"Dunyo dinlari tarixi" 11-sinf

Ushbu darslik O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, umumta’lim maktablarining 11-sinfi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun mo‘ljallangan. Darslikda O‘zbekistonda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, dinshunoslik, davlat va din munosabatlari, Markaziy Osiyo dinlari, jahon dinlari manbalari, islom dini, islomdagi oqimlar va sektalar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, tariqatchilik, din va madaniyat, diniy an’analar va marosimlar, axborot tarmoqlari va din omili, konfessional manzaralar, missionerlik va prozelitizm, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo muloqot, O‘zbekistonda diniy ta’lim, hamda din va kinematografiya kabi mavzular yoritilgan.

Asosiy mavzular

  • O‘zbekistonda xavfsizlik va barqarorlik muhitini shakllantirish: Bugungi kunda xavfsizlik butun dunyoda eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Yil sayin davlatlar tomonidan mudofaa tizimi va harbiy sohaga ajratilayotgan xarajatlarning oshib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi. Biroq, faqatgina zamonaviy qurol-yarog‘ga ega bo‘lishning o‘zigina xavfsizlikni ta’minlash uchun yetarli emas. Chunki, buzg‘unchi kuchlar ochiqchasiga kurash olib bormay, balki xiyonatkorona qo‘poruvchilik amaliyotlarini qo‘llash, tinch aholini nishonga olish kabi qabih usullardan foydalanmoqdalar. O‘zbekiston ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali davlat. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari emin-erkin o‘z urf-odatlarini davom ettirib, dinlariga e’tiqod qilib yashamoqdalar. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi ham aynan dinlararo bag‘rikenglik masalasiga bag‘ishlangan. Mazkur darslik quyi sinflarda olgan bilimlaringizni mustahkamlashga yordam beradi.
  • Dinshunoslikdagi zamonaviy tendensiyalar: Dunyodagi barcha dinlar va ular bilan bog‘liq jarayonlarni xolisona o‘rganuvchi fan «Dinshunoslik» deb ataladi. Mazkur fanning sohalari juda ko‘p bo‘lib, ulardan biri «Dunyo dinlari tarixi»dir. Dinlarni o‘rganish uzoq tarixga ega. Antik davrlardayoq insonlar din va uning mohiyati haqida fikr yuritganlar. Rim imperatori Konstantin I davrida (IV asr) xristian dini boshqa dinlar bilan bir mavqega ega bo‘ldi. Keyinchalik Yevropada xristianlik dinining Rim imperiyasi tomonidan davlat dini sifatida e’tirof etilishi hamda cherkovning asta-sekin hokimiyatni qo‘lga olishi natijasida ilm-fan ham xristianlik ta’siriga tushib qoldi. Bu davrda dinlar borasidagi tadqiqotlar faqatgina ilohiyotga oid bo‘lib, xristianlik, xususan, katoliklikning boshqalardan ustunligini isbotlashga yo‘naltirilgan edi. VII-VIII asrlarda o‘sha davrda mavjud dinlar haqida kichik risolalar paydo bo‘lgan. VIII-IX asrlarda esa dinlar tarixi va ta’limotlariga oid ilk kitoblar yaratildi. XIX asrga kelib Yevropa mintaqasida cherkovning ta’siri kamaydi. Natijada boshqa fanlar qatori dinshunoslik fani ham cherkov ta’siridan chiqa boshladi. Shu davrda Maks Myullerning «Qiyosiy mifologiya», «Dinlarning asosi va shakllanishiga oid ma’ruzalar» nomli asarlari nashrdan chiqdi. Buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy haqiqiy ma’noda musulmon sharqidagi dinshunoslik fanining otasi nomiga munosibdir. Uning «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar», «Hindiston» kabi asarlarida turli dinlar haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
  • Davlat va din munosabatlari: Davlat va din munosabatlarining ildizlari juda qadim davrlarga borib taqaladi. Ayni paytda ushbu munosabatlar turli tarixiy davrlarda har xil mazmun kasb etgan. O‘rta asrlarda din jamiyatning barcha sohalarida, shu jumladan, davlat hayotida to‘la hukmronlik qilgan davrlar ham bo‘lgan. Ayrim davlatlarda din butunlay inkor etilgan, ya’ni ateizm ustunlik qilgan. XXI asr boshlarida davlat va dinning o‘zaro munosabatlari bo‘yicha davlatlarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin: dinga davlat dini maqomi berilgan davlatlar; cherkov ta’siri doirasidagi davlatlar; dunyoviy yoki diniy munosabatlarda betaraflik yo‘lini tutuvchi davlatlar; rasmiy dinga ega bo‘lmagan davlatlar; din davlatdan ajratilgan davlatlar; katolik cherkovi bilan kelishuvga ega davlatlar; huquqiy e’tirof etilgan diniy guruhlarni muhofaza qiluvchi davlatlar; diniy-jamoaviy tizimli davlatlar. O‘zbekistonda o‘z mohiyati, mazmuni va huquqiy asoslariga ko‘ra din davlatdan ajratilgan hamda vijdon erkinligi, konfessional bag‘rikenglik tamoyili mustahkamlanagan. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilganligi hamda qonun oldida tengligi qayd etiladi. Shu bilan birga davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmasligi belgilab berilgan.
  • Din va ijtimoiy hayot: Insoniyat tarixidan yaxshi bilamizki, dunyoning hech bir mintaqasi xalqi ma’lum bir din va e’tiqodlar tizimsiz o‘z shaxsiy va ijtimoiy hayotini tasavvur qila olmagan. Tarixiy davrning barcha bosqichlarida jamiyatning asosiy bo‘g‘inlari o‘z faoliyatlarini yuritish uchun u yoki bu diniy e’tiqod tamoyillariga tayanganlar. Mazkur holat barcha xalq va millatlarga xosdir. Ijtimoiy hayot shakl va mazmunining o‘zgarishi jamiyat a’zolarining dinga bo‘lgan munosabatlarining ham tobora o‘zgarib borishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Din va uning arkonlari, avvalambor, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarni himoya qilishga xizmat qilgan. Shuning uchun ham jamiyatning zodagonlar tabaqasi uni darhol qabul qilmaganliklarini tarixdan bilamiz. Keyinchalik esa ba’zi hukmron doiralar dindan o‘z ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy mavqelarini mustahkamlash maqsadlarida foydalanishga intildilar. Bunda g‘ayriinsoniy xatti-harakatlarni amalga oshirishdan ham toymadilar.
  • Markaziy Osiyo dinlari: Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelgan dinlar dan yana biri bu tangrichilikdir. Mintaqa xalqlari tarixi da mazkur e’tiqodning o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan. Tangrichilik tarixi o‘lkamiz xalqlarining o‘tmish madaniyati, ijtimoiy hayoti va turmush tarzi haqida ma’lumot beruvchi tarixiy manbalardan biridir. Bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqlari orasida tangrichilikni qadimiy diniy an’ana sifatida tiklashga urinishlar bor. Bunday harakatlar ortida ayrim g‘arazli maqsadlar ham yotganini sezish mumkin. 1990-yillardan boshlab tangrichilikka e’tiqod qiluvchi guruhlar paydo bo‘la boshladi. Ataylab ko‘tarib chiqlayotgan bu holat aholi orasida bo‘linishlarga olib kelishi mumkin. Chunki bugungi kunda ushbu mintaqada o‘zlarining ko‘p asrlik diniy e’tiqodlariga ega bo‘lgan turli millat va elatlar istiqomat qiladilar. Shunday sharoitda tangrichilik dinini qayta tiklashga urinish milliy va diniy ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Markaziy Osiyo mintaqasida tarqalgan eng qadimgi dinlardan biri zardushtiylikdir. Bugungi kunda bu dinga e’tiqod qiluvchilarning soni ko‘p emas.
  • Jahon dinlari manbalari: buddaviylik va xristianlik: Har qanday dinga e’tiqodning asoslari, qonun-qoidalari, ibodat va marosimlari uning muqaddas manbalarida aks etadi. Muqaddas kitoblar birlamchi yoki ikkilamchi bo‘lishi mumkin. Jahon dinlaridan bo‘lgan buddaviylikda Tripitaka, xristianlikda Bibliya muqaddas manba hisoblansa, islom dinida Qur’oni karim bevosita Allohning so‘zlari – kalomidir. Shu sababli ham, islom dini ta’limotiga ko‘ra Qur’on oyatlarini nopok holda tilovat qilish, uning ustiga boshqa kitoblarni yoki buyumlarni qo‘yish, ko‘tarib yurganda qo‘llar beldan pastga tushib turishi mumkin emas. Boshqa dinlarda ham o‘zlarining muqaddas manbalariga nisbatan katta ehtirom ko‘rsatiladi. Masalan, xristianlikda Iso Masih yoki boshqa avliyolarning suratlari tushirilgan ikonalar uylardagi maxsus «muqaddas burchak» yoki «qizil burchak»ka joylashtiriladi va ularga alohida hurmat ko‘rsatiladi. Bu joy uydagi altar (mehrob) vazifasini bajaradi. Oila a’zolari bu joyga kelib, ibodatlarini amalga oshiradilar. Altar juda toza saqlangan. Muqaddas manbalarda diniy ko‘rsatmalar bilan birga, odob-axloq, insonparvarlik, halollik, atrof-muhitni asrashga doir ko‘rsatmalar ham o‘rin olgan. Shuni unutmaslik lozimki, hech qaysi dinning muqaddas manbasi begunoh insonlar, jonivorlarning qo‘ynini to‘kish, o‘g‘rilik, vayronagarchilikka buyurmaydi.
  • XX–XXI asrlarda islom: XX asr oxiri-XXI asrning dastlabki o‘n yilligida dunyoning diniy manzarasida bir qator jiddiy va ziddiyatli o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bunday o‘zgarishlar zamirida jahon siyosati va ma’naviyatida ro‘y berayotgan jarayonlar, ikki qutbli dunyoning barham topishi, globallashuvning jadallashuvi, xalqaro terrorizm xavfining kuchayishi kabi omillar yotibdi. Bir qator musulmon mamlakatlarining olimlari, ziyolilari va ijtimoiy-siyosiy soha arboblari terrorizmga qarshi o‘zlarining munosabatlarini bildirdilar. Ular ushbu maqsadda jahon miqyosida faoliyat ko‘rsatadigan doimiy tashkilot tuzish to‘g‘risidagi tashabbus bilan chiqdilar. Natijada xalqaro miqyosda hukumat yoki nohukumat darajasida ish olib boruvchi Islom konferensiyasi tashkiloti tashkil topdi. 1969-yilda Marokash poytaxti Rabot shahrida musulmon mamlakatlarining tashqi ishlar vazirlari ishtirokida sessiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiyada ishtirok etgan davlatlar Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) deb ataladi.
