Maktabgacha yoshdagi bolalarni maxsus mashqlar orqali harakat faolligini oshirish uslubiyatini takomillashtirish
Ushbu avtoreferat maktabgacha yoshdagi bolalarning harakat faolligini maxsus mashqlar va harakatli o'yinlar orqali oshirish metodikasini takomillashtirishga bag'ishlangan. Tadqiqotda bolalarning jismoniy rivojlanishi, harakat ko'nikmalari va sog'lom turmush tarzi bo'yicha ilmiy-nazariy va amaliy asoslar ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari maktabgacha ta'lim tashkilotlarida jismoniy tarbiya jarayonini samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy tavsiyalar beradi.
Asosiy mavzular
- Kirish: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi, respublikada fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga bog'liqligi, muammoning o'rganilganlik darajasi, tadqiqotning maqsadi, vazifalari, obyekti va predmeti, tadqiqotning usullari, ilmiy yangiligi, amaliy natijalari, ishonchliligi, ilmiy va amaliy ahamiyati, joriy qilinishi, aprobatsiyasi, tuzilishi va hajmi haqida ma'lumotlar berilgan.
- 1-bob. Maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarining jismoniy rivojlanishiga doir ilmiy-uslubiy manbalar tahlili: Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarning harakat faolligini rivojlantirishda amaliyotda qo'llanilayotgan vositalar va usullar, ularning samaradorlik ko'rsatkichlari, shuningdek, ushbu yoshdagi bolalarning jismoniy rivojlanishi va tana massasining individual indekslari tahlil qilingan. Jismoniy yuklamalarga adaptatsiya jarayonlarining yoshga bog'liqligi va ta'siri, mashg'ulot jarayonini boshqarishning asosiy tamoyillari asoslangan holda rejalashtirish yuzasidan ma'lumotlar keltirilgan.
- 2-bob. Tadqiqot usullari va uni tashkil etish: Bobda qo'yilgan muammolarni hal qilishda tadqiqot mavzusi bo'yicha adabiyotlar manbalarini o'rganish va tahlil qilish, maxsus ilmiy-uslubiy adabiyotlar tahlili, pedagogik testlash, pedagogik tajriba, pedagogik kuzatuv, matematik-statistik uslublari tadqiqot natijalarini statistik qayta ishlash usullari kabi usullaridan foydalanilganligi bayon qilingan. Tadqiqot 2022-2025 yillar davomida uch bosqichda amalga oshirilgan.
- 3-bob. Maktabgacha yoshdagi bolalarning harakat tayyorgarligi va uni takomillashtirish metodikasi: Bobda maktabgacha ta'lim tashkilotining 5-6 yoshli tarbiyalanuvchilarining tajriba boshlanishidagi jismoniy tayyorgarlik darajasi va ularning rivojlanish dinamikasi atroflicha o'rganilgan. Tajriba va nazorat guruhlari uchun ishtirokchilar tanlab olingan va dastlabki natijalar tahlil qilingan. Tadqiqot tajriba va nazorat guruhlari uchun quyidagi maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari orasidan ishtirokchilar tanlab olindi: Buxoro shahridagi 19- va 47-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan jami 80 nafar bola, Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanidagi 11- va 12-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan jami 68 nafar bola, Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi 1- va 36-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan jami 74 nafar bola.
- 4-bob. Maktabgacha yoshdagi bolalarda maxsus mashqlar va harakatli oʻyinlarni qoʻllash samaradorligini aniqlash boʻyicha pedagogik tajriba natijalari tahlili: Bobda maktabgacha ta'lim tashkilotining 5-6 yoshli tarbiyalanuvchilarining jismoniy rivojlanish dinamikasi atroflicha o'rganilib, ushbu yoshdagi bolalarning jismoniy tayyorgarligini rivojlantirishga qaratilgan mashg'ulotlarda samarali vosita va usullar (pedagogik tajriba) qoʻllanishi natijalari keltirilgan. Tadqiqot oxirida olingan natijalar tahlil qilingan.
- Xulosalar: Maktabgacha ta'lim tizimida jismoniy tarbiya mashg'ulotlarining ahamiyati, maxsus mashqlar va harakatli o'yinlarning samaradorligi, shuningdek, jismoniy rivojlanishda individual yondashuv va pedagoglarning malakasini oshirish zaruriyati haqida xulosalar berilgan. Tadqiqot natijalari asosida maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy faolligini oshirish bo'yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
- Amaliy tavsiyalar: Tavsiyalarda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida jismoniy tarbiya mashg'ulotlarida maxsus mashqlar va harakatli oʻyinlardan samarali foydalanish, bolalarning yoshi va jismoniy imkoniyatlarini inobatga olgan holda toʻgʻri tanlangan ilmiy-pedagogik metodlar va jismoniy mashg'ulotlar, hamda pedagoglarning malakasini oshirish bo'yicha yo'riqnomalar berilgan.