Mahalliy neft va gazkondesat aralashmasi fraksiyalari va kompozision qo‘ndirmalar asosida qishki dizel yoqilg‘ilari olish
Ushbu avtoreferat Oʻzbekistonning mahalliy neft va gazkondensatlarini oʻrganish asosida qishki dizel yoqilgʻisi olish texnologiyasini ishlab chiqishga bagʻishlangan. Tadqiqotda turli gazkondensatlar va neft aralashmalarining fizik-kimyoviy xossalari tahlil qilinib, ulardan olinadigan dizel yoqilgʻisining quyi harorat koʻrsatkichlarini yaxshilash uchun kompozitsion qoʻndirmalarning samaradorligi oʻrganilgan. Tadqiqot natijasida yuqori sifatli, ekologik talablarga javob beradigan dizel yoqilgʻisi olish texnologiyasi ishlab chiqilgan. Tadqiqot dunyodagi avtomobilsozlikning rivojlanishi hamda dizel yoqilgʻisiga boʻlgan talabning ortib borishi sharoitida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki qishki sharoitda dizel yoqilgʻisining sifatini taʼminlash muhim vazifa hisoblanadi. Tadqiqotda mahalliy xomashyolardan foydalangan holda samarali va iqtisodiy jihatdan maqbul texnologiyalar ishlab chiqilgan. Xususan, turli qishki dizel yoqilgʻilari uchun optimallashtirilgan fraksion tarkiblar aniqlangan va yangi kompozitsion qoʻndirmalar asosida yanada yaxshilangan texnologiyalar taklif etilgan. Tadqiqot natijalari Oʻzbekiston Respublikasi neftni qayta ishlash zavodlarida qoʻllanilishga tavsiya etilgan.
Asosiy mavzular
- Kirish: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zaruriyati, maqsad va vazifalar, muammoning oʻrganilganlik darajasi, tadqiqotning respublika fan va texnologiyalarni rivojlantirish yoʻnalishiga muvofiqligi, tadqiqotning ilmiy yangiliklari va amaliy natijalari, olingan natijalarning ishonchliligi, nazariy va amaliy ahamiyati, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, chop etilgan ishlar va dissertatsiyaning hajmi hamda tuzilishi haqida maʼlumot beriladi.
- 1-bob. Gazkondensat fraksiyalari asosida dizel yoqilgʻisini olish yoʻnalishlari va uning iqtisodiy afzalliklari: Gazkondensat asosida yoqilgʻilar ishlab chiqarishning istiqbolli rivojlanishi, dizel yoqilgʻilarining asosiy xossalari va ularga boʻlgan ehtiyoj, gaz kondensatlari va ularning fraksiyalarini kimyoviy tarkibi va asosiy xususiyatlari, hamda ular asosida dizel yoqilgʻilari quyi haroratdagi xossalarini yaxshilash yoʻnalishlari, dizel yoqilgʻilarini quyi haroratdagi xossalari yaxshilovchi depressor prisadkalar turlari va ularning tasnifi hamda adabiyotlarda keltirilgan maʼlumotlar tahlili asosida tadqiqotning maqsadi va vazifalari shakllantirilgan.
- 2-bob. Dizel yoqilgʻilarini quyi haroratli xossalarini yaxshilovchi depressor prisadkalar sintezi va tadqiqot ob'yektlarini tasnifi: Tadqiqot ob'yektlarining fizik – kimyoviy xossalari tasnifi, gaz kondensatlari va neft aralashmasi zichligini aniqlash metodikasi, dizel yoqilgʻisining xiralanish, qotish haroratlari va filtrlanish harorati chegarasini aniqlash, dizel yoqilgʻilarining uglevodorod guruh tarkibini aniqlash metodikasi, dizel yoqilgʻisini karbamidli deparafinlash yordamida quyi haroratdagi xossalarini yaxshilash usuli kabi tajriba usullari keltirilgan.
