Internet tizimidan foydalanish

Ushbu kitob, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va Oʻrta Maxsus Ta'lim Vazirligi hamda Oʻrta Maxsus, Kasb-Hunаr Taʼlimi Markazi tomonidan tayyorlangan boʻlib, "Internet Tizimidan Foydalanish" nomli oʻquv qoʻllanmadir. Qoʻllanma kasb-hunar kollejlari, xususan Axborotlashtirish va kutubxona-shunoslik yoʻnalishi boʻyicha tahsil oluvchilar uchun moʻljallangan. Kitobda Internetning tarixi, uning imkoniyatlari, undan foydalanish asoslari, Internet tarmogʻining bibliografik resurslari, axborot-kutubxona muassasalarida Internetdan foydalanish, elektron pochta xizmatlari, Internet orqali muloqot, axborot xavfsizligi, elektron hujjat almashinuvi, Internet tarmogʻi video materiallaridan foydalanish, interaktiv xizmatlar, elektron kutubxonalar va virtual kutubxonalar, shuningdek, Oʻzbekistondagi Internet bazalari va xizmatlari kabi muhim mavzular chuqur yoritilgan. Qoʻllanma zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishni oʻrganishga yordam beradi.

Asosiy mavzular

  • Kirish: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 20-iyundagi «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish toʻgʻrisida»gi Qarori kutubxonachilik sohasida keskin burilish yasadi. Aholiga axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatish tizimi tubdan oʻzgardi. Joylarda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari tashkil etilib, kitobxonlarga xizmat ko'rsatish tuzilmasi yuksak pog'onaga ko'tarildi. Aholini axborotga boʻlgan ehtiyojlari zamonaviy texnologiyalar asosida qondirilishi fikrimizning yaqqol dalilidir. Hozirgi kunda axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari boshqaruv tizimining tubdan oʻzgarganligi kitobxonlar va muta-xassislar bilan ishlashda, yangi bir davrning boshlanganligini, bozor munosabatlari sharoitida boshqaruv tizimlarini isloh qilish, axborot va reklama xizmatlarini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, menejment va marketing, axborot kommunikatsion texnologiyalari bilimlarini chuqur egallagan mutaxassislarni tayyorlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Istalgan joyda turib, dunyoning narigi chekkasidagi odam bilan gaplashish imkoni bor. Butundunyoda Internet tarmogʻining qamrovi tobora kengayib borayotir. Oʻtgan asrda radio, televideniye kabi axborot vositalari ommalashgan boʻlsa, Internet xizmati soʻnggi vaqtda 2 milliardli auditoriyani qamrab oldi. Internet axborot olish, almashish, sotish, xarid qilish kabi kundalik ehtiyojlar uchun eng qulay va samarali vositaga aylandi. Ayniqsa, bu tizim jahondagi deyarli barcha ochiq ma'lumotlarni oʻzida jamlagani bois, insonning bilim doirasini kengaytirish, dunyoqarashini shakllantirishda tengi yoʻq manbadir. Ammo har bir taraqqiyot mahsulidan har kim turlicha foydalanishi mumkin.
  • 1-bob. Internet tarixi va imkoniyatlari: Internet – bu minglab lokal va mintaqaviy kompyuter tarmoqlarini bir butun qilib birlashtiruvchi butundunyo kompyuter tarmogʻidir. Oʻtgan asrning 60-yillarida AQSH Mudofaa vazirligi qoshidagi markazlardan birida RAND CORPORATION korxonasi birinchi marta, butun mamlakatni qamrab olgan markazlashmagan kompyuter tarmogʻini yaratishni taklif qildi. Bu loyihani amalga oshirishdan maqsad, harbiy muassasalar blokida oʻquv markazlari kompyuterlarini bir tarmoqqa birlashtirib, boshqarishni markaz-lashtirish edi. Bundan koʻzlangan maqsad, yadro quroli hujumida ham, tarmoqning bir nechta qismi ishdan chiqqan holda ham ishlash xususiyatini saqlab qoladigan tizimni yaratish boʻlgan. Bu tizim uchun koʻplab tarmoqlar zarur edi. 1969-yilda AQSH Mudofaa vazirligining istiqbolli tadqiqotlar agentliligiga mamlakatdagi barcha harbiy muassasalardagi kompyuterlarni birlashtiruvchi yagona tarmoq yaratish topshirilgan edi. Bu tarmoq (ARPANET) harbiy mutaxassislarga axborot almashishga yordam koʻrsatishga moʻljallangan edi. Dastavval Internet tarmogʻi harbiy maqsadlarni koʻzlab yaratilgan boʻlsa-da, uning faoliyati keyinchalik fan va ta'lim sohasida axborot almashish, oʻzaro aloqaga ega boʻlish uchun ishonchli va mukammal ishlaydigan tizim sifatida qoʻllanila boshladi. Shu oʻrinda Internetning asosiy xizmatlari yaratilishi bilan bogʻliq sanalarga toʻxtalib oʻtamiz. 1971-yilda elektron pochta jo'natmalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan birinchi dastur yaratildi. 1972-yilga kelib, oliy ta'lim tizimida ham keng qoʻllanila boshladi - AQSHning 50 universiteti va tadqiqot markazlari yangi tarmoqqa ulanib, ilmiy axborot almashinuvidan unumli foydalanish yoʻlga qoʻyildi. 1973-yilda esa Atlantika okeani tubidan oʻtgan telefon kabeli orqali bu tizimga Buyuk Britaniya va Norvegiyaning xorijiy tashki-lotlari ulanishi tufayli tarmoq xalqaro maqomga ega boʻldi. 1984-yilda domen nomlari tizimi ishlab chiqildi. Xuddi shu yilda ARPANET tarmogʻiga jiddiy raqib paydo boʻldi, AQSHning Milliy ilmiy fondi Internet katta universitetlararo tarmogʻini tashkil etdi. Shu paytdan boshlab NSFNet keng ijtimoiy muloqot vositasiga aylanish, jadal kengayib bordi. 1990-yil ARPANET oʻzining nisbatan yosh raqobatchisi NSFNet tarmogʻiga yutqazib, oʻz ishini tugatdi. 1991-yilga kelib esa Internetda gipermatn tuzilmasi asosida ishlaydigan umumjahon oʻrgimchak toʻri (WWW) foydalana boshladi. Ikki yildan soʻng (1993-yil) mashhur NCSA Mosaic brauzeri paydo boʻldi. Bugungi kunda Internetdan vaqtichogʻlik va pochta xizmatidan tashqari, turli kuch va manfaatlar toʻqnashuvidagi axborot quroli sifatida samarali foydalanib kelinayotganini koʻrish mumkin. Internet tarmogʻining mohiyatini tushuntirish uchun uning mantiqiy tuzilishini anglab olmoq kerak. Internetda axborotni paketli uzatish tamoyilidan foydalaniladi. Internetda tarmoqning samarali ishlashi uchun mavjud axborotni qanday qilib paketlar holatiga uzatish va yetkazilgan axborotni qayta tiklash hamda boʻlaklangan paketlarni foydalanuvchiga qanday yetkazish kerakligi muammosini hal qilish lozim boʻladi. Internet (International Network - xalqaro kompyuter tarmogʻi) butundunyoni qamrab qolgan global kompyuter tarmogʻidir. Hozirgi kunda Internet dunyoning koʻplab (150 dan ortiq) mamlakatlarida 100 millionlab abonentlarga ega. Internet dastlab faqat tadqiqot va oʻquv yurtlariga xizmat qilgan boʻlsa, u ishlab chiqarish doirasida ham keng tarqalmoqda. Internet bir qancha qulayliklarga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Bular tarmoqning tezkorligi, arzonligi, aloqaning keng qamrovli ekanligidir. Internetning erkin kiriladigan arxivida inson faoliyatining barcha jabhalarini qamrab qoladigan axborotgacha, yangi ilmiy yangiliklardan tortib, to ertangi kungi ob-havo ma'lumotigacha bilib olish mumkin.