  • XX–XXI asrlarda islom dinidagi oqimlar va sektalar: Xalqaro terrorizm hozirgi davrning dolzarb global muammolaridan biriga aylandi. Buning qatör sabablari mavjud: Birinchidan, xalqaro terrorizm dunyo miqyosida tobora keng tarqalib bormoqda. Bu – an’anaviy xalqaro mojarolar mintaqalarida (masalan, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo) kechayotgan jarayonlarda o‘z aksini topayotir. Shuningdek, bu xavfdan rivojlangan mamlakatlar (xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari, G‘arbiy Yevropa davlatlari) ham yetarlicha himoyalanmaganligi ko‘rinib qoldi. Ikkinchidan, xalqaro terrorizm dunyo hamjamiyati va alohida davlatlar xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Har yili dunyoda yuzlab xalqaro terrorchilik harakati amalga oshiriladi. Mutaassiblik ildizlari o‘rta asrlarga borib taqaladi. Islomdagi ilk oqim Xalifa Ali ibn Abu Tolib (r.a.) bilan umaviylar o‘rtasidagi kurash davomida 657-yilda vujudga kelgan. Hokimiyat uchun kurashda Ali ibn Abu Tolib Muoviya ibn Abu Sufyon (r.a.) ta
  • O‘zbekistonning xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi o‘rni: Dunyoning ba’zi mintaqalarida yuzaga kelgan no tinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizmning tarqalishiga hamda ularning global muammolardan biriga aylanishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun ham nafaqat ichki, balki tashqi siyosatda ham terrorizmga qarshi kurash, xalqimiz tinchligini asrash va ta’minlash masalasi doimo mamlakatimizning e’tiborida bo‘lib kelgan. 2017-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev jahon hamjamiyati e’tiborini sayyoramizning ertangi kuni, farzandlarimiz farovonligi, yoshlarning o‘z saqlanish shakllari, jamiyat taraqqiyotini ta’minlashdagi o‘rni va ahamiyati kabi masalalarga bag‘ishlangan bir qancha tadqiqotlar amalga oshirildi. O‘zbekistondagi konfessiyalar vakillarining o‘zaro hurmat asosida qurilgan munosabatlarini tarixiy jihatdan o‘rganish yurtimizda diniy bag‘rikenglik an’analari asrlar davomida shakllanganini ko‘rsatadi va bunday fazilatlarning yoshlar tafakkurida mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
  • XX–XXI asrlarda tariqatchilik: Musulmon dunyosining deyarli barcha mamlakatlarida turli tasavvufiy tariqatlar vakillari faoliyat yuritayotganini ko‘rish mumkin. Pokiston va Hindiston hududlarida tarqalgan tariqatlarning urf-odatlarida yoga, buddaviylik, hinduiylik va qadimgi hind falsafasining ta’siri mavjud. Barlaviya, Mehmandiya va boshqa qator tariqatlarda qadimgi hind falsafasidagi «tanosux» (ruhning ko‘chib yurishi) g‘oyasi keng o‘rin olgan. Ular namoz yoki zikr vaqtida yuqoridan bir joyni bo‘sh qo‘yadilar va unga Muhammad Payg‘ambar ruhi kelib o‘rnashadi, deb hisoblaydilar. Masjidlarining qibla tarafida esa o‘z tariqatlarining asoschisi yoki pirlarining qabri joylashgan bo‘lib, namozdan avval va keyin uni tavof qiladilar. Bunday holatlar islom dini ta’limotiga to‘g‘ri kelmaydi. Hozirgi paytda dunyoning ko‘p mamlakatlarida, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan to Avstraliya arxipelagigacha bo‘lgan hududda Bahouddin Naqshband va Naqshbandiya tariqatini bilishadi va hurmat qilishadi. Nima uchun shunday? Chunki Bahouddin Naqshband, avvalo, islom dini shariati mezonlarini mahkam ushlagan va ularning buzilishiga yo‘l qo‘ymagan. Ikkinchidan, u chin insoniy g‘oyalar va fazilatlarni ilgari surgan, jamiyatning turli vakillari o‘rtasida futuvvat – javonmardlik rishtalari paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan. Buning ortida odamlar bir-birlariga moddiy va ma’naviy yordam bera boshlaganlar, hayotdagi qiyinchilikni hamjihatlikda yengib o‘tib, shodliklarni ham birga baham ko‘rganlar. Bularning barchasi Bahouddin Naqshband jamiyatda barpo qilmoqchi bo‘lgan birodarlik, birdamlikning aynan o‘zi edi. Uning «Ko‘ngling Allohda bo‘lsin, qo‘ling mehnatda», degan shiori hunarmand, dehqonlarda dinga, dindor va tariqatchi so‘fiylarda mehnatga nisbatan ijobiy munosabat paydo qilgan. Bu, o‘z navbatida, odamlar turmush tarzining ko‘tarilishiga ham xizmat qilgan.
