Dabusiya ilk va rivojlangan o‘rta asrlarda (yozma va arxeologik manbalar asosida)
Ushbu dissertatsiya Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti «Oʻzbekistonning eng qadimgi, qadimgi va oʻrta asrlar davri moddiy madaniyati: vorisiylik va innovasiyalar (2021-2025 yy.)» (ATP-1) mavzusidagi besh yillik ilmiy tadqiqot rejasi bilan bog'liq bo'lib, uning maqsadi arxeologik va yozma manbalar asosida Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlar tarixini yoritishdan iborat. Tadqiqotning vazifalari quyidagilardan iborat: Zarafshon vodiysining geografik o'rni va tabiiy iqlim sharoitlarini yoritish; Dabusiya tarixiga doir yozma va arxeologik manbalarning qiyosiy tahlili asosida shahar va qishloqlarining tarixiy topografiyasi, siyosiy chegarasiga oydinlik kiritish; Dabusiya va uning atrofidagi yodgorliklarni ilk va rivojlangan oʻrta asrlar davri shahar va qishloq manzilgohlarining shakllanishi va me'morchiligining oʻziga xos xususiyatlarini ochib berish hamda arxeologik materiallar va yozma manbalarni qiyosiy tahlil qilish orqali, ularni yaxlit tizimga solish, ilmiy muomalaga kiritish; Dabusiya va uning atrofidagi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar asosida ularning hunarmandchilik sohasini ochib berish; Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, tashqi va ichki savdo aloqalari tarixini yoritish, ushbu jarayonlar va voqeliklarni umum Sug'd tarixida tutgan oʻrni hamda ahamiyatiga oydinlik kiritish. Tadqiqotning ob'ekti sifatida ilk va rivojlangan oʻrta asrlar davri Dabusiya va uning atrofida joylashgan shahar va qishloqlarning moddiy madaniyati tanlangan. Tadqiqotning predmetini Dabusiya va uning atrofida joylashgan shahar va qishloqlarning ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda shakllanishi, taraqqiyoti, tanazzulini yoritishga bog'liq bo'lgan arxeologik materiallar tahlili va yozma manbalar ma'lumotlari tashkil etadi. Tadqiqotning usullari sifatida dissertasiyada tarixiy-qiyosiy tahlil, xponologik tahlil, tizimlashtirish, planigrafik, stratigrafik, hamda tipologik usullardan foydalanilgan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat: Arab-fors yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan arxeologik materiallarni qiyosiy oʻrganish orqali ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda Dabusiyaning siyosiy chegarasi shimoldan Zarafshon daryosi, sharqdan Rabinjon, janubdan Zarafshon tizmasining davomi boʻlgan Zirabuloq va Ziyovuddin togʻlari, gʻarb tomonidan esa Karmanagacha boʻlganligi aniqlanib, shu asosida hududning arxeologik xaritasi yaratildi. Yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan arxeologik materiallarni qiyosiy oʻrganish orqali Rogʻin qishlogʻi Choshtepa arxeologik yodgorligi bilan lokalizatsiya qilingan va uning tarixiy topografiyasiga ilmiy izoh berilgan; Arxeologik va yozma manbalarning ilmiy tahlili asosida IV-V asrlarda vohada urbanizasiya jarayonlari rivojlanishi natijasida Dabusiya tarkibida boʻlgan Qoratepa (Kandukin), Shomikoʻtarmatepa (Butaytin), Misittepa va Ziyovuddinbuvatepa kabi shahar va qishloq makonlari shakllanganligi aniqlandi va milodiy XIII asr boshlarida, ya'ni 1220 yilda moʻgʻullarning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida (Qoratepa va Shomikoʻtarmatepa) vayron boʻlganligi isbotlandi. Dabusiya va Qoratepa (Kandukin) yodgorliklarining rabod qismida aniqlangan kulolchilik xumdonlarining joylashuv oʻrni, tuzilishi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarining turlari asosida shahar topografiyasida hunarmand mahallalarining joylashuv oʻrniga oydinlik kiritildi hamda voha hunarmandchiligida kulochilik, temirchilik va zargarlik tarmoqlari keng rivojlangani oʻz isbotini topgan. Tadqiqotning amaliy natijalari quyidagilardan iborat: Arxeologik va yozma manbalar asosida Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan o'rta asrlar davri tarixi tadqiq etildi va uning arxeologik xaritasi yaratilib, Sug'dning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tarixidagi oʻrni ochib berilgan. Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlar yodgorliklarida olib borilgan qazishmalar jarayonida qoʻlga kiritilgan arxeologik materiallarni yozma manbalar bilan qiyosiy tahlil qilish natijasida chiqarilgan xulosalar va tavsiyalarning amaliyotga joriy etilganligi, muammoning aniq qo'yilgani, qo'llanilgan yondoshuv, usullar va nazariy ma'lumotlarni berishda aniq ilmiy manbalarga tayanilgani, chiqarilgan xulosalarning tarixiy-geografik tahlil usullari yordamida asoslangani, olingan natijalarning vakolatli tashkilotlar tomonidan tasdiqlanganligi bilan belgilanadi. Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati shundan iboratki, qo'lga kiritilgan natijalar asosida oʻrganilayotgan mavzuga oid nazariy-uslubiy yondoshuvlar ilk va rivojlangan o'rta asrlar Sug'd tarixini batafsil ravishda oʻrganishga, foydalanilgan usullarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Tadqiqotning amaliy ahamiyati Sug'd tarixini oʻrganishda davomida aniqlangan, to'plangan va oʻrganilgan ma'lumotlardan voha tarixini yaratish, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassaslarning ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlarida Sug'd tarixiga oid oʻquv qoʻllanma, darslik yaratish, maxsus kurslar tashkil etish hamda tarixiy-madaniy merosni asrab avaylashni targ'ib qilishda foydalanish mumkin. Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi: «Dabusiya ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda (yozma va arxeologik manbalar asosida)» mavzusidagi falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertasiya boʻyicha qoʻlga kiritilgan ilmiy natijalar asosida: Tadqiqot natijalarining ilmiy xulosa va tavsiyalaridan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «Oʻzbekiston tarixi» telekanalining «Koʻhna manzillar» telekoʻrsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O'zbekiston tarixi» telekanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 12-iyundagi № 06-29-754-son ma'lumotnomasi). Koʻrsatuvlar tomoshabinlarni Dabusiya yodgorliklarining geografik oʻrni, tarixiy topografiyasi, qurilishi me'morchiligi, hunarmandchilik tarixi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti, savdo-sotiq munosabatlari hamda ularning ilk va rivojlangan o'rta asr Markaziy Osiyo madaniyatida tutgan oʻrniga doir yangi ma'lumotlar bilan tanishishga xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiliklaridan Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibiga kiruvchi Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi, viloyat Oʻlkashunoslik muzeyidagi oʻrta asrlar davri madaniyati bilan bog'liq ekspozitsiyalarining ekskursiya matnlarini yangilashda, shuningdek, ushbu muzeylarning oʻrta asrlar davri kolleksiyalarining ilmiy tasnif varaqlarini to'ldirishda foydalaniladi (Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi 2024-yil 4-iyundagi № 01-07/2154–son ma'lumotnomasi). Natijalar Samarqandning oʻrta asrlar davri moddiy madaniyati, tarixi va toʻgʻrisida muzeyga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlarga koʻrsatish va kelajak avlod ongida milliy merosga boʻlgan g'urur tuyg'usini uyg'otishga xizmat qiladi. Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, tashqi va ichki savdo aloqalari tarixi boʻyicha olib borilgan tadqiqot natijalari Samarqand viloyat o'lkashunoslik muzeyidagi ekskursiya matnlarini yangilashda, shuningdek, ushbu muzeylarning oʻrta asrlar davri kolleksiyalarining ilmiy tasnif varaqlarini to'ldirishda ushbu jarayonlar va voqeliklarni umum Sug'd tarixiga oid arxeologik topilmalardan «Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi» koʻrgazmasini yoritishda foydalanildi. (Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasining 2024 yil 27-maydagi №182-sonli ma'lumotnomasi). Natijalar Samarqand tarixi va madaniy merosini keng jamoatchilikga, ya'ni muzeyga tashrif buyuruvchilarga qadim Sug'd tarixi toʻgʻrisida ma'lumotlar berishga hamda targ'ibot qilishga xizmat qiladi. Tadqiqot natijalarining aprobasiyasi: Dissertasiya natijalari 11 ta ilmiy anjuman va seminarlar, shu jumladan, 4 ta xalqaro va 7 ta respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida muhokamadan oʻtkazilgan. Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertasiya mavzusi boʻyicha jami 17 ta ilmiy ish, jumladan, Oliy attestasiya komissiyasi tavsiya etgan ilmiy nashrlarda 6 ta maqola (xususan, 4 ta respublika va 2 ta xorij jurnallarida) e'lon qilingan. Dissertasiyaning tuzilishi va hajmi. Tadqiqot ish kirish, to'rtta bob, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlar ro'yxati, shatrli qisqartmalar hamda albomdan iborat. Dissertasiyaning umumiy hajmi 134 bet. Tadqiqotning kirish qismida mavzuning dolzarbligi, zarurati, respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yo'nalishlari bilan bog'liqligi, oʻrganil-ganlik darajasi, dissertasiyaning maqsadi, vazifalari, ilmiy yangiligi, amaliy natijalari, amaliyotga joriy qilinishi, nashr etilgan ilmiy ishlar toʻgʻrisidagi ma'lumotlar keltirilgan. Dissertatsiyaning birinchi bobi «Markaziy Sugʻdning tabiiy geografik oʻrni va iqlim sharoiti: Dabusiya shahri va qishloqlarining tarixiy topografiyasi va lokalizasiyasi», deb nomlanib, ikki paragrafdan iborat. Mazkur bobning «Markaziy Sug'dning tabiiy geografik oʻrni va iqlim sharoiti» deb nomlangan birinchi paragrafida Zarafshon vodiysiga ta'rif beriladi. Bunda vohaning asosiy suv manbai boʻlgan Zarafshon daryosining Pomir tog'laridan boshlanib, toki Buxoro cho'llarigacha bo'lgan hududga yoyilganligi aytiladi. Zarafshon vodiysi uch qismdan iborat bo'lib, ular yuqori Zarafshon, oʻrta Zarafshon va quyi Zarafshonga boʻlinadi. Oʻrta Zarafshon vohasida joylashgan Samarqand botig'i va uning g'arbidagi Paxtachi tumani janub tomondan Zirabuloq va Ziyovuddin tog'lari, shimoldan (sharqdan g'arbga tomon) Zarafshon daryosi bilan chegaradosh. Paxtachi vohasi asoson Zarafshon daryosidan bosh olgan Narpay kanali hamda soy suvlari yordamida sug'oriladi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuq. Tuprog'i, asosan, boʻz och tuproqlardan iborat bo'lib, ba'zi joylarda shoʻrxok, qumoq hamda bo'z tuproqlar uchraydi. Tabiati: oʻsimlik va hayvonot olami juda boy. Vohaning qulay tabiiy iqlim va geografik sharoiti urbanizasiya jarayon-larining erta boshlanishiga va rivojlanishiga sharoit yaratgan boʻlib, daryo, kanal va ariqlar boʻylarida hamda dehqonchilik uchun qulay boʻlgan suv manbalariga yaqin joylarda qadimgi shahar, qishloq va qasr-qoʻrgʻonlar qad rostlagan. Mazkur bobning «Dabusiya shahri va qishloqlari tarixiy topografiyasi va lokalizasiyasi» deb nomlangan ikkinchi paragrafida arab-fors manbalari hamda arxeologik yodgorliklar asosida Dabusiya shahri va qishloqlarining tarixiy topografiyasi, lokalizasiyasiga tavsif berilgan. Markaziy Sug'dning yirik yodgoliklaridan biri boʻlgan ko'hna Dabusiya shahri Zarafshon daryosining chap tomonida joylashgan boʻlib, oʻrta asrlar davri shaharlariga xos boʻlgan ark, shahriston va rabod qismlaridan iborat. Yodgorlik haqida ilk ma'lumotlar yunon mualifi Arrian asarlarida Bag'a qal'asi shaklida uchraydi. Dabusiya shahar sifatida boʻlganligi toʻgʻrisida arab-fors muarrixlari asarlarida ma'lumotlar keltirilgan. Jumladan, Al-Istahriyning «Kitob al masal val-mamlakat» asarida Dabusiya Xurosonga boradigan katta yo'l ustida joylashgan Sug'dning yirik to'rtta shaharlaridan (Kushoniya, Ishtixon, Rabinjon) biri boʻlib, uning rustoqlari va qishloqlari koʻp emas, ammo uning aholisi Sug'dning boshqa shaharlaridan ko'ra boyroqdir, deb ma'lumot beriladi. Shuningdek, al Hamadoniy va Abulqosim Ubaydulloh Hurdodbeh asarlarida Dabusiya Karminiyadan 5 farsah uzoqlikda Samarqand Sug'diga qarashli boʻlgan shahar sifatida tilga olingan. Muhammad ibn Ja'far an-Narshaxiy oʻz asarida Baykandni katta qishloq, Dabusiyani esa shahar deb qayd etgan. Tadqiqotning ikkinchi bobi «Dabusiya shahar va qishloq makonlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar», deb nomlanib, uch paragrafdan iborat. Uning «Dabusiya shahrida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar» deb nomlangan birinchi paragrafida shaharda olib borilgan arxeologik qazishmalar va ularning natijalari keltirilgan. Yodgorlikda dastlabki arxeologik qazishma ishlari A.E. Berdimurodov va U.Tokao rahbarligida Oʻzbekiston Yaponiya halqaro qo'shma ekspedisiyasi tomonidan olib borilgan qazishmalar natijasida shahar topografiyasining rivojlanishiga oid yangi ma'lumotlar qo'lga kiritilgan. Dabusiya shahri ham oʻrta asrlar shaharlari singari ark, shahriston va rabod qismlaridan iborat. Ark alohida qurilib, atrofi mudofaa devori va handaq bilan oʻralgan. Shahar xarobalarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida ularning qurilish me'morchiligi borasida yangi ma'lumotlar qoʻlga kiritildi. Jumladan, shaharning ark qismida 8 va 10 raqamli qazishmalar amalga oshirilgan. Shundan 8 qazishma arkning markaziy qismida boʻlib, unda 9 ta qurilish davri qayd etilgan. Arkning 1 qurilish davri XV-XVI asrlar bilan davrlashtirilgan. Arkning 2 qurilish davriga oid boʻlgan qatlamida zodagon oilaga tegishli boʻlgan pishgan g'ishtlardan qurilgan hammom va xonalar ochib oʻrganilgan va X-XII asrlar bilan davrlashtirilgan. Dabusiyaning shahriston qismi ham mudofaa devori va handaqlar bilan oʻrab olingan. Shahristonda 1,5,6,9,11,12,13 raqamli qazishmalar amalga oshirilgan. Qazishmalar davomida shahristonda hayot mil.avv. III asrdan XVII asrlargacha davom etganligi arxeologik ma'lumotlar asosida aniqlangan. Shahristondagi qazishmalar davomida shaharning mudofaa devori, unga yondosh boʻjalik va yashash xonalari ochib oʻrganildi. Shuningdek, 12 qazishmada shaharning shimoliy darvoza oʻrni ochildi. Darvozaning oʻlchami 2x2,5x6 m. boʻlib, u pishgan g'ishtlardan qurilgan. Darvoza XI-XII asrlar bilan davrlashtirilgan. 