  • 2-bob. Axborot-kutubxona muassasalarida Internet serverlari: Axborot-kutubxona muassasalarida Internet tizimidan foydalanish foydalanuvchilarning axborotga boʻlgan ehtiyoj va talablarini qisqa vaqt ichida ta'minlash vositasidir. Internetdan unumli foydalanish uchun, dastlab, uning tuzilishini tasavvur qilish kerak. Internet millionlab ishlab turgan, butundunyo boʻyicha joylashgan va har xil aloqa vositalari yordamida yagona tarmoqqa birlashgan kompyuterlar. Internetga bog'laningizda ana shu millionlab kompyuterlarda joylashgan ma'lumotlardan foydalana olasiz. Buning uchun kerakli kompyuterning manzilini kiritsangiz, bir necha soniyadan keyin istagan ma'lu-motni olishingiz mumkin. Masalan, Hindistonning Tojmahal obidasi haqidagi ma'lumotni bir zumda bilib olish mumkin. Internetda ishlash uchun uning asosiy tushunchalari bilan yaqindan tanishish lozim. Server. Tarmoqqa ulangan, doimiy ishlaydigan va tarmoqning boshqa nuqtalariga uzatadi. Asosiy xizmati - foydalanuvchilarni Internetga ulaydi. Aynan mana shu xizmatlarni bajaradigan tashkilotni provayder deb atashadi. Ularning serverlari Internetga kirish darvozalari hisoblanadi. Bundan tashqari, server soʻzi quyidagicha shakllarda ham ishlatiladi. Ajratilgan server. Yirik kompaniyalar koʻplab kompyuterlarga ega boʻlishadi. Tashkilotning barcha tarmoq xizmatlarini boshqarish uchun alohida kompyuter ajratilib, unga maxsus dasturlar oʻrnatilgan holda Internetga doimiy ulanadi va uni ajratilgan server deb atashadi. Bu server orqali barcha kompyuterlar Internetga chiqa olishadi. Virtual server. Kecha-yu kunduz Internetga ulangan kompyuterni ishlatish oddiy foydalanuvchiga qimmatga tushadi. Shuning uchun, ular boshqa serverning xotirasidan boʻsh joyni ijaraga olishadi va virtual serverga ega boʻlishadi. Bu bamisoli Internetdagi oʻz vakolat xonangizga oʻxshaganday. Albatta, foydalanuvchi jismoniy server bilan foydalanish huquqiga ega boʻlmaydi, lekin tarmoq orqali virtual serverga kirib, kerakli ma'lumotlarni yozib qoʻyishi mumkin. Keyin tarmoqqa kiritilgan ma'lumotlarni boshqa foydalanuvchilar kun davomida oʻqishi mumkin. Odatda, bunday xizmatni provayderlar koʻrsatadi va uni «xosting» (ing. - hosting) deb atashadi. Serverdagi xosting xizmatlari ikki xil boʻladi: pulli va bepul. Pulli xosting xizmatlarga boy va tez ishlaydi, bepulida esa xizmat turlari kam, ishlash tezligi past va saytingizda oʻzgalarning reklamalari paydo boʻlib turadi. Oʻrganishga bepul xosting boʻlaveradi, lekin jiddiy loyihalar uchun pulli serverlar zarur. Proksi-server. Proksi-server – foydalanuvchi va Internet orasi-dagi maxsus vositachi dastur. Uni ishlatish shart emas, lekin bu dastur yordamida web sahifalarining yuklash jarayonini tezlashtirish mumkin. Proksi-server Internetdan koʻp koʻradigan sahifalarni qattiq diskdagi omborga saqlaydi va yana shu sahifalar soʻralganda Internetdan emas, balki xotirasidan koʻrsatadi. Odatda, proksi-server ajratilgan serverga oʻrnatiladi va tarmoq xizmatlarini ham bajaradi, ya'ni mahalliy tarmoq kompyuterlarini Internetga ulaydi. Tarmoqdagi kompyuterlar Internet soʻrovlarini ajratilgan serverga uzatishadi, serverda esa proksi dasturi soʻrovlarni Inter-netga chiqaradi va tashqaridan kelgan ma'lumotlarni tarmoq kompyuterlariga yetkazib beradi. Yana proksi dasturi yordamida kompyuterlarning tarmoqdagi ish jarayonini boshqarib, kuzatib turish ham mumkin.
  • 3-bob. Internet tarmogʻi va axborot-kutubxona muassasalarida undan foydalanish: Axborotga boʻlgan talabning oshishi, tezkor axborot olish va undan foydalanishni taqozo etmoqda. Har qanday axborot vaqt oʻtishi bilan oʻz qiymatini yoʻqotishi mumkin. Shuning uchun tezkor axborot vositasi bu Internet tizimidir. Axborot-kutubxona muassasalarida Internet tizimining oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Axborotni foydalanuvchilarga yetkazishda, axborotni qabul qilish, toʻplash, qayta ishlash va yetkazish katta rol oʻynaydi. Istalgan foydalanuvchi axborot-kutubxona muassa-sasalarida yoki xonadonida oʻziga kerakli boʻlgan axborotni axborot kutubxona muassasasining web-sayti yoki www natlib.uz ga kirib, ma'lumotlarni olish mumkin. Internet bu Butunjahon kompyuter tarmogʻidir. U katta va kichik lokal kompyuter tizimlarning oʻzaro aloqasini bogʻlab, global miqyosda axborot almashinuvini amalga oshirish imkoniyatini beradi. Undagi protokollar tizimi orqali boshqariladigan barcha tarmoqlar bir-biri bilan oʻzaro aloqada ishlaydi va foydalanuvchilar uchun ma'lumotni saqlash, izlash, chop etish, koʻchirish, joʻnatish va qabul qilish, matn, tovush, foto, grafika, musiqa va boshqa shakllardagi ma'lumotlar bilan interfaol ravishda almashish amallarini bajara oladi. Internet vaqt, makon va geografik chegara bilmaydi, u tun-u kun, har qanday ob-havoda, har qanday mamlakatda ishlayveradi. Buning uchun zarur texnik ta'minot boʻlsa bas. Mamlakatimizda Internetni rivojlantirish davlat darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Birinchi navbatda muhim qonunlar, qarorlar va boshqa me'yoriy hujjatlar qabul qilinib, mustahkam huquqiy poydevor yaratildi. Internet tarmogʻi bugungi kunda bir vaqtning oʻzida bir necha sifatlarda namoyon boʻlmoqda: axborot va bilim manbayi; ommaviy axborotning interfaol vositasi; inson faoliyatining barcha jabhalari – ma'rifiy, madaniy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, sport, turistik va koʻpgina boshqa sohalarga ta'sir koʻrsatuvchi axborot xizmatlari tizimi sifatida. Internet tushunchasi. Internet bu yagona standart asosida faoliyat koʻrsatuvchi jahon global kompyuter tarmogʻidir. Uning nomi ikki xil talqin qilinadi, ya'ni «International Network» – xalqaro tarmoq va «tarmoqlararo» ma'nosini anglatadi. U mahalliy (lokal) kompyuter tarmoqlarni birlashtiruvchi axborot tizimi boʻlib, oʻzining alohida axborot maydoniga ega boʻlgan virtual toʻplamdan tashkil topadi. Internet tarmogʻi, unga ulangan barcha kompyuterlarning oʻzaro ma'lumotlar almashish imkoniyatini yaratib beradi. Internet tarmogʻining har bir mijozi oʻzining shaxsiy kompyuteri orqali boshqa shahar yoki mamlakatga axborot uzatishi mumkin. Masalan, Vashingtondagi Kongress kutubxonasi katalogini koʻrib chiqish, Nyu-Yorkdagi «Metropoliten» muzeyining oxirgi koʻrgazmasiga qoʻyilgan suratlar bilan tanishish, xalqaro anjumanlarda ishtirok etish, bank muomalalarini amalga oshirishi va, hatto, boshqa mamlakatlarda istiqomat qiluvchi Internet tarmogʻi mijozlari bilan shaxmat oʻynash mumkin. Global tarmoq tushunchasi. Internet tarmogʻining asosiy yacheykalari (qismlari) bu shaxsiy kompyuterlar va ularni oʻzaro bogʻlovchi lokal tarmoqlardir. Internet tarmogʻi - bu global tarmoq vakili hisoblanadi. Internet alohida kompyuterlar oʻrtasida aloqa oʻrnatibgina qolmay, balki kompyuterlar guruhini oʻzaro birlashtirish imkonini ham beradi. Agar biron-bir mahalliy tarmoq bevosita Internetga ulangan boʻlsa, u holda mazkur tarmoqning har bir ishchi stan-siyasi (kompyuteri) Internet xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Shuningdek, Internet tarmogʻiga mustaqil ravishda ulangan kompyuterlar ham mavjud boʻlib, ularni xost kompyuterlar (host asosiy hisoblash mashinasi) deb atashadi. Tarmoqqa ulangan har bir kompyuter oʻz manziliga ega va u yordamida dunyoning istalgan nuqtasidagi istalgan foydalanuvchi bilan muloqot qila olishi mumkin.
