Yuqori manzarali butalarning Toshkent Botanika bog‘i sharoitida introduksiyasi
Ushbu dissertatsiya Toshkent Botanika bog'i sharoitida yuqori manzarali butalarning introduksiyasi va bioekologik xususiyatlarini o'rganishga bag'ishlangan. Tadqiqotda 8 tur va 14 ta formadan iborat manzarali butalar o'rganilib, ularning introduksiya, bioekologik xususiyatlari, ko'paytirish usullari va manzaraliligi baholangan. Tadqiqot natijasida 6 tur va 6 ta formaning Toshkent sharoitida yuqori manzarali ekanligi aniqlangan va ularni ko'kalamzorlashtirishda keng qo'llash tavsiya etilgan. Shuningdek, tadqiqotda butalarni vegetativ ko'paytirishning optimal muddatlari va samarali usullari ishlab chiqilgan.
Asosiy mavzular
- Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Dunyo miqyosida aholi sonining ortishi, o'z navbatida, aholi yashash hududlarining kengayishi, shaharsozlik qonuniyatlariga mos ravishda obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarini keng yo'lga qo'yishni taqozo etadi. Shu bois, shahar sharoitlariga chidamli hisoblangan yuqori manzarali butalarning tashqi muhit omillariga chidamliligini aniqlash, manzaraliligi boʻyicha va introduksion baholash hamda turli sharoitlarda vegetativ ko'paytirish usullarini ishlab chiqish muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
- Tadqiqotning maqsadi: Zamonaviy assortimentdagi yuqori manzarali butalarning introduksiya sharoitida bioekologik xususiyatlari hamda koʻpaytirish usullarini oʻrganish.
- Tadqiqotning vazifalari: Tur va formalarni introduksiya qilish, birlamchi introduksion sinovdan o'tkazish, manzaraliligini baholash hamda yanada istiqbolli o'simliklarni ajratib olish; Tadqiqot obyektlarini vegetativ ko'paytirishning optimal muddatlarini aniqlash hamda samarali stimulyatorlarning ta'sirini oʻrganish; Ex-situ sharoitida yuqori manzarali butalarning o'sishi va rivojlanishi hamda ularga ekologik omillarning ta'sirini oʻrganish; Oʻsimliklarning sutkalik va mavsumiy gullash dinamikasini oʻrganish; Tadqiqot obyektlarini introduksion va manzaraliligini baholash.
- Tadqiqotning obyekti: Adoxaceae, Caprifoliaceae, Hydrangeaceae, Malvaceae va Rosaceae oilalariga mansub 9 ta turkumdan iborat 6 ta tur (Cotoneaster adpressus Bois., Cotoneaster horizontalis Decne., Cotoneaster dammeri C.K. Schneid., Spiraea japonica L., Hydrangea macrophylla (Thunb.) Ser., Symphoricarpos dorenbosii Krüssm.) hamda 6 ta formalar (Viburnum tinus f. Stricta, Weigela florida f. Bristol ruby, Deutzia scabra f. Plena, Hibiscus syriacus f. Duc de Brabant, Spiraea prunifolia f. Plena, Physocarpus opulifolius f. Diabolo) hisoblanadi.
- Tadqiqotning predmeti: Manzarali butalarning introduksiyasi, biologiyasi va ekologiyasi, rizogenezlik qobiliyati, manzaraliligini hamda introduksiyasini baholash hisoblanadi.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Ilk bor turli oilalarga mansub zamonaviy assortimentdagi yangi manzarali butalarning introduksiya sharoitida gullash dinamikasi oʻrganilgan; Tanlab olingan tur va formalarning oʻsishi va rivojlanishiga tashqi muhit omillarining ta'siri aniqlangan; 6 tur va 6 ta formalardan iborat butalarning manzaralilik darajasi baholanishi asosida Respulikamizni ko'kalamzorlashtirishda keng foydalanishga tavsiya etilgan; ilk bor yangi 8 ta tur va 14 ta formalar kompleks tahlil qilinib, ulardan qurg'oqchilikka, issiqlik, sovuqqa, kasallik va zararkunandalarga chidamli hisoblangan 6 tur va 6 formalar ajratib olinib, moslashish xususiyatlarini oʻrganish natijalari asosida introduksion baholangan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Tadqiqot obyektlarini turli xil sharoitlarda hamda usullarda vegetativ ko'paytirishning optimal muddatlari ishlab chiqilgan; Tanlangan assortimentlarni vegetativ koʻpaytirish orqali yetishtirilgan standart koʻchatlaridan Respublikamiz sharoitida 3-4-yillardan boshlab ko'kalamzorlashtirishda keng foydalanish mumkinligi isbotlangan; Manzarali tur va formalarni vegetativ usulda samarali ko'paytirish orqali ko'kalamzorlashtirishda foydalanish uchun o'simliklarning 3000 dan ortiq ko'chatlari yetishtirilgan; Tadqiqot obyektlari hisoblangan yangi tur va formalarni Botanika bogʻiga introduksiya qilish orqali bog'ning genofondini boyitish imkonini bergan hamda manzarali oʻsimliklar sifatida ekib foydalanilgan.
- Xulosalar: Ilk bor manzarali butalarning 8 turi va 14 formalarining introduksiyasi bo'yicha tahlili olib borilib, manzaraliligi baholandi. Ajratib olingan 6 tur va 6 formaning yuqori manzarali ekanligi isbotlandi. Mavsumiy rivojlanish ritmlarini oʻrganish ularni 3 fenoritmotipga (doim yashil, bahorgi-yozgi-kuzgi-qishki yashil, bahorgi-yozgi-kuzgi yashil) ajratish imkonini berdi. Oʻrganilgan o'simliklarning yillik o'sish davri oʻrtacha 180-195 kunni tashkil etib, bir vegetatsiya davrida tur va formalar uchun zarur bo'ladigan foydali haroratlar yigʻindisi +4800 +6200 °C ga teng ekanligi aniqlandi. Gullash jarayonida erta gullovchi tur va formalar uchun haroratning 25 °C dan pasayishi va havo nisbiy namligining 45-50% dan oshishi, kech gullovchi tur va formalar uchun esa havo nisbiy namligining 25-30% dan oshishi ularda gullar ochilishining kamayishiga sabab boʻldi. Manzarali butalarda ochilgan gullar sonining ortib borishi – havo haroratining ko'tarilishi (+30+35 °C) va nisbiy namlikning pasayishi (25-28%) bilan bog'liqligi qayd etildi. Toshkent shahri sharoitida manzarali butalarning qishlash muvaffaqiyatiga asosan, kech kuz va erta qish hamda bahorgi qayta sovuq ta'sir koʻrsatadi, bu 2019-2022-yy. ekstremal sharoitlarda tasdiqlangan. Noqulay iqlim sharoitlari 1 ta tur (Cotoneaster horizontalis) va 1 formada (Spiraea prunifolia f. Plena) fenoritmotipining oʻzgarishiga, ya'ni, qishda barglarining to'kilishiga olib kelishi kuzatildi. Optimal muddatlari fevral oyining III dekadasi, yashil qalamchalaridan iyun oyining III dekadasi ekanligi, Kornevin stimulyatorining samarali ekanligi isbotlandi. Bioekologik xususiyatlari, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi, ularning ex-situ sharoitiga to'liq moslasha olganligi – introduksiya muvaffaqiyatini koʻrsatadi. Hydrangea macrophylla dan tashqari barcha turlar istiqbolli hisoblanib, ulardan Respublikamizda koʻkalamzorlashtirishda keng foydalanish tavsiya etilgan.