- 3-bob. Mahalliy neft va gazkondensatlari aralashmalarini turli nisbatlardagi kimyoviy tarkibi va xossalarini tadqiq qilish va ularning fraksiyalari asosida dizel yoqilgʻilarini olishning resepturalari ishlab chiqish: Mahalliy konlarning gaz kondensatlarini tadqiq qilish, gaz kondensatlari xomashyosi tarkibini uning quyi haroratdagi xossalariga ta'sirini o'rganish, gazkondensati va neft aralashmasini atmosferali haydash jarayonini modernizatsiyalash va qishki dizel yoqilg'isi olish resepturasini ishlab chiqish, olingan qishki dizel yoqilg'isi fraksiyalarini asosiy fizik-kimyoviy xossalarini tadqiq qilish bo'yicha tahlili keltirilgan.
- 4-bob. Gaz kondensatlari asosidagi dizel yoqilgʻilari quyi haroratdagi xossalarini oʻrganish va ular uchun kompozision prisadkalar olish texnologiyasini ishlab chiqish: Gazkondensatlar keng fraksion tarkibli parafinli tizimlarning quyi haroratdagi xossalarini tadqiq qilish, Qultoq koni gazkondensat va neftining reologik xossalarini depressor prisadkalar ishtirokida tadqiq etish, gazkondensat asosida olingan dizel yoqilgʻisiga depressor prisadkalarning ta'sir etish mexanizmi, yuqori yog' kislotalarining murakkab efirlar asosidagi prisadkalarning depressorlik ta'sir samaradorligini tadqiq etish, kislorod saqlagan prisadkalarning neft va gazokondensat fraksiyalari asosida olingan dizel yoqilgʻilarining quyi haroratli xossalariga ta'sirini tadqiq qilish, neft va gazokondensat fraksiyalari va kompozision koʻp funksionalli prisadkalar asosida qishki dizel yoqilgʻilari olish resepturasini ishlab chiqish kabi ma'lumotlar keltirilgan.
- Xulosa: Mahalliy neft va gazkondensatini turli nisbatlardagi aralashmalarini fraksiya va kimyoviy individual va uglevodorod guruh tarkibi aniqlangan va ushbu natijalar asosida qishki dizel yoqilg'ilari optimal neft va gazokondensatning nisbati asosida fraksion tarkib tanlangan. Neft va gazokondensat aralashmalari fraksiyalari asosida qishki dizel yoqilg'isi ishlab chiqarishning xomashyo resurs bazasi kengaytirilib, ular asosida dizel yoqilg'ilarini quyi haroratli xossalari yaxshilanganligi olingan dizel yoqilg'ilari namunalarini zamonaviy tahlil usullari yordamida isbotlangan. Yengil gazoyl (dizel) fraksiyasining (21) bugʻlatish ustunining (V=20,83 m³, Rish. = 1,7 bar, t=231 – 250 °C) bug' sarfini 1,6 t/s dan 1,0 t/s (V=20,83 m³, Rish. = 1,7 bar, t=200 – 231 °C) gacha kamaytirilganda quyidagi qiymatlarda fraksiyalar 305 t/sutkadan 413 t/sutkaga ortgani aniqlangan. Laborotoriya sharoitida kompozision depressor prisadkaning olishning texnologik tizimi ishlab chiqilgan: RR-1 prisadka quyi molekulali polipropilenning metilakrilat bilan sopolimeri, RR-2 prisadka benzolsazoltionilmetilmetakrilatning (BOTMMA) metilakrilat (MA) bilan sopolimerini, RR-3 prisadka Kerofluks 6100 va Kerofluks 3614 prisadkalar, RR-4 prisadka tarkibida azot-, oltingugurt-, kislorod saqlagan geterohalqali birikmalar hamda quyi molekulali polietilen asosida olinadi. Neft va gazkondensat aralashmasi fraksiyalari asosida oʻzgartirilgan fraksion tarkibli dizel yoqilgʻisiga RR-1, RR-2, RR-3 va RR-4 kompozision qoʻndirmalar 0,15% miqdorda aralashtirilib, qotish harorati minus 40°S haroratga teng boʻlgan dizel yoqilgʻisi olingan. Neft va gazkondensat aralashmasi fraksiyalari va kompozision qoʻndirmalar asosida quyi haroratli va ekspluatasion-ekologik xossalari yaxshilangan qishki dizel yoqilgʻilari olishning resepturasi ishlab chiqilgan.