Talabalarning mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida takomillashtirish
Ushbu avtoreferat talabalarning mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida takomillashtirish mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasining qisqacha mazmunini ochib beradi. Unda ilmiy tadqiqotning dolzarbligi, maqsadi, vazifalari, obyekti va predmeti, ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati hamda tadqiqot natijalari batafsil yoritilgan. Tadqiqotda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, kompyuter imitatsion modellarini yaratish va ulardan ta'lim jarayonida samarali foydalanish metodikasi takomillashtirilgan. Natijada talabalarning mediakompetentligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar va amaliy natijalar keltirilgan.
Asosiy mavzular
- KIRISH: Dissertatsiya mavzusining dolzarbligi va zarurati, jahon ta'lim muassasalarida oʻquv jarayonlarini axborotlashtirish, ta’lim va tarbiya jarayonini tashkil etish tizimini takomillashtirish maqsadida kompyuterli imitatsion modellar, multimediali elektron resurslar, virtual ta'lim texnologiyalarni yaratish va ularni joriy etish masalalariga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va pedagogik texnologiyalarning imkoniyatlaridan keng foydalanib multimediali ilovalarni joriy etishning kreativ texnologiyalari amaliyotga tatbiq etilmoqda.
- Tadqiqotning Respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlariga mosligi: Mazkur tadqiqot ishi Respublika fan va texnologiyalarni rivojlantirishning “Axborotlashgan jamiyat va demokratik davlatni ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy, madaniy, ma'naviy-ma'rifiy rivojlantirishda, innovatsion g'oyalar tizimini shakllantirish va ularni amalga oshirish yo'llari” ustuvor yo'nalishiga muvofiq bajarilgan.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Respublikamizda zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini ta'lim tizimiga joriy etish boʻyicha ilmiy izlanishlar bir qator tadqiqotlarda amalga oshirilgan boʻlib, ta'limni axborotlashtirish, axborot vositalarini yaratish va ulardan foydalanishning nazariy asoslari M.Aripov, U.Sh.Begimkulov, R.Hamdamov, N.I.Taylakov, J.Y.Suyumov, ta'limda kompyuter texnologiyalaridan foydalanishning ilmiy-metodik masalalari A.Abdukodirov, M.E.Mamaradjabov, R.R.Eshimov, M.A.Fayziyev ta'limda elektron va mediaresurslar yaratish hamda undan foydalanish masalalari boʻyicha tadqiqotlar G'.G'.Abdullayev, Sh.M.Askarova, B.Boltayev, S.S.Gʻulomov, M.Lutfillayev, R.H.Hamdamov, F.X.Ishkobilov, M.Fayziyeva, C.Tursunov, T.Isaqulov, T.Shoymardonov, N.A.Fayziyev, M.T.Shodmonqulov va boshqalar tomonidan oʻrganilgan.
- Tadqiqot maqsadi va vazifalari: Tadqiqot maqsadi talabalarning mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida takomillashtirishga oid resurslar yaratish va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqot vazifalari: talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantirishning pedagogik imkoniyatlarini aniqlashtirish; talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantiruvchi vosita talablari va pedagogik shart sharoitlarini takomillashtirish; talabalar mediakompetentligini rivojlantirishning dasturiy ta'minotini yaratuvchi texnologiyalarini aniqlashtirish; talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantiruvchi vosita yaratish, ulardan foydalanish metodikasi va samaradorligini takomillashtirish.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantirishning pedagogik imkoniyatlari tizimli, informatsion, imitatsion yondashuvlar, mediasavodxonlik, informatsion tahdid, internet xavfsizligi tushunchalariga ustuvorlik berish va imitatsion modellarni yaratishga transformatsiyalash asosida takomillashtirilgan; talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantiruvchi vosita talablari va pedagogik shart-sharoitlarini “experience exchange", "technical consulting" va "rotation" ta'lim tizimiga adaptatsiyalash, kooperatsiyalash va dasturiy interfeyslarni qoʻllab quvvatlash talablari (didaktik, metodik, ergonomik) aniqlashtirilgan va sinxron-asinxron moslashtirish asosida takomillashtirilgan; talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantirishning dasturiy ta'minotini yaratuvchi texnologiyalari mobillik, integrativlik interfeys dizaynini hisobga olgan holda mediakompetensiyalarni rivojlantirishning dasturiy ta'minotini tahlil qilish, fan va bilimlarni korporatsiyalash asosida aniqlashtirilgan; talabalar mediakompetentligini komppyuter imitatsion modellar asosida rivojlantiruvchi vosita yaratish, ulardan foydalanish metodikasi va samaradorligini MSCM platformasini mazmuni, interaktiv texnologiyalarni qoʻllash, interfaol nazorat topshiriqlarini ishlab chiqish va modellashtirish asosida takomillashtirilgan.
- Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati: Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati “Axborot texnologiyalarini kasbiy faoliyatda qoʻllash” fani mavzulariga oid kompyuter imitatsion modellar yaratilganligi, pedagogik dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilgan hamda talim olishga tadbiq etilishi mumkinligi bilan belgilanadi.
- Tadqiqotning joriy qilinishi: Talabalarning mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida takomillashtirish boʻyicha olingan natijalar asosida “Axborot texnologiyalarini kasbiy faoliyatda qoʻllash” fanidan 60 ta kompyuter imitatsion model yaratildi. Yuqorida keltirilgan kompyuter imitatsion modellar yaratish algoritmi, talablari, xususiyatlaridan kelib chiqqan holda “Axborot texnologiyalarini kasbiy faoliyatda qoʻllash” fanidan kompyuter imitatsion modellar yaratildi.
- XULOSA: Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, ta'lim muassasalarida oʻquv jarayonlarini axborotlashtirish, ta'lim va tarbiya jarayonini tashkil etish tizimini takomillashtirish maqsadida kompyuterli imitatsion modellar, multimediali elektron resurslar, virtual ta'lim texnologiyalarni yaratish dolzarbligi, uning imkoniyatlaridan ta'limda har tomonlama foydalanish, o'qitish samaradorligining oshishiga olib keluvchi quyidagi xulosalarga kelindi: 1. Talabalar mediakompetentligini rivojlantirish jarayonida tizimli, informatsion va imitatsion yondashuvlarning uyg'unligi oʻquv jarayonini samarali tashkil etish imkonini berdi. Bu yondashuvlar asosida talabalarda mediasavodxonlik, internet xavfsizligi va informatsion tahdidlar boʻyicha bilim va koʻnikmalarni rivojlantirishga, kasbiy malakasini oshirishga, hamda ularni zamonaviy informatsion muhitga moslashishga xizmat qildi. 2. Kompyuter imitatsion modellaridan foydalanish talabalarning o'quv jarayonidagi faolligini oshirish bilan birga, ularni nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan bog'lashga oʻrgatdi. 3. Mediasavodxonlik, informatsion tahdid, internet xavfsizligi tushunchalariga ustuvorlik berish va kompyuter imitatsion modellar yaratish orqali talabalarning mediasavodxonlik, informatsion madaniyatini rivojlantirishiga va ularni xavfsiz va samarali axborot ishlash boʻyicha mustaqil qaror qabul qilishga tayyorladi. 4. "Experience exchange”, “technical consulting” va “rotation” kabi interfaol metodlarni ta'lim tizimiga adaptatsiyalash talabalar mediakompetentligini rivojlantirishda samarali ekanligi isbotlandi. Bu interfaol metodlar talabalarning amaliy tajriba almashinuvi va muammoli vaziyatlarni yechishdagi ko'nikmalarini mustahkamlash bilan birga, jamoaviy hamkorlik va oʻzaro muloqot qobiliyatlarini oshirishga xizmat qilishi aniqlandi. 5. Kompyuter imitatsion modellar asosida sinxron va asinxron ta'lim usullarining uyg'unlashuvi talabalarga o'quv materialini o'zlashtirishda moslashuvchanlik va qulaylik yaratdi. Ushbu yondashuv orqali o'quv jarayoni talabalar ehtiyojlariga mos ravishda shakllantirilib, didaktik, metodik va ergonomik talablarni qondirishga xizmat qildi, natijada ta'lim sifatini oshirishga imkon berdi. 6. Talabalar mediakompetentligini kompyuter imitatsion modellar asosida rivojlantiruvchi dasturiy ta'minotni mobillik, integrativlik texnologiyalari asosida yaratish ta'lim jarayonida mediakompetensiyalarni samarali shakllantirish hamda interaktiv muhitda axborot bilan ishlash ko'nikmalarini rivojlantirish imkonini berdi. 7. Talabalar mediakompetentligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi MSCM platformasidan foydalanish interfaol nazorat topshiriqlarini ishlab chiqishga, ta'lim jarayonini samarali tashkil etishga yordam berdi. Bu esa, talabalarni nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg'unlashtirishga, shuningdek, mediasavodxonlik ko'nikmalarni rivojlantirishga imkon yaratdi. 8. Kompyuter imitatsion modellar asosida interfaol nazorat topshiriqlarini ishlab chiqish va modellashtirish talabalar bilimini nazorat qilish va baholash oʻquv jarayonining sifatini oshirish bilan birga, talabalar oʻrtasida ijodkorlik va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratdi.