Iplarni to‘quvchilikka tayyorlash
Ushbu o‘quv qo‘llanma 33220900 – Yengil sanoat buyumlari konstruktsiyasini ishlash va texnologiyasi kasb-hunar kollejlari tayyorlov yo‘nalishining 3320902-To‘qimachilik ishlab chiqarish texnik-texnologi kasbi bo‘yicha tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun «Iplarni to‘quvchilikka tayyorlash» fanini o‘zlashtirishda to‘quv dastgohlarida to‘qima ishlab chiqarish uchun tayyorlov bo‘limi uskunalari va texnologik jarayonlari yoritilgan asosiy manba sifatida tayyorlangan. O‘quv qo‘llanmada to‘qimachilik ishlab chiqarish texnik-texnologi kasbi bo‘yicha o‘quvchilarga «Iplarni to‘quvchilikka tayyorlash» fanining maqsadi, sohaning texnika va texnologiyasi yangiliklarining mazmuni, yo‘nalishi, uning taraqqiyoti, tashkiliy shakllari, to‘qimaning to‘quv dastgohida shakllanishi uchun tanda va arqoq iplarini tayyorlash texnologiyasi yuzasidan bilim berishga qaratilgan.
Asosiy mavzular
- KIRISH: O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoati mahalliy xomashyoni qayta ishlashga asoslangan ko‘p asrlik tarixga ega: paxta tolasi, ipak, terichilik, kaolin kabilar mamlakatning milliy boyligi hisoblanadi. Buyuk ipak yo‘lining O‘zbekiston orqali o‘tishi, bu yerda ishlangan paxta va ipakli matolar hunarmandchiligi, o‘ziga xos xushbichim milliy ust-bosh va oyoq kiyimlar, suratlar chizilgan sopol idishlar dunyoning ko‘plab davlatlariga mashhur bo‘lgan. Hozirgi vaqtga kelib, dunyoda eksportni amalga oshiruvchi yengil sanoat tarmoqlar orasida yuqori reytingga ega bo‘lib turibdi. Bu soha eksport tovarlar nomenklaturasida yigirilgan ip-kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan keng tarmoqni o‘z ichiga olgan. Shu nuqtayi nazardan sohaning eksport potensiali salmoqli o‘ringa ega bo‘lib, uning rivojlanish yo‘nalishi mavjud strategik investor, jahon bozoridagi tovarlar konyunkturasi, biznes rejaning samaradorligi, kadrlarning eksport ishlab chiqarish talablariga muvofiq kelishiga bog‘liqdir. To‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, zamonaviy yuqori texnologiyalardan foydalanish va bozor iqtisodiyoti sharoitida mavjud xomashyolardan foydalanib, raqobatbardosh sifatli yangi turdagi to‘qimalarni ishlab chiqarish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Iplarni to‘quvchilikka tayyorlash ip va to‘qima ishlab chiqarish jarayoni o‘rtasidagi bog‘lovchi texnologik zveno bo‘lib hisoblanadi. To‘quvchilik ishlab chiqarish texnologik jarayoni asosan quyidagilardan: ishlab chiqarilayotgan to‘qimalar assortimenti, xomashyo va to‘qimalarning tuzilishidan tashkil topadi.
- 1-bob. IPLARNI QAYTA O‘RASH: Yigirish, pillakashlik, ip pishitish va kimyoviy zavodlarda ishlab chiqarilgan iplar to‘qimachilik korxonalariga turli o‘ramalarda qayta ishlovchi (to‘qima olish, trikotaj to‘qish va h. k.) uchun keltiriladi. Yigirilgan iplar yigirish tuftagida yoki bobinalarda, tabiiy ipak iplari kalava shaklida, pishitilgan iplar bobina yoki gardishli g‘altaklarda, kimyoviy iplar esa turli xil bobinalarda keltiriladi. Bu o‘ramalardan hamma vaqt ham mato ishlab chiqaruvchi mashina va dastgohlarida qayta ishlovchi (o‘rnatish) imkoniyati bo‘lmaydi. Trikotaj matolarini ishlab chiqarish uchun, asosan, iplar trikotaj mashinalariga bobinalarda keltirilsa, to‘qima ishlab chiqarish uchun arqoq iplar bobinada (mokili dastgohlar uchun naychada), tanda iplar esa katta guruhga (yuzlab, minglab iplar) jamlanib tanda, to‘quv g‘altaklarga o‘ralib, to‘quv dastgohlariga taxlanadi. Bundan tashqari, iplarni to‘quvchilikka tayyorlash jarayonlarida ularni sifat nazoratidan o‘tkazilib, belgilangan darajada tayyorlanadi. Ayrim hollarda iplarni tayyorlash jarayonida ularga maxsus ishlov beriladi. To‘quvchilikda ohorlash, trikotaj va noto‘qima matolar ishlab chiqarishda esa, parafinlash va boshqa ishlovlar berilishi keyingi jarayonlar iqtisodiy samaradorligini oshirishga va jarayonning muntazam kechishiga xizmat qiladi.
