Qurilish maydonlarida seysmik ta’sirni baholash uchun sintetik akselerogrammalar yaratish texnologiyasi

Ushbu dissertatsiya mavzusi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida B2025.1.PhD/FM1219 raqam bilan ro'yxatga olingan. Ushbu tadqiqot Seysmologiya institutida bajarilgan. Tadqiqotning maqsadi Oʻzbekiston hududining turli xil grunt sharoitlarini hisobga olgan holda qurilish maydonlarida kuchli zilzilalarning seysmik ta'sirini ifodalovchi sintetik akselerogrammalarni yaratish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Jahon amaliyotida kuchli zilzilalar oqibatida yuzaga keladigan talafotlarni kamaytirish hamda aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini ta'minlashda, seysmik faolligi yuqori boʻlgan mintaqalarda qurilayotgan bino va inshootlarning zilzilabardoshliligini oshirishda Yevrokod talablariga muvofiq sintetik akselerogrammalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
  • Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Mazkur tadqiqot respublikaning fan va texnologiyalarni rivojlantirish – VIII “Yer haqidagi fanlar (geologiya, geofizika, seysmologiya va mineral xomashyoni qayta ishlash)” ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq bajarilgan.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Bugungi kunda seysmik faol hududlarda bino-inshootlarni qurishda qurilish maydonlarining seysmik ta'sirini aniqlash uchun foydalaniladigan sintetik akselerogrammalarni ishlab chiqish juda dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shuningdek sintetik akselerogrammalarni qurilish-loyihalash ishlarida keng joriy qilish boʻyicha dunyoning bir qator rivojlangan mamlakatlarida maqsadli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
  • Tadqiqotning usullari: Dissertatsiya ishida geofizik va muhandis geologik tadqiqot usullari, jumladan, mikrotremor usulidan, natijalarni taqqoslash uchun MASW usulidan hamda Strata, Plaxis 3D va Lira Sapr dasturlaridan foydalanilgan.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: turli grunt qatlamlarni seysmik tebranish spektrlari asosida chuqurlik boʻyicha ko'ndalang to'lqin tezlik oʻzgarishi aniqlangan va qatlamlarning 3D modellari yaratilgan; qurilish maydonlarida seysmik ta'sirlarni miqdoriy baholash imkonini beruvchi sintetik akselerogrammalar yaratish texnologiyasi ishlab chiqilgan; Buxoro shahri hududida tarqalgan gruntlarning seysmik xususiyatlari boʻyicha real zilzilalarning oʻrta spektriga asoslangan sintetik akselerogrammalar bazasi ishlab chiqilgan.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: Qurilish maydoni grunt qatlamlarining seysmik ta'sirga javob spektrlarini umumlashtirgan holda sintetik akselerogrammalarni hisoblash texnologiyasi ishlab chiqilgan; Dala eksperimental tadqiqotlar natijasida seysmik tebranish spektrlarini tahlili asosida ko'ndalang to'lqin tezligini chuqurlik boʻyicha oʻzgarishi aniqlangan va O'zbekiston Respublikasi viloyat markazlari misolida grunt qatlamlarining 3D modellari ishlab chiqilgan.
  • Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi: Mazkur tadqiqot 3 ta xalqaro va 3 ta respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda muhokamadan oʻtkazilgan.
  • Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertatsiya mavzusi boʻyicha jami 12 ta ilmiy ishlar chop etilgan, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiyalarning asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy jurnallarda 5 ta maqola, shu jumladan, 1 tasi xorijiy ilmiy jurnalda chop etilgan.
  • Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi: Dissertatsiya kirish, toʻrtta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro'yxatidan iborat. Dissertatsiyaning umumiy hajmi 120 betni tashkil etadi.
  • DISSERTATSIYANING ASOSIY MAZMUNI: Kirish qismida oʻtkaziladigan tadqiqotlarning dolzarbligi va unga boʻlgan talab, tadqiqot maqsadi va vazifalari asoslangan, tadqiqot ob'ekti va predmeti tavsiflangan, tadqiqotning Respublika fan va texnologiyalarni rivojlanishining ustuvor yo'nalishlarga muvofiq kelishi koʻrsatilgan. Tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari bayon qilingan, ularning ilmiy va amaliy ahamiyati ochib berilgan, tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy qilinishi, nashr etilgan ishlar boʻyicha ma'lumotlar dissertatsiyaning tuzilishiga oid ma'lumotlar keltirilgan.
  • Sintetik akselerogrammalarni yaratish usullarini oʻrganilganlik darajasi: Hozirda seysmik harakatlarini prognoz qilish sohasida faqat dastlabki qadamlar qoʻyilmoqda. Kuchli harakatlarga oid materiallar yetarli emas, yerning seysmik harakati turlarini tasniflash endigina boshlangan.
  • Tadqiqot hududining muhandis-geologik va seysmologik sharoitini oʻziga xosligi: Oʻzbekiston Respublikasi hududining muhandis-geologik sharoiti haqida batafsil ma'lumotlar va S.M. Qosimov va b.q. lar tomonidan ishlab chiqilgan 1:1 000 000 miqyosdagi xaritasi keltirib o'tilgan. Xaritada gruntlarning geologik yoshi, litologik tarkibi, yer osti suvlarining yotish chuqurligi va geologik jarayon va hodisalar keltirilgan.
  • Sintetik akselerogrammalar yaratish texnologiyalari: sintetik akselerogrammalar yaratish texnologiyasining uchta usuli keltirigan. 1. Hisoblangan spektral tezlanishlar jadvallari orqali sintetik akselerogrammalarni yaratish; 2. Gruntlarning javob spektrlari asosida sintetik akselerogrammalar yaratish; 3. Sodir boʻlgan zilzilalar akselerogrammalar spektrini umumlashtirish va umumlashtirilgan spektr asosida sintetik akselerogramma yaratish.
  • XULOSA: 1. Tadqiqot doirasida olib borilgan geofizik va seysmometrik o'lchov ishlari tahlil qilindi va 1000 ga yaqin nuqtada olingan mikrotremor va MASW ma'lumotlarining oʻzaro bogʻliqlikni ifodalovchi korrelyatsion grafiklar tuzilgan. 2. Mikrotremor usuli yordamida shahar hududlari uchun boʻylama va ko'ndalang seysmik to'lqinlarning chuqurlik boʻyicha tezliklarining oʻzgarish xususiyatlari aniqlangan va grunt qatlamining seysmik xususiyatlari boʻyicha 3D modellari ishlab chiqilgan.