Mahalliy xom ashyolar asosida mebel va qurilish sanoati uchun polimer yelimlar olish texnologiyasini ishlab chiqish
Ushbu dissertatsiya Oʻzbekistonning mahalliy xomashyolaridan foydalangan holda, mebel va qurilish sanoati uchun yuqori sifatli, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan samarali polimer yelimlar ishlab chiqarish texnologiyasini ishlab chiqishga bag'ishlangan. Tadqiqot davomida gipan, karbamid, kraxmal va suyuq shisha kabi mahalliy xomashyolardan foydalanib, GM-1, GK-2, GJ-3 va EP-4 kabi polimer yelimlar sintez qilindi. Olingan polimer yelimlarining fizik-kimyoviy xossalari o'rganildi, ularning yog'och va qamish qirindilari asosidagi materiallar bilan ishlatilishi natijasida olingan mahsulotlarning mustahkamligi, yong'inga chidamliligi va boshqa xususiyatlari yaxshilanishi aniqlandi. Tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqarilgan polimer yelimlar O'zbekistonda mavjud bo'lgan import o'rnini bosuvchi mahsulotlar qatoriga kirishi va uni amaliyotga tatbiq etish bo'yicha tavsiyalar berilgan.
Asosiy mavzular
- Kirish: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati, maqsad va vazifalari, obekt va predmetlari, respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi, ilmiy yangiligi va amaliy natijalari, ilmiy va amaliy ahamiyati, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilish, nashr etilgan ishlar va dissertatsiya tuzilishi boʻyicha ma'lumotlar berilgan.
- 1-bob: Mahalliy xomashyolar asosida yog'och qurilish materiallari uchun polimer yelimlarni ishlab chiqarish texnologiyasining ilmiy asoslari va ularning amaliy qoʻllanilishi: Ushbu bobda polimer bog'lovchilarning turlari va samaradorligi tahlil qilingan, yog'och qirindilari asosidagi materiallarni ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyalari va ushbu yogʻoch materiallarni tarkibidagi uchuvchan boʻlgan moddalar tahlili, hamda O'zbekistonda yog'och qirindilari asosidagi polimer kompozit materiallarni ishlab chiqarishning istiqbollari o'rganilgan.
- 2-bob: Obyektlar va tadqiqot usullari, polimer yelimlar olish va ularni fizik-kimyoviy xossalarni tadqiq etish: Ushbu bobda yog'och qirindilari uchun polimer bogʻlovchilar olish va ularni fizik-kimyoviy xossalarni tadqiq etish, polimer bog'lovchilar bilan modifikatsiyalangan yog'och va qamish qirindilarni SEM analiz tahlili, polimer bog'lovchilar bilan modifikatsiyalangan yog'och va qamish qirindilarni termik analizlari hamda ushbu bob boʻyicha xulosalar keltirilgan.
- 3-bob: Modifikatsiyalangan polimer yelimlar bilan yogʻoch va qamish qirindili plitalarning fizik-mexanik xususiyatlarini tadqiq etish: Bu bobda polimer yelimlar bilan ishlov berilgan yog'och va qamish qirindilarining fizik-mexanik va termik xususiyatlari o'rganilgan. Polimer yelimlar bilan ishlov berilgan yog'och va qamish qirindili plitalarning termik ta'sirlar natijasida massa yoʻqotishi va yongʻinbardoshligi tadqiq etilgan.
- 4-bob: Mahalliy xomashyolardan foydalangan holda, xususan, GJ-3 markali polimer yelimlarni ishlab chiqarish texnologiyasining texnik va iqtisodiy samaradorligini tizimli tahlil qilish: Ushbu bobda suyuq shisha va gipan asosidagi (GJ-3) polimer bog'lovchilarini olishning texnologik sxemasi keltirilgan. Sintez qilingan GJ-3 markali yelim namunalarining mustaxkamlik darajasini aniqlash bo'yicha sinov tajribalari oʻtkazilgan. Shuningdek, GJ-3 markali polimer yelimning texnik va iqtisodiy samaradorligi tahlil qilingan va uning tannarxi hamda raqobatbardoshligi baholangan.
- XULOSALAR: Dissertatsiya natijalari asosida umumiy xulosalar keltirilgan bo'lib, ularda polimer yelimlar ishlab chiqarish texnologiyasi va ularning qo'llanilishi bo'yicha asosiy ilmiy va amaliy natijalar bayon etilgan.