Raqamli jurnalistika: immersiv mediatexnologiyalar nazariyasi va amaliyoti

“Raqamli jurnalistika: immersiv mediatexnologiyalar nazariyasi va amaliyoti” nomli ushbu o‘quv qo‘llanma zamonaviy raqamli media sanoatida o‘zini namoyon etayotgan, jurnalistika faoliyatining yangi yo‘nalishlari, jumladan, immersiv mediatexnologiyalar va virtual reallikning o‘rni, ularning nazariy va amaliy jihatlari, OAV uchun joriy etilayotgan yangi tendensiyalar, imkoniyatlar, shuningdek, ularning jurnalistik faoliyatdagi o‘rni va samaradorligi masalalarini atroflicha yoritishga bag‘ishlangan. Ushbu qo‘llanmada mazkur soha bo‘yicha dunyo va O‘zbekiston olimlarining ilmiy tadqiqotlari, xorijiy va mahalliy adabiyotlar, ilmiy maqolalar, statistik ma’lumotlar tahlil qilingan holda, raqamli jurnalistikaning kelajagi, mas’uliyati va axloqiy jihatlari, shuningdek, VR-kontentni yaratishning texnik jihatlari va uni media amaliyotiga tatbiq etish uslublari batafsil ko‘rsatib berilgan.

Asosiy mavzular

  • Kirish: Jahon amaliyotida immersiv texnologiyalarning jadal ravishda barcha sohalarga jalb etilishi va zamonaviy jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, axborot uzatishning yangicha formatlari, uslublarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Globallashuv sharoitida jamiyatni axborotlashtirish siyosati va axborotlashgan jamiyatga o‘tishda tobora dolzarblashib borayotgan jurnalistik muammolarning hamda ijtimoiy masalalarning jurnalistik formatlarda OAV, ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi, axboriy hamkorlik tajribasi, immersiv jurnalistika sohasida xavfsizlik masalalari, axborotlashtirishning janriy rang-baranglik va auditoriyaga ta’sir etish usullarini joriy etish zaruriyati muhim ahamiyatga ega.
  • I BOB. IMMERSIV JURNALISTIKANING NAZARIY VA METODOLOGIK ASOSLARI: Ushbu bobda virtual media – zamon va makon o‘lchamlari texnologiyasi tushunchasi hamda funksiyalari, VR-texnologiyalarning turlari va ko‘rinishlari, hamda immersiv jurnalistika an’anaviy medianing innovatsion tendensiyasi sifatida o‘rganiladi.
  • II BOB. VR TEXNOLOGIYALAR ORQALI UZATILADIGAN AXBOROT –VIRTUAL REALLIKNING ASOSI SIFATIDA: Bu bobda jurnalistik kontent yaratishning zamonaviy shakllari va ushbu jarayonda VRning roli, jurnalistika janrlarida VR texnologiyalarining aks etishi, hamda milliy va xorijiy mediamakonda immersiv texnologiyalardan foydalanishning o‘ziga xosliklari tahlil etilgan.
  • III BOB. JURNALISTIK FAOLIYATDA VR FENOMENINING O‘RNI VA AUDITORIYAGA TA’SIRI: Uchinchi bobda "Sho‘ng‘ish" effektining auditoriyaga ta’siri, VR texnologiyalarini qo‘llashda jurnalist mahorati va axloqiy jihatlari, hamda immersiv jurnalistika ta’limi afzalliklari va istiqbollari mavzulari ko‘rib chiqiladi.
  • Xulosa: Qo‘llanmada keltirilgan nazariy va amaliy ma’lumotlar asosida xulosa qilib, immersiv jurnalistikaning muammolaridan biri axloqiy normalar bilan bog‘liqligi, VR texnologiyasidan uzoq muddat foydalanish oqibatida axborot iste’molchisining vaqt va makon oralig‘idagi farqni anglay olmasligi, harakatlar koordinatsiyasini yo‘qotish holatlari va dunyo miqyosida VR eng yangi shakl sifatida uning ruhiy ta’siri to‘laqonli o‘rganilmaganligi ta’kidlanadi. Shuningdek, VR texnologiyalarining afzallik jihatlari ham talaygina bo‘lib, milliy matbuot sahifalarini immersiv storitelling janridagi materiallar bilan boyitish mumkinligi ko‘rsatib berilgan.