Yuqori malakali bokschi qizlarning maxsus jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish metodikasi

Ushbu dissertatsiya avtoreferati Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda tayyorlangan. Xadiyatullayev Ziyodullo Shuxratillayevichning doktorlik dissertatsiyasi yuqori malakali bokschi qizlarning maxsus jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish metodikasiga bag'ishlangan. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport sohasidagi qarorlari va konsepsiyalari asosida jahon standartlariga mos keladigan, yuqori malakali sportchi qizlarni tayyorlashning ilmiy-nazariy va uslubiy asoslari tadqiq etilgan. Tadqiqotda xotin-qizlar sportini rivojlantirish, xususan, boks sportida ayollar mashg'ulotlarining o'ziga xos jihatlari, ular uchun optimal yuklamalarni rejalashtirish va nazorat qilish uslublari ilmiy asosda ishlab chiqilgan.

Asosiy mavzular

  • Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Dunyo miqyosida xotin-qizlar sporti nazariyasi va uslubiyati sohasida koʻplab ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilgan. Biroq, mutaxassislar tomonidan bokschi qizlarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichi va davrlarida oʻtkaziladigan mashg'ulot jarayonlariga yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan. Ayniqsa, oʻsmir bokschi qizlarning musobaqaoldi tayyorgarlik jarayonida qoʻllaniladigan mashg'ulotlar ilmiy asosda yetarli darajada ishlab chiqilmagan. Bu kamchilik oʻz navbatida, oʻsmir sportchilarni tayyorlash tizimida oʻz yechimini kutayotgan muhim vazifalardan biri sifatida saqlanib kelmoqda. Ushbu mavzuda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishning zarurati shundan iboratki, oʻsmir qizlar organizmining oʻziga xos fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda maxsus jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish mashg'ulot jarayonlarini ilmiy asosda tashkil etish ularning sportdagi yutuqlarini oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
  • Tadqiqotning respublikada fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga mosligi: Tadqiqot respublika fan va texnologiyalarini rivojlantirishning I. “Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy rivojlantirishda innovatsion gʻoyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yoʻllari" bilan bogʻliq ustuvor yoʻnalishlar doirasiga mos ravishda amalga oshirilgan.
  • Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Mavzuga doir bugungi kunda, respublikamizning bir qator olimlari R.D.Xalmuxamedov, S.S.Tajibayev, V.N.Shin, F.K.Turdiyev, Yu.V.Serebryakov, Gʻ.Q.Rajabov, D.A.Aliyeva, Q.A.Umarov yuqori malakali bokschi qizlarning musobaqaoldi tayyorgarlik bosqichida mashg'ulot yuklamalarini optimallashtirish masalasini hamda oʻquv-mashg'ulot jarayonini samarali tashkil etish va yuqori malakali bokschilarning musobaqalardagi faoliyatining oʻziga xos jihatlari bilan bogʻliq muammolarni tadqiq etgan. Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlarida A.M.Xodorovich, A.A.Maksimova, A.R.Radzievskiy, L.G.Shaxlina, T.S.Soboleva, B.I.Butenko, Yu.V.Verxoshanskiy, V.M.Klevenko, T.S.Saxtaganov, I.P.Degtyarev, V.V.Lisitsin yuqori malakali ayol bokschilarni texnik va taktik jihatdan tayyorlashga eʼtibor qaratgan boʻlsa, I.A.Sashenko esa ayollar boksida sportchilarni tayyorlash jarayonida tiklanish va ishlash qobiliyatini oshirish usullarini tadbiq etgan.
  • Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi yuqori malakali bokschi qizlarning maxsus jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish metodikasini ishlab chiqish. Tadqiqotning vazifalari quyidagilar: energiya zaxirasini saqlash, individual fiziologik koʻrsatkichlarni tahlil qilish, ishchanlik qobiliyatini baholash, organizmning individual xususiyatlariga moslashtirilgan mashgʻulot rejasini ishlab chiqish, yuqori shiddatga moslashtirish, sport mahoratini oshirish va ishchanlik qobiliyatini uzoq muddat saqlab qolish, jismoniy sifatlarni rivojlantirish, yurak qisqarish soniga qarab mashgʻulot uslubiyatini ishlab chiqish.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Yuqori malakali bokschi qizlarning energiya zaxirasini saqlash uchun mashg'ulotlardagi individual fiziologik koʻrsatkichlarni tahlil qilish, maxsus mashg'ulot rejasini ishlab chiqish, organizmni yuqori shiddatga moslashtirish, sport mahoratini oshirish va ishchanlik qobiliyatini uzoq muddat saqlab qolish uchun mashg'ulotlar tizimini ishlab chiqish.
  • Tadqiqotning amaliy natijalari: Yuqori malakali bokschi qizlarning musobaqaoldi mashg'ulotda texnik-taktik tayyorgarligida ular organizmining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda oʻquv-mashg'ulot yuklamalarining qoʻllash uslubiyati ishlab chiqilgan; tadqiqotdan olingan ilmiy-uslubiy tavsiyalarni musobaqaoldi tayyorgarlikning turli bosqichlarida malakali bokschi qizlarning texnik-taktik tayyorgarlik darajasini oshirishda, oʻquv-mashg'ulot jarayonida foydalanish samaradorligi pedagogik tajribada asoslab berilgan.
  • Xulosalar: Yuqori malakali bokschi qizlarning maxsus jismoniy tayyorgarligi jarayonini takomillashtirish, sohadagi bugungi kunda mavjud muammolarni aniqlash, sport mahoratini oshirish va bokschi qizlarning umumiy jismoniy tayyorgarligi ko'rsatkichlarini yuqori darajaga olib chiqish hamda uzoq muddat saqlab qolish uchun organizmni yuqori shiddatga moslashtirishga qaratilgan mashg'ulotlar tizimini ishlab chiqish zarurati mavjud. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yuqori malakali bokschi qizlarning ishchanlik qobiliyatini baholash va rivojlantirish uchun individual fiziologik va biomexanik ko'rsatkichlar tahlil qilinib hamda natijalari inobatga olinib, yuqori bokschi qizlar maxsus jismoniy tayyorgarligiga qaratilgan mashg'ulotlar rejasini ishlab chiqish zarurati mavjud.