Turkistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish tarixi (XIX- XX asr boshlaridagi nemiszabon tadqiqotchilar materiallari asosida)
Ushbu dissertatsiya Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti ilmiy kengashining 2024-yil 29-iyuldagi qarori bilan himoya qilingan. Tadqiqotda XIX-XX asr boshlarida Turkistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi nemiszabon tadqiqotchilar materiallari asosida o‘rganilgan. Tadqiqot mavzusi dolzarbligi, nemis olimlarining mintaqani tadqiq etishdagi o‘rni, ularning ilmiy-amaliy ahamiyati, XIX-XX asrlarda Turkiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining xususiyatlari, nemis tadqiqotlari asosida shaharlarining holati, hunarmandchilikning rivojlanishi, xalqaro savdo, madaniy va etnik jarayonlar tahlil qilingan.
Asosiy mavzular
- Dolzarbligi va zarurati: Jahonda yuz berayotgan geosiyosiy oʻzgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo hududidagi integratsiyalashuv jarayonining mintaqalar rivojlanishiga ijobiy ta'sirini anglash va hamkorlik masalalariga e'tibor kuchaymoqda. Bu jarayonda dunyo mamlakatlarida mintaqaviy rivojlanish masalalari tadqiqotchilarning diqqat markazida bo‘lib, Markaziy Osiyoga turli xalqlarning ozaro ta'siri tarixini oʻrganishga qiziqish ortib bormoqda.
- Tadqiqotning Respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Dissertatsiya Respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining I. «Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy innovatsion g'oyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yo'llari» ustuvor yoʻnalishiga muvofiq bajarilgan.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Dissertatsiya mavzusiga oid tadqiqotlarning yaratilish davri va oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib ularni uch guruhga boʻlish mumkin: 1. XIX asr birinchi yarmi XX asr boshlarida yaratilgan xorijiy (nemis) tadqiqotlar; 2. mustaqillik davrida Oʻzbekistonda yaratilgan ilmiy tadqiqotlar; 3. zamonaviy xorijiy tadqiqotlar.
- Tadqiqotning maqsadi: XIX-XX asr boshlarida nemis tilida yozilgan ilmiy tadqiqotlar orqali Turkistonda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarning rivojlanish xususiyatlarini yoritib berishdan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: XIX-XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasining rivojlanishida nemiszabon yevropaliklarning rolini koʻrsatib berish; XIX-XX asr boshlarida Oʻzbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining xususiyatlarini aniqlash; Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida saqlanayotgan nemiszabon tadqiqotlarni tahlil qilish; Turkiston oʻsimlik va xayvonot olami, orografiya (togʻlar haqidagi fan), gidrografiya (suv havzalari haqidagi fan), va geografiyasi haqidagi tadqiqot natijalarini umumlashtirish va tahlil qilish; Oʻzbekiston hududidagi qadimiy shaharlarning madaniy rivojlanish jarayonini yoritib berish; Turkistondagi etnik jarayonlarning xilma-xilligini yoritish; nemis olimlarining mintaqani tadqiq etish bo'yicha olib borgan ekspeditsiyalarini oʻrganish va ularning ilmiy - amaliy ahamiyatini ochib berish; nazariy tahlil va tadqiqot natijalarida qilingan xulosalar asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
- Tadqiqot ob'ekti: Turkistonda kechgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy jarayonlarni yoritib bergan nemiszabon tadqiqotchilar asarlari tanlangan.
- Tadqiqotning predmeti: Turkistonning XIX XX asr boshlaridagi nemiszabon tadqiqotlar asosida oʻrganilgan ijtimoiy - iqtisodiy va madaniy hayoti tashkil etadi.
