Falsafa fanidan o‘quv-uslubiy majmua

“Falsafa” fani bo'yicha Sillabus O'zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Termiz davlat universiteti tomonidan ishlab chiqilgan. Sillabus falsafaning predmeti, mohiyati, rivojlanish bosqichlari, sharq va g'arb falsafasi, borliq (ontologiya), bilish falsafasi (gnoseologiya), mantiq, jamiyat falsafasi, inson falsafasi, qadriyatlar falsafasi, axloq va nafosat falsafasi, korrupsiyaga qarshi kurashishning jahon tajribasi va O'zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash siyosati kabi mavzularni o'z ichiga oladi. Shuningdek, mustaqil ta'lim va mustaqil ishlar uchun ham alohida mavzular berilgan. Har bir mavzu bo'yicha ma'ruza va seminar mashg'ulotlari shakllari, ularning mazmuni hamda baholash mezonlari ko'rsatilgan. Fan o'zlashtirish natijasida talaba ega bo'lishi lozim bo'lgan bilim va ko'nikmalar ham belgilab berilgan.

Asosiy mavzular

  • 1-modul. Falsafa va uning jamiyat hayotidagi roli: Falsafaning predmeti, asosiy masalalari, tuzilmasi va funksiyalari. Falsafaning paydo bo‘lishi va jamiyat rivojlanishidagi ahamiyati. Dunyoqarashning mohiyati, tuzilishi va asosiy funksiyalari. Dunyoqarashning tarixiy shakllari: mifologik va diniy dunyoqarash, falsafiy va ilmiy dunyoqarash, ularning o‘zaro aloqadorligi hamda o‘ziga xosligi. Raqamli sivilizatsiya sharoitida yoshlar dunyoqarashida axboriy tahdidlarga qarshi imunitetni shakllantirishda falsafaning ahamiyati.
  • 2-mavzu. Falsafiy tafakkur taraqqiyot bosqichlari: Sharq falsafasi: Qadimgi Sharqda asotiriy tasavvurlar va falsafiy bilimlarning paydo bo‘lishi. Misr va Bobilda olam va odamning paydo bo‘lishi haqidagi mifologik tasavvurlar va falsafiy bilimlar.
  • 3-mavzu. Falsafiy tafakkur taraqqiyot bosqichlari: G‘arb falsafasi: Qadimgi Yunon-Rim falsafiy maktablari va ularning ta’limoti. Xristianlik va o‘rta asr G‘arb falsafasi rivojlanishining umumiy belgilari. G‘arb Uyg‘onish davri va falsafiy tafakkurning rivojlanish xususiyatlari. Yangi davr G‘arb falsafasidagi asosiy muammolar. Eng yangi davr G‘arb falsafasining oqimlari.
  • 4-mavzu. Borliq (ontologiya) va rivojlanish (dialektika) falsafasi: Borliqni ta’riflash muammosi. Tabiiy-ilmiy fanlar va falsafa tarixida “borliq” kategoriyasining o‘rganilishi, borliq va yo‘qlik dialektikasi. Borliq shakllarining tasnifi. Tabiatning ontologik maqomi. Biosfera va Noosfera haqidagi ta’limotlar, koevolyusion va invayronmental nazariyalar. Borliqning o‘zgarmas asosi (substansiya va substrat) tushunchalarining mohiyati.
  • 5-mavzu. Bilish falsafasi (gnoseologiya): Bilish jarayonining mohiyati va asosiy mezonlari. Bilish jarayoniga oid yondashuvlar tasnifi: optimizi, skeptitsizm va agnostitsizmning mohiyati. Bilimning asosiy turlari va shakllari. Bilishda sub’ekt va ob’ektning o‘zaro aloqasi. Bilish faoliyat turi sifatida. Hissiy, empirik, nazariy, mantiqiy, intuitiv, bilish darajalarining o‘zaro aloqasi va farqi. Haqiqat bilishning bosh maqsadi. Amaliyot – haqiqat mezoni sifatida.
  • 6-mavzu. Mantiq: Mantiq tafakkur shakllari va qonunlarini o‘rganuvchi fan sohasi sifatida. Mantiqiy tafakkur evolyutsiyasi: formal, dialektik va noklassik mantiq. Formal mantiqning predmeti va tuzilishi. Tafakkurning mantiqiy shakllari va qonunlari, ularning mazmuni va to‘g‘ri fikr yuritishdagi ahamiyati.
  • 7-mavzu. Tafakkur shakllari: tushuncha, hukm va xulosa: Tushuncha - predmetlarning umumiy, muhim belgilarini aks ettiruvchi mantiqiy shakl. Tushunchaning mazmuni va hajmi, ular o‘rtasidagi teskari nisbat. Tushunchalarning turlari va tushunchalar o‘rtasidagi munosabatlar. Tushunchalarni chegaralash va umumlashtirish. Hukm tafakkur shakli sifatida. Hukmning tarkibi, xususiyatlari va turlari. Xulosa chiqarishning umumiy mantiqiy tavsifi.
  • 8-mavzu. Jamiyat falsafasi: Jamiyat tushunchasining mohiyati va uning rivojlanish bosqichlari. Jamiyatning paydo bo‘lishiga oid qarashlar. Tarix falsafasi.
  • 9-mavzu. Inson falsafasi (falsafiy antropologiya): Falsafa tarixida inson mohiyatiga qarashlarning tasnifi. Inson, individ, shaxs tushunchalarining o‘zaro aloqadorligi. Ongning mohiyati, strukturasi va funksiyalari.
  • 10-mavzu. Qadriyatlar falsafasi (aksiologiya): Qadriyat tushunchasining mazmuni va uning umumiy tavsifi. Qadriyatlarning turlari (umuminsoniy, milliy, shaxsiy qadriyatlar). Oilaning qadriyatga doir jihatlari.
  • 11-mavzu. Axloq falsafasi (Etika): Etikaning mohiyati va ahamiyati. Etikaning fan sifatidagi asosiy sohalari. Etikadagi qadriyatlar va kategoriyalar.
  • 12-mavzu. Nafosat falsafasi (Estetika): Dunyoni estetik idrok etishning mohiyati va insonning voqelikka estetik munosabati. Estetikaga zamonaviy yondashuvlar. Estetika kategoriyalari. Estetika va san’at. San’atning estetik mohiyati, uning turlari va janrlari.
  • 13-mavzu. Globallashuv va barqaror taraqqiyot falsafasi: Globallashuv, globalistika va barqaror taraqqiyot tushunchalari. Global muammolar – XX asr mahsuli sifatida. Mavjud bo‘lgan global muammolar va ularni hal qilish yo‘llari. Global mtammolarni hal qilishda xalqaro kuchlarni birlashtirishning ahamiyati.
  • 14-mavzu. Korrupsiyaga qarshi kurashning jahon tajribasi: Korrupsiya tushunchasining mazmuni va uning tarixiy ildizlari. Ijtimoiy hayotda korrupsiyaning ko’rinishlari. Xalqaro korrupsiya va unga qarshi kurash.
  • 15-mavzu. O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash siyosati: Korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli yondashuvning zarurligi. O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashning tashkiliy-huquqiy asoslari. Korrupsiyaning ma’muriy huquqbuzarlik va jinoyat sifatidagi tahlili va uni bartaraf etishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning ahamiyati.