13 qazishma shahristonning janubiy mudofaa devori oʻrnida amalga oshirildi. Unda mudofaa devorining shimoliy qismida 4 ta qurilish davri aniqlangan boʻlib, 4 qurilish davriga mansub 2 ta xona oʻrni ochildi. Xonalar devori oʻlchami 37-38x19-20x8 sm, 40x20x? sm, 38,39x18,19x6 sm 35x19-20x7-8 sm boʻlgan xom g'ishtlar yordamida qurilgan. Mudofaa devorining janubiy tomonida 3,75x5,9 m kenglikda qazishma ishlari davom ettirildi. Bunda 3 ta qurilish davri qayd etildi. Shundan 3 qurilish davriga mansub boʻlgan oʻlchamlari 195x76 sm boʻlgan (soqchi turadigan joy) kazarma aniqlandi. Kazarma devori ?x19x4,5sm oʻlchamdagi pishgan g'ishtlar va 31-32x20-21x7,5-8sm xom g'ishtlardan qurilgan. Shuningdek, Dabusiya ark, shahriston va rabodning shimoli-sharqiy tomonidagi mudofaa devori bo'ylab joylashgan 50 dan ortiq badrablar (xojatxona) borligi aniqlandi. Bu shaharda gigiyenaga e'tibor qaratilganligidan dalolat beradi. Dabusiyaning rabod qismi yodgorlikning janubiy qismida joylashgan boʻlib, unda 2,3,4, va 7 sonli stratigrafik qazishmalar amalga oshirilgan. 2 qazishmada IX-XIII asrlarga oid boʻlgan pishgan g'ishtdan yasalgan bir-biriga ulangan quvurlar ham qayd etilgan. Dabusiyaning rabod qismida olib borilgan tadqiqotlar natijasida unda hayot miloddan avvalgi III asrdan XIII asr boshlariga qadar davom etgani ma'lum boʻldi. Ya'ni mo'g'ullar bosqinidan keyin shaharning rabod qismida hayot toʻxtagan. Mazkur bobning ikkinchi paragrafi «Qoratepa, Shomikoʻtarmatepa shaharlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar», deb atalib, nomlari zikr etilgan shaharlarda stratigrafik va planigrafik qazishmalar natijalari ilmiy tahlil qilinib, ular qurilish davrlariga ajratilgan. Qoratepa yodgorligi Narpay kanalining oʻng sohilida, Ziyovuddin shaharcha-sidan 5 km janubi-sharqda joylashgan. Qazishmalar davomida shaharning ark qismida 3 ta qurilish davri qayd etilgan. 1-qazishma markaziy tepalikda, qisman ark o'rnida boʻlib, 368 kv.m. maydonni egallagan. Ushbu qazishmada uchta yirik qurilish davri kuzatilgan. Jumladan, birinchi qurilish davri qazishmaning janubi-g'arbiy qismida XI-XX yaruslar orasida qayd etilgan boʻlib, unda oʻlchami 5,36x5 m boʻlgan toʻgʻri burchak shakldagi minora oʻrni ochilgan. Minoraning saqlanib qolgan balandligi 4,12 m boʻlib, paxsa blok yordamida koʻtarilgan. Mazkur minoraning old tomonida shaxmat tarzida joylashgan shinak oʻrni qayd etilgan (eni 0,15-0,16 m, orasidagi masofa 1,14-1,20 m). Birinchi qurilish davri milodiy V-VI asrlari bilan davrlashtirilgan. Ikkinchi qurilish davriga oid 8 ta xona oʻrni ochib oʻrganildi. Bunda 1-3 xonalar tarhi ilk oʻrta asrlar davri Sug'd saroyni eslatadi. Jumldan, 1 xona qazishma maydoning markazida joylashgan boʻlib, oʻlchamlari 3,52x2,4 m. Xona devorlari 45x21-25x8-10 sm oʻlchamdagi xom g'isht yordamida koʻtarilgan. Mazkur xonaning ikki tomonida, shimoli-sharqiy va janubi-sharqiy tomonlarida eshik o'rni qayd etilgan. Xonaning shimoli-sharqiy tomonidagi eshik ikkinchi xona bilan oʻzaro bog'langan boʻlib, eni 0,7 m. Janubi-sharqiy tomonidagi eshik eni 1,28 m boʻlib, uchinchi xona bilan oʻzaro bog'langan. 2 xona birinchi xonaning shimoli-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, oʻlchami 3,28x2,4 m. Ushbu xonaning janubiy devori boʻylab eni 0,9 m boʻlgan supaning qayd etilishi u joy yotoqxona vazifasini bajarganligi ehtimoldan xoli emas. Uchinchi xona birinchi xonaning janubi-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, oʻlchami 11,6x11,3 m ni tashkil qiladi. Ushbu saroy devorining saqlanib qolgan balandligi 3,7 m, xom g'ishtlar yordamida (45x21x10 sm) qurilgan. Ushbu xonaning shimoli-sharqiy, shimoli-g'arbiy va janubi-sharqiy tomonidagi devorlari bo'ylab supalar joylashgan. Shuningdek, supalar tashqarisiga boʻrtib chiqqan «estrada» da oʻrni ham qayd etilib, shimoli-sharqiy tomonidagi «estrada» oʻlchami 2x0,52-0,64 m, shimoli-gʻarbida 2,4x0,64 m. Xonaning poli tekis, somon aralash loy yordamida suvalgan. 1 va 3 xonalarda kuchli olov yonganligi sababli, uning devorlari qizg'ish tus olgan. Ta'rifi bayon etilgan 3-xona saroy (qabullar zali) boʻlib, bu kabi saroylar Afrosiyob, Kofirqal'a yodgorliklarida qayd etilgan. Yodgorlikning uchinchi qurilish davriga oid boʻlgan xom g'isht va paxsa devor XII-XIII asrlar bilan davrlashtirilgan. Qazuv tadqiqotlarning natijasiga koʻra, yodgorlik V-VI asrlardan toki XII-XIII asrlargacha faoliyat koʻrsatganligi aniqlandi. Shomikoʻtarmatepa yodgorligi Poʻlatchi QFY ga qarashli Bobon (Ukrach) mahallasida joylashgan. Ushbu yodgorlik tarhi kvadratsimon shaklda, maydoni 2 gektarga yaqin. Yodgorlikning ark qismi tarhi kvadrat shaklida, oʻlchami 75x75 m, balandligi esa 12-13 m. Yodgorlikning ark va shahriston qismlarida amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, shaharda hayot IV asrdan XIII asrning boshlarigacha davom etganligini koʻrsatadi. Mazkur bobning uchinchi paragrafi «Ziyovuddinbuvatepa va Misittepa, qishloq makonlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar» deb atalib, nomlari zikr etilgan qasr va qishloq makonlarida dastlabki stratigrafik qazishmalar natijalari ilmiy tahlil qilinib, qurilish davrlariga ajratilgan. Ziyovuddinbuvatepa yodgorligi ham Jahonobod mahallasidagi Ziyovuddin qishlogʻining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, tarhi ovalsimon shaklda, umumiy maydoni 0,08 ga, yodgorlikning sharqiy qismiga kengligi 3 m, chuqurligi 4,1 m boʻlgan shurf tashlandi. Natijada kesmada paxsa va xom g'ishtdan (50x25x9-10 sm) qurilgan devor oʻrni qayd etilib, u V VII asrlar bilan davrlashtirildi. Misittepa yodgorligi Jahonobod mahallasida joylashgan boʻlib, tarhi kvadrat shaklda, maydoni 1 gektar, saqlanib qolgan balandligi 10 m. Yodgorlikning g'arbiy qismida eni 2 m, chuqurligi 3,1 m boʻlgan shurf tashlandi. Natijada ushbu shurfda uchta qurilish davri qayd etildi ( birinchi qurilish VIII asr bilan, ikkinchi qurilish davri VI–VII asrlar bilan, uchinchi qurilish davri esa IV-V asrlar). Xullas, Dabusiya va uning atrofida joylashgan shahar va qishloqlarda olib borilgan qazuv tadqiqotlar natijasida markaziy shahar boʻlgan Dabusiyaning ark qismi miloddan avvalgi VI asrda shakllangan boʻlsa, shahriston va rabod qismlarining quyi qatlamlari miloddan avvalgi III asr bilan davrlashtirilgan. Ya'ni shahar maydoni miloddan avvalgi III asrda kengayib, vohada urbanizasiya jarayonlari rivojlangan. Milodiy IV-V asrlarga kelib shahar mudofaa tizimi kuchaytirilgan, bu davrda shahar tashqarisida Qoratepa, Shomikoʻtarmatepa, Misittepa (IV-VIII asrlar) va Ziyovuddinbuvatepa (V-VII asrlar) kabi shahar va qishloqlar shakllangan. Dabusiya hamda uning atrofidagi Qoratepa va Shomikoʻtarmatepada hayot XIII asrgacha davom etgan va moʻgʻullarning 1220 yilda Samarqandga qilgan yurishlari natijasida Markaziy Osiyoning boshqa shaharlari qatori ular ham vayron boʻlgan. Dissertasiyaning uchinchi bobi «Dabusiyaning ilk va rivojlangan oʻrta asrlardagi hunarmandchiligi» deb nomlanadi. Ushbu bobning «IV-VI asrlar davri kulolchilik idishlari» deb nomlangan birinchi paragrafida IV-VI asrlar