Abdulla Oripovning peyzaj lirikasi badiiyati

Ushbu dissertatsiya tadqiqoti Abdulla Oripov ijodida peyzaj lirikasining badiiy-estetik jihatlarini, jumladan, uning o‘ziga xosligini, falsafiy mohiyatini, badiiy shakli va mazmunining uyg‘unligini hamda ijodkorning individual uslubini o‘rganishga bag‘ishlangan. Tadqiqotda Oripov she’riyatidagi tabiat tasvirining o‘rni, uning ijodkor dunyoqarashini shakllantirishdagi va ijodiy jarayondagi o‘rni tahlil qilingan. Shuningdek, Oripovning lirik tasvir vositalaridan foydalanish mahorati, tabiat obrazlari orqali inson, jamiyat va tabiat munosabatlarini ochib berishi, shuningdek, milliy ruh va umuminsoniy qadriyatlarni talqin etishi ham o‘rganilgan. Tadqiqotning amaliy natijalari va ilmiy yangiligi ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Asosiy mavzular

  • Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Jahon adabiyotshunosligida badiiy adabiyotning inson ruhiyatini, o‘y-kechinmalarini, orzu-ideallarini obrazli aks ettirish xususiyati, odamzod qismati, shaxs va jamiyat munosabatlari bilan bog‘liq estetik qarashlarni aksar tabiat tasviri yoki majoziy obrazlar zamirida tasvirlash usuli yuzasidan izchil izlanishlar olib borilmoqda. Dunyo adabiyotshunosligi ijodkor adabiy-estetik tafakkuri rivojida tabiat, xususan olam mavjudligining asosi sanalgan to'rt unsur – tuproq, suv, havo va olov konseptual ahamiyatga ega ekani masalasiga doimiy e'tibor qaratib keladi. Inson va tabiat munosabatlari badiiy adabiyot, xususan, uning eng faol turi boʻlgan she'riyatning nodir namunalari yaratilishi uchun nechogʻliq muhim boʻlsa, peyzaj tasviri shoir yoki adib estetik idealini belgilashda shunchalik ahamiyatlidir. Oʻzbek adabiyotshunosligida inson va tabiat uyg'unligi konsepsiyasining badiiy ifodasi hamda bu jarayonga xos poetik omillar boʻyicha muntazam tadqiqotlar olib borilmoqda. Zamonaviy oʻzbek she'riyatida maktab yaratgan buyuk shoir, Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning peyzaj lirikasini ayni aspektda oʻrganish adabiyotshunoslikni yangi ilmiy-nazariy xulosalar bilan boyitishi shubhasiz.
  • Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishi ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Dissertatsiya respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining I. “Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish” ustuvor yoʻnalishiga muvofiq ravishda bajarilgan.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Oʻzbek dabiyotshunosligida Abdulla Oripov she'riyati, dostonlari, ularning millat estetik tafakkuri takomilidagi oʻrni yuzasidan ko'plab tadqiqotlar yaratilgan. Shoirning adabiy portreti, ijodining takomil bosqichlari, poetik obraz yaratish mahorati tekshirilgan. Ijodkorning lirik asarlari, milliy xarakter yaratishda amalga oshirgan poetik kashfiyotlari, ijod tutumi muayyan darajada tahlil etilgan. Abdulla Oripov she'riyatida milliy xarakter ifodasi, ijod tutumi, shoir nazmida mumtoz estetik tafakkur yutuqlari, xususan, Alisher Navoiy badiiy kashfiyotlarining yangilanishi hamda ba'zi obraz va ramzlar tasvirining rivojlantirilishi, psixobiografik xususiyatlari kabi muammolar muayyan darajada oʻrganilgan.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Abdulla Oripov she'riyatida peyzaj tasviri tabiatni shunchaki his qilish natijasi emas, shaxs, tabiat va jamiyat munosabatlarining badiiy obraz orqali intellektual tafakkur asosida ijodiy idrok etilishi va umr falsafasini poetik ifodalash obyekti ekani, ijodkor tabiat hodisalarini estetik mushohada obyekti o'laroq anglab, lirik kechinmalari va falsafiy fikrlarini peyzaj tasviriga sintezlashi dalillangan; peyzaj lirikasi shoir falsafiy tafakkurining asosi va sof lirik kechinma ifodasining manbai ekanligi, Abdulla Oripov tabiat timsollari orqali Vatan va xalq obrazini individual tasvirlagani, nazmiy asarlarida ijtimoiy voqelik va badiiy talqinni uyg'unlashtira bilgani, bolalik xotiralari hamda ona qishlogʻi bilan bog'liq taassurotlarni oʻziga xos ifodalagani, bu turkum she'rlarning shoir ijodiy merosida tutgan oʻrni asoslangan; lirik asar ramziylikka asoslanishi, Abdulla Oripov uchun peyzaj poetik tasvir vositasi ekani, shoir tabiat vositasida ijod konsepsiyasini – Vatan va millat ozodligi, komil inson va mukammal jamiyat haqidagi estetik idealini ifodalashi, zohiran sof tabiat tasviriga bag'ishlangan “Bahor” she'rida ushbu fasl vositasida millat taqdirini, ona xalqi boshidan o'tgan oʻgʻir davrlar ziddiyatlarini hurriyat bahori ramzi orqali tasvirlagani aniqlangan; shoir she'riyatida peyzajga doir obrazlar inson-tabiat-jamiyat uchligida aks etgan falsafasiy konsepsiyasini, shoir estetik dunyosi va oʻziga xos koʻzqarashlarini mujassam etishi, peyzaj orqali milliy ruhiyat va xarakter, shuningdek, umuminsoniy gʻoyalar mohiyatini yoritilishi ochib berilgan.
