Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari onomastikasi
Ushbu tadqiqot Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma» asaridagi nomlar, jumladan, antroponimlar, toponimlar, etnonimlar kabi onomastik birliklarning lingvistik jihatdan tadqiq etishga bag'ishlangan. Unda asarda qo'llanilgan nomlarning kelib chiqishi, tarixiy-etimologik jihatlari, leksik-semantik xususiyatlari, tasnifi va klassifikatsiyasi o'rganilgan. Tadqiqotda «Zafarnoma» asari bilan bir qatorda, Amir Temur davriga oid boshqa tarixiy asarlar bilan qiyosiy tahlillar ham olib borilgan.
Asosiy mavzular
- Tarixiy onomastika va uning nazariy asoslari: Jahon va oʻzbek tilshunosligida tarixiy onomastika masalalarining oʻrganilish tarixi, nazariy jihatlari, «Tarixiy onomastika», «Tarixiy antroponimika», «Tarixiy toponimika», «Tarixiy etnonimika» kabi tushunchalarning mohiyati va vazifalari tahlil qilingan.
- «Zafarnoma» asaridagi onomastik birliklarning klassifikatsiyasi va leksik-semantik xususiyatlari: Asarda qoʻllanilgan 1670 ta onomastik birlikning (antroponimlar, toponimlar, etnonimlar, gidronimlar, zoonimlar, kosmonimlar, fitonimlar) tasnifi berilgan. Har bir guruhga mansub birliklarning leksik-semantik xususiyatlari, etimologiyasi, qoʻllanish tamoyillari ochib berilgan.
- Teonimlar va ularning leksik-semantik xususiyatlari: Asarda uchraydigan teonimlar – Alloh, Xudo, Tangri nomlarining leksik-semantik xususiyatlari, ularning kelib chiqishi va qoʻllanishi tahlil qilingan.
- «Zafarnoma» asaridagi antroponimlarning qiyosiy tahlili: «Zafarnoma» asaridagi antroponimlarning boshqa tarixiy asarlar bilan qiyosiy tahlili amalga oshirilgan. Antroponimlarning sulolaviy mansubligiga koʻra tasnifi va statistikasi berilgan.