Qur’oni karimning inglizcha tarjimalarida adekvatlik muammosining lingvokognitiv tadqiqi
Ushbu avtoreferatda Shamsiddin Abduraimovich Yodgorovning "Qur'oni Karimning inglizcha tarjimalarida adekvatlik muammosining lingvokognitiv tadqiqi" mavzusidagi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi tahlil qilingan. Tadqiqotda Qur'on tarjimalaridagi lingvistik va kognitiv muammolar, xususan, adekvatlik masalasi o'rganilgan. Tadqiqot dunyo tilshunosligi va tarjimashunoslikdagi dolzarb muammolardan biri bo'lgan muqaddas matnlarning tarjimasi, jumladan, Qur'on tarjimalaridagi adekvatlik muammosini lingvokognitiv jihatdan tadqiq etishga bag'ishlangan. Tadqiqotda zamonaviy lingvistik va tarjimashunoslik nazariyalari, jumladan, teolingvistika va kognitiv tilshunoslikdan foydalanilgan. Tadqiqotda Qur'oni Karimning inglizcha tarjimalari lingvistik-kognitiv jihatdan tahlil qilingan va tarjimalardagi adekvatlik muammolariga sabab bo'luvchi omillar aniqlangan. Tadqiqot natijalari asosida Qur'oni Karimning inglizcha tarjimalaridagi adekvatlikni ta'minlash bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Asosiy mavzular
- Tadqiqotning dolzarbligi va zaruriyati: Jahon tilshunosligi va tarjimashunoslikda muqaddas matnlarning tarjimasi, ayniqsa Qur'oni Karim ma'noviy tarjimalaridagi adekvatlik muammosi tadqiqi zaruriy masalalaridan biri hisoblanadi. G'arb dunyosida islomfobiyani shakllantirgan omillardan biri ham aynan mazkur ilohiy manbaning g'arb tillaridagi lingvistik va tarjimaviy-metodologik jihatdan noto'g'ri yondashuv asosidagi tarjimalaridir. Mavjud tarjimalardagi adekvatlik muammolarini lingvistik tadqiq qilish asosan an'anaviy-struktural xarakterga ega bo'lganligi tufayli sohada zamonaviy yondashuvlarni talab qiluvchi muammolar yig'ilib qolgan. Shu nuqtai nazardan, Qur'oni Karimning inglizcha tarjimalarini interdistsiplinar rakursdan tahlil qilish g'oyat muhimdir.
- Muammoni oʻrganilganlik darajasi: Qur'oni Karimning inglizcha tarjimalarini tadqiq qilish ishlari XX asr oxirida boshlangan. Bu davrda ikki nafar tilshunos, olmon F.V.Greifenhagen va amerikalik D.J.Stewart ilmiy maqolalari mavjud. XXI asrda esa G'arb mintaqasi tilshunoslaridan D.Pichy, V.Stefan, E.Sarah va boshqalar, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari tilshunoslaridan H.Mohammad, R.Hassen va boshqalar, hamda turk tilshunoslaridan S.Kum, M.Palanci va boshqalar tadqiqotlar olib borishgan. Biroq, ko'pchilik tadqiqotlarda an'anaviy-struktural yondashuv qo'llanilgan va interdistsiplinar yondashuvli tadqiqotlar deyarli uchramaydi.
- Tadqiqotning maqsadi: Qur'oni Karim inglizcha tarjimalarining asliyatga nisbatan adekvatligini lingvokognitiv jihatdan ochib berish orqali tarjimalardagi kognitiv perspektivli muammolarni aniqlash.
- Tadqiqotning vazifalari: Qur'oni Karim ma'nolarini, undagi diniy nutq aktining tub mohiyatini toʻgʻri idrok va tarjima qilishda Qur'onshunoslik, tarjimashunoslik, teolingvistika va kognitiv tilshunoslik fanlari interdissiplinariyasiga ehtiyoj mavjudligini ilmiy asoslash; Qur'oni Karimni tarjima qilish masalasiga oid ilmiy manba va adabiyotlar tahlili asnosida, Qur'on ma'nolarining tarjima qilinishida yordamchi boʻladigan tafsir va sababi-nuzul singari Qur'onshunoslik fan tarmoqlarini tarjimashunoslik fanlari bilan oʻzaro integrallashtirish orqali Qur'on oyatlarini ma'noviy tarjima qilish metodologiyasini ishlab chiqish; Islom dinining aqidaviy asoslarini tashkil etuvchi Qur'on oyatlariga berilgan inglizcha tarjimalarni tahlillash orqali Qur'on oyatlari tub mohiyatining tarjima jarayonida buzilishiga olib keluvchi asosiy omil, tarjimonda Qur'oni Karimga nisbatan diniy-aqidaviy qarashlar ta'siri mavjudligini isbotlash; Qur'oni Karimning inglizcha ma'noviy tarjimalarida ko'p hollarda yanglish talqin qilinuvchi diniy-aqidaviy hamda olamning diniy manzarasiga oid Qur'on konseptlarining tub mohiyatini ochiqlash orqali, ularga nisbatan tahlilga tortilgan tarjimalarda berilgan inglizcha alternativlarning kognitiv semantik va konseptual metaforik adekvatlik muammolarini aniqlash va bartaraf qilish mexanizmini takomillashtirish.