davri kulolchilik idishlari vazifalariga ko'ra tasniflangan. So'nggi yillarda Dabusiya, Qoratepa, Shomikoʻtarmatepa, Misittepa, Ziyovuddintepada kabi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida ilk oʻrta asrlarga oid boʻlgan kulolchilik idishlari qo'lga kiritildi. Bunda IV-VI asrlar davri kulolchilik idishlari asosan kulolchilik charxida yasalgan boʻlgan, ular kosacha, koʻza, isiriqdonlar, mustaxara (flyaga), xum va xumcha, xurmacha, qadah, qozon, tovalarni tashkil etadi. Bu turdagi idishlar Sug'd hamda unga qoʻshni Ustrushona hududlarida keng tarqalgan. Shuningdek, echki, qoʻy, kuchuk tasvirli zoomorf haykalchalar va qush tasviri tushirilgan gemmaning tasnifi bayon etilgan. Mazkur bobning ikkinchi paragrafi «VII-VIII asrlar davri kulolchilik idishlari», deb nomlanib, unda VII-VIII asrlar davri kulolchilik idishlari vazifalariga koʻra tasniflangan. Dabusiya Qoratepa, Shomikutarmatepa, Misittepa, Ziyovuddintepada kabi yodgorliklarning VII-VIII asrlar qatlamlaridagi kulolchilik idishlari charxida yasalgan boʻlib, ular yogʻlogʻi, kosa, koʻza, xum, qozon, dostorxon kabi . turlari qayd etilgan. Bu turdagi idishlar Sug'd, Choch, Tohariston, Farg'ona hududlarida keng tarqalgan. Mazkur bobning uchinchi paragrafi «IX-XII asrlar davri kulolchilik xumdonlari», deb nomlangan. Vohaning rivojlangan oʻrta asrlarga oid boʻlgan xumdonlari bir va ikki yarusli boʻlgan. Ikki yarusli xumdonlar Dabusiyaning 2,8,12-xumdonlari hamda Qoratepa, Shomikoʻtarmatepada olovxona va pishirish qavatidan iborat. Xumdonlarning olovxonasi materik qatlam ustiga qurilgan boʻlib, ovalsmon shaklda, diametri 1,55-2 m, balandligi 1,47 2,2 m. ga teng. Olovxonaning markaziy qismida uning tomini ushlab turuvchi tayanch ustun oʻrni ham 8 xumdonning pishirish qavatining tomi xom g'ishtlar (37x16-17x10 sm) yordamida gumbazsimon usulda yopilgan. Xumdonning pishirish qavati yumaloq shaklda, diametri 1,8 m, saqlanib qolgan devor balandligi 0,82 m. Pishirish qavati bo'ylab 9 dona simmetrik shaklda joylashgan hil novlari joylashgan. Hil novlarining 5 tasi pishirish qavatining devori boʻylab joylashgan boʻlsa, 4 tasi esa uning markaziy qismida qayd etilgan. Hil novlari yumaloq-ovalsimon shaklda, diametri 10-12 sm, orasidagi masofalar 32-76 sm.ni tashkil etadi. Pishirish qavatining poli 1-1,5 sm qalinlikda somon aralashgan loy yordamida suvalgan. Bir yarusli xumdonlar Dabusiyada (1,3,4,5,6,7,9,10,11-xumdonlar) qayd etilgan boʻlib, ular ham ikki yarusli xumdonlar bilan bir vaqtning o'zida faoliyat koʻrsatgan. Shulardan 1-xumdon bir yarusli, gumbazsimon shaklda, diametri 2,95 m., saqlanib qolgan balandligi 2 m. Mazkur xumdonning devorlari kuchli yongan olov ta'sirida 10-12 sm qalinlikda qizarib kuygan. Xumdonning janubiy tomonida joylashgan dudburron oʻrni qayd etilib, u toʻgʻri toʻrtburchak shaklda, eni 20 sm, balandligi esa 70 sm. Ma'lumki, Sug'dning ilk va rivojlangan oʻrta asrlar davri kulolchiligida asosan ikki yarusli xumdonlardan keng foydalangan. Bunday xumdonlar yoqilg'i mahsulotlarni tejash bilan birga, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifatli boʻlishiga ham oʻz ta'sirini koʻrsatgan. Dabusiya va uning atrofidagi Qoratepa va Shomiko'tarmatepaning hunarmand mahallalari asosan rabod qismlarida joylashgan. Uchinchi bobning to'rtinchi paragrafi «IX-XII asrlar davri kulolchilik idishlari», deb nomlanib, unda rivojlangan oʻrta asrlarga kelib, Dabusiya va uning atrofida joylashgan shaharlarning kulolchilik idishlari borasida ma'lumotlar keltirilgan. Bu davrga kelib Sug'd hududida sirlangan idishlardan foydalanish an'anaga aylangan boʻlsada, Dabusiya hunarmandchiligida bu turdagi idishlar kamchilikni tashkil etadi. Kulolchilikda xum, xumcha, tovoq, simob qoʻzacha, qozon, chiroq va togʻoralar koʻpchilikni tashkil etadi. Uchinchi bobning beshinchi paragrafi «Metallsozlik hunarmandchiligi» deb nomlanadi. Ma'lumki, O'rta Osiyo halqlari tarixida metall buyumlardan eneolit davridan foydalanishib kelishgan. Bronza davriga kelib dehqonchilik va koʻchmanchi chorvadorlar hayotida metalldan turli buyumlar sifatida foydalanish yanada ortdi. Ayniqsa, antik va oʻrta asrlarga kelib yirik metall qazib olish konlari yanada o'zlashtirilib, sifatli metall ishlab chiqarganligi toʻgʻrisida arxeologik va yozma manbalarda ma'lumotlar uchraydi. Dabusiyaga yaqin boʻlgan Ziyoviddin-Zirabuloq rudali hududida Qarnab, Lapas, Changali va Tim konlaridan qalay qazib olingan. Shuningdek, Qarnobda konchilar turar joylari, xoʻjalik va ish qurollari, jumladan, rudani maydalash uchun ishlatilgan tosh bolgʻa, qoʻl tegirmonlarning topilishi bronza davridan boshlab voha aholisi metallsozlik bilan ham shugʻullanganligidan dalolat beradi. Dabusiyaning temirchi ustalari tomonidan harbiy qurol-aslahalardan kamon oʻqlari, duradgorlik asboblaridan bolta, tesha, randalar, uy-roʻzgʻor va xoʻjalik buyumlaridan pichoq, qaychi, mix, qoshiq, idish qopqog'i, zargarlikda esa oʻsmadon, bronza oyna, soch tug'nog'ichi, bilaguzuk va sirg'a keng miqyosda ishlab chiqqan. Mazkur temirchilik mahsulotlari shakli jihatdan Oʻrta Osiyo, jumladan, Sug'd, Xorazm va Choch tarixiy madaniy mintaqalariga oʻxshash boʻlib, voha hunarmandlari ular bilan yaqin savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar qilganligidan dalolat beradi. Dissertatsiyaning to'rtinchi bobi «Dabusiyaning siyosiy, iqtisodiy, savdo sotiq, ilm-fan va ma'naviy hayoti» deb nomlangan, uning birinchi paragrafi siyosiy jarayonga bag'ishlangan boʻlib, unda Aleksandr Makedonskiy bosqini, shuningdek, arablar hamda mugʻullarning yurishi bilan bogʻliq voqealar yoritilgan. Dabusiya arkida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida uning quyi qatlamlari mil. avv. VI-IV asrlar bilan, uning shahriston va rabod qismlari esa mil.avv. III-II asrlar davrlashtirilgan. Antik davr yozma manbalari, xususan, Arrian asarlaridan ma'lumki, mil. avv. 328 yilda Aleksandr Makedonskiy yozni Sug'diyonada, qishni esa Nautakada oʻtkazgan. Aleksandrning asosiy raqibi Spitamen boʻlib, ular o'rtasidagi oxirgi jang So'g'diyona bilan «massagetlar Skifiyasi» chegarasida, Zarafshonning quyi qismida joylashgan Bag'a qal'asida, hozirgi Dabusiya shahri joylashgan yerda bo'ldi. Jang yunon-makedon qo'shinining g'alabasi bilan yakunlangan. 728 yilda berilgan ma'lumotlarda Ashrasning Sug'dga yurishi davrida yana Dabusiya tilga olinadi. Mana shu paytda Sug'd aholisi Ashrasga qarshi katta qoʻzgʻolon koʻtaradi. At-Tabariyga koʻra, turklarning Kursul boshchiligidagi qoʻshini Dabusiya shahri yonidagi Kasr al-Boxiliy qal'asi yoniga kelib toʻxtaganligi aytiladi. 729 yilda Turk hoqoni Sug'd, Fargʻona va Shosh aholisidan tashkil topgan qo'shin bilan Nur tog'lari yonbag'rilari orqali Sug'dga yurish boshlaydi va Kemerdja ( Kofirqal'a) qal'asida 58 kun qamalda qoladi. Xavfsizlik kafolatini olgan arablar qal'ani topshirib, Dabusiyaga ketadilar. Oʻsha paytda Dabusiyada arablarning 10 000 ortiq qoʻshin turgan va shu vaqtda Dabusiyani Oqil ibn Varras as-So'g'diy boshqargan. Shuningdek, at-Tabariy
