BACHADON MIOMASINING KLINIK-MORFOLOGIK VA IMMUNOGISTOKIMYOVIY TEKSHIRISH XUSUSIYATLARI

Ushbu monografiya bachadon miomasi diagnostikasidaimmunogistokimyoviy usullardan foydalanish bo'yicha keng qamrovli ma'lumotlarni taqdim etadi. Unda bachadon miomasining klinik-morfologik va immunogistokimyoviy xususiyatlari, turli yoshdagi ayollarda bu kasallikning uchrash darajasi, hamda Ki-67, CD34, ER, PR kabi markyerlar yordamida proliferatsiya va gipertrofiyaning baholanishi batafsil yoritilgan. Tadqiqotda miomaning turli gistologik turlarining o‘ziga xos belgilari, o‘sish mexanizmlari, shuningdek, davolash usullari va prognoz haqida ham ma’lumotlar berilgan. Kitobda keltirilgan ma’lumotlar shifokorlarga, klinik ordinatorlarga, magistrlar va talabalarga ushbu kasallikni aniq tashxislash va davolashda qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Asosiy mavzular

  • Bachadon miomasining umumiy ma'lumotlari va zamonaviy tadqiqotlar: Monografiya bachadon miomasining etiologiyasi, patogenezi, epidemiologiyasi, tasnifi va rivojlanish mexanizmlari haqida keng ma'lumot beradi. Shuningdek, bu kasallikning davolash usullari va muammolari yoritiladi.
  • Bachadon miomasi gistologik turlari va ularning morfologik xususiyatlari: Oddiy, proliferatsiyalanuvchi, epitelioid hujayrali va atipik mioma kabi turli gistologik shakllarning makroskopik va mikroskopik ko'rinishi, ularning parenxima-stroma nisbati va morfologik o'zgarishlari batafsil ko'rib chiqiladi.
  • Immunogistokimyoviy tadqiqotlar va markerlarning roli: Monografiyada Ki-67, CD34, ER, PR kabi immunogistokimyoviy markerlarning bachadon miomasi hujayralaridagi ekspressiyasi va ularning diagnostik ahamiyati, ayniqsa, proliferativ faollikni baholashdagi roli yoritiladi.
  • Yosh guruhlari bo'yicha tahlillar va klinik-anamnestik, morfologik va immunogistokimyoviy belgilarining uzviyligi: Turli yoshdagi ayollarda bachadon miomasining uchrash darajasi, gistologik turlari, hamda immunogistokimyoviy markerlarning ekspressiyasi tahlil qilinadi. Shuningdek, bemorlarning klinik-anamnestik, morfologik va immunogistokimyoviy belgilari asosida diagnostik va prognostik algoritm ishlab chiqishga uriniladi.