- Tadqiqotning obyekti: Tadqiqotda asliyat matni sifatida Qur'oni Karimning 2023-yilda Qirol Fahd Qur'on nashriyotidan chiqqan Madina bosmali nusxasi, tarjima matnlari sifatida esa Alexander Rossning "The Alcoran of Mahomet" (1649), Jorj Seylning "Alcoran of Mohammed" (1734), John Rodwellning “The Koran" (1861) va Richard Bellning “The Qur'an: with a Critical Rearrangement of the Surah's" (1937) tarjimalari obyekt o'laroq tanlangan.
- Tadqiqotning predmeti: Qur'oni Karimning inglizcha tarjimalaridagi adekvatlik muammosining lingvokognitiv tavsifidan iborat.
- Tadqiqotning usullari: Tadqiqotda konseptual xaritalash, etnosemantik qiyoslash, tipologik tasniflash, bibliografik tasniflash, statistik-eksperimental, lingvokognitiv hamda interdistsiplinar yondashuvli tahlil kabi usullardan foydalanilgan.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Qur'oni Karim ma'nolarini, undagi diniy nutq aktining tub mohiyatini toʻgʻri idrok va tarjima qilishda Qur'onshunoslik fanlari bilan birgalikda tarjimashunoslik, teolingvistika va kognitiv tilshunoslik fanlariga murojaat ehtiyoji mavjudligi asoslanib, Qur'oni Karim va uning tarjimalarini tadqiq qiluvchi Qur'onshunoslik, teoliongvistika va kognitiv tarjimashunoslik fanlari ilmiy interdissiplinariyasidan iborat yangi metodologik yondashuvning nazariy asoslari yaratilgan; Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasida adekvatlikni ta'minlaydigan tarjima, tafsir va sababi nuzul ilmlari integratsiyasi asosidagi "tafsiriy tarjima" nomli Qur'on oyatlarini tafsir usullari va sababi nuzul hadislariga tayangan holda ma'noviy tarjima qilish metodologiyasi ishlab chiqilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Tilshunoslikning kognitiv tilshunoslik va teolingvistika kabi interdistsiplinar tarmoqlariga, tarjimashunoslikning esa tarjima lingvistikasi, filologik germenevtika, ekzegetika va tarjima falsafasi kabi istiqbolli yoʻnalishlariga doir oʻquv resurslarining nazariy asoslari yaratilgan; Qur'onshunoslikning tilshunoslik va tarjimashunoslikka daxldor bo'lgan tafsir, (sharxiy tarjima), ta'vil, (allegorik talqin), ilmi rasm (Qur'on matnshunosligi), kabi tarmoqlariga oid ta'limiy adabiyotlarning ilmiy-metodologik asoslari ishlab chiqilgan; Arab-ingliz/ingliz-arab, arab-oʻzbek/oʻzbek-arab tillar juftligida amalga oshiriladigan tarjimalardagi kognitiv semantik, konseptual metaforik va matniy-diskursiv muammolarga berilgan tavsiyaviy yechimlar asosida badiiy va diniy matnlarda uchraydigan madaniy va diniy xos birliklarni tarjima qilishda yangicha tarjima metodlari taklif qilingan.
- Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Tadqiqot ishining etnosemantik qiyoslash, tasniflash (tipologik), tarixiy-qiyosiy, semantik, komponent, statistik, kontekstual, konseptual xaritalash kabi dunyo miqyosida tan olinadigan tadqiqot usullar asosida olib borilganligi, tahlil natijalarining yuqori indekslangan impakt faktorli xorijiy ilmiy nashrlarda e'lon qilinganligi, tadqiqot ishiga aloqador mavzularda boʻlib oʻtgan xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda tadqiqot natijalarini aks ettiruvchi maqolalar bilan ishtirok etilganligi, tadqiqot natijalaridan sohaga doir oʻquv adabiyotlari va darsliklar tuzishda, ilmiy-fundamental va amaliy loyihalarda foydalanilganligiga doir vakolatli tuzilmalar tomonidan berilgan ma'lumotnomalarning mavjudligi bilan asoslanadi.
- Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati tadqiqotning nazariy asoslari mavzu yuzasidan fundamental va eng so'nggi adabiyotlar tahlili asosida shakllantirilganligi, tadqiqotning dunyo olimlari tomonidan tan olinib, e'tirof etiladigan tadqiqot usullari asosida olib borilganligi, dunyo miqyosida tan olinadigan ilmiy nazariyalarning tahlillar jarayonida qo'llanilganligi, tadqiqotning amaliy – tahliliy qismida olib borilgan tahlillarning ishning nazariy – metodologik qismidagi o'rganib chiqilgan ilmiy manba va adabiyotlarga toʻliq mosligi, Turkiya, Eron, AQSH va boshqa bir qator davlatlarda Qur'on tarjimashunosligiga bag'ishlab oʻtkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda tadqiqot natijalariga aloqador mavzularda ma'ruza qilib berilganligi va tadqiqot natijalari boʻyicha xorijiy mutaxassislar tomonidan berilgan ilmiy xulosalarning mavjudligi bilan asoslanadi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari uchun "kognitiv tilshunoslik", "teolingvistika", "matn lingvistikasi", "stilistika", "tarjima nazariyasi va amaliyoti", "badiiy tarjima", "filologik germenevtika", "tarjimashunoslik", "qiyosiy tilshunoslik" va boshqa shu kabi fanlar bo'yicha ta'limiy resurslar, jumladan, ma'ruza matnlari, darslik va oʻquv qoʻllanmalar tuzishda foydalanish mumkinligi bilan belgilanadi.
- Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Islom dinining aqidaviy asoslarini tashkil etuvchi Qur'on oyatlariga berilgan inglizcha tarjimalarni tahlillash jarayonida aniqlangan tarjimalarda mualliflarning Qur'oni Karimga nisbatan bibliyaviy, falsafiy-sekulyar va mazhabiy qarashlari ta'siri mavjudligi borasidagi ilmiy asosli taklif va tavsiyalar hamda tahliliy xulosalar Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining 2023-yil uchun chora tadbirlar dasturining VI yoʻnalishida belgilangan targ'ibot ishlarini tashkil etishda foydalanilgan. Qur'oni Karim inglizcha ma'noviy tarjimalarida yanglish talqin qilinuvchi olamning diniy manzarasiga oid hamda Islom dinining aqidaviy asoslarini tashkil etuvchi Qur'on konseptlarining tub mohiyati semantik intertekstuallik va ritorik ta'rif kabi oʻziga xoslikka ega boʻlgan Qur'oni Karimni uning oʻzi orqali tafsir qilish usuli orqali ochiqlangan boʻlib, u asosida ularga berilgan inglizcha alternativlarning kognitiv semantik va konseptual metaforik adekvatlik muammolarini aniqlash, ularni ilmiy xolislik hamda diniy bag'rikenglik yondashuviga koʻra barataraf qilish mexanizmlari asosida takomillashtirilgan taklif va tavsiyalaridan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasida 2020-2022 yillarga mo'ljallangan PZ-2020042022 "Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasi"ni yaratish bo'yicha amaliy loyiha doirasida foydalanilgan. Natijada, turkiy tillarga va ingliz tiliga to'g'ridan-toʻgʻri oʻzlashtirilgan Qur'oniy konseptual birliklarning ilmiy-mavzuli tafsirlarini tayyorlash jarayonida axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari oshgan; Qur'oni karim ma'nolarini, undagi diniy nutq aktining tub mohiyatini toʻgʻri idrok va tarjima qilishda Qur'onshunoslik fanlari bilan birgalikda tarjimashunoslik, teolingvistika va kognitiv tilshunoslik fanlariga murojaat ehtiyoji mavjudligi ilmiy asoslanib, Qur'onshunoslik, teoliongvistika va kognitiv tarjimashunoslik fanlari interdissiplinariyasi asosida shakllantirilgan yangi metodologik yondashuvning ilmiy-nazariy asoslariga oid taklif va tavsiyalaridan Hakim Termiziyning "Bahrut Tafsiyr" asari va Abu Iso Termiziyning "Shamaili Muhammadiya" va "Sunani Tirmidhi" asarlarining tarjimalarini tayyorlashda foydalanilgan.