XIV asrning II yarmiga oid turkiy yozma manbalardagi frazemalar tadqiqi
Ushbu dissertatsiya tadqiqoti XIV asrning ikkinchi yarmiga oid turkiy yozma manbalardagi frazemalarni funksional-semantik jihatdan oʻrganish, ularning hozirgi oʻzbek tiliga munosabatini belgilash, frazemalar taraqqiyotidagi struktur-semantik oʻzgarishlarni, semantik va grammatik xususiyatlarini aniqlash, frazeologik modellarni, frazemalar taraqqiyotiga xos kognitiv-semantik belgilarni ochib berishga bagʻishlangan. Tadqiqotda “Muhabbatnoma”, “Gulistoni bit-turkiy”, “Suhayl va Guldursun” va “Mushoira” asarlaridagi frazemalar statistik, semantik va grammatik jihatdan diaxron aspektda ilk bor tadqiq qilingan.
Asosiy mavzular
- Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Jahon tilshunosligida qadimgi yozma yodgorliklar tilini diaxron aspektda oʻrganish yuzasidan bir qator tadqiqotlar olib borilgan. Ammo tarixiy manbalardagi frazeologik birliklar lingvostatistikasi, semantik va grammatik xususiyatlari, keyingi davr tiliga munosabati, frazeologik birliklar taraqqiyotidagi struktur-semantik oʻzgarishlar masalasiga bagʻishlangan tadqiqotlar kam miqdorni tashkil qiladi. Mustaqillikdan keyingi davr oʻzbek tilshunosligida milliy til tarixini, qadimgi turkiy til, eski turkiy til, eski oʻzbek tili davrlarini oʻrganishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
- Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi XIV asrning II yarmiga oid turkiy yozma manbalardagi frazemalarni funksional-semantik jihatdan tekshirish, hozirgi oʻzbek tiliga munosabatini belgilash, frazemalar taraqqiyotidagi struktur-semantik oʻzgarishlarni, struktur-grammatik xususiyatlarni aniqlash, frazeologik modellarni, frazemalar taraqqiyotiga xos kognitiv-semantik belgilarni ochib berishdan iborat. Vazifalari esa turkiy yozma manbalarning til xususiyatlariga hamda frazeologik birliklar tadqiqiga bagʻishlangan tadqiqotlarni tavsiflash, muammolarga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqish; turkiy yozma yodgorliklar matnidagi frazemalarni jamlash va lingvostatistik tahlilini amalga oshirish; ularni keyingi davr tiliga, hozirgi oʻzbek tiliga munosabatiga koʻra tahlil etish; frazemalarni leksik-semantik jihatdan tasniflash, diaxron aspektda tahlil qilish, tarixiy etimologik jihatdan oʻrganish; semantik tahlil asosida inson faoliyatining muayyan qirralariga oid tushunchalarni ifoda etish xususiyatlarini koʻrsatib berish; frazemalarda lugʻaviy ma'no shakllanishining konnotativ asoslarini aniqlash; frazemalarni struktur-grammatik jihatdan tahlil qilish, frazeologik modellarni aniqlash; frazeologik ma'no shakllanishidagi struktur-semantik yadro birliklarini ajratish.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: “Muhabbatnoma”, “Suhayl va Guldursun”, “Gulistoni bit-turkiy
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Frazemalarni diaxron aspektda tadqiq qilish va arxaiklashgan frazemalarni yigʻish frazeologik fondning boyishi uchun muhim omil boʻlishi linvostatistik tahlil asosida dalillangan; frazemalar shakllanishida va semantikasida muhim ahamiyat kasb qilgan mental belgilarni aniqlash, semantik jihatdan tasniflash va tahlil qilish, frazeologik modellarni aniqlash muhim ahamiyat kasb etishi asoslangan; har bir davr frazemalari tarkibida shu davr tilining leksik, struktur-semantik xususiyatlari aks etishi va ushbu belgilar frazema bilan birga oʻzgarishsiz keyingi davrlarga olib oʻtilishi ilmiy jihatdan dalillangan; frazeologik ma'no shakllanishida struktur-semantik yadro birliklarning oʻrni muhim ekanligi, yadro birlik vazifasini polisemantik soʻzlar bajarishi va yadro birliklar faolligi tilning turli davrida oʻzgarishi nazariy jihatdan isbotlangan.