Ertaklarni tahlil qilish jarayonida obrazli fikrlashga o`rgatish

Ushbu maqola umumta'lim maktablarining adabiyot darslarida ertaklarni tahlil qilish jarayonida o'quvchilarni obrazli fikrlashga o'rgatish usullari haqida so'z yuritadi. Maqolada 5-sinf o'quv dasturida berilgan "Susambil" ertagidagi obrazlar, matndagi obrazli ifodalar bilan aloqador masalalar yoritiladi.

Asosiy mavzular

  • Ertaklarni tahlil qilish jarayonida o'quvchilarni obrazli fikrlashga o'rgatish usullari: Maqolada umumta'lim maktablarining adabiyot darslarida ertaklarni tahlil qilish jarayonida o'quvchilarni obrazli fikrlashga o'rgatish usullari haqida so'z yuritiladi. 5-sinf o'quv dasturida berilgan "Susambil" ertagidagi obrazlar, matndagi obrazli ifodalar bilan aloqador masalalar yoritiladi.
  • Badiiy nutq va obrazlar: Badiiy adabiyotning oʻziga xos asosiy xususiyatlaridan biri uning obraz vositasida ish ko'rishidir. Shu sababli o'qituvchi, dastlab, obraz tushunchasining mohiyatini mukammal tarzda o'zlashtirib olgan bo'lishi kerak. Badiiy nutq obrazli nutq sanaladi. So'z bilan obraz o'zaro bog'liq bo'lsa ham, bir-biriga teng keladigan tushunchalar emas. Chunki so'z til birligi, obraz esa san'at hodisasidir. Badiiy adabiyotda so'z va gap obraz, manzara yaratishning o'ziga xos libosidir. Obrazda asar muallifining chuqur hissiy kechinmalari mujassamlashgan bo'lib, u eshituvchi, o'quvchi va tomoshabinda ham o'sha kechinmani vujudga keltiradi.
  • Ertaklardagi obrazlar va ularning tahlili: Umumta'lim maktablarining beshinchi sinfi adabiyot darsliklariga koʻplab ertak matnlari kiritilgan. Beshinchi sinf o'quvchilariga ertaklardagi obrazlar, matndagi obrazli ifodalar, poetik tilning o'ziga xos xususiyatlari bilan aloqador masalalarni o'rgatish, yoshlarni badiiy tilning hissiy ta'siridan ogoh qilish oson kechadigan ish emas. "Susambil" ertagi hajman katta, shu sababli uni mazmun-mohiyatiga qarab uch qismga bo'lib tahlil qilish lozim. Ertak bilan tanishgandan so'ng bu vazifani oʻquvchilarning oʻziga topshirish kerak. Albatta, o'qituvchi oldindan bu masalani hal qilib kelishi lozim. Taxminan, bu uch bolim quyidagicha bo'ladi: Hayvonlar boy xizmatida. Susambil yo'lida. Susambildagi hayot.
  • Ertakning muqaddimasi va badiiy nutq vositalari: Matn tahlilini ertak muqaddimasi haqida nazariy ma'lumot berishdan boshlash kerak. Chunki "Har bir sinfda folklor materiallarini tanlashda o'quvchilarning ruhiy hamda yosh xususiyatlari nazarda tutilgan. 5-sinfdan boshlaboq faqat folklor asarlarining oʻzinigina emas, balki ularga bog'liq holda ayrim nazariy ma'lumot-larni ham yetkazish ko'zda tutilgan. O'qituvchi mana shu dastlabki tajribalardanoq folklor nazariyasining elementar ma'lumotlarini o'quvchilar ongiga singdirib borishi kerak. Ertakning muqaddimasi quyidagicha boshlanadi: "Bor ekan-u, yo'q ekan, och ekan-u, to'q ekan, bo'ri bakovul ekan, tulki yasovul ekan, qarg'a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan, oʻrdak surnaychi ekan, gʻoz karnaychi ekan". O'qituvchi ko'pgina ertaklar muqaddimasida aynan takrorlanadigan ushbu sa'jli boshlanmaning an'anaviy ifoda vositasi ekanligini, bu an'ana ertak voqealariga eshituvchini tezroq jalb qilish, unga estetik ta'sir o'tkazish, qolaversa, ertak-chiga ertak voqealarini boshlash uchun turtki bo'lib xizmat qilishini tushuntirishi kerak.
  • Ertaklardagi so'z boyligi va undan foydalanish: Ertak tarkibida tarixiy va boshqa tillarga oid leksik birliklar bo'lishi mumkin. Ushbu ertak tarkibida ham o'shanday so'zlar anchani tashkil etadi: qarol – yollanib ishlovchi, batrak, gajimli – shokilali, popukli (sochoqli), boz – yana, argʻamchi – arqon, loaqal – hech bo'lmaganda, azroil - jon oluvchi, munkar-nakir – oʻlganlarni so'roq qiluvchi, so'fi – azon aytuvchi, soʻyil -tayoq, vasvasa - xavf-xatar kabi. Ushbu so'zlar ma'nosini sharhlash, birinchidan, o'quvchilarning so'z boyligini oshiradi, ikkinchidan, ertak g'oyaviy mazmunini tushunib olishni osonlashtiradi. Ertakning g'oyaviy mazmunini tushuntirish unchalik qiyinchilik tug'dirmaydi. Uning asosiy g'oyasi ozod va farovon hayot uchun kurash, do'stlik va hamjihatlikni ulug'lash, har qanday dushmanni birlashib yengishdir. O'quvchilar boshlang'ich sinflardayoq ertak o'qishga ishtirok bo'lganliklari sababli bu ertakni ham ular mustaqil holda o'qib, g'oyaviy mazmunini tushunib olishlari unchalik qiyin emas. Ammo ertakning badiiy-estetik ta'sirini bolalar ongiga yetkazish ancha mashaqqatli vazifadir.