Turkistonda milliy tib an’analari va tibbiyot tarixi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari).

Ushbu tadqiqot Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01 Raqamli ilmiy kengash tomonidan Xurshid Sirojiddinovich Jumanazarovning "Turkistonda milliy tib an'analari va tibbiyot tarixi (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi avtoreferati asosida tayyorlangan. Unda, Turkiston oʻlkasida XIX asr oxiri – XX asr boshlaridagi milliy tibbiyot, an'anaviy davolash usullari, tibbiyot siyosati, shifokorlar va tabiblarning oʻrni hamda bu davrdagi tibbiyotning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotdagi oʻrni atroflicha yoritilgan.

Asosiy mavzular

  • KIRISH (doktorlik dissertatsiyasi (DSc) annotatsiyasi): Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Jahon mamlakatlari tomonidan olib borilayotgan tibbiy siyosatning insoniyat genofondiga ta'siri hamda rivojlangan davlatlarning tibbiy sohaga siyosiy-iqtisodiy qurol sifatida qarashi insoniyat uchun global boʻlgan muammolardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, tarixan Turkiston o'lkasiga bevosita daxldor bo'lgan mamlakatlarda bu kabi muammolarning kelib chiqishida umumiy bo'lgan jihatlar kuzatilib, bular asosan, mintaqaning 19 – 20 yuzyilliklarda mustamlakachi davlatga qaramlik davrini boshidan kechirganligi va mazkur davrda milliy tibbiyot tizimining tanazzuli hamda hukmron davlat tomonidan olib borilgan tibbiy siyosatning oqibatlari bilan uzviy bog'liqligida namoyon boʻladi. Ayni shu jihatdan mazkur masalalarning tarixiy ahamiyati bugungi kunda ham dolzarbligini koʻrsatmoqda.
  • DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI: Kirish qismida dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati asoslanib, tadqiqotning Oʻzbekiston fan va texnologiyalar taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlariga mosligi koʻrsatilgan, xorijiy ilmiy tadqiqotlar sharhi, muammoning oʻrganilganlik darajasi, tadqiqotning dissertatsiya bajarilgan Oliy ta'lim muassasasi ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari bilan bog'liqligi ochib berilgan, tadqiqotning maqsadi, vazifalari, obyekti va predmeti, ilmiy tadqiqot usullari ko'rsatilgan, ishning ilmiy yangiligi, olingan natijalarni amaliyotga joriy qilish, nashr etilgan ishlar va dissertatsiya tuzilishi boʻyicha ma'lumotlar berib oʻtilgan.
  • XULOSA: Turkistonda milliy tibbiyot gʻoyaviy jihatdan oʻrta asrlarda yaratilgan mizoj ta'limotiga asoslangan. Kasallikni davolashda ushbu mizoj ta'limotiga koʻra bemorning jismoniy holati, jinsi, yoshi, hatto yashash joyi, kasbidan kelib chiqqan holda yondashilgan. Milliy tib shu jihatdan Yevropa davlatlarida yuzaga kelgan standart davolash usullaridan farq qilgan. Turkistonda davolash muassasalari sifatida kasalxonlar, tabiblarning uylari va ular bemor qabul qiladigan nuqtalar bor edi. Tabiblar odatda aholi koʻp yig'iladigan, topish oson boʻlgan joylarda oʻz bemorgohlarini ochgan. Shuningdek, yana davolash muassasasi hammomlar boʻlib, u yerga borgan kishilar uqalash muolajasini olishi, giyohli damlamalar orqali sog'lig'ini tiklagan. Bundan tashqari sartaroshlar va temirchilarni "tibbiy faoliyati tufayli sartaroshxonalar