- Tadqiqotning usullari: Tadqiqotni oʻrganishda umumfan uslublaridan induksiya va deduksiya hamda maxsus fan uslublaridan tarixiylik, tamoyillik, qiyosiy tahlil, tizimlashtirish va tizimli - xronologik tahlil, taqqoslash va tarixiy jarayon va voqea bog'liqligi uslublaridan foydalanilgan.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Germaniyada shakllangan «Nemis sharqshunoslik jamiyati» (Deutsche Morgenlaendische Gesellschaft) Turkiston o'lkasini siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan oʻrganilishidagi yetakchi ilmiy markaz vazifasini oʻtaganligi dalillangan; XIX XX asr boshlaridagi nemiszabon tadqiqotchilar ekspedisiyalari kontekstida ochib berilgan ilmiy xulosalarda juda kamyob hisoblangan Turkiston shifobaxsh o'simliklari (Sitver) asosida tayyorlangan tabiiy dori-darmonlar (santonin - antiparazitar vosita - ilmiy nomi “Artemisia maritima") dunyoning boshqa mamlakatlarida uchramaganligi hamda jahon tibbiyot amaliyotida (Yevropa va Amerika) keng qoʻllanilganligi aniqlangan; ilmiy safarlar, geografik ekspeditsiyalar, diplomatik elchiliklar va boshqa missiyalar davomida mintaqadagi turli etnik guruhlarning xilma-xilligi, insoniyat tarixining eng qadimgi davrlaridan Turkistonda sodir boʻlgan migratsiya jarayonlari, Oʻzbekiston tarixini boyitgan etnografiya, etnologiya, tarix va boshqa ijtimoiy sohalarga oid muhim ma'lumotlar va kolleksiyalar to'planganligi ochib berilgan; Turkiston iqtisodiyotiga oid nemiszabon tadqiqotlar G'arb investitsiyalarini ushbu hududga faol joriy etilishini boshlab berganligi, ushbu tadqiqotlar asosida Germaniyaning mustamlakachilik va eksterritorial iqtisodiy siyosatining asosiy tamoyillari shakllanganligi, nemis millatiga mansub mutaxassislarning Turkistonga kelib joylashishi va faoliyat yuritganligi dalillangan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Oʻzbekiston tabiatshunoslik sohalarining rivojlanishiga oid materiallar XIX - XX asr boshlaridagi yevropalik nemiszabon tadqiqotchilarning ilmiy ekspeditsiyalari kontekstida ochib berildi; Turkistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi va hunarmandchiligidagi transformatsion oʻzgarishlarga doir materiallar ilmiy muomalaga kiritildi; mintaqadagi turli etnik guruhlarning xilma-xilligi bilan bog'liq ma'lumotlar, insoniyat tarixining eng qadimgi davrlaridan Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda sodir bo'lgan etnik jarayonlar tahlili Turkiston tarixi haqidagi bilimlarni takomillashtirishga xizmat qiladi.
- Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy va tabiatshunoslik sohalarining rivojlanishi ilmiy adabiyotlar va xorijiy (nemis) manbalar asosida yoritilganligi, shuningdek, dissertatsiya tadqiqotining asosiy natijalari respublika va xorijiy ilmiy nashr, konferensiyalarda keng muhokama qilinganligi, amaliy natijalarning vakolatli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangani bilan belgilanadi.
- Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati: Turkistondagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot darajasi va ahamiyatini aniqlashga xizmat qiladi, ilmiy xulosalar esa O'zbekiston tarixini o'rganishda ilmiy, nazariy, uslubiy yondashuvlarni yanada takomillashtirishni belgilaydi.
- Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati: Oʻzbekiston tarixi materiallarini oʻrganishda, oliy va o'rta ta'lim muassasalari uchun darslik va oʻquv qo'llanmalarni ushbu mavzu boʻyicha yangi materiallar bilan boyitishda, shuningdek, Turkiston tarixiga oid fundamental asarlar yaratishda foydalanish mumkin.
- Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: nemiszabon sayohatchilarning Oʻzbekiston tabiatshunoslik (iqlimshunoslik, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, mineralogiya), ijtimoiy-iqtisodiy, shuningdek, siyosiy (tarix, etnografiya, etnologiya, tilshunoslik, iqtisodiyot, siyosat) sohalariga oid tadqiqotlari ilmiy yangiligidan «Oʻzbekiston tarixi» teleradiokompaniyasi tomonidan efirga uzatilgan «Taqdimot» dasturining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan. Natijada teletomoshabinlarning nemis olimlarining XIX – XX asrning boshlarida Oʻzbekistonda olib borilgan ilmiy ekspeditsiyalari oʻlkaning oʻsimlik va hayvonot dunyosi, mintaqa xalqlarining intellektual darajasi haqidagi tasavvurlarining boyishi uchun xizmat qilgan; «Oʻzbekiston madaniy merosi jahon toʻplamlarida» kitobini tayyorlashda kutubxonada saqlanayotgan nemis tilidagi adabiyotlarning Toshkentda jamlanishi mintaqaning keng miqyosdagi xalqaro aloqalaridan darak berishi haqidagi nazariy amaliy ma'lumotlardan foydalanilgan.
- Xulosa: Turkistonning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida Rossiya vakillari bilan bir qatorda kelib chiqishi nemis boʻlgan fuqarolar ham Turkistonga kelganligi aniqlandi; nemislar hududning ekstremal sharoitlariga tez moslashdilar va oʻz faoliyatlarida yuqori natijalarga erisha oldilar; bozorlarining infratuzilmasi aniqlandi; shaharlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati aniqlandi; iqtisodiy rivojlanish omillari aniqlashtirilgan; hunarmandchiligining oʻziga xosligi va undagi transformatsion jarayonlar ochib berildi; metallurgiya sohasidan yaxshi xabardorligi va minerallarni tozalashda maxsus texnologiyalarga ega ekanligi aniqlandi.