Hozirgi zamon nasrida noan’anaviy qissalar badiiyati: uslub, janr va xronotop talqini

Dissertatsiyada zamonaviy oʻzbek nasrida noan'anaviy qissalar poetikasi, uslub, janr va xronotop talqini tadqiq qilingan. Tadqiqotda dunyo adabiyotshunosligida qissa janrining genezisi va taraqqiyot tendensiyalari, uning shakllanish bosqichlari va an'anaviylik, noan'anaviy qissalarda uslubiy-shakliy izlanishlar masalalari ochib berilgan. Shuningdek, zamonaviy oʻzbek qissalarida noan'anaviy obrazlarning qiyosiy tahlili va ijodkor fitrati muammosi alohida tadqiq qilingan.

Asosiy mavzular

  • Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati: Dunyo adabiyotshunosligida noan'anaviy qissa janrining poetikasi, uning ilk adabiy turlar va janrlarning aralashuvi jarayonida yangicha koʻrinishga kelishi borasida koʻplab muhim izlanishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, janr tabiatini shakl, mazmun va uslubdagi oʻzgarishlar orqali ijodkor badiiy mahoratining oʻziga xos qirralari sifatida tahlil etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qissa oʻrta epik turga mansub ekanligi, undagi qahramonlarning ruhiy olami va sarguzashtlari xilma-xil boʻlishi bilan birga, bugungi oʻzgarayotgan dunyoda badiiy soʻzga, xususan, janrga boʻlgan munosabat ham turli qirralarga ega va noodatiy ekanligi dolzarb ahamiyatga ega.
  • Tadqiqotning maqsadi: Zamonaviy noan'anaviy qissalarda uslub va janr, syujet va kompozitsiya, lirik kechinmalar, obraz va obrazlilikni xronotop va badiiy vaqt kategoriyalari nuqtayi nazaridan aniqlashdan iborat.
  • Tadqiqotning vazifalari: Jahon adabiyotida qissa janri genezisi va taraqqiyot tendensiyalari, janrning shakllanish bosqichlari va an'anaviylik, qissa janrining noan'anaga oʻtish tamoyillari, noan'anaviy qissalarda uslubiy-shakliy izlanishlar masalalarini ochib berish; noan'anaviy qissalarda syujet va kompozitsion yaxlitlik sintezi masalasi, syujetga xos unsurlarning qissa poetikasida tutgan oʻrni, kompozisiyada yozuvchi falsafiy-estetik idrokining aks etishi, noan'anaviy qissalarda mif va metamorfoza uygʻunligini aniqlashtirish; badiiy psixologizmning qissa strukturasida zuhur etilish usullari, ruhiy tahlilning turlari va usullari, badiiy obrazlilikni ta'minlovchi unsurlar dinamikasi, ruhiy tahlil va polifonik nutq sintaksisini dallillash; noan'anaviy qissalarda yozuvchi konsepsiyasi va badiiy xronotopning zuhur etilishi, yozuvchi ijodiy konsepsiyasida xronotop shakllari talqini, ijodiy konsepsiya evolyusiyasi va talqin ranginligi, oʻzbek noan'anaviy qissalarida g'arb badiiy tafakkuri sintezining rolini aniqlashtirish; badiiy obraz oʻzgaruvchanligini va uning ijtimoiy-madaniy munosabatlar kontekstidagi evolyusiyasini diniy va adabiy manbalardagi aksi orqali oʻrganish va ularning mohiyatini ochib berish.