Oliy taʼlim muassasalari talabalarining kreativ kompetensiyalarini rivojlantirish metodikasini takomillashtirish
Ushbu avtoreferat oliy ta'lim muassasalarida talabalarining kreativ kompetensiyalarini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishga bag'ishlangan. Tadqiqotda zamonaviy ta'lim jarayonida talabalarning ijodiy va lingvistik qobiliyatlarini rivojlantirishning dolzarbligi asoslangan. Ijodiy tafakkurni rag'batlantirish, nostandart muammolarni hal qilish va innovatsion yondashuvlarni qo'llashga qaratilgan metodikalar va vositalar taklif etilgan. Tadqiqotda aniqlangan didaktik imkoniyatlar, ijodiy faoliyatni tashkil etishning samarali usullari va talabalar kreativligini rivojlantirishga oid ilmiy-pedagogik tavsiyalar bayon etilgan. Zamonaviy raqamli platformalar va texnologiyalardan foydalangan holda kreativ kompetensiyani rivojlantirishning didaktik modeli ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilgan. Tajriba-sinov ishlarining natijalari statistik tahlil qilinib, samaradorligi tasdiqlangan.
Asosiy mavzular
- Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Jahon xamjamiyatining globallashuvi xorijiy tillarni muloqot vositasi sifatida oʻrganish, professional bilimlarni oʻzlashtirish, shaxsning lingvistik tafakkuri bilan bir qatorda madaniyatlararo sezgirlik, kontekstga mos til tanlay olish, kodlararo almashinuv (code-switching) koʻnikmalarini rivojlantirishga boʻlgan ehtiyojini yanada kuchaytirmoqda. Ushbu masala zamonaviy dunyoda jahon tillaridan biri sifatida e'tirof etilayotgan ingliz tilini oʻrgatish va oʻqitish nuqtayi nazaridan ahamiyati yuqoridir. UNESCO, OECD, CEFR (Common European Framework of Reference for Languages) va boshqa xalqaro tashkilotlar ta'lim jarayonida kreativ fikrlashni rivojlantirishni ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida e'tirof etmoqda. Xususan, CEFR 2020 yildagi yangilangan talqinida “mediation”, “plurilingual competence” va “creative language" kabi kompetensiyalar alohida e'tiborga olingan. Bu esa til o'rganish jarayonini endilikda oddiy kommunikativ faoliyat bilan cheklamay, balki ijodiylikni rag'batlantiruvchi integrativ yondashuvlar orqali tashkil etishni taqozo etadi.
- Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi oliy ta'lim muassasalari talabalarining kreativ kompetensiyani rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat. Tadqiqotning vazifalari: Oliy ta'lim muassasalari talabalarining kreativ kompetensiyasini rivojlantirishning didaktik imkoniyatlarini aniqlashtirish; oliy ta'lim muassasalari talabalarining kreativ kompetensiyasini rivojlantirishning didaktik modelini takomillashtirish; talabalarda kreativ kompetensiyani rivojlantirish metodikasini takomillashtirish; talabalarda kreativ kompetensiyaning rivojlanganlik darajalarini aniqlashda sifat ko'rsatkichlari va ijodiy baholash mezonlarini ishlab chiqish va samaradorligini aniqlashtirish.