochiq usulda oldindan qazilgan kotlovanga tonnel konstruksiyasi quriladi va bitkazilgandan so‘ng bu konstruksiya grunt bilan ko‘mib tashlanadi. Qurilishning yopiq usulini yoki tonnelni kavlab o‘tishni tog‘li va qalqonli usullarga ajratish mumkin. Tog‘ usulida, odatda, vaqtinchalik mustahkamlash elementlari bilan ushlab turiladigan ungur kavlanadi va uning himoyasi ostida obdelka deb ataladigan doimiy tonnel konstruksiyasi quriladi. Bunday konstruksiya ko‘p hollarda monolit betondan iborat bo‘ladi. Tonnel qurishning qalqon usuli qo‘zg‘aluvchan, po‘latdan yasalgan mustahkamlash jihozi - kavlash qalqonidan foydalanish bilan bog‘liqdir. Bu qalqon grunt kavlanayotgan va obdelka qurilayotgan joyni berkitib turadi. Qalqon usuli qo‘llanilganda tonnel obdelkasi, odatda, zavodlarda tayyorlangan yig‘ma temirbeton yoki cho‘yan elementlardan tashkil topadi. Yer yuzasiga chiqish yo‘li bo‘lgan, yer osti ishlarini ta’minlash uchun xizmat qiladigan va tonnelni shamollatishga mo‘ljallangan vertikal ungurlar stvollar (7.5-rasm) deb ataladi. Stvolning (3) yuqorisi uning ustki qismi (2) deb ataladi. Stvolning pastki qismida stvol yoni unguri (4) joylashadi. U stvolni yaqinlashuv shtolnyalari bilan birlashtirishga, transport va boshqa qurilmalarni joylashtirishga va suv yig‘ish moslamalarini (5) o‘rnatishga xizmat qiladi. Tonnelning obdelka deb ataladigan konstruksiyasi yuqorigi gumbaz (1), devorlar (2) va orqa gumbaz 3 lardan iborat bo‘ladi. Tonnel mustahkam gruntlarda joylashgan hollarda yuqorigi gumbaz va devorlar, ba’zi hollarda esa faqat birgina yuqorigi gumbazlar o‘rnatish bilan kifoyalanadilar.