Yo‘l harakati qoidalari va xavfsizligi
Ushbu kitob O'zbekiston Respublikasi Oliy va O'rta Maxsus Ta'lim Vazirligi tomonidan kasb-hunar kollejlari uchun tayyorlangan "YO‘L HARAKATI QOIDALARI VA XAVFSIZLIGI" o‘quv qo‘llanmasining ikkinchi nashri bo‘lib, unda yo‘l harakati qoidalari va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chuqur ma’lumotlar berilgan. Qo‘llanmada avtomobilni boshqarish jihozlaridan foydalanish texnikasi, avtomobilni har xil yo‘l sharoitida xavfsiz boshqarish asoslari, yo‘l-transport hodisalari, ularning turlari va tahlili, avtotransport korxonalarida harakat xavfsizligi xizmatini tashkil qilish, yo‘l harakati xavfsizligini davlat va jamoatchilik tomonidan nazorat etish asoslari keng yoritilgan. Shuningdek, haydovchining psixofiziologik xususiyatlari, kasbiy ishonchliligi, axloq-odobi, yo‘l sharoitlariga qarab harakatlanish va boshqa muhim masalalar ham tahlil qilingan.
Asosiy mavzular
- Kirish: O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar hayotga izchil joriy etila boshlandi. Respublikaning bozor iqtisodiyotiga o‘tib borishi, xususiy mulkchilik va avtomobil sanoatining vujudga kelishi, chet ellar bilan teng huquqli iqtisodiy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi, fuqarolarning moddiy farovonligi ortib borishi tabiiy ravishda avtomobil yo‘llarida va shahar ko‘chalarida harakat miqdorining (yangi tayyorlanayotgan haydovchilar hisobiga) ortib borishiga olib kelyapti.
- Yo‘l harakati xavfsizligi kursining maqsadi va masalalari: Ushbu kursning asosiy maqsadi bugungi kun talablaridan kelib chiqib, har qanday yo‘l sharoitlarida ham avtomobillarni xavfsiz boshqarishga layoqatli haydovchilarni tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, bunda haydovchilarga avtomobilning boshqarish jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, avtomobil yo‘llari va yo‘l sharoitini harakat xavfsizligi ta’siri, haydovchining ruhiy fiziologik tasniflari, ishonchliligi va ishini to‘g‘ri tashkil yetish, YTH va ularning turlari, kelib chiqish sabablari va ularni bartaraf etish usullari, avtomobil konstruksiyasining xavfsizligi, avtomobil transporti xo‘jaliklarida harakat xavfsizligi xizmati ishini tashkil etish bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalar hosil qilishga yo‘naltirilgan.
- Avtomobilning boshqarish jihozlaridan foydalanish texnikasi: Haydovchining ish o‘rni kabinaning o‘lchamlari, boshqarish jihozlarini ishga tushirishning qulayligi, o‘rindiqning holati va boshqaruv jihozlarining unga nisbatan joylashuvi, ish o‘rnidagi muhitning ergonomik ko‘rsatkichlari bilan tasniflanadi. Haydovchining ish o‘rni haydovchining antropometrik (odam gavdasining o‘lchamlari) va ruhiy fiziologik tasniflaridan kelib chiqqan holda rejalashtirilishi va jihozlanishi kerak.
- Avtomobilni chegaralangan oraliqda boshqarish: Avtomobillar bir-biridan o‘zlarining gabarit uzunligi va kengligi bilan tubdan farq qiladi. Yo‘l harakati jarayonida, uni tashkil etishda va avtomobillarni xavfsiz boshqarishda ularning statik holatidagi gabarit uzunligidan tashqari, dinamik holatidagi gabarit kengligi va uzunliklari ham muhim ahamiyatga ega.
- Avtomobildan foydalanish xususiyatlari: Avtomobilning konstruktiv xavfsizligi deganda, uni ishlatish jarayonida atrof-muhitga, harakat qatnashchilariga zarar yetkazmaslik va yo‘l-transport hodisalarining oqibatlarini, og‘irligini yumshatishga aytiladi. Bu xususiyat juda murakkab bo‘lib, avtomobildan foydalanishning boshqa xususiyatlari bilan bog‘liq. Konstruktiv xavfsizlik aktiv, passiv, avariyadan keyingi va ekologik xavfsizliklarga bo‘linadi.
- Yo‘l sharoitlari: Yo‘llarning qatnov qismining kengligi harakat tezligi va xavfsizligiga, harakatlanish uchun qulaylikka katta ta’sir ko‘rsatadi. QMQ 2.05.02-95 ga asosan yo‘llarning bir sathda kesishishi yoki qo‘shilishini to‘g‘ri to‘rtburchak yoki unga yaqin burchak ostida bajarish tavsiya etiladi.
- Avtotransport xo‘jaliklarida harakat xavfsizligi ishini tashkil etish: Avtomobildan foydalanish davrida harakat xavfsizligini ta’minlash asosiy vazifa bo‘lib, bu ayniqsa, transport vositalarining harakatlanishini nazorat qilish, yo‘l harakati qoidalarini buzilishi va ularning sabablarini aniqlashni o‘z ichiga oladi. ATXlarda harakat xavfsizligi xizmati harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha me’yoriy hujjatlar va qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladi.