O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati
Ushbu lug‘at umumta’lim maktablari, akademik litseylar o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan o‘zbek tili sinonimlarining izohlari o‘rin olgan. Lug‘atga faqat mustaqil so‘zlardan iborat sinonimik qatorlargina emas, balki yordamchi so‘z turkumlari doirasidagi sinonimik qatorlar ham kiritilgan. Mazkur lug‘at o‘quvchilarning o‘z ona tili boyligi bilan chuqurroq tanishishlariga xizmat qiladi.
Asosiy mavzular
- Sinonimlar – Til boyligining ko‘zgusi: Tilning rivojlanganlik darajasining yuksakligini, uning zanginligi va ranginligini ta’min etadigan muntazam va betimsol omillardan biri unda lisoniy birliklararo maʼnodoshlik – sinonimiya munosabati imkoniyatlarining ko‘lamdorligidir. O‘zbek tili ana shunday qadimiy va rivojlangan boy tillardan biri sifatida sinonimik munosabatlar asosida birlashgan yoki birlashadigan salmoqli miqdordagi so‘z gavharlari zaxirasiga ega tildir. O‘zbek tilshunosligida sinonimiya hodisasining keng qamrovli taʼrifi atoqli tilshunos akademik A.Hojiyevga tegishli: “Sinonimlar maʼnosining birxilligi ularning o‘zaro farqli xususiyatlarga ega bo‘lishini inkor etmaydi. Aksincha, tilda bir maʼnoni ifodalash uchun bir necha so‘zning mavjudligi sinonimlarning bir-biriga har jihatdan to‘la mos kelmasligini, ulardan har biri o‘ziga xos belgi xususiyatlarga egaligini ko‘rsatadi. Sinonimik qatorni tashkil etuvchi so‘zlar qaysidir jihatlari bilan bir-birlaridan farqlangani uchun tilda alohida leksik birlik sifatida yashash imkoniyatiga ega bo‘ladi”. Agar ayni shu farq mavjud bo‘lmasa, bu farqnining ifodalanishi lisoniy-mantiqiy muloqot muvozanati uchun qimmat bilan yukunmasa, sinonimlar deyiladigan ulgurji lisoniy zaxira tilga mutlaqo ortiqcha va keraksiz yuk bo‘lib qolardi. A.Hojiyev tilda “absolyut sinonimlar” deb nomlanib kelayotgan bir tur sinonimlar haqida shunday yozadi: “Tilda har jihatdan bir-biriga teng bo‘lgan, har jihatdan bir-birini qoplaydigan ikki yoki undan ortiq so‘zning bo‘lishiga ehtiyoj yo‘q. Ehtiyoj yo‘q ekan, bunday xususiyatli so‘zlar ham bo‘lmaydi. Demak, tilda sinonimlar borligining o‘ziyoq o‘zaro sinonim bo‘lgan har bir so‘z o‘ziga xos qandaydir xususiyatga yoki xususiyatlarga egaligini ko‘rsatadi... Agar hech qanday farqli belgi bo‘lmasa, bunday sinonimlik o‘tkinchi holat bo‘lib, maʼlum vaqtlardan so‘ng ulardan biri shu ma’noda isteʼmoldan chiqadi. Tilning tabiati shuni talab etadi”. Sinonimik qatorlar – tildagi intensivlik semantik kategoriyasining ifodalanishidagi faol unsurlardan biri. Muayyan belgi-xususiyatning intensiv, kuchli ifodalanishi, belgi-xususiyatning kuchli-kuchsiz ifodalanishi tarzida qarshilantirilishi va bunda sinonimlarning ishtiroki tildagi real hodisalardandir. A.Hojiyev intensivlik va sinonimiya munosabati va mohiyatini aniq ko‘rsatib beradi. Uning fikricha, sinonimlar bildiradigan vaqt, harakat, belgi, miqdor kabilarda ularning har birida belgining darajasi har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, avval, oldin, ilgari, burun, qadim sinonimlaridan ilgari so‘zida vaqtning o‘tishiga qarab uzoqlik darajasi avval, oldin so‘zidagidan ortiq. Burun so‘zida ilgari so‘zidagiga nisbatan, qadim so‘zida esa burun so‘zidagiga nisbatan