  • XX–XXI asrlarda din va madaniyat: Madaniyat inson va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadi. Madaniyat insoniyatga bir-biriga yaxshi muomala qilish, o‘zgalarni hurmat qilish, yer yuzida tinch-totuv yashashni o‘rgatadi. Din e’tiqod qiluvchilarning ijtimoiy, etnik va ma’naviy hayotiga ta’sir o‘tkazadi. Bu esa dunyo xalqlarining madaniyati, adabiyoti, san’ati kabi sohalariga kirib borishida ko‘rinadi. Dinning madaniyatni targ‘ib qilish funksiyasi shundako‘rinadiki, oldin madaniyatning ma’lum bir qatlamlari – yozuv, kitob bosish, san’atning umuman rivojlanishiga yordam bergan bo‘lsa, hozir ba’zi madaniy fenomenlarni rag‘batlantirib, ba’zilarini inkor etgan holda diniy madaniyat qadriyatlarini saqlash va ko‘paytirish, ilmiy-ma’naviy merosni nasldan naslga qoldirish vazifalarini bajaradi. Islom sivilizatsiya markazlarining tashkil etilishi: 2005-yildan boshlab Islom hamkorlik tashkiloti ga (IHT) qarashli Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) har yili tashkilotga a’zo Osiyo, Afrika va arab mamlakatlari shaharlarini «Islom madaniyati poytaxti» deb e’lon qiladi. ISESCOning musulmon dunyosidagi muayyan shaharlarni islom madaniyatining poytaxtlari deb e’lon qilishi musulmon mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, islom madaniyatiga oid ilmiy-ma’rifiy, tarixiy-me’moriy merosni o‘rganish, tiklash va targ‘ib qilish, dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, turli mamlakatlarning bu boradagi sa’y-harakatini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadlarini ko‘zlaydi.
  • XX–XXI asrlarda diniy an’ana va marosimlar: Har bir xalqning o‘ziga xos urf-odat, an’ana va marosimlar bor. Ularning har biri boshqasidan tubdan farq qiladi. Biri foydali, biri mutlaqo zararli. Urf-odat – kishilarning turmushiga singib ketgan, ma’lum muddatda takrorlanib turuvchi xatti-harakat, ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan xulq-atvor qoidalari ko‘nikmasidir. «Odat» degan tushuncha ma’lum sharoit ta’sirida vujudga kelib, kishining fe’l-atvorida mustahkamlanib qolgan va keyinchalik o‘z-o‘zidan beixtiyor bajariladigan harakat ma’nosini bildiradi. Marosim inson hayotidagi muhim voqealarni nishonlashga qaratilgan, rasmiy va ruhiy ko‘tarinkilik vaziyatda o‘tadigan, umum qabul qilingan tartib-qoidalarga amal qilinadigan tadbir sanalar.
  • Zamonaviy axborot tarmoqlari va din omili: Hozir g‘oyaviy qarama-qarshiliklar murakkab tus olgan, mafkura poligonlari yadro poligonlaridan kuchliroq bo‘lib borayotgan davrdir. Yuzdan ortiq xalqaro kanallar oynayi jahon hamda global tarmoq orqali mafkuraviy xurujlar bilan tahdid solib turgan davrda yashamoqdamiz. Internet virtual, ammo obyektiv hodisadir. Uning hayotimizga kirib kelishiga to‘siq qo‘yib bo‘lmaydi. Shuningdek, virtual messenjerlar orqali tarqatiladigan mafkuraviy tahdidlarga hech qanday chegara to‘sqinlik qila olmaydi. Internet orqali ijobiy ma’lumotlar bilan birga inson xulq-odobiga salbiy ta’sir etuvchi axborotlar ham uzatilayotgani aniq. Axborot vositalaridan g‘arazli maqsadda foydalanish, aholi ongiga salbiy ta’sir o‘tkazish orqali siyosiy va iqtisodiy hukmronlikka erishishga urinish axborotlar urushi deyiladi. Axborotlar urushi shaxs yoki mamlakatning tinchligiga tahdid solgan holda, unga bosim o‘tkazishda namoyon bo‘ladi. Axborotlar urushi ijtimoiy, siyosiy, etnik va boshqa tizimlarning o‘z manfaatlari yo‘lida bir-biriga ochiq va yashirin maqsadli ta’sirlarini ham qamrab oladi.
