Diametri 50 mm bo‘lgan zoldirlarni prokatlash uchun mo‘ljallangan stanning yo‘naltiruvchi lineykasini ishlab chiqish, parametrlarini asoslash orqali uning ish unumdorligini oshirish

Ushbu dissertatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida № B2024.3.PhD/T4884 raqam bilan roʻyxatga olingan texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining avtoreferati hisoblanadi. Tadqiqotda diametri 50 mm boʻlgan zoldirlarni prokatlash uchun moʻljallangan stanning yoʻnaltiruvchi lineykasini ishlab chiqish, uning parametrlari asoslash orqali ish unumdorligini oshirish masalasi koʻrib chiqilgan. Dissertatsiya Toshkent davlat texnika universitetida bajarilgan. Avtoreferat uch tilda (oʻzbek, rus, ingliz) tayyorlangan va Ilmiy kengashning veb-sahifasida hamda «ZiyoNET» Axborot ta'lim portalida joylashtirilgan.

Asosiy mavzular

  • Kirish: Kirish qismida dissertatsiya mavzusi boʻyicha o'tkazilgan tadqiqotlarning dolzarbligi va zarurati asoslangan, Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi koʻrsatilgan, tadqiqot ishining maqsadi va vazifalari keltirilgan, tadqiqot obyekti va predmeti tavsiflangan, tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy natijalari bayon qilingan, tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati ochib berilgan, tadqiqot natijalarining joriy qilinganligi, nashr qilingan ishlar va dissertatsiyaning tuzilishi bo'yicha ma'lumotlar keltirilgan.
  • Maxsus prokatlash stanlari va ularda qoʻllaniladigan lineykalarning tahlili: Birinchi bobda ko'ndalang vintli prokatlash usuli yordamida davriy profillarni olish texnologiyasi, prokatlash stani lineykalari va maxsus prokatlash stanlarida qoʻllaniladigan yoʻnaltiruvchi lineykalar boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari tahlil qilingan. Prokatlash staniga oʻrnatiladigan lineykalarning maqsadi va vazifalariga koʻra, ularga umumiy tavsiflar berilgan. Shuningdek, oʻqqa nisbatan simmetrik boʻlgan kichik oʻlchamdagi detallarni issiqlayin prokatlash usuli orqali ishlab chiqarish jarayonida qoʻllaniladigan prokatlash valoklari va lineykalar tahlil qilingan.
  • Diametri 50 mm boʻlgan maydalovchi poʻlat zoldirlarni ishlab chiqarishda ish unumdorligini oshirish: Ikkinchi bobda ZPS 80-120 stanida 7524-2015 DSt boʻyicha diametri 50 mm bo'lgan maydalovchi poʻlat zoldirlarni prokatlash maqsadida, ariqchalarining markazlari siljigan olti kirimli vintli kalibrli prokatlash valoklarini kalibrlash texnologiyasi ishlab chiqilgan. Ariqchalarining markazlari siljigan vintli kalibrli zoldir prokatlash valoklari tayyorlash uchun maxsus nusxa koʻchirish moslamasi bilan ta'minlangan tokarlik vint qirqish dastgohidan foydalaniladi. Bunda, zoldir prokatlash valoklarini loyihalashda kalibrovka hisobi amalga oshiriladi.
  • Zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykasining ish unumdorligini oshirish va uning yangi konstruksiyasini ishlab chiqish: Uchinchi bobda zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykalarini loyihalash maqsadida, uning asosiy geometrik parametrlari nazariy jihatdan asoslangan va olingan natijalar tahlil qilingan. Qoʻyilgan masalaning yechimlari asosida zoldir prokatlash stani yoʻnaltiruvchi lineykasining yangi turdagi konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyatlari yaratilgan. Yo'naltiruvchi lineykalar zoldir prokatlash stanining alohida maxsus zvenolaridan biri boʻlib, prokatlanayotgan xomashyo ishchi qismining harakatini prokatlash oʻqi boʻylab amalga oshishini ta'minlash va uni prokatlash oʻqida saqlab qolish uchun xizmat qiladi.
  • Zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykasiga ta'sir etuvchi kuch omillarini aniqlash: To'rtinchi bobda zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykasini mustahkamlikka tekshirish maqsadida, uning ishchi qismiga ta'sir etuvchi kuchlar va tayanchlaridagi reaksiya kuchlari aniqlandi. Natijada zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykasini mustahkamlikka hisoblash imkoniyatlari yaratildi. Prokatlash jarayonida metall xomashyo zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykasi ishchi qismiga doimiy oʻzgaruvchan kuchlar orqali ta'sir qiladi.
  • Xulosa: Xulosa qismida dissertatsiya mavzusi boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalari quyidagilardan iborat: Maxsus prokatlash stanlarida qoʻllaniladigan yoʻnaltiruvchi lineykalarning geometrik parametrlarini aniqlashning nazariy asoslari ishlab chiqildi; Yoʻnaltiruvchi lineykaning konstruktorlik - texnologik oʻlchamlarini aniqlash maqsadida, uning geometrik parametrlarini tavsiflovchi matematik ifodalar kompyuterda MathCAD 15 dasturi yordamida tahlil qilindi va dastur ishlab chiqildi; Zoldir prokatlash stani yo'naltiruvchi lineykasining yangi konstruksiyasi ishlab chiqildi; 7524-2015 DSt boʻyicha diametri 50 mm boʻlgan maydalovchi po'lat zoldirlarni prokatlash maqsadida ariqchalarining markazlari siljigan olti kirimli vintli kalibrli zoldir prokatlash valoklarini kalibrlash texnologiyasi ishlab chiqildi; Olti kirimli vintli kalibrli zoldir prokatlash valoklarini tayyorlash uchun profili nazariy asoslangan kulachoklarning matematik modeli ishlab chiqildi; Yo'naltiruvchi lineykaning ishchi qismiga ta'sir etuvchi kuch parametrlari nazariy asoslashlar orqali aniqlandi; Tayyorlangan yo'naltiruvchi lineyka mustahkamlikka tekshirildi.