Halima Xudoyberdiyeva she’riyatida qo‘llangan badiiy san’atlarning lisoniy asoslari

Ushbu dissertatsiya tadqiqoti O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida B2021.3.PhD/Fil1946 raqam bilan ro'yxatga olingan. Tadqiqot Navoiy davlat universitetida bajarilgan. Dissertatsiya mavzusi Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida qoʻllangan badiiy san'atlarning lisoniy xususiyatlarini ochib berishdan iborat. Tadqiqotda badiiy matnda shakl-ma'no-vazifa yaxlitligi, lisoniy omillar va badiiy san'atlarning oʻrni, leksik-morfologik xususiyatlari, ularning uslubiy va badiiy-estetik vazifalari tadqiq etilgan. Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati ham koʻrsatib oʻtilgan. Tadqiqotning natijalari 12 ta ilmiy-amaliy anjumanda, jumladan, respublika miqyosida 4 ta hamda 8 ta xalqaro ilmiy konferensiyada ma'ruza va tezis koʻrinishida bayon etilgan hamda aprobatsiyadan oʻtkazilgan. Tadqiqot natijalarining e'lon qilinganligi: Dissertatsiya mavzusi boʻyicha jami 22 ta ilmiy ish chop etilgan.

Asosiy mavzular

  • Tadqiqotning maqsadi: Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida qoʻllanilgan badiiy san'atlarning lisoniy xususiyatlarini ochib berish.
  • Tadqiqotning vazifalari: Oʻzbek tilshunosligida badiiy matnlarni oʻrganish bilan bog'liq tadqiqotlarni tahlil qilish, badiiy matnga lingvopoetik yondashuv masalalarini yoritish; badiiy matnda shakl-ma'no-vazifa yaxlitligini asoslash va uning oʻziga xos xususiyatlarini ochib berish; Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida qoʻllangan ma'naviy va lafziy san'atlarning lisoniy asoslari, til va badiiyat mushtarakligini tahlil qilish; shoira she'riyatidagi ma'naviy va lafziy san'atlarda leksik birliklarning badiiy-estetik vazifalarini ochib berish; shoira she'rlarida qoʻllangan ma'naviy va lafziy san'atlarda morfologik birliklarning badiiy-estetik vazifalarini aniqlash.
  • Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida qoʻllanilgan badiiy san'atlardagi lisoniy birliklarning qoʻllanilish oʻrni boʻyicha tushuncha, hukm va xulosalardagi umumiylik hamda oʻzaro bog'liqlik, yaxlitlik, mutanosiblik kabi xususiy jihatlarning shoira uslubiga xos kelin, bola, ayol, qayiq singari yangi badiiy tasviriy ifodalarda namoyon boʻlishi aniqlangan; shoira she'rlarida boʻzla-boʻzla, soʻzla-soʻzla kabi takrorlardan foydalanish she'rning ta'sirchanligini oshiruvchi omil sifatida; intiq sogʻinchlar, uzun kun, umid iplari, umring tongotarida, umring kunbotarida kabi ifodalarning oʻziga xos individual xususiyatlari, shoiraning mazmunni shaklga solishdagi badiiy mahorati hamda lisoniy birliklar she'riy nutqdagi shakl-ma'no-vazifa birligini ta'minlovchi muhim vosita ekanligi asoslangan; shoira she'riyatida qo'llanilgan ma'naviy va lafziy san'atlarda til va badiiyat mushtarakligi, sogʻ qalb, qizil oʻq, alvon qoʻshiqlar kabi birikmalarning denotativ va konnotativ ma'no xususiyatlari, badiiy-estetik vazifalari, voqelikni ta'sirchan va yorqin ifodalash uchun -dek, -dayin, -namo, -omuz, -li, -cha, -simon kabi morfologik koʻrsatkichlarning uslubiy ma'no ifodalangani dalillangan; Halima Xudoyberdiyeva she'riyatida qoʻllangan yuragi toshlar, qurgʻoq koʻzlar kabi birliklarning metonimiya, oʻxshatish kabi leksik vositalar orqali ifodalanishi, talmeh san'atini hosil qilgan Ahmad Yassaviy, Amir Temur kabi atoqli otlarning sezilarli darajada koʻp qoʻllanilishi ochib berilgan.
  • Tadqiqotning amaliy natijasi: Oʻzbek tilshunosligi, xususan, oʻzbek lingvopoetikasi uchun zaruriy, ilmiy ma'lumot berishi; badiiy matnda qoʻllangan ma'naviy va lafziy san'atlarning oʻziga xos leksik-morfologik xususiyatlari, ulardagi til va badiiyat mushtarakligi hamda shakl-ma'no-vazifa birligining muhim manba sifatida xizmat qilishi; yangi nazariy va amaliy kurslarning tashkil etilishida amaliy ahamiyat kasb etishi aniqlangan.