Asosiy mavzular
- Tadqiqotning maqsadi: Arxeologik va yozma manbalar asosida Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlar tarixini yoritishdan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: Zarafshon vodiysining geografik o'rni va tabiiy iqlim sharoitlarini yoritish; Dabusiya tarixiga doir yozma va arxeologik manbalarning qiyosiy tahlili asosida shahar va qishloqlarining tarixiy topografiyasi, siyosiy chegarasiga oydinlik kiritish; Dabusiya va uning atrofidagi yodgorliklarni ilk va rivojlangan oʻrta asrlar davri shahar va qishloq manzilgohlarining shakllanishi va me'morchiligining oʻziga xos xususiyatlarini ochib berish hamda arxeologik materiallar va yozma manbalarni qiyosiy tahlil qilish orqali, ularni yaxlit tizimga solish, ilmiy muomalaga kiritish; Dabusiya va uning atrofidagi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar asosida ularning hunarmandchilik sohasini ochib berish; Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, tashqi va ichki savdo aloqalari tarixini yoritish, ushbu jarayonlar va voqeliklarni umum Sug'd tarixida tutgan oʻrni hamda ahamiyatiga oydinlik kiritish.
- Tadqiqotning ob'ekti: Ilk va rivojlangan oʻrta asrlar davri Dabusiya va uning atrofida joylashgan shahar va qishloqlarning moddiy madaniyati.
- Tadqiqotning predmeti: Dabusiya va uning atrofida joylashgan shahar va qishloqlarning ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda shakllanishi, taraqqiyoti, tanazzulini yoritishga bog'liq bo'lgan arxeologik materiallar tahlili va yozma manbalar ma'lumotlari.
- Tadqiqotning usullari: Tarixiy-qiyosiy tahlil, xronologik tahlil, tizimlashtirish, planigrafik, stratigrafik, hamda tipologik usullardan foydalanilgan.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Arab-fors yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan arxeologik materiallarni qiyosiy oʻrganish orqali ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda Dabusiyaning siyosiy chegarasi shimoldan Zarafshon daryosi, sharqdan Rabinjon, janubdan Zarafshon tizmasining davomi boʻlgan Zirabuloq va Ziyovuddin togʻlari, gʻarb tomonidan esa Karmanagacha boʻlganligi aniqlanib, shu asosida hududning arxeologik xaritasi yaratildi. Yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan arxeologik materiallarni qiyosiy oʻrganish orqali Rogʻin qishlogʻi Choshtepa arxeologik yodgorligi bilan lokalizatsiya qilingan va uning tarixiy topografiyasiga ilmiy izoh berilgan; Arxeologik va yozma manbalarning ilmiy tahlili asosida IV-V asrlarda vohada urbanizasiya jarayonlari rivojlanishi natijasida Dabusiya tarkibida boʻlgan Qoratepa (Kandukin), Shomikoʻtarmatepa (Butaytin), Misittepa va Ziyovuddinbuvatepa kabi shahar va qishloq makonlari shakllanganligi aniqlandi va milodiy XIII asr boshlarida, ya'ni 1220 yilda moʻgʻullarning Samarqandga qilgan yurishlari natijasida (Qoratepa va Shomikoʻtarmatepa) vayron boʻlganligi isbotlandi. Dabusiya va Qoratepa (Kandukin) yodgorliklarining rabod qismida aniqlangan kulolchilik xumdonlarining joylashuv oʻrni, tuzilishi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarining turlari asosida shahar topografiyasida hunarmand mahallalarining joylashuv oʻrniga oydinlik kiritildi. Voha hunarmandchiligida kulochilik, temirchilik va zargarlik tarmoqlari keng rivojlangani oʻz isbotini topgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Arxeologik va yozma manbalar asosida Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan o'rta asrlar davri tarixi tadqiq etildi va uning arxeologik xaritasi yaratilib, Sug'dning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy tarixidagi oʻrni ochib berilgan.
- Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati: Ilmiy ahamiyati: qo'lga kiritilgan natijalar asosida oʻrganilayotgan mavzuga oid nazariy-uslubiy yondoshuvlar ilk va rivojlangan o'rta asrlar Sug'd tarixini batafsil ravishda oʻrganishga, foydalanilgan usullarni takomillashtirishga xizmat qiladi. Amaliy ahamiyati: Sug'd tarixini oʻrganishda davomida aniqlangan, to'plangan va oʻrganilgan ma'lumotlardan voha tarixini yaratish, oliy va o'rta maxsus ta'lim muassaslarning ijtimoiy-gumanitar yoʻnalishlarida Sug'd tarixiga oid oʻquv qoʻllanma, darslik yaratish, maxsus kurslar tashkil etish hamda tarixiy-madaniy merosni asrab avaylashni targ'ib qilishda foydalanish mumkin.
- Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi: «Dabusiya ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda (yozma va arxeologik manbalar asosida)» mavzusidagi falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertasiya boʻyicha qoʻlga kiritilgan ilmiy natijalar asosida: Tadqiqot natijalarining ilmiy xulosa va tavsiyalaridan Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi «Oʻzbekiston tarixi» telekanalining «Koʻhna manzillar» telekoʻrsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O'zbekiston tarixi» telekanali davlat unitar korxonasining 2024-yil 12-iyundagi № 06-29-754-son ma'lumotnomasi). Koʻrsatuvlar tomoshabinlarni Dabusiya yodgorliklarining geografik oʻrni, tarixiy topografiyasi, qurilishi me'morchiligi, hunarmandchilik tarixi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti, savdo-sotiq munosabatlari hamda ularning ilk va rivojlangan o'rta asr Markaziy Osiyo madaniyatida tutgan oʻrniga doir yangi ma'lumotlar bilan tanishishga xizmat qiladi. Tadqiqotning ilmiy yangiliklaridan Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi tarkibiga kiruvchi Oʻzbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi, viloyat Oʻlkashunoslik muzeyidagi oʻrta asrlar davri madaniyati bilan bog'liq ekspozitsiyalarining ekskursiya matnlarini yangilashda, shuningdek, ushbu muzeylarning oʻrta asrlar davri kolleksiyalarining ilmiy tasnif varaqlarini to'ldirishda foydalaniladi (Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi 2024-yil 4-iyundagi № 01-07/2154–son ma'lumotnomasi). Natijalar Samarqandning oʻrta asrlar davri moddiy madaniyati, tarixi va toʻgʻrisida muzeyga tashrif buyuruvchi mahalliy va xorijiy sayyohlarga koʻrsatish va kelajak avlod ongida milliy merosga boʻlgan g'urur tuyg'usini uyg'otishga xizmat qiladi. Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, tashqi va ichki savdo aloqalari tarixi boʻyicha olib borilgan tadqiqot natijalari Samarqand viloyat o'lkashunoslik muzeyidagi ekskursiya matnlarini yangilashda, shuningdek, ushbu muzeylarning oʻrta asrlar davri kolleksiyalarining ilmiy tasnif varaqlarini to'ldirishda ushbu jarayonlar va voqeliklarni umum Sug'd tarixiga oid arxeologik topilmalardan «Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi» koʻrgazmasini yoritishda foydalanildi. (Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasining 2024 yil 27-maydagi №182-sonli ma'lumotnomasi). Natijalar Samarqand tarixi va madaniy merosini keng jamoatchilikga, ya'ni muzeyga tashrif buyuruvchilarga qadim Sug'd tarixi toʻgʻrisida ma'lumotlar berishga hamda targ'ibot qilishga xizmat qiladi.