ortiqroq. Ishchan, harakatchan, serharakat, g‘ayratli, serg‘ayrat, tirishqoq, urinchoq sinonimlaridan g‘ayratli, serg‘ayrat, tirishqoq so‘zlari belgini boshqalarga qaraganda kuchliroq ifodalaydi. Demak, sinonimlar bildirgan belgi darajasidagi har xillik ham shu so‘zlarning ma’nosidagi farqli bo‘yoqdorlik hisoblanadi. Sinonimlarni belgilashda aynan bir xil ma’nolar bilan bir qatorda farqli belgilar ham hal qiluvchi o‘ringa ega. Sinonimlarni tavsiflashda bevosita farqli belgilarni imkon qadar ko‘proq va xo‘broq tasvirlab ko‘rsatish muhim. So‘zlardagi birlashtiruvchi sinonimik ma’noni idrok etish unchalik mushkul emas, ammo sinonimik so‘zlar qatoridagi farq qiluvchi belgilarni to‘lasicha ilg‘ash va to‘laligicha tasavvur qilishni oson ish deb bo‘lmaydi. Akademik A.Hojiyev bundan 40–50 yillar ilgari sinonimik so‘zlar qatoridagi ana shunday farqli belgilarni quyidagicha guruhlashtirgan edi: Emotsional-ekspressiv bo‘yoq nuqtayi nazaridan. Sinonimik qatordagi so‘z emotsional-ekspressiv bo‘yoqsiz (neytral) yoki emotsional-ekspressiv bo‘yoqdor bo‘lishi mumkin: xunuk (neytral) – badbashara (emotsional bo‘yoqdor). Sinonimik qatordagi so‘zlar uslubga farqli munosabatda bo‘ladi. Masalan, odam – kishi – inson – bashar sinonimik qatorida bashar so‘zi, ko‘krak – ko‘ks – bag‘ir – to‘sh – siyna sinonimik qatorida siyna so‘zi poetik uslubga xos. Pul – aqcha – mullajiring – yakan sinonimik qatordagi mullajiring so‘zi, yarashmoq – kelishmoq – ketmoq sinonimik qatoriga oid ketmoq so‘zi va o‘lmoq – vafot etmoq – qazo qilmoq – qurbon bo‘lmoq – halok bo‘lmoq – qulamoq – uzilmoq sinonimik qatordagi qulamoq so‘zi oddiy so‘zlashuvga xos. Sinonimik qatordagi so‘zlar hoziri o‘zbek adabiy tiliga munosabati nuqtayi nazaridan o‘zaro farqlanishi mumkin, ya’ni sinonimik qatordagi so‘z hozirgi adabiy til normasi doirasida yoki undan tashqarida turishi mumkin. Sinonimik qatordagi so‘zlar ma’noni qay darajada ifodalashi jihatidan ham o‘zaro farqlanadi. Ba’zi so‘zlar belgini normal (neytral) darajada ifodalasa, boshqalari kuchli yoki kuchsiz daraja bilan ifodalaydi. O‘zbek tilshunosligida sinonimik qatorlar anchayin batafsil va ziyraklik bilan tavsiflangan lug‘atni A.Hojiyev yaratgan. Uning “O‘zbek tili sinonimlari izohli lug‘ati” (Toshkent: O‘qituvchi, 1974)da o‘zbek tilidagi sinonimlarni izohlashda mazkur parametrlarining aksariyati o‘z aksini topgan. Aytish lozimki, bu lug‘at o‘zbek lug‘atchiligidagi sinonimiyaga bag‘ishlangan yagona jiddiy leksikografik ishdir, lekin uning nashr qilinganiga qariyb yarim asr bo‘lgan. Ayni paytda O‘zbekiston mustaqillikka erishdi, tamoman yangi jamiyat barpo bo‘ldi, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy va siyosiy hayot mutlaqo yangi o‘zanlarda shitob bilan rivojlanib bormoqda. Bu, shubhasiz, tilimizda, ayniqsa, uning leksikasida qonuniy ravishda o‘z aksini topmoqda. Tilimizdagi mana shu o‘zgarishlar e’tiborga olinib, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining tilshunos olimlari tomonidan 1500 dan ortiq sinonimik qatorni o‘z ichiga olgan 2 jildli “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati” (2022) yaratildi. Qo‘lingizdagi kitob ushbu lug‘atning ixchamlashtirilgan shakli bo‘lib, umumta’lim maktablari hamda akademik litseylar o‘quvchilari foydalanishiga moslashtirilgan.
- Oʻzbek tili sinonimlarining izohli lugʻati: Tuzilishi: “O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati” hozirgi o‘zbek tili uchun ahamiyatli bo‘lgan sinonimik qatorlarni qamrab olgan. Mazkur lug‘atga leksik sinonimlar, ularning leksikografik izohlari, sinonimik qatordagi so‘zlarning ma’no nozikliklari, bu ma’noviy farqlanishlarni dalillovchi, ijobiy-salbiy bahosi hamda uslubiy o‘ziga xosliklarini ko‘rsatuvchi illyustrativ misollar kiritilgan. Lug‘atdan faqat mustaqil so‘zlardan iborat sinonimik qatorlargina emas, balki yordamchi so‘z turkumlari doirasidagi sinonimik qatorlar ham o‘rin olgan. Masalan: YARASHA, QARAB Ko‘m. vaz. Mos ravishda, muvofiq. Sinonimik qatordagi so‘zlar jo‘nalish kelishigidagi so‘zlarga bog‘lanib, ushbu so‘zlarning boshqa so‘zlar bilan grammatik jihatdan bog‘lanishiga ko‘mak beradi. Shu bilan birga, turli grammatik ma’nolarni hosil qiladi. Shuningdek, sinonim qo‘shimchalar qo‘shilishi natijasida sinonimga aylangan so‘zlar ham o‘z ma’nosiga ko‘ra tegishli qatorga kiritilgan. SOQOLLI, SOQOLDOR, SERSOQOL Soqol qo‘ygan, soqoli bor bo‘lgan. Soqoldor, sersoqol so‘zlaridan “sоqоli ko‘p, uzun vа qаlin” ma’no ta’kidi anglashiladi. Soqoldor so‘zida “sоqоlning o‘sib ketgаnlik” ifodasi kuchli. Lug‘at maqolalari sinonimik qatordagi bosh so‘zning ilk harflari asosida alifbo tartibiga solingan. Har bir lug‘at maqolasi quyidagilardan tashkil topgan: 1) sinonimik qator; 2) ushbu qator uchun umumiy bo‘lgan ma’noning izohi; 3) qatordagi har bir so‘zning ma’no nozikligi tavsifi (zarur bo‘lganda); 4) nutqiy uslubga aloqasi; 5) nutqdagi faollik darajasi; 6) lingvokulturologik belgilari (milliy-madaniy ta’kid, erkak-ayol nutqiga xoslik kabi mavjud bo‘lsa); 7) o‘zbek adabiyoti namunalaridan olingan sinonimik qatordagi har bir so‘zning tegishli ma’nosini dalillovchi misollar. Agar ko‘p ma’noli so‘z har bir ma’nosi bilan alohida sinonimik qatorni tashkil etgan bo‘lsa, har bir qator rim raqami bilan ajratib ko‘rsatilgan. Masalan: NOZIK I, LATIF Bichimi chiroyli va kelishgan. Mazkur sinonimik qatordagi so‘zlar, asosan, insonning tana a’zolariga nisbatan qo‘llanadi. Nozik so‘zi nisbatan ko‘p ishlatiladi. Latif so‘zi badiiy uslubga xoslangan bo‘lib, unda belgi darajasi nozik so‘ziga nisbatan kuchliroq ifodalanadi: nozik bo‘yni, l a t i f burni kabi. NOZIK II, NAFIS Yuksak mahorat va did bilan ishlangan. Nozik barcha uslublarda teng qo‘llanadi. Nafis esa yozma nutqqa xoslangan. Nafis so‘zida belgi nozik so‘ziga nisbatan taʼkidlab ifodalanadi: n a f i s ko‘zoynak, n a f i s piyolachalar singari. NOZIK III, QALTIS O‘ta ehtiyotkorlik talab qilinadigan. Qaltis so‘zida belgi nozik so‘ziga qaraganda kuchliroq ifodalanadi: n o z i k ish, n o z i k masala. Sinonimik qatordagi so‘zlar birdan ortiq ma’noda o‘zaro sinonim bo‘lsa, bu holat arab raqamlari bilan berildi: ISH, YUMUSH 1. Inson faoliyati bilan bog‘liq, uning mehnati bilan amalga oshadigan, bajariladigan narsa. Yumush bu ma’noda biroz ta’kid oladi, asosan, publitsistik va badiiy uslublarda qoʻllanadi. 2. Lavozim yoki mansab talabi, ijtimoiy maqom taqozosiga ko‘ra bajariladigan vazifa. Bu ma’noda yumush so‘zi ish so‘ziga nisbatan unchalik faol emas. 3. Xizmat vazifa, soha, kasb. Bu ma’noda ham ish so‘zi ko‘p qo‘llanadi, yumush esa faol qo‘llanmaydi. 4. Alohida kuch, mehnat talab qilmaydigan narsa, ermak. Bu ma’noda yumush so‘zi alohida ta’kid bilan ishlatiladi. 5. O‘zgaga, o‘zga manfaatiga qarashli yumush, hojat. Bu ma’noda ish so‘zida “kimningdir hojati tushganlik” ifodasi ustuvor, yumush so‘zida bunday ifoda yaqqol emas.