Fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtuallashtirish
Ushbu dissertatsiya fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtualalashtirishning nazariy-metodologik asoslari, ushbu sohadagi tadqiqotlar, mavjud muammolar, shuningdek, ushbu jarayonlarni takomillashtirish bo'yicha takliflar va tavsiyalarni o'z ichiga oladi. Tadqiqotda fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtualalashtirish tushunchalari, huquqiy asoslari, xorijiy tajribalar, sun'iy intellekt va blokcheyn texnologiyalarining bu jarayondagi o'rni, shuningdek, fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilishi lozim bo'lgan o'zgarishlar hamda amaliy tavsiyalar ko'rib chiqilgan.
Asosiy mavzular
- Fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtualalashtirishning nazariy-metodologik tavsifi: Fuqarolik protsessida raqamlashtirish tushunchasi va uning huquqiy asoslari, fuqarolik sud ishlarini virtuallashtirish tushunchasi hamda mohiyati, shuningdek, fuqarolik sud ishlari yuritishni raqamlashtirish va virtualalashtirishning oʻziga xos xususiyatlari ochib berilgan. Shuningdek, Turkiyaning Milliy sud axborot tizimi (UYAP), Qozogʻiston Respublikasining «Tərelik» axborot platformasi, Estoniyada sudlarining E-File markaziy axborot tizimlari hamda BAA, Xitoy, Hindiston kabi davlatlarning elektron sud tizimlari haqida to'xtalib o'tilgan.
- Fuqarolik sud ishlarini yuritishda raqamli dalillarni baholashning protsessual asoslari va mazmuni: Fuqarolik sud ishlarini yuritishda raqamli dalillar tushunchasi, vaqt muhri (time stamp) hamda blokcheyn texnologiyalariga asoslangan raqamli dalillarni baholash muammolari yoritib berilgan. Ijtimoiy tarmoq yozishmalari bilan veb-saytlarga oid raqamli dalillarni oʻzaro farqi tushuntirib berilgan.
- Fuqarolik sud ishlarini yuritishni virtuallashtirish: Virtual sud fuqarolik sud ishini onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtkazish, onlayn tarzda davlat bojini toʻlash, sud hujjatlarini yuborish va onlayn chaqiruv qog'ozlari orqali taraflarni ogohlantirish, maxsus platformada sud muhokamasini oʻtkazish hamda sudning hal qiluv qarorini e'lon qilishni qamrab olgan protsessual harakatlar majmuidir.
- Fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtualalashtirishning ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyati: Tadqiqotda ilgari surilgan takliflar va ilmiy xulosalardan fuqarolik protsessual qonunchiligiga fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtuallashtirishga oid muammolarni hal qilishda, fuqarolik sud ishlarini raqamlashtirish va virtuallashtirishni sud amaliyotiga tatbiq etishda inobatga olinishi mumkin. Dissertatsiyada bayon qilingan materiallardan fuqarolik protsessual huquqi va boshqa maxsus modullarni oʻqitishda, mavzuga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishda, qonun ijodkorligi jarayonida foydalanish mumkin.
- Fuqarolik sud ishlarini yuritishga sun'iy intellektdan foydalanishning istiqbollari: Fuqarolik sud ishlarini yuritishda sun'iy intellekt tushunchasi va huquqiy asoslari hamda da'vo tartibidagi ishlarda sun'iy itellektni joriy etish masalalari yoritib berilgan. Tadqiqotda sun'iy intellekt tomonidan hal qiluv qarori maxsus algoritimlar asosida shakllantirish yoritilgan. Xususan, qarzni unidirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorini chiqarishda qator shartlar inobatga olinishi lozim.