Yog‘-moy va neft qoldiqlari asosida yuqori sifatli yoqilg‘i briket olish texnologiyasi
Ushbu kitob Buxoro muhandislik-texnologiya institutida bajarilgan, Tursunov Baxodir Junaydullayevich tomonidan tayyorlangan falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining avtoreferatidir. Dissertatsiya yog'-moy va neft qoldiqlari asosida yuqori sifatli yoqilg'i briket olish texnologiyasini o'rganishga bag'ishlangan. Unda asosiy e'tibor chiqindilardan samarali foydalanish, ekologik toza va iqtisodiy samarali yoqilg'i olish yo'nalishlariga qaratilgan. Tadqiqotda neft shlami, gossipol qatroni va ishlatilgan qizilmiya ildizlari kabi mahalliy xomashyolardan foydalangan holda yoqilg'i briketlar ishlab chiqish texnologiyasi taklif etilgan hamda ularning sifat ko'rsatkichlari o'rganilgan. Shuningdek, mazkur yoqilg'i turi qozonxonalar va issiqxonalar uchun muqobil energiya manbai sifatida tavsiya etiladi.
Asosiy mavzular
- Kirish: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati, tadqiqotning maqsad va vazifalari, obyekt va predmetlari, Respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi, ilmiy yangiligi va amaliy natijalari, shuningdek, tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati, ularni joriy qilish, nashr etilgan ishlar va dissertatsiya tuzilishi boʻyicha ma'lumotlar keltirilgan.
- Tadqiqotning Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Ushbu tadqiqot ishi Respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining VII. «Kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar» va IV. «Atrof-muhit muhofazasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish» ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq bajarilganligi bayon etilgan.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Yogʻ-moy va neft sanoatlarida hosil boʻladigan ikkilamchi xomashyo va neft qoldiqlari asosida turli mahsulotlarni olish, qizilmiya ildizlaridan unumli foydalanish va tabiiy manbalarni tejash uchun muqobil manbalarni koʻpaytirish boʻyicha xorijiy va mahalliy olimlar tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar tahlili keltirilgan.
- Tadqiqotning maqsadi: Yogʻ-moy va neft qoldiqlari asosida yuqori sifatli yoqilgʻi briket olish texnologiyasidan iborat.
- Tadqiqotning vazifalari: Neft shlami, gossipol qatroni va boshqa qoʻshimchalar asosida bogʻlovchi mahsulotni olish, uning xossalari va yoqilgʻi briketini tayyorlash, uning mexanik mustahkamligi va boshqa sifat koʻrsatkichlarini aniqlash, shuningdek, uni muqobil yoqilgʻi sifatida qoʻllash metodikasini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilangan.
- Tadqiqotning ob'yekti va predmeti: Tadqiqot obyekti sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida hosil boʻladigan neft shlami, ishlatilgan qizilmiya ildizi, gossipol qatroni, ohak va koʻmir kukuni kabi mahalliy xomashyolar, predmeti esa yuqori adgezion xususiyatli bog'lovchi mahsulot va ishlatilgan qizilmiya ildizi asosida tayyorlangan sifatli yoqilg'i briketlar hisoblanadi.
- Tadqiqotning usullari: Dissertatsiyada fizik, fizik-kimyoviy, kolloid-kimyoviy, mexanik, fizik-mexanik, issiqlik-texnik usullari hamda Mass-selektiv detektorli gaz xromatografiya kabi usullardan foydalanilgan.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Ishlatilgan qizilmiya ildizlarini adgezion xususiyati yuqori boʻlgan bog'lovchi mahsulot bilan toʻyintirish natijasida yoqilgʻi briket olish retsepturasi ishlab chiqilgan, olingan yoqilgʻi briketning mexanik mustahkamligi yuqori ekanligi aniqlangan, koʻmir kukuni qoʻllash natijasida yoqilgʻi briketning yuqori va quyi yonish issiqlik koʻrsatkichlari samarali ekanligi isbotlangan hamda tajriba qurilmasi ishlab chiqilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari va joriy qilinishi: Neft shlami, gossipol qatroni va boshqa qoʻshimchalar asosida bogʻlovchi mahsulot olish texnologiyasi ishlab chiqilgan, ishlatilgan qizilmiya ildizini quritish jarayoni asosiy parametrlari va maqbul sharoitlari aniqlangan, yuqori sifatli yoqilgʻi briketini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan hamda muqobil yoqilgʻi energiya sifatida qoʻllash imkoniyati yaratilgan. Tadqiqot natijalari sanoatda tatbiq etilgan va iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.
- Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi va e'lon qilinganligi: Tadqiqot natijalari 16 ta xalqaro va 2 ta Respublika ilmiy-amaliy konferensiyalarda muhokama qilingan va 22 ta ilmiy ish chop etilgan.
- Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi: Dissertatsiya kirish, to'rtta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati va ilovalardan iborat hamda hajmi 118 betni tashkil etadi.
- Asosiy qism (boblar): Birinchi bobda «Yoqilgʻi briketlarni ishlab chiqarish va ularning kolloid kimyoviy xossalari tadqiqining hozirgi zamon tendensiyalari» mavzusida, ikkinchi bobda «Tadqiqot obyektlarning tavsifi va yoqilgʻi briketni tadqiq etish usullari» mavzusida, uchinchi bobda «Ishlatilgan qizilmiya ildizi va bog'lovchi mahsulot asosida olingan yoqilg'i briketning asosiy sifat koʻrsatkichlarini tadqiq qilish» mavzusida va toʻrtinchi bobda «Adgezion xususiyati yuqori boʻlgan bog'lovchi mahsulot va ishlatilgan qizilmiya ildizi asosida tayyorlangan sifatli yoqilg'i briketini amaliyotga joriy etilishi va iqtisodiy samaradorligi» mavzusida ilmiy izlanishlar olib borilgan.
- Xulosa: Dissertatsiyada olingan asosiy ilmiy va amaliy natijalar hamda tavsiyalar yakuniy qismda umumlashtirilgan. Xususan, eng yaxshi bog'lovchi mahsulot tarkibi, yoqilg'i briketning mexanik mustahkamligi, issiqlik texnik ko'rsatkichlari hamda iqtisodiy samaradorlik bo'yicha xulosalar berilgan.