Ortiqov Sirojiddin Sa’dullayevich
Ushbu dissertatsiya avtoreferati Oʻzbekistonda oʻspirinlarda huquqiy ongni rivojlantirishning ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini oʻrganishga bagʻishlangan boʻlib, unda muammoning dolzarbligi, uning ilmiy-nazariy asoslari, tadqiqot metodikasi va natijalari batafsil yoritilgan. Tadqiqotda oʻspirinlarning huquqiy savodxonligini shakllantirishda ijtimoiy-psixologik omillarning oʻrni, shaxsning huquqiy ongini rivojlantirishda gender, yosh va ijtimoiy-psixologik xususiyatlarning ta'siri tahlil qilingan. Tadqiqot natijalariga asoslanib, oʻspirinlarda huquqiy ong va savodxonlikni oshirish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Asosiy mavzular
- Kirish qismi: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi, zarurati, maqsadi, vazifalari, ob'ekti va predmeti, Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnologiyalarni rivojlantirishning muhim yoʻnalishlariga mosligi, muammoning oʻrganilganlik darajasi, ilmiy yangiligi, amaliy natijalari, natijalarning ishonchliligi, nazariy va amaliy ahamiyati, natijalarning amaliyotga joriy etilishi bilan bog'liq ma'lumotlar ilmiy jihatdan asoslangan.
- Oʻspirinlarda huquqiy ong rivojlanishining metodologik masalalari: Birinchi bobda oʻspirinlarda huquqiy ong va huquqiy bilimlar rivojlanishining muhim jihatlari tadqiq etilgan. Mazkur bobda huquqiy ong va huquqiy savodxonlik tushunchasini jamiyat hayotidagi muhimligi, uning mazmun-mohiyati, ushbu tushunchalarning oʻzbek tilining izohli lugʻatida, shuningdek ensiklopediyalardagi izohlari tahlili keltirilgan. Huquqiy ong va huquqiy savodxonlik masalalari tahlil etilar ekan, uning tarixiy ildizlari va rivojlanish xususiyatlari borasida oʻziga xos ma'lumotlar mavjudligi kuzatiladi. Shuningdek, mazkur bobda muammoning psixologik va sotsiologik tadqiqotlarda oʻrganilishiga e'tibor qaratilgan.
- Huquqiy ong va bilimlarni rivojlantirishning psixologik xususiyatlarini empirik oʻrganish: Ikkinchi bob oʻrganilayotgan muammoning empirik tahliliga bagʻishlangan. Ushbu bobda tadqiqotning nazariy-metodologik asoslari, tadqiqotda qoʻllanilgan metodlarning umumiy tavsifi, oʻtkazish tartibi, olingan natijalarning tahlili va korrelyatsion bog'lanishlar oʻz aksini topgan. Shuningdek, o'rganilayotgan muammoning metodologik masalalari tahlil qilinib, unda huquqiy ong va huquqiy savodxonlik masalalariga doir yondashuvlar oʻziga xosligi bilan ajralib turishi, oʻspirinlarda huquqiy bilimdonlikni rivojlantirishning psixologik xususiyatlarini oʻrganish masalasida yangi tadqiqot dasturini shakllantirish muhim deb hisoblangan.
- Huquqiy ong va huquqiy bilimlar rivojlanishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini eksperimental oʻrganish: Uchinchi bobda oʻspirinlarda huquqiy ongni rivojlantirishning ilmiy uslubiy asoslari va tadqiqot obyektlaridan olingan natijalarning qiyosiy tahlili keltirilgan. Shuningdek, olib borilgan nazariy, empirik tahlillar asosida o'spirinlarda huquqiy ong rivojlantirishga oid treninglar dasturi ishlab chiqildi va uning samaradorligiga erishildi.
