Гипотензив таьсирга эга қуруқ экстракт олиш ва унинг асосида капсула технологиясини ишлаб чиқиш

Ushbu tadqiqotning maqsadi mahalliy dorivor o'simliklar (Menthae piperitae L., Leonuri turkistanicus Krecz. et Kupr., Crataegi sanguineae Pall., Equiseti arvensis L.) kompozitsiyasidan gipotenziv ta'sirga ega quruq ekstrakt olish va uning asosida kapsula shaklidagi biologik faol qo'shimcha texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotning obyekti sifatida ushbu o'simliklar yig'masidan olingan «Giposedaf» quruq ekstrakti va uning asosida ishlab chiqilgan kapsula shaklidagi biologik faol qo'shimcha olingan. Tadqiqotning predmeti esa mahalliy o'simlik xomashyolaridan quruq ekstrakt va uning asosida kapsula shaklidagi biologik faol qo'shimcha olish texnologiyasini ishlab chiqish, sifat me'yorlarini belgilash, yaroqlilik muddatini aniqlash hamda tegishli me'yoriy hujjatlarni tayyorlashdan iborat.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadqiqotda, so'nggi 40 yil mobaynida, dunyo bo'yicha yuqori qon bosimidan aziyat chekuvchi insonlar soni qariyb ikki martaga ortib, 1,1 mlrd. kishiga yetgan. Bunda statistik maʼlumotlarga koʻra 80% bemorlar oʻsimlik xomashyosidan olingan tinchlantiruvchi va gipotenziv ta'sirga ega dori vositalarni qabul qiladilar. Ushbu kasallikni davolashda qo'llaniladigan mahalliy dorivor oʻsimlik xomashyosi asosida yangi, gipotenziv dori vositalari texnologiyalarini ishlab chiqish, ularning sifat nazoratini amalga oshirish, farmakologik faolligi va bezararligini aniqlash hamda tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: ilk bor qalampir yalpiz, turkiston arslonquyrugʻi, toʻq qizil doʻlana va dala qirqboʻgʻimi oʻti xomashyolari kompozitsiyasidan quruq ekstrakt olish texnologiyasi ishlab chiqilgan, ekstraksiya jarayonining maqbul sharoitlari aniqlangan; ilk bor «Giposedaf» quruq ekstraktining nam yutish kinetikasi tashqi muhit namligi hamda namuna yuzasiga bog'liqligi isbotlangan, uning makro- va mikroelement hamda aminokislotali tarkibi zamonaviy usullar yordamida aniqlangan; <<Giposedaf>> quruq ekstraktining texnologik va struktura-mexanik xossalarini aniqlash natijasida kapsula shaklidagi BFQ tarkibi tanlangan va maqbul texnologiya ishlab chiqilgan; <<Giposedaf>> quruq ekstrakti va uning asosidagi BFQ ning sifat va miqdor ko'rsatgichlari aniqlanib, me'yoriy hujjatlarda koʻrsatilgan talablarga muvofiqligi isbotlangan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: «Giposedaf>> quruq ekstrakti va uning asosida ishlab chiqilgan kapsula shaklidagi biologik faol qoʻshimchaning saqlanish sharoitlari va yaroqlilik muddatlari asoslangan; «Giposedaf» quruq ekstraktini olish texnologiyasi sanoat miqyosida sinovdan oʻtkazilgan va olingan natijalar asosida tajriba-sanoat reglamenti ishlab chiqilib, tasdiqlangan; gipotenziv ta'sirga ega «Giposedaf» quruq ekstraktini ishlab chiqish va tibbiyot amaliyotida qo'llash uchun ruxsat olish maqsadida tegishli me'yoriy hujjatlar ishlab chiqilgan.