Intervyu matnlarining diskursiv tahlili

Ushbu avtoreferat „Intervyu matnlarining diskursiv tahlili“ mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasining qisqacha mazmunini oʻz ichiga oladi. Tadqiqotda intervyu matnlari lingvokulturologik, sotsiolingvistik va pragmatik jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqotning asosiy maqsadi – intervyu matnlarning lingvokulturologik, sotsiolingvistik va pragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat. Unda diskurs tushunchasi, uning mohiyati, diskurs va matn munosabati, diskurs va dialog kabi masalalar ham yoritilgan. Tadqiqot natijalari Oʻzbekiston Milliy universiteti, OʻzRFA Qoraqalpogʻiston boʻlimi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining ilmiy-amaliy ishlarida qoʻllanilgan.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Bugungi kunda tilshunoslikda antropotsentrik paradigmaga koʻra, inson tafakkuri, dunyoni idrok etishi til bilan bevosita bogʻliqligi sababli lingvokulturologiya, kognitiv tilshunoslik, sotsiolingvistika, pragmalingvistika kabi yoʻnalishlarga ehtiyoj kuchaygan. Matn turlari, diskurs va matn munosabati, matn yaratilishi va qabul qilinishi kabi masalalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo tilshunosligida lisoniy birliklarning nutqiy voqelanishini kognitiv yoʻnalishda tadqiq qilish, nutqning sotsial maqom bilan bogʻliq holatlarini oʻrganish, milliy tilshunoslikda lingvokulturologik va sotsiolingvistik tadqiqotlarni amalga oshirish muhim masalalarga aylangan. Xususan, intervyu matnlarini shakllantiradigan birliklar, uning diskursiv tomonini tadqiq qilish bugungi kunda muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.
  • Tadqiqotning Respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining asosiy ustuvor yo'nalishlariga mosligi: Tadqiqot Respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining I. “Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish" ustuvor yoʻnalishi doirasida amalga oshirilgan.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Jahon tilshunosligida matn va diskurs masalasi yuzasidan bir qancha tadqiqotlar amalga oshirilgan, ammo oʻzbek tilshunosligida intervyu matnlarning diskursiv tadqiqi muammosi hozirga qadar maxsus oʻrganilmagan. Bu holat ushbu muammoni monografik planda tadqiq etish zaruriyatini keltirib chiqaradi.
  • Tadqiqotning maqsadi: Intervyu matnlarining lingvokulturologik, sotsiolingvistik va pragmatik xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
  • Tadqiqotning vazifalari: Diskurs, uning mohiyati, diskurs hamda matn munosabati, diskurs va dialog, diskursiv tahlilning oʻziga xos xususiyatlarini yoritish; matnning diskursiv omillar ta'sirida xoslanishi muammosiga oid nazariy qarashlarni asoslash; intervyu matnlarda nutq xoslanishining milliy-madaniy xususiyatlarini ochib berish; intervyu matnlarda pragmatik omillarning rolini isbotlash; intervyu jarayonida muloqotning gender va sotsial xoslanishini yoritib berish; intervyu matnda nutqning kommunikant ijtimoiy maqomiga koʻra xoslanishini murojaat shakllari va noverbal vositalar asosida ochib berish.
  • Tadqiqotning obyekti va predmeti: Tadqiqotning obyekti sifatida oʻzbek tilidagi intervyu matnlari tanlangan. Tadqiqotning predmetini intervyu matnlarning lingvokulturologik, pragmatik va sotsiolingvistik xususiyatlarini yuzaga keltiruvchi lisoniy hamda nolisoniy birliklar tashkil etadi.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Intervyu diskursning aniq bir maqsadga yo'naltirilgan harakat natijasi ekanligi, tuzilishga ega boʻlishi, dialogik xarakterda hamda videointervyu, audiointervyu, bosma yoki raqamli shakllarda boʻlishi dalillangan; intervyu diskursda nutqning voqelanishida nutq vaziyati, nutq sharoiti, nutqiy intensiya kabi pragmatik omillar intervyu ishtirokchilarining dunyoqarashi, bilim saviyasi bilan uzviy bogʻliqligi aniqlangan; intervyu diskursda matnning sotsial xoslanishiga bevosita ta'sir koʻrsatadigan ijtimoiy omillar, jumladan, kommunikantlarning yoshi, gender xususiyatlari, kasb-kori kabilarning muhim o'ringa egaligi ochib berilgan; intervyu matnlarining milliy-madaniy xususiyatlari madaniy fon, madaniy sema, madaniy konsept, madaniy fond, madaniy an'ana, mentalitet kabi lingvokulturologik tushunchalar vositasida aniqlangan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: Intervyu matnining lingvokulturologik, kognitiv hamda sotsiolingvistik xususiyatlari ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan; intervyu matnlarida nutqning oʻziga xosligi, sotsial xoslanishi, matnning yuzaga kelish jarayoni va milliy-madaniy xususiyatlari asoslangan hamda nutqning xoslanishida nutq vaziyati, nutq sharoiti kabi pragmatik omillarning oʻrni belgilangan; murojaat shakllari hamda vositalarining sotsial xoslanishida kommunikantlar ijtimoiy maqomining oʻrni aniqlangan; materiallar antropotsentrik yoʻnalishda olib borilgan izlanishlarni boyitishda, xususan, “Lingvokulturologiya”, “Sotsiolingvistika”, “Matn tilshunosligi”, "Pragmalingvistika" fanlarini oʻqitishda asosiy manba boʻlib xizmat qilishi asoslangan.
  • Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati chiqarilgan nazariy xulosalar hozirgi kunda tilshunoslikda dolzarb boʻlgan lingvokulturologiya, sotsiolingvistika, pragmalingvistika, matn tilshunosligi, muloqot madaniyati masalalari yuzasidan mavjud ma'lumotlarni kengaytirishi va toʻldirishi bilan belgilanadi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati olingan xulosalar matnni antropotsentrik yoʻnalishda oʻrganish uchun muhim manba boʻlishi, tadqiqot materiallaridan oliy o'quv yurtlari uchun "Matn tilshunosligi", "Lingvokulturologiya”, “Sotsiolingvistika” kabi fanlardan oʻquv qo'llanma va darsliklar tayyorlashda nazariy manba sifatida foydalanish mumkinligi bilan izohlanadi.
  • Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Intervyu matnlarning diskursiv tahlili masalasi boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida: intervyu diskursda nutqning voqelanishida nutq vaziyati, nutq sharoiti, nutqiy intensiya kabi pragmatik omillarning ahamiyati haqidagi xulosalardan OʻzRFA Qoraqalpogʻiston boʻlimi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan ФА-А1-Γ007 raqamli "Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot obyekti sifatida” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan; intervyu diskursda matnning sotsial xoslanishiga bevosita ta'sir koʻrsatadigan ijtimoiy omillar, jumladan, kommunikantlarning yoshi, gender xususiyatlari, kasb-kori kabilarning oʻrni haqidagi xulosalardan O'zRFA Qoraqalpogʻiston boʻlimi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutida bajarilgan ФА-Ф1-Г003 "Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional soʻz yasalishi" mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan; intervyu diskursning aniq bir maqsadga yo'naltirilgan harakat natijasi ekanligi, tuzilishga ega boʻlishi, dialogik xarakterda hamda videointervyu, audiointervyu, bosma yoki raqamli shakllardan iborat ekanligi haqidagi xulosalardan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi" telekanalining "Ibtido”, “Kino tarixi”, “Oʻzlikka yoʻl” kabi qator koʻrsatuvlarning ssenariylarini tayyorlashda ma'lumot sifatida foydalanilgan.
  • Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi: Mazkur tadqiqot natijalari 3 ta xalqaro va 3 ta Respublika ilmiy-amaliy anjumanda muhokamadan oʻtkazilgan.
  • Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertatsiya mavzusi boʻyicha 10 ta ilmiy ish, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 4 ta maqola (shundan bittasi xorijiy jurnallarda), turli to'plamlarda 6 ta tezis va ilmiy maqola e'lon qilingan.
  • Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi: Dissertatsiya kirish, uch asosiy bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatidan iborat boʻlib, uning hajmi 136 sahifani tashkil qiladi.
  • Asosiy mazmun: Kirish qismida tadqiqot mavzusining dolzarbligi va zarurati asoslangan, muammoning oʻrganilganlik darajasi yoritilgan, tadqiqotning maqsadi va vazifalari, obyekti va predmeti tavsiflangan, Respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi koʻrsatilgan, tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari bayon qilingan, olingan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati ochib berilgan, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilish, nashr etilgan ishlar va dissertatsiya tuzilishi boʻyicha ma'lumotlar keltirilgan. Birinchi bobda diskurs va matn masalalariga doir dunyo tilshunosligida mavjud boʻlgan yangicha ilmiy-nazariy qarashlar tahlil qilingan. Ikkinchi bobda intervyu matnining lingvokulturologik aspekti va nutq madaniyati bilan aloqadorligi yoritilgan. Uchinchi bobda esa dialogik diskurs va diskursiv tahlil masalalari koʻrib chiqilgan.