Tilshunоslikka kirish

Ushbu kitob tilshunoslikka kirish kursidan uslubiy tavsiyalar boʻlib, unda tilshunoslik fanining vazifalari, oʻrganish sohasi, tilning paydo boʻlishi, tilshunoslik tarixi, fonetika, morfologiya, leksikologiya, sintaksis, yozuv va uning turlari, til va tafakkur, sotsiolingvistika kabi mavzular yoritilgan. Kitobda tilshunoslikning asosiy tushunchalari, nazariyalari va metodlari, shuningdek, tilning jamiyat bilan aloqasi va inson tafakkuridagi oʻrni haqida maʼlumotlar berilgan.

Asosiy mavzular

  • Tilshunoslik fanining vazifasi va oʻrganish sohasi: Tilshunoslikka kirish kursining asosiy vazifasi, filologiya fakultetlari talabalariga tilshunoslikning fonetika-fonologiya, leksikologiya, grammatika sohalarining har biri o'rganadigan masalalari xususida to'la ma'lumot berish, shuningdek, tilning material nuqtai nazardan nimani taqozo etishi, tilning sistema ekanligi, tilning jamiyatdagi o'rni, uning rivojlanish qonuniyatlari, til va tafakkur, til va nutq, sotsiolingvistik masalalar, yozuv va uning turlari xususidagi ma'lumotlar bilan batafsil tanishtirishdan iboratdir.
  • Tilning paydo boʻlishi: Tilning paydo boʻlishi masalasi juda ko'p davrlardan buyon kishilarni qiziqtirib kelgan va bugungi kunda ham bu masala kishilarning diqqat markazida boʻlib kelmoqda. Mazkur masala doirasida aytilgan fikrlar, erishilgan yutuqlar qanchalik salmoqli boʻlmasin, hozirgi kunga qadar bu borada hali aniq bir to'xtamga kelingani yo'q.
  • Tilshunoslik tarixidan ma'lumot: Tilshunoslik fani hozirgi taraqqiyoti bosqichigacha juda koʻplab ilmiy-nazariy yutuqlarga erishdi. Bu jarayon ko'p asrlik oʻsish va taraqqiyot davrini o'z ichiga qamrab oladi. Fan taraqqiyoti mavjud muammoli masalalarga aniqlik kiritilishi natijasida yuzaga kelishi izoh talab etmaydi.
  • Fonetikaga oid ma'lumotlar: Fonetika tilshunoslik fanining mustaqil bo'limlaridan biri boʻlib, unda tildagi tovushlar sistemasi akustik va artikulatsion jihatdan o'rganiladi. Nutq tovushlari fonetikaning birligi sifatida oʻrganilganda fonlar deb yuritiladi. Fon hozirgi zamon tilshunosligida keng tarqalgan atamalardan biri boʻlib, nutqning eng kichik, ma'no anglatmaydigan birligidir.
  • Morfologiya: Morfologiyani oʻrganish tilshunoslikka kirish kursida eng katta mavzulardan biri hisoblanadi. Mashg'ulotlar davomida morfema va uning turlari, morf, allomorf, grammatik shakl va grammatik ma'no, asosiy grammatik kategoriyalar, soʻzlarni turkumlarga bo'lishning asosiy tamoyillari singari muhim masalalar oʻrganiladi.
  • Leksikologiya: Leksikologiya til fanining eng asosiy bo'limlaridan biri sanaladi. Shu bois ham mazkur sohaga doir ma'lumotlarni oʻrganish uchun quyidagi asosiy masalalarga alohida e'tibor qaratishni o'rinli deb hisoblaymiz. Leksikologiyaning oʻrganish sohasini aniq belgilab olish, uning bo'limlari va har bir bo'limning oʻrganish ob'yektini aniq tasavvur etish, so'zning leksik-semantik xususiyatlarini chuqur o'rganish, lug'aviy va leksik ma'no, soʻz, narsa va tushuncha orasidagi munosabatlar ana shular jumlasidandir.
  • Sintaksis: Sintaksisda soʻz birikmasi, sodda gap va qo'shma gaplar, gap bo'laklari o'rganib kelindi. Tilshunoslik sintaksis sohasida ham boshqa sohalarida erishilgani kabi qancha ko'p taraqqiyotga erishgan bo'lmasin, bugungi kunga kelib bu borada aytilgan mavjud fikrlarga e'tibor beradigan bo'lsak, hali oʻz yechimini toʻla topmagan munozarali masalalar ham salmoqli ekanligining guvohi bo'lamiz.
  • Yozuv va uning turlari: Yozuv insoniyat tomonidan tildan keyin qo'lga kiritilgan eng katta kashfiyotlardan biridir. Zero, yozuv insoniyat hayotida asrlar mobaynida zamon va makonning to'siqlarini yengib oʻtishda tengsiz xizmat qilib kelmoqda.
  • Til va tafakkur: Til va tafakkur bir-biri bilan oʻzaro uzviy bog'liqdir. Ayrim olimlarning fikrlariga koʻra, ular biri boshqasidan aniq farqlanmaydigan sinkritik hodisalar sifatida tasavvur etiladi.
  • Sotsiolingvistika: Sotsiolingvistika tilshunoslik fanining alohida bir bo'limidir. Bunda til va jamiyat o'rtasidagi aloqaning sabab va mohiyati lingvistik nuqtai nazardan oʻrganiladi. Mazkur jarayonda ijtimoiy omillarning tilga ta'siri, ularning til strukturasida qanday aks etishi singarilarni tadqiq etish nazarda tutiladi.