  • XX–XXI asrlarda dunyoning konfessional manzarasi: Dunyoning diniy manzarasi qotib qolgan, o‘zgarmas bir hodisa emas. Xususan, mazkur manzara yildan-yilga o‘zgarib borayotgani, mavjud dinlar o‘zlarining an’anaviy ko‘rinishlari doirasidan chiqib borayotganligini ham alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunda mavjud dinlar doirasida yangi yo‘nalish va sektalar paydo bo‘lishda davom etmoqda. Masalan, mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, XX asrning ikkinchi yarmida xristianlik, buddaviylik, islom va boshqa dinlar doirasida yuzlab sektalar paydo bo‘lgan. Bu esa kelajakda ham bunday jarayonlar davom etishini ko‘rsatadi. Zamonaviy voqelik ekstremistik xarakterdagi sektalarning inson ongi va qalbi uchun kurash yo‘lidagi faoliyatining jonlanishi kuzatilayotganini ko‘rsatmoqda.
  • XX–XXI asrlarda missionerlik va prozelitizm: XX asrga kelib missionerlik faoliyatidan siyosiy maqsadlarda foydalanish uchun xalqaro tashkilotlar tuzila boshlandi. Shotlandiyada bo‘lib o‘tgan Edinburg missionerlik konferensiyasida jahon xalqlarini xristianlashtirish strategiyasi muhokama qilinib, missionerlar tayyorlash, Bibliyani turli tillarga tarjima qilish masalalarida turli uyushmalarning hamkorligi kelishib olingan. Mazkur konferensiya zamonaviy missionerlikning shakllanishiga turtki bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushidan keyin kolonial tizim barbod bo‘lgach, missionerlikdan sobiq koloniyalarda cherkovlarning mavqeyini saqlab qolish maqsadida foydalanildi. Jumladan, 1969-yilda Afrika qit’asida 16 ming erkak va 30 ming ayol missionerlar bo‘lgan. Missionerlar muayyan hududda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muhim mintaqalarni belgilab oladilar. Jumladan, hozirgi kunda xristian missionerlarining diqqat-e’tibori ular tomonidan «10-40 oyna» deb atalgan hududga qaratilgan. Ushbu hudud shimoliy kenglikning 10 va 40-parallellari orasidagi Atlantika okeani qirg‘oqlaridan Kichik va Markaziy Osiyo, Arabiston yarim oroli, Janubiy Osiyoning Tinch okeani qirg‘oqlariga qadar cho‘zilgan. Ushbu hududda aholisining aksariyat qismi islom, buddaviylik, konfutsiylik va hinduiylik dinlariga e’tiqod qiladi.