  • Tadqiqotning amaliy natijasi: Shoir she'riyatida badiiy-tasviriy vositalar peyzaj lirikasiga xizmat qildirilgani ilmiy dalillangan; shoir she'riyatida peyzaj lirikasida falsafiy mazmun va badiiy shaklning o 'rni aniqlangan; obraz tasviriga san'atkorona yondashuv mezonlaru hamda ona yurt tabiatining poetik ramzlar orqali ifodalanishi yo'llarini tahlil etish orqali oʻzbek peyzaj lirikasining istiqlol davridagi takomili bosqichlari koʻrsatilgan; Abdulla Oripov she'riyatida tabiat tasvirining millat estetik tafakkuriga ta'siri, shaxs tabiat jamiyat munosabatlarining badiiy talqini xususiyatlari yoritib berilgan.
  • Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Abdulla Oripov nazmiy merosiga bag'ishlangan tadqiqotlardagi ilmiy-nazariy qarashlarni boyitishi, adabiyotshunoslikka poetik mazmun, poetik shakl va poetik obrazning peyzaj lirikasidagi oʻrni hamda tabiat va inson, tabiat va jamiyat munosabatlarining falsafiy-estetik talqiniga doir yangi xulosalarni taqdim etishi dissertatsiyada erishilgan ilmiy natijalardir. Yangi oʻzbek she'riyatining takomil bosqichlari va rivojlanish tamoyillariga doir bundan keyingi tadqiqotlar uchun material bera olishi, oliy ta'lim muassasalarining "Filologiya va tillarni oʻqitish (Oʻzbek tili)" bakalavriat yo'nalishida "Hozirgi adabiy jarayon", "Oʻzbek adabiy tanqidi", "Adabiyot nazariyasi" singari fanlardan ma'ruza mashg'ulotlari oʻtishda, oʻquv adabiyotlari yaratishda manba boʻlib xizmat qilishi kabi omillar ushbu tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyatidan dalolat beradi.
  • Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Abdulla Oripov she'riyatida peyzaj lirikasining badiiyati tadqiqi boʻyicha olingan natijalar asosida: Abdulla Oripov she'riyatida peyzaj tasviri tabiatni shunchaki his qilish natijasi emas, balki uni muayyan badiiy obraz va timsollar orqali estetik idrok etish va san'at darajasida tasvirlash hosilasi ekani, ijodkor tabiatni jamiyat voqeligi bilan uyg'un tasvirlab, oʻz badiiy niyatini, lirik tuyg'ulariyu ijtimoiy-falsafiy umumlashmalarini peyzaj tasviriga poetik sintezlay olishi isbot etilgani hamda shoir peyzaj lirikasining tengsiz ijodiy taxayyul va estetik tafakkur omili hamda lirik kechinma natijasi sifatida qimmati, Vatan va xalq obrazlarining ohorli tasviri, shoir ruhiyatini ijtimoiylik vositasida ifodalash va peyzajdan biografik holatlar tasvirini berishda foydalanish kabi usullarga tayanishi bilan bog'liq ilmiy xulosalardan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy-tadqiqot ishlari rejalariga foydalanilgan.
  • Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi: Dissertatsiyaning ilmiy natijalari 3 ta xalqaro, 3 ta respublika ilmiy-nazariy konferensiyalaridagi ma'ruzalarda aks etgan.
  • Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Tadqiqot ilmiy muammosi boʻyicha jami 11 ta ilmiy ish e'lon qilingan, shundan, Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 4 ta ilmiy maqola, jumladan, 2 tasi respublika hamda 2 tasi xorijiy jurnallarda nashr etilgan.
  • Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi: Tadqiqot konsepsuyasidan kelib chiqib, ish kirish, uch asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar roʻyxatidan tarkib topgan boʻlib, umumiy hajmi 145 sahifadan iborat.
  • Peyzaj – poetik tasvir vositasi: Tabiat badiiy adabiyotga estetik qimmat beruvchi buyuk kuch sifatida ijodkor dunyoqarashining shakllanishi va ijodiy kamolotida muhim oʻrin tutadi. Ijodkorning tabiatga munosabati, asosan, quyidagi ikki bosqichda kechadi: a) tabiat hodisalarini estetik idrok etish; b) peyzajning badiiy tasviri. Badiiy adabiyotda tabiat manzarasi shunchaki tasvirlanmaydi, uning asosida ijodkor qismati, his-tuyg'ular olami, ijtimoiy-estetik qarashlari yotadi. Peyzaj lirikasini oʻrganish asosida har bir davr odamlarining olamga munosabatini aniqlash mumkin. Jamiyatdagi norasolikdan iztirob chekkan ijodkor ona-tabiat bag'riga qaytishni istaydi, jamiyat tushunmagan, eshitishni xohlamagan dardlarini aytib, tabiat bilan hasratlashgisi keladi. Shu tariqa peyzaj lirikasining mohiyatini belgilovchi yetakchi tamoyillar: olamni badiiy idrok etish, tabiatdan oʻz dardlariga malham izlash, tabiat ohanglaridan she'riy shakl axtarish, o'z ijodiy iqtidorini tabiatning yaratuvchilik qudrati ila qiyoslash, tabiatni asrashga chorlash, tabiatga aylanish istagining poetik talqini yuzaga keladi. Bularning barchasi tabiatning falsafiy-estetik mohiyatini chuqur tahlil etish uchun eng avvalo uni yuksak did va pokiza qalb bilan his qila bilish zarurligini koʻrsatadi.
  • Peyzaj ijodkor falsafiy tafakkurining omili sifatida: Shoir lirikasidagi deyarli har bir element falsafiy mohiyatni yuzaga chiqaruvchi vositadir. Peyzaj yordamida shoir falsafiy fikr salmogʻini oshiradi. “Burgut