- 2-bob. IPLARNI QAYTA O‘RASH: To‘qimachilik matolarini ishlab chiqarishda iplarni tayyorlash jarayonlarini to‘g‘ri tanlash, ularning ishini sifatli va yuqori unumli tashkil etish mahsulot ishlab chiqarish iqtisodiy samaradorligining asosiy omili hisoblanadi. Iplarni qayta o‘rashdan maqsad: keyingi texnologik jarayonlarning yuqori samaradorligini ta’minlovchi sifatli bobina tayyorlash; jarayonda o‘ramadagi ip uzunligini ko‘paytirish, har xil nuqsonlar, xas-cho‘plardan tozalash. Ko‘proq qayta o‘rash jarayonida iplar yigirish tuftagidan konussimon yoki silindrsimon bobinaga o‘raladi. Yigirish tuftagiga esa 100 gr. atrofida ip o‘raladi. Agar ipning chiziqli zichligi 20 tex bo‘lsa, u holda tuftakdagi ip uzunligi 5000 m bo‘ladi. Zamonaviy tandalash mashinalarining tezligi 1000 m/min atrofida bo‘lib, unda yigirish tuftagidan ip o‘raladigan bo‘lsa, har 5 minutda tuftaklarni almashtirish talab etiladi va bu hol tandalash mashinasi unumdorligining keskin kamayishiga olib keladi. Shuning uchun iplar tuftakdan hajmi katta bo‘lgan (og‘irligi 2 kg va undan yuqori) konussimon yoki silindrsimon bobinaga o‘raladi. Yigirish tuftagini to‘quv dastgohida arqoq ipi sifatida foydalanish uchun katta moki kerak bo‘ladi, bu esa homuza hosil qilish jarayonida muammoga olib keladi. Shuning uchun mokili dastgohda arqoq ipi naychaga o‘raladi. Naychaga esa bu ip bobinadan o‘raladi. Qayta o‘rash jarayoniga quyidagi talablar qo‘yiladi.
- 3-bob. IPLARNI TANDALASH: Tandalash jarayonida to‘qimaning tandasi shakllanadi. Texnologik nuqtayi nazaridan tandalash jarayoni muhim va ma’suliyatli bo‘lib, unda bir paytning o‘zida bir necha yuz iplardan bitta o‘rama olinadi. Tandalash jarayonidan maqsad – ma’lum sondagi tanda iplarini kerakli enda tanda yoki to‘quv g‘altagiga o‘rash. Tandalash jarayonida konussimon yoki silindrsimon bobinalardan, ayrim holatlarda aylanuvchi g‘altakchalardan ham iplar tanda yoki to‘quv g‘altagiga o‘raladi (3.1-rasm). Tandalash jarayonida tandaning shakllanishi boshlanadi va unga quyidagi talablar qo‘yiladi: ipning fizik-mexanik xususiyatlari buzilmasligi; ip tarangligi barcha iplar uchun bir xil va jarayon davomida ravon bo‘lishi; olingan o‘rama yuzasi tekis, silindrsimon bo‘lishi; olingan o‘ramadagi ip uzunligi aniq belgilangan miqdorda bo‘lishi; jarayon unumdorligi yuqori, chiqindilar kam bo‘lishi kerak. Tandalash jarayoni juda mas’uliyatli va muhim jarayon hisoblanib, bu jarayonda yo‘l qo‘yilgan nuqson va kamchiliklarni keyingi jarayonlarda yo‘qotib bo‘lmaydi. Jarayon davomida iplarning tarangligi, o‘rama zichligi va shakli har xil bo‘lmasligini ta’minlash va uning oldini olish muhim hisoblanadi.