- Tadqiqotning aprobatsiyasi: Dissertasiya natijalari 11 ta ilmiy anjuman va seminarlar, shu jumladan, 4 ta xalqaro va 7 ta respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarida muhokamadan oʻtkazilgan.
- Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertasiya mavzusi boʻyicha jami 17 ta ilmiy ish, jumladan, Oliy attestasiya komissiyasi tavsiya etgan ilmiy nashrlarda 6 ta maqola (xususan, 4 ta respublika va 2 ta xorij jurnallarida) e'lon qilingan.
- Dissertasiyaning tuzilishi va hajmi: Kirish, to'rtta bob, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlar ro'yxati, shatrli qisqartmalar hamda albomdan iborat. Dissertasiyaning umumiy hajmi 134 bet.
- Tadqiqotning kirish qismi: Mavzuning dolzarbligi, zarurati, respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yo'nalishlari bilan bog'liqligi, oʻrganil-ganlik darajasi, dissertasiyaning maqsadi, vazifalari, ilmiy yangiligi, amaliy natijalari, amaliyotga joriy qilinishi, nashr etilgan ilmiy ishlar toʻgʻrisidagi ma'lumotlar keltirilgan.
- Birinchi bob: «Markaziy Sugʻdning tabiiy geografik oʻrni va iqlim sharoiti: Dabusiya shahri va qishloqlarining tarixiy topografiyasi va lokalizasiyasi»: Birinchi paragraf: Zarafshon vodiysiga ta'rif beriladi. Bunda vohaning asosiy suv manbai boʻlgan Zarafshon daryosining Pomir tog'laridan boshlanib, toki Buxoro cho'llarigacha bo'lgan hududga yoyilganligi aytiladi. Zarafshon vodiysi uch qismdan iborat bo'lib, ular yuqori Zarafshon, oʻrta Zarafshon va quyi Zarafshonga boʻlinadi. Oʻrta Zarafshon vohasida joylashgan Samarqand botig'i va uning g'arbidagi Paxtachi tumani janub tomondan Zirabuloq va Ziyovuddin tog'lari, shimoldan (sharqdan g'arbga tomon) Zarafshon daryosi bilan chegaradosh. Paxtachi vohasi asoson Zarafshon daryosidan bosh olgan Narpay kanali hamda soy suvlari yordamida sug'oriladi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuq. Tuprog'i, asosan, boʻz och tuproqlardan iborat bo'lib, ba'zi joylarda shoʻrxok, qumoq hamda bo'z tuproqlar uchraydi. Tabiati: oʻsimlik va hayvonot olami juda boy. Vohaning qulay tabiiy iqlim va geografik sharoiti urbanizasiya jarayonlarining erta boshlanishiga va rivojlanishiga sharoit yaratgan boʻlib, daryo, kanal va ariqlar boʻylarida hamda dehqonchilik uchun qulay boʻlgan suv manbalariga yaqin joylarda qadimgi shahar, qishloq va qasr-qoʻrgʻonlar qad rostlagan. Ikkinchi paragraf: Arab-fors manbalari hamda arxeologik yodgorliklar asosida Dabusiya shahri va qishloqlarining tarixiy topografiyasi, lokalizasiyasiga tavsif berilgan. Markaziy Sug'dning yirik yodgoliklaridan biri boʻlgan ko'hna Dabusiya shahri Zarafshon daryosining chap tomonida joylashgan boʻlib, oʻrta asrlar davri shaharlariga xos boʻlgan ark, shahriston va rabod qismlaridan iborat. Yodgorlik haqida ilk ma'lumotlar yunon mualifi Arrian asarlarida Bag'a qal'asi shaklida uchraydi. Dabusiya shahar sifatida boʻlganligi toʻgʻrisida arab-fors muarrixlari asarlarida ma'lumotlar keltirilgan. Jumladan, Al-Istahriyning «Kitob al masal val-mamlakat» asarida Dabusiya Xurosonga boradigan katta yoʻl ustida joylashgan Sug'dning yirik to'rtta shaharlaridan (Kushoniya, Ishtixon, Rabinjon) biri boʻlib, uning rustoqlari va qishloqlari koʻp emas, ammo uning aholisi Sug'dning boshqa shaharlaridan ko'ra boyroqdir, deb ma'lumot beriladi. Shuningdek, al Hamadoniy va Abulqosim Ubaydulloh Hurdodbeh asarlarida Dabusiya Karminiyadan 5 farsah uzoqlikda Samarqand Sug'diga qarashli boʻlgan shahar sifatida tilga olingan. Muhammad ibn Ja'far an-Narshaxiy oʻz asarida Baykandni katta qishloq, Dabusiyani esa shahar deb qayd etgan.