va temirchilik ustaxonalari ham aholi davo istab boradigan manzillar sirasiga kirgan. Tabiblarni kasb sirlarini egallashi an'anaviy ustoz-shogirdlik tizimga asoslangan. Ko'p hollarda kasb sirlari otadan oʻgʻilga oʻtgan va buning natijasida sulolaviy tabiblar faoliyat yuritishgan. Turkistonda tabiblar tayyorlashga ixtisoslashgan muassasalar kam boʻlsada, barcha madrasalarda turli fanlar qatori talabalarga tib ilmi va dorishunoslikka oid bilimlar ham o'qitilgan. Talabalar madrasalarda maxsus amaliyot asosida giyohlarni terish bilan shugʻullanishgan va ularni foydali qismlarga hamda zaharli-zararsiz kabi turkumlarga ajratib borishgan. Tabiblar davolash usuli, g'oyaviy yo'nalishi hamda kasbiy jihozlariga ko'ra mistik hamda empirik tabiblar shaklida tasniflangan. Empirik tabiblar ham oʻz navbatida faoliyat turi va davolash sohasiga koʻra siniqchi, attor, dastakori, doya, ilgir, chekchi kabi turlarga boʻlingan. Davolash ishlari bilan sartaroshlar yoki ayrim hududlarda temirchilar ham shugʻullanishgan. Sartaroshlar asosan kichik jarrohlik amaliyotini o'tish bilan nom qozongan. Rossiya imperiyasining yurishlaridan soʻng Turkistonda yangi tibbiy muassasalar barpo etildi. Faqat, bu tuzilmalar harbiylar, ko'chib kelgan ruslar va amaldorlar uchun mo'ljallangan boʻlib, turkistonliklarning tibbiy yordam olishi maxsus yoʻllanma soʻralishi, yashash joyidan uzoqligi va narxning qimmatligi sababli cheklangan. Mustamlaka hukumatining yangi tizimni joriy etishdan koʻzlagan maqsadi yuqorida tilga olingan toifalar hamda ularning oila a'zolari uchun birlamchi sharoitlarni yaratish boʻlgan. Turkiston general-gubernatorligida tibbiy tizimni boshqarish harbiylar qoʻlida boʻlib, bunday boshqaruv umumimperiya bo'ylab oʻrnatilgan edi. Boshqaruv toʻla vertikal holatda tashkil qilingan va asosiy masalalar general-gubernatorlikning rasmiy roziligi bilan amalga oshirilgan. Hududlarda ham shifokorlar va tibbiy muassasalar faoliyati, kadrlarni tayinlash, moliyaviy masalalarning barchasi viloyat gubernatorlari nazoratida boʻlgan. Turkiston general-gubernatorligida mustamlaka tibbiyoti mutlaq ustunlik qilmadi. Chunki, kadrlar muammosi va mablag' yetishmasligi katta muammo boʻldi. Markazdan kelgan ayol shifokorlarning davlat xizmatchisi sifatida tan olinmasligi, tizimni umumoʻlka boʻylab isloh qilish uchun mablag'ning yetmasligi tabiblar faoliyatini saqlanishiga olib keldi. Turkiston general-gubernatorligi tabiblar faoliyatini va umuman milliy tib an'analarini rasman cheklamagan boʻlsada xayrixohlik ham bildirmaganlar. Chunki, milliy tibni cheklash yoki bekor qilish natijasida yuzaga keladigan ehtiyojni mustamlaka tibbiyoti koʻtara olmasdi. Turkiston general-gubernatorligi shifokorlar taqchilligi davrida ham milliy kadrlar yetishtirishni amalga oshirmagan. Chunki, hukumat markazdan olib keladigan kadrlardan oʻz siyosatini targ'ib qiluvchi va aholini siyosatga nisbatan xayrixohligini ta'minlovchi "josus" sifatida foydalanishni koʻzlagan edi. Masalani ikkinchi tomoni, milliy kadrlarni yetishib chiqishi aholini hukumatga nisbatan qaramligini yoʻqolishiga va ong ostida mustamlakachi hukumat sabab shifokor yordamini olish mumkinligi kabi tushunchalarni unutilib ketishiga sabab boʻlardi.