O‘zbek tili diplomatik terminlari

Ushbu dissertatsiya mavzusi Oʻzbekistonda diplomatik faoliyatni rivojlantirish, oʻzbek tilini diplomatik muloqotda qoʻllash va diplomatik terminologiyaning oʻziga xos jihatlarini tadqiq qilishga bag'ishlangan. Tadqiqotda oʻzbek tili diplomatik terminlarining leksik tizimdagi oʻrni, semantik taraqqiyoti, struktur xususiyatlari va ularning lugʻatlarda berilishi yoritilgan. Shuningdek, dissertatsiyada diplomatik terminlarining izohli lugʻatini yaratishga oid tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan va bir qator ilmiy nashrlarda chop etilgan.

Asosiy mavzular

  • Dissertatsiyaning dolzarbligi va zarurati: Jahon terminologiyasida diplomatik terminlar alohida o'rin tutadi. Zamonaviy siyosiy manzarada diplomatik munosabatlarga oid leksik birliklarni lingvistik nuqtai nazardan tadqiq qilish, ularni xalqaro maydondagi muloqot jarayoniga tatbiq qilish zaruriyati yuzaga kelmoqda. O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng, oʻzbek tilining oʻziga xos va mos diplomatiya tili shakllandi. Shunga koʻra diplomatiya terminologiyasini tadqiq qilish fanimizda yangi ufqlarni ochishi tabiiy.
  • Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo'nalishlariga mosligi: Dissertatsiya Respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining I. "Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirishda innovatsion gʻoyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yo'llari" ustuvor yoʻnalishi doirasida amalga oshirilgan.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Oʻzbek tili diplomatik terminlarining oʻziga xosligi diplomatiya, diplomatik harakat va diplomatik xizmat sohasidagi faoliyat, diplomatik tilga va oʻzbek adabiy tilining rasmiy ish uslubining maxsus diplomatik – quyi uslubiga tegishliligi bilan belgilanadi va shu jihatlardan tadqiq etilgan. Terminologiyaga oid muammolar jahon tilshunosligida ham atroflicha oʻrganilgan. Ammo oʻzbek tilshunosligida diplomatiya terminlarining u yoki bu jihatlari kamsonli ayrim tadqiqotlarda tahlil qilingan, ammo ular monografik planda har tomonlama oʻrganilmagan edi.
  • Tadqiqotning vazifalari: Oʻzbek tili diplomatik terminlarining leksik tizimdagi oʻrnini ochib berish, semantik taraqqiyotini yoritish, semantik tasnifini amalga oshirish, semantik munosabatlarini aniqlash; oʻzbek diplomatiyasi xususiyatlari yoritilgan darsliklar, oʻquv qo'llanmalarda keltirilgan diplomatik terminlarning izohini aniqlash; hozirgi oʻzbek tili diplomatik terminlarining struktur xususiyatlarini aniqlash va mavjud terminlarning qurilish jihatlarini solishtirish, unumdor qoliplari va yasalish imkoniyatlarini tekshirish; oʻzbek tili diplomatik terminlarining "Oʻzbek tili diplomatiya terminlarining izohli lug'ati”da aks ettirilish imkoniyatlarini aniqlash; oʻzbek tili diplomatik terminlarining oʻzbek diplomatiyasida foydalaniluvchi maxsus (diplomatik, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy) ensiklopediyalar, oʻzbek tilining izohli va etimologik lug'atlarida berilish xususiyatlarini tahlil qilish, tavsiflash; zamonaviy diplomatik nutqda qoʻllanuvchi terminlarning foydalanilish imkoniyatlarini baholash.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Oʻzbekistonda diplomatik faoliyatning shakllanishi oʻzbek diplomatiya tilining vujudga kelishiga zamin yaratganligi, diplomatik faoliyat, konsullik xizmatlari, xalqaro aloqalarda oʻzbek tilining rasmiy quyi uslubi sifatida qoʻllanila boshlaganligi, oʻzbek adabiy tilining diplomatik uslubi sifatida namoyon boʻla boshlaganligi dalillangan; zamonaviy oʻzbek tili diplomatik terminlarining struktur xususiyatlari, unumdor qoliplari, yasalish imkoniyatlari ochib berilib, oʻzbek tili diplomatik terminlari tarkibida tuzilishiga koʻra, sodda, qo'shma, gibrid, juft, birikmali, qisqartma terminlar mavjudligi aniqlangan; oʻzbek tili diplomatik terminlarining semantik taraqqiyoti aniqlanib, oʻzbek tili diplomatik terminlarining oʻzbek diplomatiyasida foydalaniluvchi maxsus (diplomatik, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy) entsiklopediyalar, oʻzbek tilining izohli va etimologik lug'atlarida berilish xususiyatlari ochib berilgan; oʻzbek diplomatik terminlarining izohli lug'atlarini tuzish, diplomatik terminlarning semantik turlari, diplomatiyada qoʻllanuvchi har bir terminning ma'no doirasi aniqlanib, diplomatiya tili, uning terminologiyasi va semantik turlarining takomillashuvi natijasida xalqaro munosabatlarda lingvistik, semantik, terminologik jihatlarini ochishga xizmat qilishi dalillangan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: "Oʻzbek tili diplomatiya terminlari izohli lug'ati”ni tuzish tamoyillari ishlab chiqilgan; diplomatiya, konsullik va xalqaro huquq sohalaridagi terminlar semantik tavsiflangan va mazmun-mundarijasi ochib berilgan; oʻzbek tilida diplomatik terminlarning tarjimasi, oʻzlashtirilishi, izohlanishi va berilishini yoritishda sohaga oid lugʻatlarning amaliy ahamiyati asoslangan; konsullik idoralari, Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalar, diplomatik korpus vakillari faoliyati va bu jarayonlarda tarjima ishlarini yuritishda tuzilajak “Oʻzbek tili diplomatiya terminlari izohli lugʻati”ning ahamiyati dalillangan.
  • Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Oʻzbek tili diplomatik terminlari tadqiqi boʻyicha olingan natijalar asosida: diplomatiya tili va uning terminologik tarkibini ochib berishda; diplomatik faoliyat turlari va diplomatiyaning huquqiy asoslarini ifodalovchi birliklar, oʻzbek tilidagi diplomatik terminlarning semantikasi va strukturasi, diplomatiya tushunchasining leksikografik talqinlari, oʻzbek tili diplomatik terminlarining semantik munosabatlari, taraqqiyoti, tasnifiga oid ilmiy xulosalardan foydalanilgan.