- XULOSA: Dissertatsiyada Oʻzbekistonda oʻspirinlarda huquqiy ong va huquqiy bilimlar rivojlanishining jahon va mahalliy tadqiqotlardagi holati muammoning yaxlit hamda yetarlicha oʻrganilmaganligi aniqlangan. Oʻspirinlarning huquqiy tushunchalarni oʻzlashtirish, huquqiy bilimlarga boʻlgan ehtiyoj va motivlarida oʻzi, oila a'zolari va yaqinlari bilan bog'liq haq-huquqlarning buzilishi, shuningdek, oʻzini anglash, xatti-harakatlarini tartibga solishi, prosotsial xulq-atvorni amalga oshirish uchun huquqiy jihatdan bilimlarga ega boʻlishi, ijtimoiy, psixologik, pedagogik, tibbiy xizmat va mulkchilik huquqlari bilan bog'liq holatlardagi huquqiy buzilishlar yetakchi sabablar ekanligi aniqlangan. Oʻspirinlarda huquqiy savodxonlikka erishishishning psixologik tahlili ular orasida ma'lum savodxonlikni oshirishga xizmat qiluvchi manbalardan foydalanishlariga koʻra, huquqiy bilimlarni tushunmaydigan, foydalana olmaydigan va huquqiy manbalardan foydalana oladiganlar toifasiga ajratildi. Oʻspirinlarning huquqiy savodxonligi yoʻnalishida huquqiy ma'lumotga, huquqiy qadriyatga, huquqiy faollikka, oʻzini oʻzi huquqiy nazorat qilish xususiyatlariga egaligi kuzatildi. Oʻspirinlarning shaxslararo munosabatlariga koʻra, huquqiy savodxonlikka boʻlgan ehtiyoj shaxsning har doim huquqiy bilimlar olishga va boyitib borishiga zaruratini hamda huquqiy masalalarga duch kelgandagina ehtiyoj ortishi aniqlandi. Oʻspirinlarda huquqiy ongning rivojlanish jarayoni samaradorligini ta'minlash uchun ontogenetik bosqichlariga muvofiq oʻquv fanlari va huquqiy axborotlar egalik darajasini e'tiborga olish zarurligi isbotlandi. Huquqiy savodxonlikni psixologik xususiyatlarini tahlil qilish oʻspirinlar huquqiy savodxonligining kognitiv, xulqiy va emotsional-baholash komponentlari bo'yicha tafsilotlar belgilab beradi. Oʻspirinlarda ta'lim muhitida huquqiy bilimlarni oshirish, turli yosh bosqichlarida huquqiy savodxonlikni ta'minlashning izchil va uzluksizlik tizimini shakllantirish, ontogenetik taraqqiyot xususiyatlariga koʻra huquqiy ongning rivojlantirish ijtimoiy-psixologik shart-sharoitlarini kuchaytirish kabi xususiyatlar ustuvorligi aniqlandi.
- Amaliy tavsiyalar: Oʻspirinlar huquqiy ong va huquqiy bilimlarni rivojlantirish boʻyicha quyidagi amaliy tavsiyalar berildi: 1. Oʻspirinlar huquqiy ong va huquqiy bilimlarni rivojlanish holati monitoringi uchun psixodiagnostikasi bazasini ishlab chiqish zarur. 2. Oʻspirinlarda huquqiy madaniyatni samaradorligini ta'minlash uchun ontogenetik bosqichlariga muvofiq o'quv fanlari va zamonaviy adabiyotlar, innovatsion texnologiyalarni ta'lim jarayoniga qo'llashga alohida e'tiborga olish zarur. 3. Oʻspirinlarni hayotning keyingi bosqichida huquqiy muammolar yuzasidan mutaxassislar bilan munosabatga kirishishi uchun ijtimoiy, psixologik, huquqiy bilim, ko'nikmalarni doimiy tarzda shakllantirish maqsadga muvofiq. 4. Oʻquv jarayoni va ta'lim muhitidan tashqari huquqiy tadbirlar, soha mutaxassislar bilan uchrashuvlarni yo'lga qo'yish orqali oʻspirinlarda huquqiy bilimlarni hamda huquqiy bilim, ko'nikma va malakalarni mustahkamlash mumkin.