Kartoshka o‘simta ko‘chatlarini takroriy ekinda ildizdan tashqari oziqlantirishning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri
Ushbu dissertatsiya avtoreferati kartoshka navlarini takroriy ekinda oʻsimta koʻchatlaridan yetishtirish texnologiyasini, oʻsishni boshqaruvchi preparatlar va biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirishning oʻsishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’sirini oʻrganishga bagʻishlangan. Tadqiqot natijalari Samarqand viloyati sharoitida takroriy ekinda kartoshka navlarining oʻsimta koʻchatlaridan oʻstirishga mos navlarni ajratish va ularni yetishtirishda oʻsishni boshqaruvchi preparatlarni qoʻllash hamda biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirishning samarali usullarini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarining muhimligini koʻrsatadi. Tadqiqotda kartoshka navlarining turli xil oʻsishni boshqaruvchi vositalar va biooʻgʻitlar bilan parvarishlanganda oʻsishi, rivojlanishi, mahsuldorligi va hosildorligiga ta’sirini oʻrganish boʻyicha olib borilgan tadqiqot natijalari batafsil bayon etilgan. Tadqiqotning amaliy ahamiyati Samarqand viloyatining oʻtloqi boʻz tuproqlari sharoitida takroriy ekinda kartoshka navlarini oʻsimta koʻchatlaridan yetishtirish, urugʻlik tuganaklaridan yetishtirishga nisbatan urugʻlik materiallar sarfini kamayishi, oʻsimta koʻchatlari parvarishida ekish oldidan oʻsishni boshqaruvchi preparatlar bilan ishlab, oʻsuv davrida biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirilganda yuqori va tovarbop hosil yetishtirish hisobiga iqtisodiy jihatdan samarali ekanligi isbotlangan va ishlab chiqarishga joriy etilgan.
Asosiy mavzular
- Tadqiqotning dolzarbligi va zarurati: Kartoshka dunyo dehqonchiligida muhim o'rin tutadi. Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash maqsadida kartoshka yetishtirish hajmlarini ko'paytirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, takroriy ekin sifatida kartoshka navlarini yetishtirishda oʻsimta koʻchatlaridan oʻstirish hamda parvarishida oʻsishni boshqaruvchi preparatlarni va biooʻgʻitlarni qoʻllashning samarali usullarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
- Tadqiqotning respublika fan va texnologiyalari rivojlanishining ustuvor yo'nalishlariga mosligi: Mazkur dissertatsiya ishi respublika fan va texnologiyalar rivojlanishining V. «Qishloq xoʻjaligi, biotexnologiya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi» ustuvor yoʻnalishi doirasida bajarilgan.
- Muammoning oʻrganilganlik darajasi: Kartoshka navlarini takroriy ekin sifatida oʻstirish, tuganaksiz koʻpaytirish, kartoshka oʻsishi, rivojlanishi, mahsuldorligi va hosildorligiga oʻsishni boshqaruvchi preparatlar hamda biooʻgʻitlarning ta’sirini oʻrganish boʻyicha respublikamizda va xorijda keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Lekin, Samarqand viloyati sharoitida takroriy ekin sifatida kartoshkani oʻsimta koʻchatlaridan ekib oʻstirishga mos navlarini ajratish va ularni yetishtirishda oʻsishni boshqaruvchi preparatlarni qoʻllash hamda biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirishga oid ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmagan.
- Tadqiqotning maqsadi va vazifalari: Tadqiqotning maqsadi takroriy ekinda kartoshkani oʻsimta koʻchatlaridan oʻstirishga mos navlarni ajratish hamda oʻsishni boshqaruvchi preparatlar va biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirishning oʻsimta koʻchatlar tutuvchanligi, oʻsishi, rivojlanishi, mahsuldorligi va hosildorligiga ta’sirini oʻrganish hamda ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat. Tadqiqot vazifalari esa Samarqand viloyatining oʻtloqi-boʻz tuproqlari sharoitida takroriy ekinda kartoshka navlarining turli vazndagi urugʻlik tuganaklaridan oʻsimta koʻchat chiqimini hamda oʻsimta koʻchatlarning tutuvchanligini aniqlash, kartoshka navlari oʻsimta koʻchatlarining oʻsishi, rivojlanishi, mahsuldorligi va hosildorligini aniqlash, oʻsishni boshqaruvchi preparatlar va biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirishni oʻsimliklarning oʻsishi hamda rivojlanishiga ta’sirini aniqlash, kartoshka oʻsimta koʻchatlarini oʻsuv davrida ildizdan tashqari oziqlantirishning mahsuldorlik, hosildorlik va hosil sifatiga ta’sirini aniqlash, hamda kartoshka navlarini takroriy ekinda oʻsimta koʻchatlaridan oʻstirishda turli komponentli preparatlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirib yetishtirishning iqtisodiy samaradorligini aniqlash va ishlab chiqarishga tavsiyalar berishdan iborat.
