YALLIGʻLANISHGA QARSHI «NETINFLA» VOSITASINING FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARINI OʻRGANISH
Ushbu dissertatsiya O'zbekiston Respublikasi Farmatsevtika instituti huzuridagi ilmiy kengash tomonidan tasdiqlangan, tadqiqot ishlari Toshkent pediatriya tibbiyot institutida bajarilgan. Tadqiqotning asosiy maqsadi - yallig'lanishga qarshi «Netinfla» vositasining farmakologik xususiyatlarini va uning zararsizligini aniqlashdan iborat. Ushbu dorivor vosita tayyorlanadigan o'simliklar – Glycyrrhiza glabra L., Achillea filipendulina L., Ziziphora pedicellata Pazij et Vved asosida tadqiqotlar olib borildi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi shundan iboratki, ushbu o'simliklar ekstraktlarining optimal tarkibi aniqlanib, «Netinfla» vositasining ta'siri «Diklofenak» singari sintetik preparatlar bilan taqqoslandi. Tadqiqot natijalari «Netinfla» vositasining yallig'lanishga qarshi, isitmani tushuruvchi, og'riq qoldiruvchi va allergiyaga qarshi ta'sirini isbotladi. Shuningdek, preparatning kichik dozalarda ham yuqori samaradorlikka ega ekanligi va uni qo'llashda salbiy yon ta'sirlarning kuzatilmaganligi aniqlandi. Tadqiqot ishlari natijalari 5 ta xalqaro va 2 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida muhokama qilingan va 11 ta ilmiy ish chop etilgan.