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Talabalarda kreativ kompetensiyani rivojlantirishning didaktik imkoniyatlari ijodiy tafakkurni kengaytirishga qaratilgan ijodiy sezgirlik, lingvistik ijodkorlik va yaratuvchanlik kabi oʻzini ifoda eta olish layoqatini oshirish, yangi gʻoyalarni ilgari surish, nostandart muammolarga kreativ yondashish, ijodiy fikrlashni rivojlantirish salohiyatidan foydalanishga ustuvorlik berish asosida aniqlashtirilgan; talabalarda kreativ kompetensiyani rivojlantirishning didaktik modeli amaliy yondashuvlar va tamoyillarning tizimli birligini asoslash, vizual va estetik tafakkurni ifodalash, tilni oʻzlashtirish ta'limiy integratsiyaga koʻra, o'qitish samaradorligini oshirish hamda ilmiy-innovatsion va kreativ g'oyalarning konseptual, mazmunli, prossessual va diagnostik-natijaviy bloklar uzviyligiga funksional bog'liqligini isbotlash asosida takomillashtirilgan; talabalarda kreativ kompetensiyani rivojlantirish metodikasi VTS-visual thinking strategy, TBL-task-based learning, CPS-creative problem solving, Creative concentration usullariga koʻra, Canva, padlet va flipgrid adaptiv ta'lim platformalari yordamida lingvistik, san'at va madaniyat, ijodiy topshiriqlar mazmunidagi interaktiv mashqlarni ishlab chiqish asosida takomillashtirilgan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Oliy ta'lim muassasalari tasviriy san'at yoʻnalishi talabalarida ingliz tili muhitida kreativ kompetensiyalarni rivojlantirish metodikasi ishlab chiqilgan; innovatsion-tasviriy ta'lim muhiti sharoitida ingliz tilini oʻrganishda talabalar kreativligini rivojlantirishga oid ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan; talabalar kreativligini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishga oid baholash mezonlari ishlab chiqilgan; "Integrated skills" nomli oʻquv qo'llanma yaratilgan.
- Xulosa: Kreativ kompetensiya talabaning ijodiy sezgirligi, estetik didi, lingvistik ijodkorligi va madaniy g'oyalarga asoslangan fikrlashini ifoda etuvchi kompleks shaxsiy sifatlar majmuasidir. Tadqiqotda ushbu kompetensiyani rivojlantirishga xizmat qiluvchi didaktik imkoniyatlar tizimlashtirildi hamda kreativ fikrlash, nostandart muammolarni yechish va multimodal ifodaviy faoliyat orqali individual rivojlanishni ta'minlash asosida nazariy asoslab berildi. Kreativ kompetensiyani rivojlantirish modeli didaktik bloklarning (maqsadli, konseptual, mazmunli, protsessual va pedagogik-natijaviy) funksional uyg'unligi asosida ishlab chiqildi. Ushbu model ta'limiy integratsiya, estetik-til birliklari va pedagogik resurslarga asoslangan yondashuv orqali o'quv jarayonining samaradorligini oshirish, hamda talabalarning ijodiy tafakkurini bosqichma-bosqich rivojlantirish imkonini berdi. Visual Thinking Strategy, Task-Based Learning, Creative Problem Solving va Creative Concentration metodlariga asoslangan yangi metodika ishlab chiqildi. Ushbu metodika raqamli platformalar (Canva, Padlet, Flipgrid) orqali ingliz tilini san'at va madaniyat kontekstida kreativ topshiriqlar orqali o'rgatish imkonini berdi. Taklif etilgan metodikaning samaradorligi kognitiv-intelektual, emotsional estetik, kommunikativ-kooperativ va reflektiv-metakognitiv mezonlar asosida baholandi. Ushbu mezonlar orqali talabalarning ijodiy tafakkurga asoslangan estetik ifodasi, guruhiy ijodiy hamkorlikda samarali muloqoti va muammoli vaziyatlarga mustaqil yondashuvi aniqlab berildi. Bu esa metodikaning amaliy natijadorligini frontal baholash asosida isbotladi. Tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan dars ishlanmasi eksperimental guruhda qo'llanilishi orqali o'zining amaliy samaradorligini ko'rsatdi. Tahlil natijalari shuni ko'rsatdiki, tizimli ravishda tashkil etilgan kreativ topshiriqlar va interaktiv metodlar talabalarning ijodiy tafakkurini faollashtiradi, ularning ingliz tilida ifodaviy imkoniyatlarini kengaytiradi va shaxsiy qiziqishini oshiradi.