  • 4-bob. Axborot-kutubxona muassasalarida Internet tarmogʻi xizmatlari: World Wide Web shubhasiz Internetning eng yorqin, qulay va ommabop qismidir. WWWning oʻziga xosligi va bosh yutugʻi shun-daki, u qisqa vaqt ichida oʻzidan oldingi tarmoq xizmatlarini chetga surib, ularning oʻrnini egallay oldi va hozirgi kunda oʻrgimchak toʻrining ushbu «sahifalari» yordamida biz elektron pochtadan foydalana olamiz, yangiliklar toʻplami bilan tanishamiz, arxivdagi fayllar bilan ishlaymiz. Serverlar, saytlar, sahifalar, million, mil-liard hisob birligidagi matn, grafika, multimedia koʻrinishidagi axborotlar yigʻindisi. Bu qurilmaning arxitekturasi insonni larzaga soladi va hayratlantiradi. Odamzodning butundunyo ma'lumotlarini insoniyat minglab yillar davomida terib, donalab zarrachalardan iborat to'plangan bilimlar yig'indisini tokchalarga joylashtirib, yaxlit bir joyda mujassam etish orzusi nihoyat ro'yobga chiqdi. Ammo oʻrgimchak toʻrining asosiy vazifasi katta hajmdagi ma'lumotlarni bir yerga toʻplashgina emas (buni jahonning yirik kutubxonalari ham uddalaydi), balki ushbu ma'lumotlarni tezkor yetkazish va uning kerakli qismini aniq izlab topish texnologiyasini yaratishdan iborat. Chunki axborot kutubxona mulki boʻlmish qogʻozda bitilgan kitoblarda qanchalik koʻp axborot boʻlmasin, ulardan yaxlit axborot hududini tashkil etib boʻlmaydi. Axir uyni faqatgina qum yoki loydan qurishning iloji yoʻq! Internet esa, nafaqat, qisqa muddatda axborot olish, balki istalgan katta-kichik asarning kerakli betigacha topish va buning boshqa manbalarini ham koʻrib chiqish imkonini tugʻdiradi. WWW tushunchasi. WWW (World Wide Web) - Butunjahon o'rgimchak toʻri deb nomlanuvchi tarmoq. WWW – bu Internetga ulangan turli kompyuterlarda joylashgan oʻzaro bogʻlangan hujjatlarga murojaat qilishni ta'minlab beruvchi tarqoq tizimdir. Aynan mana shu xizmat Internetdan foydalanishni soddalashtirdi va ommaviylashtirdi. WWW asosida toʻrt poydevor mavjud: Barcha hujjatlarning yagona formati (shakli); Gipermatn; Hujjatlarni koʻrish uchun maxsus dasturlar (brauzer); Yagona manzilni koʻrsatish tizimi (domen).
  • 5-bob. Internet tarmogʻining bibliografik resurslari: Internet tarmog'i foydalanuvchilariga milliy segmentda joylashgan web-saytlar bo'yicha qidiruv xizmatini taqdim etadi va qidiruvni web-sayt manzili va ichki ma'lumotlari boʻyicha olib borishi mumkin. Bu esa foydalanuvchiga kerakli boʻlgan axborotni samarali qidirish va topish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, WWW.uz qidiruv tizimi Internet resurslari (web-saytlari) katalogini va web-saytlar reytingini yuritadi, saytlar boʻyicha jamlangan statistik ma'lumotlarni toʻplaydi hamda axborot texnologiyalari sohasidagi yangiliklar va maqolalarni yoritib boradi. WWW.uz «Katalog» bo'limi – Internet tarmogʻida ochiq holda joylashgan, Oʻzbekiston Respublikasiga aloqador boʻlgan, roʻyxatga olingan, izohlari keltirilgan va katalog rejasi boʻyicha saralangan web-saytlar to'plami. WWW.uz katalogi foydalanuvchilari oʻzlariga kerak bo'lgan saytni reja boʻyicha (iqtisod, OAV, madaniyat va boshq.) qidirish orqali tezroq topishlari mumkin. Katalog har kuni qidiruv tizimining faol foydalanuvchilari tomonidan yangi saytlar bilan boyitib boriladi. Shu bilan birga WWW.uzning har bir foydalanuvchisi «Top-reyting» boʻlimiga kirib, barcha roʻyxatga olingan saytlar reytingini koʻrishi, «Jamlangan statistika» boʻlimida esa ularning statistikasi bilan tanishib chiqishi mumkin. Mashhur Internet qidiruv tizimlari. Internet tarmogʻi yirik ma'lumotlar ombori hisoblanadi. Undan kerakli ma'lumotlarni qidirib topish foydalanuvchining oldiga qoʻyilgan asosiy masalalardan biridir. Bunday hollarda yirik ma'lumotlar omboridan kerakli ma'lumotlarni qidirib topishda axborot-qidiruv tizimlari muhim ahamiyatga ega. Internet tarmogʻida bunday tizimlarning koʻplab turlarini uchratish mumkin. Bulardan Google, Rambler, Yandex, Yahoo tizimlari oʻzbek, rus va ingliz tillarida qidiruvni olib boradigan eng mashhurlari hisoblanadi. Ushbu qidiruv tizimlarining har biri oddiy va batafsil kengay-tirilgan qidiruv hamda matnli, rasm, musiqa, video va boshqa turli shakldagi axborotlarni qidirish imkoniyatini taqdim etadi. Bu turdagi axborot-qidiruv tizimlaridan foydalanib, ixtiyoriy foydala-nuvchi oʻziga kerakli boʻlgan ixtiyoriy turdagi ma'lumotni qidirib topishi va undan foydalanishi mumkin. Agar sizga biror ma'lumot kerak bo'lib, lekin uning qayerda va qanday koʻrinishda joylashganligini bilmasangiz, u holda shu kabi axborot-qidiruv tizimlaridan foydalaning. Ixtisoslashgan axborot-qidiruv tizimlari. Axborot-qidiruv tizim-lari – bu web-sayt hisoblanib, Internet tarmogʻida axborotlarni qidirish imkoniyatini taqdim etadi. Bunga yuqorida sanab oʻtilgan Google va Yahoo qidiruv tizimlari kiradi. Bizning WWW.uz axborot-qidiruv tizimi qidiruv soʻrovlari boʻyicha ilgʻorlardan biridir. Bundan tashqari, Internet tarmogʻida ma'lum sohada ishlaydigan ixtisoslashgan qidiruv tizimlari ham mavjud. Bulardan eng ommaboplari: «Kim u» – inson toʻgʻrisidagi axborotlarni qidirishga moʻljallangan yangi turdagi axborot-qidiruv tizimi. Bunda ularni ismi, sharifi, familiyasi, kasbi, lavozimi, unvoni hamda tashkilot va boshqalar orqali topish mumkin. «Tagoo» - musiqalarni qidirishga moʻljallangan