Radikal g‘oyalarning Markaziy Osiyo yoshlari siyosiy faolligiga ta’siri

Ushbu dissertatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-son “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi hamda 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-son

Asosiy mavzular

  • KIRISH: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati. Bugungi globallashuv davrida dunyo davlatlari ijtimoiy-siyosiy barqarorligi koʻp jihatdan jamiyat a'zolari, xususan, yoshlarning siyosiy faolligiga bog'liq boʻlib bormoqda. Bunday sharoitda demokratik mazmundagi va insonparvarlik gʻoyalari bilan mustahkamlangan hamda milliy oʻziga xos xususiyatlar bilan himoyalangan siyosiy barqarorlikka ta'sirlar, xususan, diniy radikalizmning yoshlar siyosiy faolligiga salbiy ta'siri ortib bormoqda. Mazkur jarayonda yoshlar qatlami siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi, ularda ijtimoiy-siyosiy keskinlik kayfiyatini keltirib chiqaruvchi diniy mazmundagi radikallashuv manbalarini aniqlash va yoshlarda barqaror siyosiy faollikni shakllantirish yanada dolzarblashmoqda. Hozirgi vaqtda ijtimoiy-siyosiy fanlar doirasida dunyoning rivojlangan mamlakatlaridagi ilmiy markazlar tomonidan jamiyat barqarorligini ta'minlashda din omilining o'rni, dinning siyosiylashuvi va diniy mazmundagi radikalizm g'oyalarining yoshlar siyosiy ijtimoiylashuvi va faolligiga ta'siriga oid ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ushbu tadqiqotlarda dunyodagi qudratli davlatlar raqobatining keskinlashuvi va dunyo siyosiy tartibotida yangicha qutblashishga boʻlgan ambitsiyalarning kuchayib borayotgani sharoitida global mafkuraviy jarayonlarning oʻzgarish tabiati, xususan, diniy radkalizmning g'oyaviy asoslari va ularning tatbiq etilishidagi evolyutsion jarayonlar chuqur oʻrganilib, radikallashuvning yoshlar siyosiy faolligi rivojiga ta'sirini ilmiy muammo sifatida tadqiq etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Oʻzbekistonda kechayotgan faol demokratik islohotlar jarayonida yoshlarning siyosiy faolligini oshirish, davlat boshqaruvi va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik tuyg'ularini rivojlantirish orqali ularda barqaror siyosiy faollikni qaror toptirish davr talabiga aylangan. Bu borada turli diniy mazmundagi radikal buzğunchi g'oyalar ta'sirlariga qarshi o'ziga xos mafkuraviy immunitetni shakllantirish, yoshlar ongiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi, ularda ijtimoiy-siyosiy keskinlik kayfiyatini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish muhim vazifalardan biridir. Zero, “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o'tmayapti”¹. Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nisbatan radikal yondashuvlari va uning gʻoyalari mazmunini anglash, yoshlarning faol siyosiy intilishlari uchun asosiy manbaga aylanib qolmaslik choralarini koʻrish vazifalari mazkur tadqiqot mavzusining dolzarbligini belgilab beradi.
  • Tadqiqotning maqsadi: Jamiyat hayotini demokratlashtirish sharoitida radikallashuv jarayonlarining yoshlar siyosiy faolligiga salbiy ta'sirini ochib berishdan iborat.
  • Tadqiqotning vazifalari: Radikallashuvning mohiyati va asosiy shakllari, “diniy radikalizm” tushunchasi va uning kelib chiqishiga ta'sir koʻrsatuvchi siyosiy-ijtimoiy omillarni tahlil qilish; yoshlar oʻrtasida radikalizmning paydo boʻlishi va rivojlanish omillarini tadqiq qilish; yoshlar siyosiy faolligiga ta'sir koʻrsatuvchi radikal gʻoyalarning yuzaga kelish sabablarini koʻrsatib berish; Markaziy Osiyo davlatlarida yoshlar radikallashuvi muammosining amaliy-tadqiqiy tahliliga doir natijalarni tizimlashtirish; radikalizmning Markaziy Osiyo yoshlari siyosiy faolligiga ta'sirini ochib berish; globallashuv davrida diniy fobiyalarning yoshlar radikallashuviga ta'sirini ochib berish; dunyo mamlakatlarida yoshlar radikallashuvining oʻziga xos xususiyatlari va unga qarshi kurashish tajribalarini koʻrib chiqish; Oʻzbekistonda radikallashuvga qarshi siyosiy islohotlar strategiyasi va yoshlar siyosatidagi transformatsion jarayonlarni tahlil qilish; jamiyatni demokratlashtirish va modernizatsiyalash sharoitida yoshlar siyosiy faolligini rivojlantirishga salbiy ta'sir koʻrsatuvchi radikallashuvning oldini olishga qaratilgan ta'sirchan vosita va imkoniyatlarni aniqlash, oʻrganilgan masalalarning yechimlariga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
  • Tadqiqotning obyekti: Yoshlar siyosiy faolligi shakllanishi va rivojlanishiga ta'sir koʻrsatuvchi radikallashuv jarayonlari tashkil qiladi.
  • Tadqiqotning predmeti: Radikallashuvning yoshlar siyosiy faolligi rivojiga ta'sir etuvchi obyektiv va subyektiv omillar tahlilidan iborat.
  • Tadqiqotning usullari: Dissertatsiyada obyektivlik, tizimlilik, qiyosiy-tarixiy tahlil, tarixiylik, mantiqiylik, analiz va sintez kabi usullarga tayanilgan.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: “Media-deradikalizm" nazariyasidagi dunyoviylik, milliylik va umuminsoniylik tamoyillari, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini qaror toptirish yondashuvlari orqali axborot maydonida kengayib borayotgan radikal koʻrinishdagi salbiy g'oyalar ta'sirining oldini olishga qaratilgan media-kontentlar yaratish asoslab berilgan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: ishda oʻz aksini topgan mulohazalar va xulosalar orqali hozirgi davrda yoshlar siyosiy faolligi namoyon boʻlishining oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash, yoshlarning siyosiy faolligiga ta'sir ko'rsatuvchi diniy omillar, xususan, diniy radikalizmning mohiyati va amaliy taʼsiri ochib berilgan; Markaziy Osiyo mintaqasi yoshlari siyosiy faolligiga salbiy ta'sir koʻrsatayotgan islomizm, noan'anaviy diniy oqimlar va diniy radikallashuv jarayonlarining zamonaviy tendensiyalari ilmiy-amaliy tadqiqot natijalari asosida yoritib berilgan; dinning siyosiylashuvi va radikallashuv oʻrtasidagi uyg'unlikning siyosiy-ijtimoiy asoslari va ularning yoshlar siyosiy faolligiga ta'siri mexanizmlari ochib berilgan.
  • Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: qoʻllanilgan yondashuv va usullarining maqsadga muvofiqligi, turli darajadagi xalqaro va respublika miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlar materiallari toʻplamlari, OAK ro'yxatidagi maxsus jurnallar hamda xorijiy jurnallarda, ommaviy axborot vositalarida chop etilgan maqolalar, nashr etilgan risola va u haqdagi retsenziyalar, dissertatsiyada aks etgan xulosa, taklif va tavsiyalarning amaliyotda joriy etilgani, olingan natijalarning vakolatli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangani bilan izohlanadi.
  • Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: shu sohadagi ilmiy adabiyotlarda kam tahlil qilingan “diniy radikallashuv” tushunchasining mazmun-mohiyati, oʻziga xos xususiyatlari va namoyon boʻlish shakllarini ijtimoiy-siyosiy jihatdan maxsus tadqiqot ob'ekti sifatida oʻrganilganligi bilan belgilanadi. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati ulardan oliy oʻquv yurtlaridagi oʻquv jarayonida "Siyosatshunoslik”, “Dinshunoslik”, “Ekstermizm va terrorizmga qarshi kurashning ma'naviy-ma'rifiy asoslari”, “Mafkuraviy jarayonlarning tizimli tahlili” kabi fanlarni ilmiy-nazariy jihatdan boyitish hamda o'quv va oʻquv-metodik qoʻllanmalar yaratishda foydalanish mumkinligi bilan izohlanadi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati tadqiqot materiallari va xulosalaridan tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta'lim muassasalari va sohaga oid muassasalar mutaxassislari uchun tahliliy materiallar tayyorlashda, oliy ta'lim muassasalarida siyosiy fanlarni oʻqitishda hamda tegishli yoʻnalishdagi tadqiqot ishlarini bajarishda foydalanish mumkinligi bilan izohlanadi.
  • Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Radikallashuvning yoshlar siyosiy faolligiga salbiy ta'siri boʻyicha ishlab chiqilgan taklif va amaliy tavsiyalar asosida: "Media-deradikalizm" nazariyasidagi dunyoviylik, milliylik va umuminsoniylik tamoyillari, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik va faol fuqarolik pozitsiyasini qaror toptirish yondashuvlari orqali axborot maydonida kengayib borayotgan radikal koʻrinishdagi salbiy g'oyalar ta'sirining oldini olishga qaratilgan media-kontentlar yaratish xususidagi xulosalardan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida, diniy ta'lim muassasalarida tashkil etilgan "Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda diniy-ma'rifiy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar" mavzusidagi malaka oshirish kurslari o'quv dasturlari, ma'ruza matnlari va tezislarini ishlab chiqishda keng foydalanilgan. Natijada olingan nazariy xulosalar va ilmiy natijalar jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta'minlash va diniy bag'rikenglik gʻoyalarini ifodalovchi monografiya, kitob, oʻquv qoʻllanma va risolalarni chop etishga xizmat qilgan. Markaziy Osiyo yoshlari orasida radikallashuv moyilligiga qarshi birgalikda kurashda “milliy-mafkuraviy nigilizm" konsepsiyasining milliy va diniy qadriyatlarni uyg'unlashtirish, diniylikning siyosiylashuvida milliy-mental xususiyatlar va sekulyarizm hamda dinning ma'rifiy ta'sirchanligi, moʻtadil diniy pozitsiya kabi tamoyillaridan foydalanish mintaqa davlatlari tinchligi va barqarorligini ta'minlashning tezkor, ratsional va preventiv chora-tadbirlarini ishlab chiqishga asos boʻlayotganligi toʻgʻrisidagi xulosalardan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” targ'ibot ishlarida foydalanilgan. Natijada dissertatsiyada bildirilgan ilmiy xulosalar, taklif va tavsiyalar sohaga oid axborot-tahliliy bazani takomillashtirishga va uni amalda qoʻllashga xizmat qiladi. Islom dinining ma'rifatparvarlik va tinchlikka yo'g'rilgan an'ana hamda qadriyatlarini targ'ib qilish, mintaqa yoshlari oʻrtasida diniy-ma'rifiy muhit barqarorligini mustahkamlashda mintaqaning nufuzli islomshunos olimlari salohiyatidan foydalanish hamda ikki va koʻp tomonlama diniy sohadagi hamkorlik ko'lamini kengaytirishga qaratilgan Markaziy Osiyo diniy ulamolari assotsiatsiyasini tashkil etishning diniy-siyosiy zaruriyati xususidagi xulosalar "Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi” kitobi mazmunida oʻz aksini topdi. Natijada dissertatsiyada tahlil etilgan masalalar yoshlar ta'lim tarbiyasida hamda ularni turli yot g'oyalar ta'siriga berilishining oldini olish jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston tashabbusi asosida qabul qilingan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” maxsus rezolyusiyasining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda diniy va e'tiqodiy bag'rikenglik, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish, dinlararo totuvlik, oʻzaro hurmat va bag'rikenglik tamoyillarini mustahkamlashga asoslangan O'zbekiston tajribasini tashqi siyosiy faoliyatda keng targ'ib qilish maqsadida diplomatik vakolatxonalarda diniy attashe lavozimini ta'sis etish taklifidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining ilmiy-amaliy faoliyatida qo'llanilgan. Natijada olingan nazariy xulosalar va ilmiy natijalar yuqori turuvchi tashkilotlarga tashqi siyosiy faoliyatda diniy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ilgari surishga xizmat qilgan.
  • Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi: Tadqiqot natijalari 12 ta ilmiy-amaliy anjumanda, jumladan, 6 ta xalqaro va 6 ta respublika miqyosidagi ilmiy anjumanlarda muhokamadan oʻtkazilgan.
  • Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertatsiya mavzusi boʻyicha jami 21 ta ilmiy ish chop etilgan. Shulardan, O'zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiyasi komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 9 ta maqola, jumladan, 4 ta xorijiy va 5 ta respublika jurnallarida chop etilgan.
  • Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi: Dissertatsiya tarkibi kirish, uchta bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro'yxatidan iborat. Dissertatsiyaning umumiy hajmi 165 sahifani tashkil qiladi.
  • DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI: Kirish qismida tadqiqotning dolzarbligi va zaruriyati, tadqiqot maqsadi va vazifalari, obyekti va predmeti tavsiflangan, respublika fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga mosligi koʻrsatilgan hamda tadqiqotning ilmiy yangiligi, mavzu boʻyicha xorijiy ilmiy-tadqiqotlar sharhi amaliy natijalari bayon qilingan. Dissertatsiya mavzusining dissertatsiya bajarilgan oliy ta'lim muassasasining ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bog'liqligi, muammoning oʻrganilganlik darajasi, olingan natijalarning ilmiy va amaliy ahamiyati, tadqiqotning usullari, tadqiqot natijalarining ishonchliligi ochib berilgan, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, nashr qilingan ishlar va tuzilishi boʻyicha ma'lumotlar keltirilgan. Dissertatsiyaning birinchi bobi “Radikallashuv jarayoni tadqiqining nazariy-metodologik jihatlari" deb atalgan. Ushbu bobda “radikalizm" tushunchasi, radikalizmning mohiyati, asosiy shakllari va ilmiy talqinlari, “diniy radikalizm" tushunchasi va uning kelib chiqishiga ta'sir koʻrsatuvchi siyosiy omillar hamda yoshlar o'rtasida diniy radikalizmning paydo boʻlishi va rivojlanish omillari tadqiq qilingan.
  • XULOSA: Radıkal g'oyalarning Markaziy Osiyo yoshlari siyosiy faolligiga ta'sirini tadqiq etish natijasida quyidagi xulosalar shakllantirildi: 1. Radikalizmda jamiyat taraqqiyoti uchun muayyan qoidalar va ilg'or gʻoyalar ustuvorligini saqlab qolish yondashuviga asoslangan konstruktivlikka qarshi o'laroq mavjud tuzumni yo'q qilishga qaratilgan, muayyan ijtimoiy vaziyatga qarshi zo'ravonlik harakatlari orqali eskirgan ijtimoiy munosabatlarni saqlab qolish maqsadini qo'yadigan destruktivlik xosdir. 2. Radikallashuvning kuchayishiga jamiyatning sekulyarizatsiyasi va diniy guruhlarning marginallashuvi ham taʼsir koʻrsatadi. Radikal qarashlarning tarqalishi orqali turli siyosiy kuchlar tomonidan ma'lum bir mamlakatning davlat va siyosiy tizimini oʻzgartirishning zo'ravon usullari targ'ib qilinadi. Shu nuqtayi nazardan davlatning siyosiy va boshqaruv apparati samaradorligidan norozilik radikallashuv yuzaga kelishining muhim sabablaridan biri xisoblanadi. 3. Radikalizm yuzaga kelishi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy omillar va ommaviy siyosiy kayfiyat fenomeni bilan chambarchas bogʻliq. Radikalizm, ayniqsa ijtimoiy inqirozlar, davlat va ijtimoiy tuzilmalardagi tub oʻzgarishlar davrida yaqqol namoyon boʻladi. Aynan shu davrda jamiyat qarama-qarshiliklarni eng sodda va eng qisqa yo'llar bilan hal qilishga, radikal vositalarni eng samarali va tezkor deb hisoblashga chaqiriqlar yuzaga keladi. Ushbu chaqr iqlar ta'siriga eng ko'p yoshlar qatlamlari tushadi. 4. Diniy radikalizmni namoyon etadigan sabablardan biri sifatida yoshlarning diniy ta'limotlar mohiyati va maqsadlari toʻgʻrisida to'liq tasavvurga ega bo'lmasligi boʻlib, ilmiy asosda tushuntirilmagan va sharhlanmagan diniy qarashlar tajovuzkor radikalizmga olib keladi. Fikrimizcha, radikalizm shunday hodisaki, ya'ni ijtimoiy-siyosiy amaliyot bo'lib, shaxs darajasida g'oyalar shaklida, davlat darajasida - siyosat sifatida va jamiyat darajasida mafkura sifatida namoyon boʻlishi mumkin. 