Количественная оценка качества отбора керновых и шламовых буровых проб при алмазном колонковом бурении

Ushbu doktorlik dissertatsiyasi (PhD) olmosli kolonkali burgʻilashda kern va shlam namunalari olishning sifatini miqdoriy baholashga bag'ishlangan. Tadqiqotda ushbu jarayonda namuna olishning sifatini ta'minlovchi omillar, ularni baholash mezonlari va nazorat qilish uslublari o'rganilgan. Ilmiy ishning asosiy maqsadi geologiya-qidiruv ishlarining ishonchliligini oshirish, aniq mezonlar ishlab chiqish orqali sifatni yaxshilash hisoblanadi. Ishda zamonaviy texnik vositalar va texnologiyalarni qo'llash, ularning samaradorligini oshirish hamda sifatni miqdoriy baholash bo'yicha takliflar berilgan. Tadqiqot natijalari O'zbekiston Respublikasi tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan joriy qilingan va amaliy ahamiyatga ega.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Jahon amaliyotida qattiq turdagi foydali qazilmalarni kolonkali birgʻilash orqali izlash va qidiruv ishlarida yer qaʼridan togʻ jinsi namunalarini kern va shlam koʻrinishida olib chiqish, geologik qirqimni yanada aniqroq tuzish, foydali qazilma zahirasini va uning joylashuv sharoitlarini yuqori darajada aniqlash asosiy ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu jihatdan, qattiq foydali qazilma konlarini sanoat miqyosida qazib olishga jalb etish uchun maʼlum mezonlar ishlab chiqish, shuningdek, kolonkali burgʻilash sifatiga taʼsir etuvchi omillarni aniqlash va yangi texnika, texnologiyalarni qoʻllash bilan quduqdan olinayotgan burgʻilash namunalari sifat koʻrsatkichlarini miqdoriy baholash muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Qidiruv burgʻilash sifatini boshqarish nazariyasini ishlab chiqish va uning tizimli tahliliga Shamshev F.A., Kozlovskiy Ye.A., Xramenkov V.G., Ryabchikov S.Ya. va boshqa ko'plab olimlar katta hissa qo'shgan. Oʻzbekistonlik olimlardan Abdumajitov A.A., Raximov A.K., Mamadjanov U.D. va boshqalar ham qidiruv burgʻilash jarayonini optimallashtirish masalalarini yoritgan. Biroq, burgʻilashning yakuniy materiallari sifatini qazilma jinslarni parchalovchi instrumentning kovjoyda ishlash vaqtiga va burgʻilash rejim parametrlariga koʻp omilli korrelyatsion bogʻliqligi hamda oʻzaro taʼsirini oʻrganish muammolari toʻliq hal etilmagan.
  • Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi Markaziy-Qizilqum va Toshkent oldi mintaqalarida qattiq turdagi foydali qazilmalar uchun quduqlarni olmosli kolonkali burgʻilashda kern va shlam namunalari olishning sifat koʻrsatkichlarini miqdoriy baholash mezonlarini ishlab chiqish orqali geologiya qidiruv ishlari ishonchliligini oshirishdan iborat. Vazifalari: 1) qattiq foydali qazilmalar uchun geologik qidiruv quduqlarini burgʻilash ishlarini tashkil etishning iyerarxik darajasini va tizimli birlik elementlarini tahlil qilish; 2) sifatni taʼminlovchi burgʻilash texnologiyasini tizimli tahlil qilish boʻyicha yangi mezonlarni ishlab chiqish; 3) burgʻilash texnologik vositalarini sifat mezoni boʻyicha optimallashtirish tamoyillarini aniqlash va burgʻilash ishlari sifatini tezkor nazorat qilish uslubini ishlab chiqish; 4) geologiya qidiruv quduqlarini burgʻilash jarayonini masofadan boshqarish imkoniyati istiqbollarini aniqlash.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari: Ilmiy yangiligi: 1) Yaxlit, kam darzlangan, darzlangan va koʻp darzlangan togʻ jinslaridan olinayotgan kern, kern-shlam va shlam namunalari sifatining burgʻilash texnologik rejim parametrlariga oʻzaro korrelyatsion bogʻliqligi aniqlangan; 2) kern, kern-shlam va shlam namunalarining hosil boʻlishi, saqlanishi va isroflanishi koeffitsiyentlari koʻrinishidagi geologik namuna olish sifatining miqdoriy mezonlari aniqlangan; 3) gidravlikalashtirilgan burgʻilash uskunalarining bilvosita indikator xossalariga koʻra burgʻilash sifatini tezkor nazorat qilish maqsadida texnik-texnologik qaror qabul qilish uchun elementlarning «vazndorlik» koeffitsiyentini hisoblash uslubi ishlab chiqilgan. Amaliy natijalari: 1) Gidravlikalashtirilgan burgʻilash uskunalarida sifat elementlari «vazndorlik» koeffitsiyentini qoʻllash orqali burgʻilash jarayonini boshqarish uchun informasion-kommunikatsion modul yaratilgan; 2) geologiya qidiruv quduqlarini kolonkali burgʻilashda siqilgan havoning teskari oqimini hosil qilish bilan geologik qirqimni yanada aniqroq tuzish imkoniyati yaratilgan.
  • Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Wireline texnologik tizimida qidiruv quduqlarini burgʻilashdan olinadigan namunalarning "vazndorlik" koeffitsiyenti «Oʻzbek geologiya qidiruv» AJ amaliyotiga joriy qilingan (Oʻzbekiston Respublikasi tog'-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 2 martdagi 04-0400 sonli ma'lumotnomasi). Natijada, burgʻilash ishlari sifati miqdoriy baholanib, quduq boʻylab kern olinishini 100% ga yetkazish imkonini bergan. Darzlangan, kuchli darzlangan tog' jinslari va ma'danlarini burgʻilashda namunalardan yetarlicha ma'lumotlarni olishning ehtimoliy tavsiflarini aniqlash metodikasi «Oʻzbek geologiya qidiruv» AJga joriy qilingan (Oʻzbekiston Respublikasi tog'-kon sanoati va geologiya vazirligining 2023 yil 2 martdagi 04-0400 sonli ma'lumotnomasi). Natijada, zamonaviy burgʻilash texnik vositalari va texnologik tizimlarini to'g'ri tanlab olish va qo'llash bilan burgʻilash unumdorligini 6,5% ga oshirish imkonini bergan.