Мишел Монтен ижодида “оила тарбияси фазилатлари” лексикасининг семантик майдони
Mazkur ilmiy ishning asosiy maqsadi – jahon adabiyoti va falsafasi durdonasi hisoblangan, Yevropa Renessans davrining buyuk mutafakkiri Mishel Montenning «Tajribalar» asarida “oila tarbiyasi fazilatlari” atamasining leksik-semantik maydonini aniqlash va mazkur tushunchaning universal hamda milliy oʻziga xos jihatlarini koʻrsatishdan iborat. Tadqiqot davomida «l’enfant» (bola), «la famille» (oila), «education» (tarbiya), «vertu» (fazilat) kabi leksik birliklarning semantik maydoni, ularning lingvistik-madaniy va leksik-semantik jihatlari, kontekstual qoʻllanilishi hamda ekspressiv imkoniyatlari tahlil etiladi. Kitobda Monten ijodidagi oila tarbiyasi bilan bogʻliq masalalar, fazilat tushunchasining oʻziga xosligini ochib beruvchi ilmiy xulosalar, nazariy va amaliy tavsiyalar keltirilgan.
Asosiy mavzular
- Mavzuning dolzarbligi va zarurati: Jahon tillshunosligi va adabiyotshunosligi taraqqiyotida mutafakkirlar ijodini oʻrganishga qaratilgan tadqiqotlar koʻp boʻlsa-da, hozirgi globallashuv sharoitida adiblar asarlarini madaniyatlararo hamda tillararo aspektda tadqiq etish, ularning tarbiyaviy, axloqiy-falsafiy jihatlarini yoritishning yangi usullarini izlash zaruriyati tobora ortib bormoqda. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Yevropa Renessans davri gumanisti Mishel Montenning «Tajribalar» asarida “oila tarbiyasi fazilatlari” tushunchasini ifodalovchi leksik birliklarning leksik-semantik maydoni milliy-tilshunoslik, nomilativ-motivasion, til va nutq madaniyati, milliy mentalitet, dunyoqarash, ruhiyat, axloqiy tushunchalar, urf-odatlar va marosimlar, poetik tafakkur kabi omillar integratsiyasi negizida shakllangan.
- Tadqiqot obyekti va predmeti: Tadqiqot obyekti sifatida Mishel Montenning «Les Essais» (“Tajribalar”) asaridagi oila va farzand tarbiyasidagi «l’enfant» (bola), «la famille» (oila), «education» (tarbiya), «vertu» (fazilat) kabi leksikalar, shuningdek, ularning yadro va periferiyasini ifodalovchi leksik birliklar tanlangan. Tadqiqot predmeti esa Mishel Montenning «Les Essais» (“Tajribalar”) asaridagi «oila va farzand tarbiyasi» fazilatlariga oid tushunchalarni ifodalovchi lisobiy birliklarning leksik hamda semantik xususiyatlari tashkil etadi.
- Tadqiqot usullari va ilmiy yangiligi: Tadqiqot jarayonida tarixiy-genetik, ijtimoiy-madaniy, leksik-semantik, komponent, kontekstual, kognitiv-diskursiv, statistik kabi tahlil metodlaridan foydalanilgan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, Monten asarlarida “oila tarbiyasi fazilatlari” tushunchasini ifodalovchi leksik birliklarning leksik-semantik maydoni milliy-tilshunoslik, nominativ-motivasion, til va nutq madaniyati, milliy mentalitet, dunyoqarash, ruhiyat, eʼtiqodiy tushunchalar, urf-odatlar va marosimlar, poetik tafakkur kabi omillar integratsiyasi negizida shakllanganligi isbotlangan.
- Tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining nazariy ahamiyati shundan iboratki, ular fransuz tili tarixiy lisobiy birliklarining semantik maydonini oʻrganishga tatbiq etish imkoniyatini beradi. Tadqiqotning amaliy ahamiyati esa Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida adabiyotshunoslik, sotsiolingvistika, psixolingvistika fanlaridan darslik va oʻquv qoʻllanmalar yaratishda, Fransiya adabiyoti boʻyicha maxsus kurslar oʻqitishda hamda magistrlik dissertatsiyalarini yozishda foydalanish mumkin.