Tilshunоslikka kirish

Ushbu kitob tilshunoslikning nazariy va amaliy jihatlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tilning mohiyati, tuzilishi, tarixi va jamiyatdagi o‘rni kabi masalalar chuqur tahlil etiladi. Kitob tilshunoslikka kirish kursini o‘rganuvchi talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda fanning asosiy tushunchalari, bo‘limlari va tadqiqot usullari batafsil yoritilgan. Kitobda fonetika, morfologiya, leksikologiya, sintaksis va sotsiolingvistika kabi tilshunoslikning muhim sohalari bo‘yicha ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, unda yozuvning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va turlari, til va tafakkur o‘rtasidagi munosabatlar ham ko‘rib chiqiladi.

Asosiy mavzular

  • Tilshunoslik fanining vazifasi va o‘rganish sohasi: Tilshunoslikning asosiy vazifasi filologiya fakulteti talabalariga tilshunoslikning fonetika-fonologiya, leksikologiya, grammatika sohalarining har biri o'rganadigan masalalari xususida to'la ma'lumot berish, shuningdek, tilning material nuqtai nazardan nimani taqozo etishi, tilning sistema ekanligi, tilning jamiyatdagi o'rni, uning rivojlanish qonuniyatlari, til va tafakkur, til va nutq, sotsiolingvistik masalalar, yozuv va uning turlari xususidagi ma'lumotlar bilan batafsil tanishtirishdan iborat.
  • Tilning paydo bo‘lishi: Tilning paydo bo‘lishi masalasi juda ko'p davrlardan buyon kishilarni qiziqtirib kelgan va bugungi kunda ham bu masala kishilarning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Mazkur masala doirasida aytilgan fikrlar, erishilgan yutuqlar qanchalik salmoqli bo‘lmasin, hozirgi kunga qadar bu borada hali aniq bir to'xtamga kelingani yo'q. Shuni inobatga olgan holda mavzuning yoritilishida inson tilining paydo bo‘lishini insonning paydo bo‘lishi bilan bog'lab o‘rganish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkinligini yodda saqlash lozim.
  • Tilshunoslik tarixidan ma’lumot: Tilshunoslik fani hozirgi taraqqiyoti bosqichigacha juda koʻplab ilmiy-nazariy yutuqlarga erishdi. Bu jarayon ko'p asrlik oʻsish va taraqqiyot davrini o'z ichiga qamrab oladi. Fan taraqqiyoti mavjud muammoli masalalarga aniqlik kiritilishi natijasida yuzaga kelishi izoh talab etmaydi. Tilshunoslikning fundamental fan sifatida shakllanib takomillashuvida, til strukturasi va uning mavjud nazariy muammolarining yoritilishida va, umuman, fan taraqqiyoti dinamikasida juda koʻplab mutafakkirlar, olimlarning ulkan xizmati beqiyosdir.
  • Fonetikaga oid ma’lumotlar: Fonetika tilshunoslik fanining mustaqil bo'limlaridan biri bo‘lib, unda tildagi tovushlar sistemasi akustik va artikulatsion jihatdan o'rganiladi. Nutq tovushlari fonetikaning birligi sifatida oʻrganilganda fonlar deb yuritiladi. Fon hozirgi zamon tilshunosligida keng tarqalgan atamalardan biri bo‘lib, nutqning eng kichik, ma'no anglatmaydigan birligidir. Tovushlarni til birligi sifatida o'rganganda til tovushlari yoki fonemalar deb ataymiz.
  • Morfologiya: Morfologiyani oʻrganish tilshunoslikka kirish kursida eng katta mavzulardan biri hisoblanadi. Mashg'ulotlar davomida morfema va uning turlari, morf, allomorf, grammatik shakl va grammatik ma'no, asosiy grammatik kategoriyalar, soʻzlarni turkumlarga bo'lishning asosiy tamoyillari singari muhim masalalar oʻrganiladi. Mazkur mavzuni oʻrganishda eng avvalo, morfema va uning turlari haqida aniq tasavvurga ega boʻlish ustuvor ahamiyat kasb etadi.
  • Leksikologiya: Leksikologiya til fanining eng asosiy bo'limlaridan biri sanaladi. Shu bois ham mazkur sohaga doir ma'lumotlarni oʻrganish uchun quyidagi asosiy masalalarga alohida e'tibor qaratishni o'rinli deb hisoblaymiz. Leksikologiyaning oʻrganish sohasini aniq belgilab olish, uning bo'limlari va har bir bo'limning oʻrganish ob'yektini aniq tasavvur etish, so'zning leksik-semantik xususiyatlarini chuqur o'rganish, lug'aviy va leksik ma'no, soʻz, narsa va tushuncha orasidagi munosabatlar ana shular jumlasidandir.
  • Sintaksis: Sintaksisda soʻz birikmasi, sodda gap va qo'shma gaplar, gap bo'laklari o'rganib kelindi. Tilshunoslik sintaksis sohasida ham boshqa sohalarida erishilgani kabi qancha ko'p taraqqiyotga erishgan bo'lmasin, bugungi kunga kelib bu borada aytilgan mavjud fikrlarga e'tibor beradigan bo'lsak, hali oʻz yechimini toʻla topmagan munozarali masalalar ham salmoqli ekanligining guvohi bo'lamiz.
  • Yozuv va uning turlari: Yozuv insoniyat tomonidan tildan keyin qo'lga kiritilgan eng katta kashfiyotlardan biridir. Zero, yozuv insoniyat hayotida asrlar mobaynida zamon va makonning to'siqlarini yengib oʻtishda tengsiz xizmat qilib kelmoqda. Uning bu imkoniyatlarini aniq tasavvur etish uchun ajdodlardan avlodlarga meros qilib qoldirilgan yozma manbalarni eslashning o'zi kifoyadir.
  • Til va tafakkur: Til va tafakkur bir-biri bilan oʻzaro uzviy bog'liqdir. Ayrim olimlarning fikrlariga koʻra, ular biri boshqasidan aniq farqlanmaydigan sinkritik hodisalar sifatida tasavvur etiladi. Albatta, til bilan tafakkurning oʻzaro munosabati tilshunoslikda ham, falsafada ham eng muhim murakkab muammolardan biridir.
  • Sotsiolingvistika: Sotsiolingvistika tilshunoslik fanining alohida bir bo'limidir. Bunda til va jamiyat o'rtasidagi aloqaning sabab va mohiyati lingvistik nuqtai nazardan oʻrganiladi. Mazkur jarayonda ijtimoiy omillarning tilga ta'siri, ularning til strukturasida qanday aks etishi singarilarni tadqiq etish nazarda tutiladi.