- Ikkinchi bob: «Dabusiya shahar va qishloq makonlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar»: Birinchi paragraf: Shaharda olib borilgan arxeologik qazishmalar va ularning natijalari keltirilgan. Yodgorlikda dastlabki arxeologik qazishma ishlari A.E. Berdimurodov va U.Tokao rahbarligida Oʻzbekiston Yaponiya halqaro qo'shma ekspedisiyasi tomonidan olib borilgan qazishmalar natijasida shahar topografiyasining rivojlanishiga oid yangi ma'lumotlar qo'lga kiritilgan. Dabusiya shahri ham oʻrta asrlar shaharlari singari ark, shahriston va rabod qismlaridan iborat. Ark alohida qurilib, atrofi mudofaa devori va handaq bilan oʻralgan. Shahar xarobalarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida ularning qurilish me'morchiligi borasida yangi ma'lumotlar qoʻlga kiritildi. Jumladan, shaharning ark qismida 8 va 10 raqamli qazishmalar amalga oshirilgan. Shundan 8 qazishma arkning markaziy qismida boʻlib, unda 9 ta qurilish davri qayd etilgan. Arkning 1 qurilish davri XV-XVI asrlar bilan davrlashtirilgan. Arkning 2 qurilish davriga oid boʻlgan qatlamida zodagon oilaga tegishli boʻlgan pishgan g'ishtlardan qurilgan hammom va xonalar ochib oʻrganilgan va X-XII asrlar bilan davrlashtirilgan. Dabusiyaning shahriston qismi ham mudofaa devori va handaqlar bilan oʻrab olingan. Shahristonda 1,5,6,9,11,12,13 raqamli qazishmalar amalga oshirilgan. Qazishmalar davomida shahristonda hayot mil.avv. III asrdan XVII asrlargacha davom etganligi arxeologik ma'lumotlar asosida aniqlangan. Shahristondagi qazishmalar davomida shaharning mudofaa devori, unga yondosh bojalik va yashash xonalari ochib oʻrganildi. Shuningdek, 12 qazishmada shaharning shimoliy darvoza oʻrni ochildi. Darvozaning oʻlchami 2x2,5x6 m. boʻlib, u pishgan g'ishtlardan qurilgan. Darvoza XI-XII asrlar bilan davrlashtirilgan. 13 qazishma shahristonning janubiy mudofaa devori oʻrnida amalga oshirildi. Unda mudofaa devorining shimoliy qismida 4 ta qurilish davri aniqlangan boʻlib, 4 qurilish davriga mansub 2 ta xona oʻrni ochildi. Xonalar devori oʻlchami 37-38x19-20x8 sm, 40x20x? sm, 38,39x18,19x6 sm 35x19-20x7-8 sm boʻlgan xom g'ishtlar yordamida qurilgan. Mudofaa devorining janubiy tomonida 3,75x5,9 m kenglikda qazishma ishlari davom ettirildi. Bunda 3 ta qurilish davri qayd etildi. Shundan 3 qurilish davriga mansub boʻlgan oʻlchamlari 195x76 sm boʻlgan (soqchi turadigan joy) kazarma aniqlandi. Kazarma devori ?x19x4,5sm oʻlchamdagi pishgan g'ishtlar va 31-32x20-21x7,5-8sm xom g'ishtlardan qurilgan. Shuningdek, Dabusiya ark, shahriston va rabodning shimoli-sharqiy tomonidagi mudofaa devori boylab joylashgan 50 dan ortiq badrablar (xojatxona) borligi aniqlandi. Bu shaharda gigiyenaga e'tibor qaratilganligidan dalolat beradi. Dabusiyaning rabod qismi yodgorlikning janubiy qismida joylashgan boʻlib, unda 2,3,4, va 7 sonli stratigrafik qazishmalar amalga oshirilgan. 2 qazishmada IX-XIII asrlarga oid boʻlgan pishgan g'ishtdan yasalgan bir-biriga ulangan quvurlar ham qayd etilgan. Dabusiyaning rabod qismida olib borilgan tadqiqotlar natijasida unda hayot miloddan avvalgi III asrdan XIII asr boshlariga qadar davom etgani ma'lum boʻldi. Ya'ni mo'g'ullar bosqinidan keyin shaharning rabod qismida hayot toʻxtagan. Ikkinchi paragraf: «Qoratepa, Shomikoʻtarmatepa shaharlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar», deb atalib, nomlari zikr etilgan shaharlarda stratigrafik va planigrafik qazishmalar natijalari ilmiy tahlil qilinib, ular qurilish davrlariga ajratilgan. Qoratepa yodgorligi Narpay kanalining oʻng sohilida, Ziyovuddin shaharcha-sidan 5 km janubi-sharqda joylashgan. Qazishmalar davomida shaharning ark qismida 3 ta qurilish davri qayd etilgan. 1-qazishma markaziy tepalikda, qisman ark o'rnida boʻlib, 368 kv.m. maydonni egallagan. Ushbu qazishmada uchta yirik qurilish davri kuzatilgan. Jumladan, birinchi qurilish davri qazishmaning janubi-g'arbiy qismida XI-XX yaruslar orasida qayd etilgan boʻlib, unda oʻlchami 5,36x5 m boʻlgan toʻgʻri burchak shakldagi minora oʻrni ochilgan. Minoraning saqlanib qolgan balandligi 4,12 m boʻlib, paxsa blok yordamida koʻtarilgan. Mazkur minoraning old tomonida shaxmat tarzida joylashgan shinak oʻrni qayd etilgan (eni 0,15-0,16 m, orasidagi masofa 1,14-1,20 m). Birinchi qurilish davri milodiy V-VI asrlari bilan davrlashtirilgan. Ikkinchi qurilish davriga oid 8 ta xona oʻrni ochib oʻrganildi. Bunda 1-3 xonalar tarhi ilk oʻrta asrlar davri Sug'd saroyni eslatadi. Jumldan, 1 xona qazishma maydoning markazida joylashgan boʻlib, oʻlchamlari 3,52x2,4 m. Xona devorlari 45x21-25x8-10 sm oʻlchamdagi xom g'isht yordamida koʻtarilgan. Mazkur xonaning ikki tomonida, shimoli-sharqiy va janubi-sharqiy tomonlarida eshik oʻrni qayd etilgan. Xonaning shimoli-sharqiy tomonidagi eshik ikkinchi xona bilan oʻzaro bog'langan boʻlib, eni 0,7 m. Janubi-sharqiy tomonidagi eshik eni 1,28 m boʻlib, uchinchi xona bilan oʻzaro bog'langan. 2 xona birinchi xonaning shimoli-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, oʻlchami 3,28x2,4 m. Ushbu xonaning janubiy devori boʻylab eni 0,9 m boʻlgan supaning qayd etilishi u joy yotoqxona vazifasini bajarganligi ehtimoldan xoli emas. Uchinchi xona birinchi xonaning janubi-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, oʻlchami 11,6x11,3 m ni tashkil qiladi. Ushbu saroy devorining saqlanib qolgan balandligi 3,7 m, xom g'ishtlar yordamida (45x21x10 sm) qurilgan. Ushbu xonaning shimoli-sharqiy, shimoli-g'arbiy va janubi-sharqiy tomonidagi devorlari bo'ylab supalar joylashgan. Uchinchi paragraf: «Ziyovuddinbuvatepa va Misittepa, qishloq makonlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar» deb atalib, nomlari zikr etilgan qasr va qishloq makonlarida dastlabki stratigrafik qazishmalar natijalari ilmiy tahlil qilinib, qurilish davrlariga ajratilgan. Ziyovuddinbuvatepa yodgorligi ham Jahonobod mahallasidagi Ziyovuddin qishlogʻining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, tarhi ovalsimon shaklda, umumiy maydoni 0,08 ga, yodgorlikning sharqiy qismiga kengligi 3 m, chuqurligi 4,1 m boʻlgan shurf tashlandi. Natijada kesmada paxsa va xom g'ishtdan (50x25x9-10 sm) qurilgan devor oʻrni qayd etilib, u V VII asrlar bilan davrlashtirildi. Misittepa yodgorligi Jahonobod mahallasida joylashgan boʻlib, tarhi kvadrat shaklda, maydoni 1 gektar, saqlanib qolgan balandligi 10 m. Yodgorlikning g'arbiy qismida eni 2 m, chuqurligi 3,1 m boʻlgan shurf tashlandi. Natijada ushbu shurfda uchta qurilish davri qayd etildi ( birinchi qurilish VIII asr bilan, ikkinchi qurilish davri VI–VII asrlar bilan, uchinchi qurilish davri esa IV-V asrlar).
- Uchinchi bob: «Dabusiya hunarmandchilik va hunarmandlari»: Birinchi paragraf: «G'urji qabrlari IV-VI asrlar» deyiladi. Keramika buyumlari ularning funktsiyalariga ko'ra tasniflangan. Dabusiya, Qoratepa, Shomikutar matepa, Misittepa va Ziyovuddin tepa kabi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida, ibtidoiy o'rta asrlarga oid keramika buyumlari topilgan. Bu chinni idishlar – kosachalar, ko'zalar, isiriqdonlar, mustaxara (bukalari), xum va xumchalar, humcha va boshqa idishlar, g'urji g'ildiragida yasalgan. Bunday turdagi buyumlar Sug'd va qo'shni Ustrushonada keng tarqalgan. Qushlarning va hayvonlarning (qo'ylar, itlar) rasmlari tushirilgan gemmalar tasviri ham tasvirlangan. Ikkinchi paragraf: «Keramika buyumlari VII-VIII asrlar» deyiladi. Keramika buyumlari ularning funktsiyalariga ko'ra tasniflangan. Kosachalar, ko'zalar, xumlar, kulchalar va boshqa oshxona idishlari Qoratepa, Shomikutar matepa, Misittepa, Ziyovuddin tepa, Dabusiya kabi yodgorliklarda g'urji g'ildiragida tayyorlangan. Bunday idishlar Sug'd, Choch, Tohariston, Farg'ona hududlarida keng ishlatilgan. Uchinchi paragraf: «Keramika pechlari IX-XII asrlar» deyiladi. Pechlar, ikkita va bitta bo'lakdan iborat bo'lib, rivojlangan o'rta asrlarga to'g'ri keladi. Pechlar qadimgi qatlamga qurilgan va yumaloq shaklda, diametri 1,55-2 m, balandligi esa 1,47-2,2 m. Ular 37x16-17x10 sm g'ishtdan qurilgan gumbaz bilan qoplangan. To'rtinchi paragraf: «Keramika buyumlari IX-XII asrlar» deyiladi. Rabad kvartalida keramik pechlar (xumdoni) ning joylashuvi, tuzilishi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarining turlari o'rganildi. Bu savdo-sotiq, hunarmandchilik va dehqonchilik bilan shug'ullanayotganligini ko'rsatadi. Beshinchi paragraf: «Metallsozlik mahsulotlari» deb nomlanadi. Dabusiyada temirchilik ustalari harbiy qurollar, dehqonchilik va xo'jalik buyumlari, zargarlik buyumlarini ishlab chiqargan.