5. Yoshlar siyosiy faolligiga ta'sir ko'rsatuvchi radikal gʻoyalar ta'siri tahlilida ikki jihatga e'tibor qaratish lozim. Birinchidan, yoshlar radikalizmining namoyon boʻlishining tashqi jihati shundaki, radikallashuv yoshlarning oʻz mustaqilligini namoyon qilish usuli sifatida shaxslararo oʻzaro ta'sir darajasidagi munosabatlardagi ziddiyatlarda namoyon boʻladi. Ikkinchisi esa potensial xavfli bo'lgan faoliyatga asoslangan boʻlib, mavjud ijtimoiy, siyosiy munosabatlar va qadriyatlar tizimini faqatgina begonalashtirishga emas, balki ularni tubdan yoʻq qilish yoki qayta qurish istagi bilan namoyon boʻladi. 6. Yoshlar siyosiy faolligiga ta'sir ko'rsatuvchi radikallashuvning yuza kelish sabablari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: Birinchidan, ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi, demografik nomutanosiblik, migratsiya jarayonlari, hayot darajasi va sifatining pasayishi; Ikkinchidan, normal boʻlmagan xulq-atvorga moyillik, dunyoqarash va ma'naviy-mafkuraviy omillar, ijtimoiy-psixologik munosabatlar va shaxs xususiyatlari, ichki xulq-atvor shakllaridagi oʻzgarishlar va axloqiy muammolar ko'lamining ortishi; Uchinchidan, huquqiy nigilizm, korrupsiyaning kengayishi, ijtimoiy kafolatlar tizimining barbod etilishi, shaxs va mulkning huquqiy daxlsizligi, demokratik islohotlarni rad etish va avtoritar tendensiyalarning kuchayishi, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyatining zaifligi; To'rtinchidan, an'anaviy qadriyatlar tizimining parchalanishi, yashirin va aniq me'yoriy ziddiyatlar, samarali siyosiy va ta'lim muassasalaridan foydalanish imkoniyatining yo'qligi, mavjud vaziyatni demokratik yoʻllar bilan oʻzgartira olmaslik, norozilik bildirish uchun rasmiy va samarali muloqat kanallarning yetarli emasligi, davlat tuzilmalari, siyosat subyektlarning bildirilgan noroziliklarni inobatga olmaslik, davlat tuzilmalari tomonidan noqonuniy zoʻravonlik qoʻllanishi; Beshinchidan, hukmron elitaning jamiyatda yetilib turgan muammolarni samarali hal eta olmasligi, davomiy inqirozlardan chiqish yo'llarini topa olmasligi va jamiyatdagi siyosiy madaniyatning hukmron modelidan, davlatning siyosiy va boshqaruv apparati samaradorligidan norozilik. 7. Radikalizm in islom bilan bogʻliq boʻlgani kabi, siyosiy hodisadir. Unda asosiy maqsad mavjud siyosiy hokimiyat tizimini tubdan oʻzgartirishdir. Zamonaviy neosalafizm yoki salafizm diniy hodisadan koʻra siyosiy hodisa boʻlib gavdalanmoqda va yoshlardagi siyosiy pozitsiya shakllanishiga salbiy ta'sir koʻrsatmoqda. 8. Islom va undan kelib chiqqan turli oqimlar, ularning siyosiy-ijtimoiy jihatlari va falsafiy, madaniy jihatlari Markaziy Osiyo davlatlarida hamda boshqa musulmon mamlakatlarida ijtimoiy-siyosiy hayotga ta'sir koʻrsatishi bilan bog'liq. Respublikalarda, umumiy aholining umumiy ongida dinning oʻrni kattaligi sababli, an'anaviy, diniy fanatizm va egalitarizmga qarshi kurashishda islomchilar, fundamentalist oqim eng katta xavf tugʻdiradi. 9. Markaziy Osiyo davlatlarida yoshlar davlat muassasalari yoki nodavlat tashkilotlarga qaraganda diniy muassasalarga ishonchi kuchayib borayotganligi haqida xulosalar qilinmoqda. Bunday holatda radikal siyosiy islomiy toifalarning yuzaga chiqishi va yoshlarning bu shakldagi siyosiy faolligidan foydalanib qolishlari ehtimolini oshiradi. 10. Yoshlar oʻrtasida xavfni kamaytirish va radikallashuvga chidamliligini oshirish jarayonining muvaffaqiyati ularning ehtiyojlarini erkin ifoda etish, plurallizm va turli gʻoyalarga erkin yondashish, jamiyatning boshqa aʼzolari, ayniqsa, davlat tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanish talab etadi.