Kompyuter GAT texnologiyalari asosida geologik jarayonlarni modellashtirish va ularning Olmaliq-Angren togʻ-ma’dan maydonidagi geomorfologik xususiyatlari bilan bogʻliqligi

Ushbu dissertatsiya tadqiqoti Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydonidagi geologik jarayonlarni va ularning geomorfologik xususiyatlari bilan bog'liqligini kompyuter GIS texnologiyalari asosida modellashtirishga bag'ishlangan. Tadqiqotda relyefning strukturaviy va geomorfologik jihatdan tahlil qilinishi, zamonaviy GIS texnologiyalaridan foydalangan holda geomorfologik modellar yaratilishi, sochma oltin konlarining paydo bo'lish qonuniyatlari va joylashuvi bashorati asosiy o'rin tutadi. Tadqiqot natijalari O'zbekiston Respublikasi geologiya va konchilik sanoati sohasida olib borilayotgan izlanishlar va ishlar uchun muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Jahon amaliyotida so'ngi yillarda sochma oltinli allyuvial yotqiziqlarni qidirib topishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida yirik tog'-ma'danli maydonlarning geomorfologik xususiyatlarini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda bu borada relyefning va cho'kindi hosil boʻlishining paleogeomorfologik sharoitlarini tiklash, gipsometrik belgilardagi farqlarni aniqlash, toʻrtlamchi davr yotqiziqlarining granulometrik va moddiy tarkibini oʻrganish, endogen hamda sochma oltin konlarining tarqalish qonuniyatlari taqqoslash sohada bir qator mezonlarni hal qilishda hamda qayta yotqizilgan konlarni bashorat qilish omillarini ishlab chiqishda muhim axborot manbasi boʻlib xizmat qiladi.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Chotqol-Qurama mintaqasining neotektonik rivojlanishi, uning geologik tuzilishi va relyefga ta'sirining dastlabki ma'lumotlari D.M.Mushketov, V.N.Veber, S.F.Mashkovsev boshqalar tomonidan 1:500 000 miqyosli geologik oʻrganishlar orqali olingan. N.P.Vasilkov, A.S.Adelung, A.S.Sadikov, N.P.Kostenko, Y.A.Skvorsov, S.S.Shuls, R.I.Ibragimov, Sh.X.Abdullayev, A.R.Yarmuhamedov boshqalarining ilmiy ishlari toʻrtlamchi davr geologiyasi, geomorfologiya, neotektonika, seysmotektonika kabi keng koʻlamli masalalarni hal qilishda katta ahamiyatga ega hisoblanadi.
  • Tadqiqotning maqsadi: Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydoni geomorfologik xususiyatlarini aniqlash orqali sochma oltin konlari hosil boʻlishi uchun qulay tuzilma-geomorfologik xolatlarni GAT tizimida modellashtirishdan iborat.
  • Tadqiqotning vazifalari: Angren tog ichki botiqligining paleogeomorfologiyasi va tuzilma-geomorfologik tuzilishiga oid avvalgi ishlarni tahlil qilish va umumlashtirish; Angren tog ichki botiqligi morfostrukturasi shakllanishining asosiy bosqichlarini aniqlagan holda relyefni sifat va miqdoriy kompyuter modellashtirishni amalga oshirish; Kompyuter GAT texnologiyalari yordamida Angren tog' ichki botiqligi relyefini tuzilma-morfometrik tahlili asosida raqamli modelini yaratish; Yerni masofadan zondlash (YMZ) morfometrik tahlil qilish natijalari asosida oʻrganilayotgan hududning yangi tektonik sxemalarini tuzish; Statistik metallogenik taxlil oʻtkazish va endogen oltin-ma'dan obyektlarining makonda tarqalish qonuniyatlarini aniqlash; Terassaning yotqiziqlarida alyuvial tipdagi sochma oltin bilan bog'liq maydonlarni bashoratlash.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Relyefning tabiatini aks ettiruvchi turli tartibli bazis yuzalardagi farq asosida relyefning geomorfologik modeli ishlab chiqilgan; Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydoni relyefining rivojlanishi tarixida alyuvial turdagi oltin ma'dan sochmalarining shakllanishi va rivojlanish davrlari uchun asosiy uchta bosqichi ajratilgan; Ikkita ta'rifdan: gorizontal (oqim zichligi) va vertikal relyef boʻlinishida namoyon boʻlgan relyefning bo'linish darajasi koʻrsatkichlari aniqlangan; Alyuvial genezisdagi oltin ma'danlashuv joylashuvini bashorat qilish uchun tizimli geomorfometrik tahlil va geostatistik qurilmalardan foydalangan holda, ilk bora morfometrik xaritalarni avtomatlashtirilgan tarzda yaratishni oʻz ichiga olgan usul ishlab chiqilgan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: alyuvial turdagi oltin minerallashuvini izlashda foydalanish mumkin boʻlgan raqamli relyef modeli va shakllarining tuzilma-geomorfologik xaritalari yaratilgan; denudatsiyaning oldingi bosqichidan saqlanib qolgan togʻ jinslarining hajmini aks ettiruvchi qoldiq relyef modeli yaratilgan, unda alyuvial-delyuvial tipdagi taxmin qilingan oltin ma'dan zonalarining fazoviy yoʻnalishini nazorat qiluvchi mahalliy koʻtarilishlar, suv oqimlari va yer yoriqlar tizimlari aniqlangan; strukturaviy va morfometrik tahlillar asosida sochma oltin namoyonlarini joylashuvi uchun qulay zonalar aniqlangan - bular tik yonbag'rlari bilan ajralib turadigan Angren tog' ichki botiqligining chap va o'ng taraflarining pastki qismlari, sochmalar esa koʻchish zonasining pastki qismlarida joylashganligi asoslangan;
  • Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Olingan tadqiqot natijalarining ishonchliligi tuzilma-geomorfologik uslublardan foydalanishda ArcGIS 13.0 (16 ta xarita), SAGA GIS 9.0 (6 ta xarita), Global Mapper (2 ta xarita), ENVI (3ta sur'at), LESSA (6 ta xarita) kabi keng xalqaro miqyosdagi sinovlardan oʻtgan dasturlarni qoʻllash, yerni masofadan zondlash (YMZ) materiallarini deshifrovka qilish va nazariy natijalarni boshqa mualliflarning natijalari bilan muvofiqligini tekshirish, batafsil geologik oʻrganish, geomorfologik profillarni (7 ta profil) tuzish, shu bilan bir qatorda, laboratoriya kimyoviy va fizik tahlil usullari (mikroskopiya, mass-spektrometriya) (20 ta na'muna) qoʻllanilganligi bilan asoslanadi.
  • Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydoni relyefining raqamli tuzilma-geomorfologik modelini yaratilishida boʻlib, u orqali Angren togʻ ichki botiqligi yonbagʻrlarida endogen oltin-ma'dan obyektlarining joylashuv qonuniyatlari va fazoviy munosabatlari miqdoriy jihatdan asoslab berilganligi bilan izohlanadi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati, daryo vodiylari va terrasalari elementlarini xaritalash natijalarini qoʻllash, geomorfologik omillar orqali oltin ma'dan minerallashuvi uchun istiqbolli maydonlarni ajratishda geologiya qidiruv ishlarini qoʻyish imkoniyatini berishi va Oʻzbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi ekspeditsiyalar uchun bashorat qidiruv mezoni sifatida xizmat qiladi.
  • Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydonining tuzilma-geomorfologik xususiyatlari "Oʻzbek geologiya qidiruv" AJ ning amaliyotiga joriy qilingan (Oʻzbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024 yil 8 yanvardagi 08-0096-sonli ma'lumotnomasi). Natijada, kelgusida qilinadigan geologik qidiruv ishlari yoʻnalishlarini belgilash imkonini bergan; Kompyuter GAT tizimida bajarilgan geologik jarayonlarni raqamli modellashtirish "Oʻzbek geologiya qidiruv" AJning geologik qidiruv ishlari amaliyotiga joriy qilingan (Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024 yil 8 yanvardagi 08-0096-sonli ma'lumotnomasi). Natijada, modellashtirishdan olingan natijalar geologiya-qidiruv ishlarini samarali rejalashtirish imkonini bergan; Sochma ma'danlashuv shakllanishi zonalarini bashoratlash va linyament tahlili materiallari “Oʻzbek geologiyasi qidiruv" AJning geologik qidiruv ishlari amaliyotiga joriy qilingan (Oʻzbekiston Respublikasi Tog'-kon sanoati va geologiya vazirligining 2024 yil 8 yanvardagi 08-0096-sonli ma'lumotnomasi). Natijada, sochma oltinga ajratilgan istiqbolli maydonlarda kelgusida bajariladigan geologik-qidiruv ishlarini yo'nalishini belgilash imkonini bergan.
  • Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi: Mazkur tadqiqot natijalari 5 ta (3 ta xalqaro, 2 ta respublika) ilmiy-amaliy anjumanlarida ma'ruzalar qilingan.
  • Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertatsiya mavzusi boʻyicha 4 ta ilmiy ish chop etilgan. Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan doktorlik (PhD) dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan 2 ta respublika va 2 ta xorijiy jurnallarida hamda 5 ta tezis konferensiya materiallarida nashr qilingan.
  • Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi: Dissertatsiya tarkibi kirish, 4 ta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro'yxatidan iborat. Dissertatsiyaning hajmi 119 betni tashkil etadi.
  • Asosiy mazmun: Kirish qismida oʻtkazilgan tadqiqotning dolzarbligi va talabgorligi asoslandi, maqsad va vazifalari yoritilgan, tadqiqot ob'ekti va predmeti ko'rsatildi, ishning O'zbekiston Respublikasi fan va texnalogiyalarini rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga muvofiqligi koʻrsatilgan, olingan natijalarning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati koʻrsatildi, olingan natijalarning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati hamda ularni amaliyotga tatbiq etish keltirildi, chop etilgan ishlar va dissertatsiyaning tuzilishi haqida ma'lumot berildi.