qidiruv tizimi. Boshqa qidiruv tizimlariga nisbatan ushbu tizim oʻzining kengay-tirilgan musiqa bazasidan va boshqa saytlarning mp3 resurslari-dan qidirib, ularning roʻyxatini shakllantiradi. Soʻrovda musiqa nomini, uning ijrochisini hamda albom nomlarini ham kiritish mumkin. «Truveo» - Internetning turli resurslaridagi videomateriallarni qidirishga ixtisoslashgan axborot-qidiruv tizimi. Bu tizim orqali onlayn video hamda teledasturlar namoyishlarini qidirib topish mumkin. «Kinopoisk» - filmlar toʻgʻrisidagi axborotlarni qidirish tizimi. Qidiruv vaqtida filmning nomi, chiqqan yili, janri, ishlab chiqqan mamlakat, kompaniya, aktyorlar, rejissorlar va ssenariy mualliflari ism-sharifidan foydalanish mumkin. «Ebdb» - elektron kutubxonalardan kitoblarni qidirishga ixtisoslashgan axborot-qidiruv tizimi. Ushbu saytning ma'lumotlar bazasida elektron koʻrinishda tarqatiladigan adabiyotlarning koʻplab mashhurlari toʻplangan. Qidiruv natijalari kitob nomlari boʻyicha guruhlanadi. «Ulov-Umov» – rezume va vakant joylarni qidirish tizimi. Bunda qidiruv jarayonida karyera va ishga bagʻishlangan hamda ijtimoiy tarmoq va boshqa saytlar vakansiyalari tekshiriladi va roʻyxati shakllantiriladi. Qidiruv tizimlaridan toʻgʻri maqsadda foydalanish. Afsuski, bugungi kunda yoshlar ayrim kompyuterga va Internetga koʻngil-ochar vosita deb qarashmoqda. Ayniqsa, bolalar kompyuterga koʻzi tushgan zahoti darrov oʻyinlarni soʻrashadi. Koʻp yigit-qizlar esa Internetga ulangani zahoti rasmlar tomosha qilishga ruju qoʻyishadi. Internet resurslari xilma-xildir. Ularning ichida ham foydali, ham zararli boʻlgan ma'lumotlar uchraydi. Internet tarmogʻidagi axborot-qidiruv tizimlari esa Internet resurslari ichidan soʻralgan ixtiyoriy ma'lumotlarni qidirib topib berish imkoniyatiga ega. Chunki bunday qidiruv tizimlari kalit soʻzlar boʻyicha qidirishni amalga oshiradi. Foydalanuvchi tomonidan qanday ma'lumot kiritilsa, xuddi shu ma'lumotga mos ma'lumotlarni qidirib topadi. Shu narsani eslatib oʻtish kerakki, har qanday axborot ham foydali va toʻgʻri, rost hisoblanavermaydi. Axborot-qidiruv tizimlaridan faqat toʻgʻri va foydali foydalanish maqsadga muvofiqdir. Turli nojoʻya ma'lumotlardan foydalanishdan va tarqatishdan saqlanish lozim.
  • 6-bob. Elektron pochta xizmatidan axborot-kutubxona muassasalarida foydalanish: An'anaviy pochta xizmati. An'anaviy pochta xizmati bizga ma'lum boʻlgan va har bir shahar va markazlarda joylashgan pochta aloqasi korxonalari orqali amalga oshiriladi. Bunda jo'natilishi reja-lashtirilayotgan xat maxsus xatjildga solinib, yuboruvchi va qabul qiluvchining indeksi, manzili va kimga mo'lljallanganligi yoziladi. Shu ma'lumotlarga asoslangan holda pochta korxonasi kelgan xatni markaziy pochta korxonasiga yuboradi va u yerda saralanib, tegishli manzilga eltib berishni ta'minlaydi. Kamchiligi shundaki, yuborilgan xabar yoki xat manzil uzoqligiga qarab kunlab, oylab borishi, ba'zi hollarda umuman yetib bormasligi ham mumkin. Elektron pochta xizmati va uning afzalliklari. Xalqaro Internet tarmogʻining asosini Electronic mail (E-mail) elektron pochta xizmati tashkil qiladi. Elektron pochta xuddi odatdagi pochtadek boʻlib, faqat bunda xatni qogʻozga emas, balki kompyuter klaviaturasidan harf va so'zlarni terib, ma'lum elektron yozuv koʻrinishiga keltiriladi. Elektron pochta maxsus dastur boʻlib, uning yordamida Internet tarmogʻi orqali dunyoning ixtiyoriy joyidagi elektron manzilga xat, hujjat, ya'ni ixtiyoriy ma'lumotni tezda (bir necha soniya va daqiqalarda) jo'natish va qabul qilib olish mumkin. Elektron pochtaning kamchiligi shundan iboratki, xat jo'natuvchi va qabul qiluvchining har ikkisi ham foydalanayotgan kompyuter Internet tarmogʻiga ulangan boʻlishi zarur. Xabar va pochta qutisi tushunchalari. Xabar, umuman olganda, foydalanuvchi pochta orqali yuborishi kerak boʻlgan ma'lumot hisoblanadi va oldindan boshqa dasturda (masalan, Word) tayyor-lab, keyin elektron pochta orqali joʻnatish maqsadga muvofiqdir. Pochta serveri ham oʻzining matn terish oynachasiga ham ega boʻlib, xabarni shu oynada yozish mumkin. Pochta qutisi – bu foydalanuvchi uchun elektron pochta xizmatini taqdim etuvchi kompyuterda qayd qilingan nomdir. Ushbu nom kompyuter xotirasida papka koʻrinishida shakllantiriladi va u oʻzida kiruvchi va chiquvchi xabarlarni vaqtinchalik saqlaydi. Elektron pochta manzillaridagi elektron pochta manzili belgisidan (@) oldin kelgan yozuv pochta qutisi nomini anglatadi. Xabarlarning turlari. Xabarlar turli koʻrinishda boʻlishi mum-kin, masalan, matn, grafik, rasm, ovoz va video ma'lumotlar. Yuborilishi rejalashtirilayotgan ma'lumotlarning hajmi boʻyicha ham chegaralanish mavjud. Har bir pochta provayderi oʻzining siyosatiga ega boʻlib, 2, 5, 10 Mb hajmgacha boʻlgan xabarlarni yuborishni ta'minlaydi. Agarda bu hajm oshib ketsa, katta hajmdagi Rar yoki Zip dasturlari yordamida arxivlab yuborish tavsiya etiladi. Elektron pochta manzili. Elektron manzil @ belgisi bilan ajratilgan ikki qismdan iborat, ya'ni manzilgoh @ foydalanuvchi nomi. Elektron manzilga misol tariqasida tuit@tuit.uz, tuit@inbox.uz larni keltirish mumkin, bu elektron manzillar «tuit» nomli ishlatuvchining http://mail.tuit.uz, http://inbox.uz pochta serverida joylashgan pochta qutisi hisoblanadi.