  • Diniy bag‘rikenglik madaniyati va konfessiyalararo muloqot: XX asrning 80-yillarida yuz bergan jarayonlar, din va diniy qarashlardan o‘z manfaati yo‘lida foydalanuvchi ayrim aqidaparast kimsalar islom dinini himoya qilish niqobi ostida qo‘poruvchilik ishlari bilan shug‘ullanadilar. Diniy tusdagi partiyalar, diniy hokimiyat haqidagi g‘oyalarni tarqata boshladilar. Moddiy qiyinchiliklar girdobiga tushib qolgan aholining kayfiyatidan foydalanib, hukumat bilan xalq o‘rtasiga nifoq solishga urinadilar. Namangan, Andijon, Farg‘ona va Toshkentda turli-tuman mitingbozliklar avj oldi. Oxir-oqibatda soxta dindorlarning asl basharalari namoyon bo‘ldi. XX asrning 80-yillarida xalqimizning qon-qoniga singib ketgan, kundalik turmush tarziga aylangan islom diniga qarshi kurash yanada keskinlashdi. U bid’at va xurofot sifatida qoralandi. Biroq «din afyundir» degan dahriylik shiori xalqimizning qalbidagi dinga bo‘lgan imon-e’tiqodni so‘ndira olmadi. O‘sha davrdagi respublika rahbariyati mamlakatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlash va barqarorlikni saqlash uchun barcha chora va imkoniyatlarni safarbar etdi. To‘planib qolgan muammolarni tezroq bartaraf etish uchun butun kuch va imkoniyatlarni jamlab, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish kerakligini uqtirdi. Bu borada zarur bo‘lgan ishlarni amalga oshirdi. Muqaddas tuyg‘ulari toptalib, yuragi zada bo‘lib qolgan xalq dinga katta yo‘l ochilgani, diniy ta’limotga e’tibor berilayotganini mamnuniyat bilan kutib oldi. Ayni vaqtda O‘zbekiston hududida o‘z madaniyati va an’analariga ega bo‘lgan 130 dan ortiq millat va elat
  • O‘zbekistonda diniy ta’lim: Vatanimiz tarixida diniy ta’lim uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ilk o‘rta asrlardayoq yurtimizda keng miqyosda faoliyat yuritgan madrasalarda diniy bilimlar bilan bir qatorda dunyoviy bilimlar ham o‘qitilgan. O‘z davrida madrasalar o‘rta maxsus hamda oliy ta’lim vazifasini to‘laqonli bajargan. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlar eng yirik ilm markazlari bo‘lib, XV–XIX asrlarda bu yerlar butun musulmon olamining oliy ta’lim markazlari sifatida tan olingan. Podshoh Rossiyasi istilosidan keyingi davrlarda madrasalar faoliyati sustlashdi. Ayrimlari yopilib ham ketdi. XIX asrning oxiri XX asrning boshlariga kelib, jahon ilm-fan, madaniyat maktablarining markaziga aylandi. 1917-yilning boshlarida Turkistonda 100 ga yaqin yangi usul maktablari faoliyat yuritib, ularda 4 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim olgan. Bu maktablarda islom dini asoslari bilan bir qatorda chet tili, fizika, kimyo, matematika, psixologiya, gigiyena, agronomiya, iqtisod, hisob-kitob kabi zamonaviy fanlar o‘qitilgan. Sovet Ittifoqi tuzilgach, din va madrasalarga qarshi ayovsiz kurash avj oldi. Biroq, Ikkinchi jahon urushi yillarida sovet davlati o‘z siyosiy manfaatlari yo‘lida dinga munosabatini biroz yumshatdi. 1943-yilda Toshkentda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi tashkil etilib, uning faoliyati O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston respublikalarining islomiy diniy tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishdan iborat bo‘ldi. 1945-yilda Buxoroda Mir Arab madrasasi uzoq yillik tanaffusdan so‘ng qayta ishga tushirildi. Keyinroq Toshkentdagi Baroqxon madrasasi faoliyatini boshlab, 1971-yilda u Imom Buxoriy nomli Toshkent islom instituti nomini oldi. 1990-yilga qadar sobiq Sovet hududida mazkur ikki bilim yurtidan boshqa islomiy ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmagan. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng diniy ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlat ro‘yxatidan o‘tgan madrasalar, diniy-madaniy obyektlar O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tasarrufiga topshirildi. Bugungi kunda yurtimizda qator diniy ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda. Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti 1971-yil 1-oktabrda tashkil etilgan bo‘lib, Baroqxon madrasasi binosida joylashgan. 2007-yilda Toshkent islom madaniyati poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan Hastimom Majmuasi qayta qurildi va ushbu institut ham yangi binoga ega bo‘ldi. Bugungi kunda institut Hastimom me’moriy majmuasi tarkibidadir. «Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti (Buxoro sh.) — Shayx Said Abdulla al-Yamani tomonidan Amir Ubaydullaxon mablag‘lariga 1530–1536-yillarda barpo etilgan. «Mir Arab» oliy madrasasi (Buxoro vil.) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan. Mazkur oliy ta’lim muassasasi Buxoro viloyati Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohi hududida joylashgan.