  • Geologik tuzilish: Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydoni yuqori darajadagi geologik oʻrganilganligi bilan ajralib turadi va uning tarixida uch bosqich belgilanadi. Birinchi bosqichda (1941-yilgacha) kichik miqyosdagi geologik syomka, marshrut tadqiqotlari va ba'zi madanli maydonlarni o'rganish, ikkinchi (41-60 yillar) – rejali o'rta miqyosdagi tadqiqotlar yakunlanadi va batafsil geologik syomka va qidiruv ishlari boshlanadi; Stratigrafiya, magmatizm, tektonika, metallogeniya bo'yicha maxsus tadqiqot va tematik ishlar olib boriladi. Uchinchi bosqichda (1960 yildan hozirgi kungacha) mavjud tog'-kon, qayta boyitish va qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan ta'minlash zarurati tufayli batafsil geologik syomka va qidiruv ishlari keng qoʻllanildi, shuningdek, maxsus tematik tadqiqotlar olib borilmoqda.
  • Morfologik nuqtai nazardan: Morfologik nuqtai nazardan, Angren tog' ichki botiqligi janubi-gʻarbiy yoʻnalishga ega va xozirgi davrga kelib sezilarli umumiy ko'tarilish va qisqarishni boshdan kechirgan. Faqat janubi-gʻarbiy qismida hali ham mutlaq cho'kish va uzoq muddatli to'planishi maydoni mavjud. Angren tog' ichki botiqligining markaziy va ayniqsa shimoli-sharqiy hududlari bu vaqtda oʻrtacha va sezilarli ko'tarilishlarga tortilgan. Botiqlik asosi chuqurliklaridagi oʻzgarishlar notekis boʻlib, uning tubi katta egilishlari (izobaz naqshlari bilan ilgʻanadi) mintaqaviy kesishish yoriqlari zonalari bilan chegaralanadi.
  • Sochma oltin konlarini bashorat qilish usuli: Sochma oltin konlarini bashorat qilish uchun biz statistik metallogeniya usulidan foydalandik. Ushbu ishda foydalanilgan statistik metallogenik tahlilning nazariy asoslari va usullari akademik F.A. Usmonov tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu ishda "Geoanaliz" tizimidan "Zichlik" dasturi va ArcGIS tizim dasturlaridan foydalanilgan.
  • Xulosa: Modellashtirish relefning eng pastki darajasi Angren daryosining chap va oʻng qirgʻoqlarining pastki qismiga asos eroziyasining eng past darajasi xarakterli ekanligini koʻrsatdi. Angren botiqligining eng chuqur joylari Chotqol tizmasining janubiy yon bagʻridagi daryo vodiylari hisoblanadi. Relyef shakllari moduli yordamida uchta parametr: qiyaliklarning tikligi, teksturasi va relyefning boʻlinishi parametrlari boʻyicha tasniflashdan foydalangan holda relef shakllari xaritasi tuzildi, ularda oʻrganilayotgan hudud uchun 4 ta relyef shakllari ajratildi. Birinchi marta alluyvial genezisdagi oltin ma'danlashuv joylarini bashorat qilish uchun tizimli geomorfometrik tahlil va geostatistik joylashuvidan foydalangan holda, morfometrik xaritalarni avtomatlashtirilgan tarzda yaratishni oʻz ichiga olgan usul ishlab chiqildi va qoʻllanildi. Olmaliq-Angren tog'-ma'dan maydonidagi oltin ma'danslashuv ob'yektlarining zichligi xaritasi tuzildi, bu xaritada ob'yektlarning Angren depressiyasining yon tomonlariga nisbatan joylashishi va to'planish xususiyati aks ettirildi. Qoraqiyasoy, Qorabausoy, Gushsoy, Dukentsoy kabi sochma oltin uchun istiqbolli boʻlishi mumkin boʻlgan toʻrtta istiqbolli zonalari ajratildi. Ajratilgan allyuvial tipdagi sochma ma'danlashuvi xozirgi va kamdan-kam hollarda kechki toʻrtlamchi davrga oid koʻtarilgan terrasa yotqiziqlari bilan bog'liq; Aniqlanishicha, tasvirlangan relyef neotektonik bosqichda differensiyalangan tektonik faollik bilan xarakterlanadi, bunda barcha toʻrtlamchi davr yotqiziqlari va bir xil sharoitidagi cho'kish jarayonlari faollashuvi bilan almashib, turli yoshdagi eroziya-akkumulyativ terrasalari paydo boʻlishiga olib keldi. Sochmalar joylashuvchi tuzilmalar Toshkent va Mirzacho'l majmuasining allyuvial-prolyuvial tosh-shagal yotqiziqlarida bo'lishi mumkin.