  • 7-bob. Internetda axborot-bibliografik qidirish tizimlari: Qidiruv tushunchasi. Internet ma'lumotlari tubsiz va cheksizdir. Tarmoqdan istalgan mavzu va masala boʻyicha ma'lumot topish mumkin. Ammo Internetdan biror narsani topish uchun ma'lum vositalar kerak. Internetning izlash tizimlari ana shunday xizmatlardan biri sanaladi. Qidiruv tizimi keng Internet fazosida ma'lumotlarni qidirish, toʻplash, tartiblash, foydalanuvchilarni kerakli ma'lumot bilan tez va qulay ravishda ta'minlash vazifasini bajaradi. Har bir mijozni faqat oʻziga kerakli boʻlgan ma'lumot qiziqtiradi. Qidiruv tizimlari bilan ishlaganda kerakli soʻzni aniq tanlay bilish kerak. Bu qanday amalga oshiriladi? Google, Yandex, Rambler va boshqa xizmatlarning «Поиск» (qidiruv) katakchasiga kalit soʻz, masalan, «Internet yaratilish tarixi» deb yozasiz, soʻng Enterni bosasiz. Natijada qidiruv tizimi turli manbalardan bir nechta ma'lumotlar ro'yxatini taqdim etadi. Siz savolni bergach, qidiruv tizimi o'zining ma'lumot jamg'armasidan unga mos natijani, topilgan web-sahifalarni ro'yxat tarzida taqdim etadi. Ro'yxatning birinchi bandlarida so'rovga eng mos kelgan web-sahifalar joylashadi. Lekin shuni aytib o'tish kerakki, turli qidiruv tizimlari har xil tartiblash qoidalarini ishlatadi, shuning uchun bitta so'rov boʻyicha turli qidiruv tizimlaridan har xil natijalar olish mumkin. Internet tarmog'idagi qidiruv tushunchasi shuni anglatadiki, bunda har bir foydalanuvchi oʻziga kerakli boʻlgan biror ma'lumot yoki materialni maxsus qidiruv tizimlari orqali topish imkoniyatiga ega boʻladi.
  • 8-bob. Internet orqali muloqot, xalqaro konferensiya va forumlarda ishtirok etish: Forum tushunchasi. Internet tarmog'ida forumlar web-sayt ko'rinishida boʻladi va Web-forum deb ataladi. Web-forum - web-sayt tashrif buyuruvchilarining oʻzaro muloqotini tashkil etish uchun mo'ljallangan web-sayt sahifalari va uskunalari majmuyi. Qisqacha aytganda, forum bu web-saytning tashrif buyuruvchilari muloqot o'rnatadigan maydonchasi. Bunda ixtiyoriy foydalanuvchi forum web-saytiga tashrif buyurib, o'zini qiziqtirgan mavzuni oʻrtaga tashlashi va web-saytning boshqa tashrif buyuruvchilari bilan muhokama qilishlari mumkin. Forum muloqotning yana bir oddiy turi boʻlib, unda ixtiyoriy vaqtda ixtiyoriy joydan qatnashish ham mumkin. Bunda biron-bir mavzu tanlanadi va u muhokamaga qo'yiladi. Qatnashuvchilar muzokara bilan tanishib, o'z fikrlarini jo'natishlari mumkin. Bu usulda muhokamada qatnashayotganlarni ko'rmaysiz, faqat ularning fikrlari bilan tanishib chiqish mumkin. Forumda turli-tuman reja muhokama qilinadi. Bunda biror mavzuni tanlab, ularning muhokamasida ishtirok etish mumkin. Milliy va xalqaro Internet forumlari. Internet forumlari alohida yo'nalishlarga ixtisoslashgan yoki umumiy bo'lishi mumkin. Ixtisoslashgan Internet forumlariga tibbiyot, dasturlash texno-logiyalari, dizayn va moda, kompyuter oʻyinlari va transport vositalariga bag'ishlangan forumlar misol boʻladi. Ixtisoslashgan forumlarda faqat moʻljallangan sohaga oid reja muhokama qilinadi, umumiy forumlarda esa ixtiyoriy mavzuni oʻrtaga tashlash mumkin. Xalqaro forumlar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin: Medicinform.ru forumi - tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan boʻlib, kasalliklar va ularni davolash, dori vositalar va ularni toʻgʻri qoʻllash hamda tibbiyot boʻyicha yuridik maslahat olish mumkin. Progz.ru forumi - dasturlash texnologiyalaridan foydalanish, kompyuter dasturiy vositalarini ishlab chiqish va dasturlash bilan bogʻliq yuzaga kelgan muammolarni muhokama qilishga moʻljallangan. Avtomobili.by forumi – avtomobil ishqibozlari forumi boʻlib, unda avtomobil brendlari, rusumlari va turlari hamda ularni ta'mirlash, xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish mumkin. Stopforum.ru forumi - kompyuter oʻyinlari forumidir. Bunda oʻyinlarning turlari, ularni oʻynash sirlari va yuzaga kelgan muam-molar muhokama qilinadi. Wild Design.ru forumida dizayn, moda va tasviriy san'at ixlosmandlari va ijodkorlari fikr almashishadi. Bundan tashqari, ijodkorlar asarlaridan bahramand boʻlish mumkin. Uforum.uz - milliy forumi. Uforum.uz - milliy forum hisoblanib, u respublikamizning axborot texnologiyalari, ta'lim, madaniyat, moliya, sogʻliqni saqlash sohalarida hamda davlat sektori va elektron hukumat tuzilmasida roʻy berayotgan masalalar muhokamasini oʻz ichiga oladi. Forumlarda ishtirok etish tartibi: forumdan roʻyxatdan oʻtish. Forum qoidalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlariga rioya qilish shart;
  • 9-bob. Internetning axborot xavfsizligini ta'minlash: Axborot xavfsizligini ta'minlash. Axborot xavfsizligini ta'min-lash - bu foydalanuvchining axborotlarini himoyalashga qo'yilgan me'yor va talablarni bajarishidir. Axborot xavfsizligi esa bu axborot foydalanuvchilariga va koʻplab axborot tizimlariga zarar keltiruvchi tabiiy yoki sun'iy xarakterga ega tasodifiy hamda uyushtirilgan ta'sirlardan axborotlarni va axborot kommunikatsiya tizim obyektlarining himoyalanganligidir. Login tushunchasi. Login shaxsning, oʻzini axborot kom-munikatsiya tizimiga tanishtirish jarayonida qo'llaniladigan belgilar ketma-ketligi boʻlib, axborot kommunikatsiya tizimidan foyda-lanish huquqiga ega boʻlish uchun foydalaniluvchining maxfiy bo'lmagan qayd yozuvi hisoblanadi. Parol tushunchasi. Parol – uning egasi haqiqiyligini aniqlash jarayonida tekshiruv axboroti sifatida ishlatiladigan belgilar ketma-ketligi. U kompyuter bilan muloqot boshlashdan oldin, unga klaviatura yoki identifikatsiya kartasi yordamida kiritiladigan harfli, raqamli yoki harfli-raqamli kod shaklidagi maxfiy so'zdan iborat. Avtorizatsiya tushunchasi. Avtorizatsiya – foydalanuvchining resursdan foydalanish huquqlari va ruxsatlarini tekshirish jarayoni. Bunda foydalanuvchiga hisoblash tizimida ba'zi ishlarni bajarish uchun muayyan huquqlar beriladi. Avtorizatsiya shaxs harakati doirasini va u foydalanadigan resurslarni belgilaydi. Ro'yxatdan o'tish tartibi. Roʻyxatdan o'tish - foydalanuvchilarni ro'yxatga olish va ularga dasturlar va ma'lumotlarni ishlatishga huquq berish jarayoni. Ayrim web-saytlar foydalanuvchilarga qo'shimcha xizmatlarni olish va pulli xizmatlarga obuna bo'lish uchun ro'yxatdan oʻtishni, ya'ni oʻzi haqida ayrim ma'lumotlarni kiritishni (anketa toʻldirishni) hamda login va parol olishni taklif qiladi. Foydalanuvchi ro'yxatdan o'tgandan soʻng tizimda unga qayd yozuvi (account) yaratiladi va unda foydalanuvchiga tegishli axborotlar saqlanadi. Login va parolga ega boʻlish shartlari. Biror shaxs oʻzining login va paroliga ega boʻlishi uchun u, birinchidan, axborot kommuni-katsiya tizimida ro'yxatdan o'tgan boʻlishi kerak va shundan so'ng u oʻz logini va parolini oʻzi hosil qilishi yoki tizim tomonidan berilgan login parolga ega boʻlishi mumkin. Login va parollar ma'lum uzunlikdagi belgilar ketma-ketligidan tashkil topadi. Login va parol-larning uzunligi hamda qiyinligi uning qanchalik xavfsizligini, ya'ni buzib bo'lmasligini ta'minlaydi.