- To'rtinchi bob: «Dabusiyaning siyosiy, iqtisodiy, savdo-sotiq, ilm-fan va ma'naviy hayoti»: Birinchi paragraf: siyosiy jarayonlar, Aleksandr Makedonskiyning bosqini, arab va mo'g'ul bosqinlari bilan bog'liq voqealar yoritilgan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida Dabusiya arkining quyi qatlamlari mil. avv. VI-IV asrlarga, shahriston va rabod qatlamlari esa mil. avv. III-II asrlarga datlanadi. Arrian manbalaridan ma'lumki, mil. avv. 328 yilda Aleksandr Makedonskiy yozni Sug'diyonada, qishni esa Nautakada oʻtkazgan. Aleksandrning asosiy raqibi Spitamen boʻlib, oxirgi jang Bag'a qal'asi yaqinida boʻlgan. Bu jang yunon-makedon qo'shinining g'alabasi bilan yakunlangan. 728 yilda arab qo'shinlari Ashras boshchiligida Sug'dga yurishgan. 729 yilda turk xoni 58 kunlik qamaldan so'ng Kemerja qal'asini egallab, Dabusiyaga o'tgan. Dabusiyada 10000 arab qo'shini boʻlgan. Ikkinchi paragraf: «Savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar» deb nomlanib, unda Dabusiya dan oʻtgan Buyuk ipak yo'li va uning ahamiyati toʻgʻrisida ma'lumotlar keltirilgan. Ma'lumki, Shoh yoʻli orqali karvonlar 6-7 kun ichida bosib oʻtib, Buxoro, Tavovis, Karmana, Dabusiya, Rabinjon, Zarnam orqali Samarqandga borgan. Uchinchi paragraf: «Ilm-fan va ma'naviy hayot» deb nomlanib, unda oʻrta asrlar Musulmon Renessansiga hissa qoʻshgan Dabusiyalik allomalar hayoti va ilmiy faoliyati yoritildi. Ko'pchilik allomalar «al-Dabusiy» yoki «ad-Dabusiy» taxalluslarini ishlatgan. Jumladan, Abu Zayd Ubaydulloh ibn Iso ad-Dabusiy, Ahmad ibn Amr ibn Fanuiy ad-Dabusiy va boshqalar. Koʻpchilik allomalar Dabusiya tumanidagi Ragʻun, Kandukin, Butaytin kabi qishloqlarda yashagan. Xullas, IX-XII asrlarda Dabusiya va uning atrofidagi qishloqlardan Dabusiy, Butaytiniy, Ragʻuniy nisbalari bilan tanilgan 15 ta alloma yashab ijod etgan. Ular ilk islom davrida Movarounnahrning hadisshunoslik, tasavvuf va fiqh ilmi bilan shug'ullangan va Dabusiya islom olamining hadisshunoslik markazlaridan biri boʻlgan.
- Xulosa: Dabusiyaning ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda (yozma va arxeologik manbalar asosida)» nomli dissertasiya yuzasidan quyidagi xulosalarga kelindi: 1. Zarafshonning qulay tabiiy va geografik muhiti vohada urbanizasiya jarayonlarining erta boshlanishiga va rivojlanishiga sharoit yaratgan. Paxtachi tumanida 30 dan ortiq arxeologik yodgorliklar hisobga olingan boʻlib, ular daryo, kanal va ariqlar boʻylarida, ya'ni dehqonchilik uchun qulay boʻlgan suv manbalari yaqinida joylashgani bundan dalolat beradi. 2. Arxeologik manbalarning ilmiy tahliliga koʻra, Dabusiyaning ark qismi milloddan avvalgi VI asrda shakllangan boʻlsa, shahriston va rabod qismlarining quyi qatlamlari milloddan avvalgi III asr bilan davrlashtirilgan. Ya'ni shahar maydoni miloddan avvalgi III asrda kengayganligi, vohada urbanizasiya jarayonlari rivojlanganligini koʻrsatadi. 3. Dabusiyaning mudofaa tizimi milodiy IV-V asrlarda kuchaytirilgan, shahar tashqarisida Qoratepa va Shomikoʻtarmatepa kabi yodgorliklari shakllangan hamda ular XIII asr boshlarida, ya'ni 1220 yilda moʻgʻullar bosqini natijasida vayron boʻlgani arxeologik va yozma manbalarning qiyosiy tahlili asosida isbotlandi. 4. Dabusiya shahrining rabod qismida (2 qazishma) IX-XIII asrlarga oid boʻlgan bir-biriga ulangan quvurlarning qayd etilishi, aholi ichimlik suvini Zarafshon daryosidan emas balki, Ziyovuddin tog'lari yaqinidagi buloq suvlarini quvurlar orqali keltirilganligi isbotlandi. 5. Arxeologik va yozma manbalarning ilmiy tahlili asosida ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda Dabusiyaning siyosiy chegarasi shimoldan Zarafshon daryosi, sharqdan Rabinjon, janubdan Zarafshon tizmasining davomi boʻlgan Zirabuloq va Ziyovuddin togʻlari, gʻarb tomonidan esa Karmanagacha boʻlganligi aniqlandi va uning tarkibida boʻlgan Rogʻin (Choshtepa) Kandukin (Qoratepa), Butaytin (Shomikoʻtarmatepa) kabi qishloqlarining lokalizatsiyasiga oydinlik kiritildi. 6. Dabusiya va Qoratepa yodgorliklarining rabod qismida aniqlangan kulolchilik xumdonlarining joylashuv oʻrni, tuzilishi, ishlab chiqarilgan mahsulotlarining turlari asosida shahar topografiyasida hunarmand mahallalarining joylashuv oʻrniga oydinlik kiritildi. Voha hunarmandchiligida kulochilik, temirchilik va zargarlik tarmoqlari keng rivojlangani oʻz isbotini topgan. 7. Arxeologik va yozma manbalarning ilmiy tahliliga koʻra, Dabusiya Buyuk Ipak yoʻlining «Shoh yoʻli» (Xuroson yoʻli) deb atalgan Samarqand bilan Buxoro oʻrtasidagi muhim tarmogʻida joylashgan boʻlib, voha aholisi asosan savdo-sotiq, hunarmandchilik hamda dehqonchilik bilan muntazam shugʻullanib kelgan. 8. Dabusiya shahrining ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayoti, tashqi va ichki savdo aloqalari kabi, voqyeliklar shaharni umum Sug'd tarixining turli jarayonlarida doimo faol faoliyat yuritganligini koʻrsatadi. Tadqiqot natijalari xulosalaridan kelib chiqib, quyidagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqish nazarda tutildi: 1. Yurtimizdagi tarix va arxeologiya muzeylarida oʻrta asrlar davri moddiy madaniyatiga bag'ishlangan keng qamrovli ekspozisiyalarni tashkil qilish va shu davr tarixini keng omma orasida targ'ib qilish; 2. Dabusiya yodgorligini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish va unga turistik marshrutlar tashkil qilish. 3.Oliy ta'lim muassasalari tarix, arxeologiya, arxitektura, geografiya, san'atshunoslik va turizm yoʻnalishlari talabalari uchun «Ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda Sug'd shaharlari» mavzusida darslik va oʻquv qoʻllanmalar, elektron darsliklar, multimedialar yaratish.