- 4-bob. OHORLASH: To‘quv dastgohida to‘qima hosil bo‘lishi jarayonida tanda iplari har xil ishqalanish va mexanik kuchlar ta’sirida deformatsiyalarga uchraydi (cho‘zilish, egilish va h. k.). Tanda iplari bilan to‘quv dastgohi anjomlari (skalo, lamel, gula ko‘zchalari, tig‘, grudnitsa va h.k.) orasida hosil bo‘lgan turli miqdordagi ishqalanishlar ta’sir etsa, xomuza qilish jarayonida esa tanda iplari bir-biriga ishqalanishi natijasida ularning xususiyatlari buziladi va natijada ip uzilishlari soni ko‘payadi. Buning oldini olish uchun tanda iplariga maxsus ishlov beriladi, ya’ni iplar sirti yupqa ohor plyonka bilan qoplanishi natijasida, ularning ishqalanishga va uzilishga bo‘lgan chidamliyligi ortadi. Ohorlashdan maqsad – iplarga yupqa plyonka qoplash yo‘li bilan ularning silliqligini va pishiqligini oshirish hamda to‘quvchilik jarayonida ip uzilishlari sonini kamaytirishdan iborat. Iplarni qoplovchi suyuqlik – ohor deyiladi. Ohorlangan iplar quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi: uzilishga qarshiligi yuqori; cho‘zilishi kam; egiluvchanligi yuqori; ishqalanishga chidamliligi yuqori; tukdorligi kam; yemirili shga chidamligi yuqori. Ohorlash jarayonidan keyin iplarning uzilishga bo‘lgan qarshilik kuchi 10–20%ga ortadi, lekin bu omil ohorlashning asosiy maqsadi hisoblanmaydi.
- 5-bob. IP O‘TKAZISH VA ULASH: Tayyor bo‘lgan to‘quv g‘altagi 1 olingandan so‘ng, to birinchi arqoq ipi tashlanguncha bo‘lgan ishlarning barchasi ip o‘tkazish bo‘limida bajariladi. Bu ishlarga shoda terish, tanda iplarini 2 to‘quv dastgohi anjomlari – lamel 3, gula 4 va tig‘ 6 tishlaridan o‘tkazish jarayonlari kiradi (5.1-rasm). Shuning uchun ip o‘tkazish jarayonining maqsadi – tanda iplarini navbati bilan to‘quv dastgohi anjomlaridan (lamel, gula, tig‘)dan o‘tkazishdir. Iplarni o‘tkazish qo‘lda bajarilib, 2 ta ishchi – ajratib (uzatib) beruvchi va o‘tkazuvchilar ishlaydi. Ip o‘tkazish jarayoni quyidagi hollarda qo‘llaniladi: yangi dastgohga tanda ipi taxtlanayotganda; to‘qima assortimenti o‘zgarganda; avariya hollarida yoki juda ko‘p iplar uzilganda; dastgoh jihozlari ishdan chiqqan hollarda. Ip o‘tkazish jarayonidagi asosiy talablardan biri to‘qima o‘rilishi bo‘yicha shoda gulalaridan xatosiz o‘tkazishdan iborat. To‘quv sexiga keltirilgan to‘quv g‘altaklarini butun hajmidan faqat 10–15% foiz to‘quv g‘altaklari o‘tkaziladi, qolgan qismi esa ulash mashinasi yordamida ulanadi. Iplar maxsus yakka (a) va qo‘shaloq (b) o‘tkazish ilgaklari yordamida o‘tkaziladi (5.2-rasm). Ishlab chiqarilayotgan to‘qima turi (o‘rilish turi, shodalar soni, tanda iplari soni va h. k.) va korxona quvvatidan kelib chiqib, ip o‘tkazish jarayoni qo‘lda yoki o‘tkazish avtomatlarida amalga oshiriladi.
- QAYTA O‘RASH USKUNASI OPERATORINING ISHCHI QO‘LLANMASI: Qayta o‘rash uskunasi operatori ishchi xodimdir. Qayta o‘rash uskunasi operatori – ishchi kasblar kvalifikatsion tarif-ma’lumotnomasiga mos malakaga ega bo‘lgan va ishga qabul qilinganda o‘rnatilgan tartib bo‘yicha mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tkazilgan ishchilar bo‘lishi mumkin. Qayta o‘rash uskunasi operatori to‘g‘ridan to‘g‘ri usta (smena boshlig‘i, boshqa strukturaviy bo‘limlar rahbarlari)ga bo‘ysunadi. O‘z ish faoliyatida qayta o‘rash uskunasi operatori quyidagilarga amal qiladi: texnik me’yoriy huquqiy dalolatnomalar, qayta o‘rash uskunasi operatoriga topshirilgan ishlarning bajarilishini belgilaydigan boshqa yo‘riqnoma materiallariga; tashkilot rahbari (bosh muhandis) buyruq, farmoyishlar, bevosita rahbarning ko‘rsatmalariga; tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan qayta o‘rash uskunasi operatorining mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomasi ga; mazkur ishchi yo‘riqnomalarga.