  • 10-bob. Axborot-kutubxona muassasalarida elektron hujjat va uning almashinuvi: Hujjat tushunchasi. Hujjat - matn, tovush yoki tasvir shaklida yozilgan axborot boʻlib, zamon va makonda uzatish hamda saqlash va jamoat tomonidan foydalanish uchun mo'ljallangan moddiy obyektdir. Hujjat turlari. Hujjat turlarini oʻz shakliga koʻra quyidagi turlarga ajratish mumkin: matnli hujjatlar. Qogʻozga yozuv mashinasi, qoʻl yoki axborot kommunikatsiya vositalari yordamida tushirilgan qandaydir ma'no beruvchi soʻzlar ketma-ketligidir; tovushli hujjatlar. Ovoz yozish vositalari yordamida yozib olingan tovushli axborot; tasvirli hujjatlar. Fotosurat, rangtasvir mahsuli. Elektron hujjat. Elektron hujjat Oʻzbekiston Respublikasining «Elektron hujjat aylanishi to'g'risida»gi Qonuniga binoan quyidagicha ta'riflanadi: Elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish (tanib olish) imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga (ma'lumotlarga) ega boʻlgan axborot elektron hujjatdir. Elektron hujjat texnika vositalaridan va axborot tizimlari xizmatlaridan hamda axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda yaratiladi, ishlov beriladi va saqlanadi. Elektron hujjat elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining mazkur hujjatni idrok etish imkoniyatini inobatga olgan holda yaratilishi kerak. An'anaviy va elektron hujjat almashish Odatda, hujjatlarni an'anaviy tarzda almashish jarayonida pochta xizmati muhim rol o'ynaydi. Chunki pochta xizmatining asosiy vazifasi jo'natmalarni oʻz manzillariga yetkazib berishdan iboratdir. Ushbu holatda hujjatlar xatjildga solinadi va aloqa bolimiga topshiriladi. Shundan so'ng pochta xizmati xodimlari tomonidan hujjat kerakli manzilga jo'natiladi va yetkaziladi. Elektron hujjatlarni almashish tizimi esa an'anaviy hujjat almashish tizimidan biroz farq qiladi. Bunda hujjat elektron ko'rinishda kompyuter, telekommunikatsiya va Internet tarmog'i orqali uzatiladi. Elektron hujjatlarni almashish jarayonida maxsus ixtisoslashtirilgan tizimlardan (e-hujjat) yoki elektron pochta xizmatidan foydalaniladi. Elektron hujjat almashish tizimlarida hujjatlarni uzatish juda tezkor amalga oshiradi. Imzo va uning ahamiyati. Imzo hujjatning haqiqiyligini va muallifining haqiqiyligini tekshirishda qoʻllaniladigan va shaxs imzosini toʻlaligicha o'rnini bosa oladigan hujjatga tegishli isbotdir. U axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali uzatilayotgan hujjatlarni va axborotlarni haqiqiyligini tekshirishda qoʻllaniladi. Elektron raqamli imzodan muhr oʻrnida foydalanish. Elektron raqamli imzodan muhr oʻrnida ham foydalanish mumkin, bunda faqat hujjatga tegishli elektron raqamli imzo hujjatdagi barcha oʻzgarishlarni yoki oʻzgartirishlarni koʻrsatib beradi. Buning uchun elektron raqamli imzo yuridik shaxs nomiga, ya'ni kompaniya va tashkilotlar nomiga ro'yxatdan oʻtkaziladi.
  • 11-bob. Internet tarmogʻi video materiallaridan axborot-kutubxona muassasalarida foydalanish: Audio va video materiallar. Video – lotincha boʻlib, koʻryapman, qarayapman ma'nosini anglatadi. «Video» soʻzi televideniye rivojlanishi bilan oʻzining keng tatbiqini topdi. Hozirgi vaqtda ta'lim tizimida video ma'lumotlardan foydalanish keng koʻlamda qoʻllanmoqda. Oʻz davrida Konfutsiy shunday degan edi: «Eshitganlarimni unutaman, koʻrganlarimni eslab qolaman». Insonda koʻrish hissiyoti eshitish hissiyotidan yuqori turadi. Shuning uchun video ma'lumotlar eng koʻrgazmali ma'lumot hisoblanadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, videota'lim kelajakda keng koʻlamda qoʻllanilishi mumkin. Videota'limning asosiy maqsadi – oʻqituvchisiz ta'lim olishdan iborat. Ammo shuni ta'kidlash joizki, oʻqituvchi oʻrnini hech qanday videota'lim bosa olmaydi. Ingliz tilidagi saytlarda bunday ta'limdan foydalanish boshlanganiga yigirma yillarcha boʻlgan. Audio - lotincha boʻlib, eshitaman ma'nosini bildiradi. Ushbu formatdagi ma'lumotlardan oʻquv jarayonida foydalanish ancha ilgari, ya'ni audio yozuvlar paydo boʻlgan vaqtdan boshlangan. Audio ma'lumotlardan foydalanish, tillarni oʻrganishda juda qulay va yuqori samara berishi mumkin. Audio-video materiallarini onlayn namoyish etish. Internet tarmogʻi rivojlanishi bilan video va audio materiallardan oʻquv jarayonida foydalanishning qulay imkoniyatlari vujudga keldi. Internet tarmoqlarida video va audio materiallarni saqlash uchun maxsus serverlar mavjud. Masalan, YouTube – bu video almashish uchun web-sayt, bu saytda tashrif buyuruvchilar videoni yuklash va joʻnatish, tomosha qilishlari mumkin. YouTube saytida turli rejada yetarli darajadagi video ma'lu-motlar toʻplangan. Mazkur saytda ma'lumotlar Avi yoki Flv formatlarida saqlanadi. Flv formatidagi fayllar ixcham va uni yuklash uchun koʻplab Internet resurslari talab etilmaydi.
  • 12-bob. Internetning interaktiv xizmatlaridan ma'lumot-bibliografiya jarayonlarida foydalanish: Interaktivlik tushunchasi. Interaktivlik deganda, faqat, biz oʻrganayotgan fan kesimida texnik vositalar, kompyuter, ularning dasturlari hamda foydalanuvchilar orasidagi oʻrnatilgan muloqotni tashkil etish tushuniladi. Demak, kompyuter dasturlari shunday yaratilganki, biz uning yordamida kompyuter bilan muloqot oʻrnatamiz. Umuman olganda, interaktivlik bu muloqot tizimini tashkil etish bilan bog'liq. Ya'ni maqsadga koʻra tizim elementlari orasidagi axboriy ma'lumotlar almashinuvi. Ushbu tushuncha axborot nazariyasi, informatika va dasturlash, telekommunikatsiya tizimlari, sotsiologiya va boshqa sohalarda qoʻllaniladi. Interaktiv xizmatlar tushunchasi. Interaktivlik orqali foyda-lanuvchi moddiy, ma'naviy, ijtimoiy, iqtisodiy, axboriy va ishlab chiqarishning turli manbalaridan koʻriladigan manfaat mavjud boʻlsa, unga interaktiv xizmat qilingan deb tushuniladi. Ya'ni kompyuter dasturlari orqali foydalanuvchiga interaktiv xizmat tashkil etilgan deb tushuniladi. Internet tarmogʻi orqali koʻrsatiladigan interaktiv xizmat turlari. Hozirgi vaqtda, hukumatimiz tomonidan interaktiv xizmatlarni shakllantirish, tashkil etish va ularni boshqarishga katta e'tibor berilmoqda. Interaktiv xizmatlarni tashkil etishning eng tez va yaxshi yoʻli ularni Internet tarmoqlari orqali amalga oshirish hisoblanadi. Internet tarmogʻi orqali koʻrsatiladigan interaktiv xizmat turlariga quyidagilar kiradi: Transport vositalarning harakatlanish jadvali. Respublikadagi transport vositalarini harakatlarini ifodalash jadvali bir nechta saytda berilgan. Foydalanuvchi saytdan oʻziga ma'qul transport vositalarining qatnovi jadvallarini topadi. Quyida ushbu web-sahifalar keltirilgan: http://www.orexca.com - sayyohlar uchun moʻljallangan web-sahifa; http://www.tgpt.uz - Toshkent shahridagi transport vositalari haqidagi web-sahifa; http://www.goldenpagec.uz - Oʻzbekistondagi transport vositalari qatnovi reys jadvallari sahifasi. Avia parvozlari jadvali. Avia parvozlari boʻyicha ma'lumotlar jadvalini aniqlash, ulardan foydalanish uchun ttp://uzairways.com – Oʻzbekiston havo yoʻllari aviakompaniya web-sahifasiga murojaat qilinadi. Saytda xalqaro va Oʻzbekiston miqyosidagi aviaqatnovi jadvallari keltirilgan. Temiryoʻl transporti qatnovi jadvali. Respublika ichki va tashqi temiryoʻl qatnovi jadvallari va ular haqidagi ma'lumotlarni quyidagi web-sahifalardan topish mumkin. 1. uzrailpass.uz – temiryoʻl transport qatnovi jadvali. 2. www.roxanatour.com – bu sayyohlik firmasi sayti boʻlib, unda xalqaro va Oʻzbekiston ichidagi temiryoʻl qatnovlari va havo yoʻllari qatnovi jadvallari hamda u yerda joylashgan mehmonxonalar haqida ma'lumot va buyurtmalar majmualarini aniqlash mumkin. Bank xizmati ma'lumotlari va valuta kurslari. Oʻzbekistondagi barcha banklar haqidagi ma'lumotlar va yangiliklar, kunlik valuta miqdorlari haqidagi ma'lumotlarini quyidagi saytlardan olish mumkin: www.bank.uz; www.mikrokreditbank.uz; www.agrobank.uz; www.asakabank.com; www.new.nbu.com; www.uzpsb.uz; www.infinbank.com; www.xb.uz; www.ipotekabank.uz; www.ssb.uz va h.k. banklar. Ob-havo ma'lumotlari. Respublika barcha viloyatlari va Toshkent shahri hamda xalqaro miqyosda ob-havo haqidagi ma'lumotlarni quyidagi Oʻzbekistonda yaratilgan web-sahifalardan aniqlash mumkin: ob-havo.uz; www.pogoda.uz; www.meteoprog.uz. Ob-havo ma'lumotlari boʻyicha eng toʻliq ma'lumotlarni www.meteoprog.uz web-sahifasidan olish mumkin. Sahifa dizayni ham foydalanuvchilar uchun juda qulay. Yangiliklar. Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatlari doirasida olib borilayotgan asosiy yangiliklar majmuasini uza.uz, gov.uz hamda desk.uz web-saytlari orqali topish mumkin. Ushbu web-sahifalarda davlat boshqaruv va xoʻjalik yurituvchi organlar web-sahifalari orqali koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlari, ular faoliyati haqidagi yangiliklar, xabarlar mavjud. Tele va radioeshittirish dasturlari. Oʻzbekiston Milliy teleradio-kompaniyasi ma'lumotlari va teledasturlari hamda ularning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan ma'lumotlarni quyidagi web-sahifalardan olish mumkin: www.mtrk. uz. Ish o'rinlari birjalari. Respublika doirasida boʻsh ish oʻrinlarini topish, aniqlash va muloqot oʻrnatish quyidagi web-sahifalar orqali amalga oshirilishi mumkin: www.myjob.uz, www.vacancy.uz. Bu saytlardan siz ish oʻrinlari haqidagi ma'lumotlarni va oʻzingiz haq-dagi ma'lumotlarni toʻldirib joʻnatishingiz hamda javob olishingiz mumkin. Sport yangiliklari. Respublika va xalqaro sport musobaqalari, ularning oʻtkazilish jadvallari va holatlari haqidagi ma'lumotlarni quyidagi web-sahifalardan qidirish mumkin: www.uff.uz; www.theuff.com; www.paxtakor.uz; www.bunyodkor uz; www.fifa.com. Bu saytlardan Oʻzbekiston futboli va jahon futboli yangiliklarini olish mumkin. www.allsportsites.net saytidan esa sport turlari reytingi yangiliklari haqidagi ma'lumot olishingiz mumkin. Davlat boshqaruv va xoʻjalik yurituvchi organlar web-sahifalari orqali koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar Interaktiv davlat xizmati – idoralar tomonidan idoralarning axborot tizimlari vositasida telekommunikatsiyalar tarmogʻi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kommunikatsiya texnologiya-laridan foydalangan holda koʻrsatiladigan xizmatlar.
  • 13-bob. Axborot-kutubxona muassasalarida Internet tizimining masofaviy uslubi: Masofaviy uslub asosida oʻquvchilarni oʻqitish hozirgi kunning rivojlanib borayotgan yoʻnalishlaridan boʻlib, oʻqituvchi bilan oʻquvchilar ma'lum bir masofada joylashgan holda ta'lim berish tizimidir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2010-yilning 12-noyabrda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi» asosida Inter-netning ta'limiy va ma'rifiy imkoniyatlari haqida alohida to'xtaldi: «Ayni paytda mamlakatimizdagi barcha, ya'ni 12 mingdan ortiq ta'lim muassasalari, ilmiy va madaniy-ma'rifiy tashkilotlar 25 ming-dan ziyod oʻquv materillari va resurslarni oʻz ichiga olgan Ta'lim portaliga ulandi. Bu masofadan turib oʻqitish usullarini ta'lim tizimiga keng joriy etish, oʻquvchi va yoshlarga boshqa xil axborot-kommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish imkonini berishi bilan ayniqsa, ahamiyatlidir. Shu bilan birga, zamonaviy axborot va kompyuter texnologiyalari, raqamli va keng formatli telekommu-nikatsiyalar, Internetni, nafaqat, maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurtlariga, balki har bir oilaga joriy qilish harakatlari bugungi kunda tobora kuchayib bormoqda. Aynan zamonaviy aloqa va axborot texnologiyalari tizimi mam-lakatimiz va jamiyatimizning taraqqiyot darajasini koʻrsatadigan mezonlardan biri boʻlib xizmat qiladi. 2010-yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda yurtimizda 12 million kishi Internetdan foydalanmoqda. Ularning yarmini mobil aloqa orqali Internetdan foydalanuvchilar tashkil etadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan aholi, birinchi navbatda, oʻquvchi va talabalarga zamonaviy axborot texnologiyalari asosida axborot-kutubxona, avvalambor, Internet xizmati koʻrsatishni yanada yaxshilash maqsadida «Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilindi. Masofaviy uslub asosida o'qitish quyidagi texnologiyalarni oʻz ichiga oladi. Interaktiv texnologiyalar: audiokonferensiyalar (audioconferencing); videokonferensiyalar (videoconferencing); ish stolidagi videokonferensiyalar (desktop videocon-ferencing); elektron konferensiyalar (e-mail, onlayn services); ovoz kommunikatsiyalari (voice mail); ikki tomonlama sputnik aloqa; virtual borliq (virtual reality). Nointeraktiv texnologiyalar: bosib chiqarilgan materiallar; audiokassetalar; videokassetalar; bir tomonlama yo'ldosh aloqa; televizion va radio koʻrsatuvlari: disketa va CD-ROMlar. Masofaviy uslubning quyidagi afzalliklari mavjuddir: a) oʻqitishning ijodiy muhiti. Mavjud koʻpgina uslublar asosida o'qituvchi ilm tolibini oʻqitadi, o'quvchi esa faqat berilgan mate-rialni oʻzlashtiradi; b) mustaqil ta'lim olishning imkoniyati borligi. Masofaviy uslub asosida ta'lim berish boshlang'ich, oʻrta, universitet, sirtqi-kechki va malaka oshirish bosqichlarini oʻz ichiga oladi; d) ish joyidagi katta oʻzgarishlar. Masofaviy uslub asosida ta'lim berish turi millionlab insonlarga, hammadan ham ishlab chiqa-rishdan ajralmasdan ta'lim olayotganlar uchun qulay sharoit yaratib beradi; e) oʻqitish va ta'lim olishning yangi va unumli vositasi. Statistik ma'lumotlar shuni koʻrsatmoqdaki, masofaviy uslub asosida ta'lim berish, ishlab chiqarishdan ajralgan holda o'qishdan unumlidir. Hozirgi kunda to'g'ridan to'g'ri Internet tarmog'iga kirish xizmati masofaviy uslub asosida ta'lim berish uchun elektron pochtalar, kompyuter konferensiyalar va ma'lumotlarning elektron bazasida foydalaniladi. Axborotlashgan tezkor kanalning rivojlanishi yangi gipermedia tizimini berib, u o'z ichida Internet tarmog'iga kirishning uch asosiy xizmatini mujassamlashtiradi va foydala-nuvchining interfeysi (muloqoti)ni yanada takomillashtirishga yordam beradi. Maltikast texnologiyalarining, konferensiya vositalarining va multimedia kompyuterlarining mavjudligi Internet tarmogʻi orqali videokonferensiyalarni yoʻlga qoʻyishga imkon beradi. Shunday qilib, bunday gigant axborotlashgan tarmoq oʻquvchilarning masofaviy uslub asosida zamonaviy bilim olishlari uchun vaqti yoki qayerda turganligiga qaramasdan keng sharoit yaratib beradi.
  • 14-bob. Elektron kutubxonalar va virtuallik: Elektron kutubxona - Internetning samarali imkoniyatlaridan biridir. Bu kutubxonaning elektron shaklidir. Kutubxona deganda, odatda, koʻz oldimizga kitoblar turgan son-sanoqsiz javon boʻlgan katta xonalar keladi. Elektron kutubxonada javonlar vazifasini jildlar, kitoblar vazifasini Internet sahifalar bajaradi. Bu kutubxona ma'lumotlari elektron koʻrinishda boʻladi va kompyuterda joylashadi. Bu kutubxonadan foydalanish juda qulay. Sizga dunyoning ixtiyoriy nuqtasidan elektron kutubxona ma'lu-motlaridan foydalana olishga imkon tug'iladi. Yana bir qulay tomoni, zarur boʻlgan ma'lumot nusxasini koʻchirib olish mumkin. Elektron kutubxonadan foydalanish uchun kompyuter, modem va Internet tarmogʻi boʻlishi yetarli. Faraz qilaylik, elektron kutubxonadan foydalanib, biror ma'lumot bilan tanishmoqchisiz. Kompyuter va Internet yordamida ma'lumotni bir necha daqiqada topish mumkin. Ma'lumot dunyoning ixtiyoriy nuqtasidan bir zumda ekranda tasvirlanadi. Buning uchun kompyuterning tugmachasini bosish va elektron kutubxonaga kirish yetarli. Bir necha daqiqada ma'lumot koʻz oldingizda namoyon boʻlib, aynan moʻjizani eslatadi. Bu esa virtuallik deb ataladi.
  • 15-bob. A.Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasidagi Internet bazalari va xizmatlari: Ilmiy ishlar bazasi. Hozirgi axborot texnologiyalari asrida axborot va unga boʻlgan talab, uni olish usullari kundan kunga rivojlanib, taraqqiy etib bormoqda. Bu kutubxonalar zimmasiga yanada katta mas'uliyat yuklaydi. Shuni inobatga olgan holda dunyoning yirik kutubxonalari o'z fondida saqlanayotgan axborotlarni foydalanuv-chilarga qulay va tezkor yetkazib berish maqsadida turli elektron ma'lumot bazalarni yaratishmoqda. Bunga misol tariqasida «RDK dissertatsiya va avtoreferatlari bazasi»ni olishimiz mumkin. Ushbu baza qulayligi, ya'ni vaqt va masofani yengib o'tishi bilan qisqa vaqt ichida foydalanuvchilar e'tiboriga tushdi. Bu tajribadan xulosa qilgan holda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi MDH davlatlari orasida yetak-chilardan boʻlib, ilmiy ishlar bazasini yaratishga kirishdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi fondida 13300 dan ortiq dissertatsiyalar, 558 mingdan ortiq avtoreferatlar saq-lanmoqda. Bu yangi baza ana shu ilm-ma'rifat durdonalarini foyda-lanuvchilarga qulay tarzda Internet orqali taqdim etishni koʻzda tutadi. Qidiruv tizimida bir qancha elementlar asosida qidiruv olib borish imkoniyati mavjud. Kengaytirilgan qidiruv mutaxassislik yo'nalishini qamrab olgan holda muallif, mavzu va h.k.lar boʻyicha qidiruvni amalga oshirish imkonini beradi. Qoʻlyozma va nodir nashrlar ma'lumotlar bazasida: foydalanuvchi nodir kitoblar katalogi va toʻliq matn bilan tanishishi mumkin.