- Tadqiqotning ilmiy yangiligi: Samarqand viloyatining o'tloqi boʻz tuproqlari sharoitida takroriy ekinda kartoshka navlari urug'lik tuganaklaridan olingan oʻsimta koʻchatlaridan yetishtirish agrotexnologiyasi ishlab chiqilgan. Arizona, Evolyushn, Saviola navlarining takroriy ekinda oʻsimta koʻchatlaridan o'stirishga mos ekanligi ilmiy asoslangan. Kartoshka navlari oʻsimta koʻchatlaridan takroriy ekinda o'stirilganda hosildorlik tezpishar navlarda 20,2-22,7 t/ga, oʻrtatezpishar navlarda 21,0-23,5 t/ga, oʻrtapishar navlarda 21,5-24,3 t/ga, tovar hosil chiqimi mos ravishda 94,1-95,2; 94,3-95,8 va 93,8-96,2 % boʻlishi isbotlangan. Kartoshka navlari takroriy ekinda oʻsimta koʻchatidan oʻstirilganda ekish oldi oʻsishni boshqaruvchi Gibbersib preparatida ishlab, oʻsuv davrida Bio-Si bioopreparati bilan ildizdan tashqari oziqlantirish koʻchatlarning tutuvchanligi, oʻsimlik boʻyi, yon shox soni, barg sathi, palak vazni, ildiz vaznining yuqori boʻlishiga erishilgan. Kartoshka oʻsimta koʻchatlari takroriy ekinda ekish oldidan Gibbersib eritmasida ishlanib, oʻsuv davrida biooʻgʻitlar bilan ildizdan tashqari oziqlantirilganda tuganak vaznini Arizona navida 74,5 g, Evolyushn navida 81,0 g, Saviola navida 85,6 g/tup.ga, tuganak hosilini 3,2; 3,5 va 3,8 t/ga koʻp boʻlib, navlar boʻyicha gektaridan 23,8-25,6; 25,2-27,7 va 27,1-30,8 mln.soʻm sof foyda olinib, rentabellik darajasi 69,9-75,8; 72,4-80,3; 80,9-92,6% yuqori boʻlishi isbotlangan.
- Tadqiqotning amaliy natijalari: Samarqand viloyatining o'tloqi bo'z tuproqlari sharoitida takroriy ekinda kartoshkani o'simta ko'chatlaridan o'stirish, urug'lik tuganaklar sarfini 54,6-64,3% ga tejalishi, o'simta ko'chatlarini parvarishida oʻsishni boshqaruvchi preparatda ishlash va biooʻgʻit bilan ildizdan tashqari oziqlantirish yuqori samara berishi ilmiy asoslangan. Takroriy ekinda kartoshka navlari oʻsimta koʻchatlaridan oʻstirilganda koʻchatlar ekish oldidan Gibbersib eritmasida ishlanib, oʻsuv davrida Bio-Si biooʻgʻiti bilan ildizdan tashqari oziqlantirilganda koʻchatlarning tutuvchanligi, amal davri oxirida saqlanib qolgan koʻchatlar soni, oʻsimlik boʻyi, bir tupdagi palak va tuganak vaznini yuqori boʻlishiga erishilgan. Takroriy ekinda kartoshka navlarini oʻsimta koʻchatlaridan yetishtirishda ekish oldidan Gibbersib eritmasida ishlab, oʻsuv davrida Bio-Si biooʻgʻiti bilan ildizdan tashqari oziqlantirish 1 s hosil tannarxini 16258,4-16825,2 soʻmga arzon, sof foyda 6864,8-8244,8 mln.soʻmga yuqori, rentabellik darajasini 34,3-35,5% ga ortishini ta'minlagan.
- Tadqiqot natijalarining ishonchliligi: Dala va ishlab chiqarish tajribalarining uslubiy jihatdan toʻgʻri oʻtkazilganligi, dissertatsiya bajarishda foydalanilgan uslublarning tadqiqotlarni bajarishga mosligi, olingan nazariy va amaliy natijalarning bir-biriga mos kelishi, tajribalardan chiqarilgan xulosalar va qonuniyatlarning asoslanganligi, olingan natijalarni mahalliy va xorijiy ilmiy tadqiqotlar bilan taqqoslanganligi, tadqiqot natijalarining respublika va xalqaro miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda muhokama qilinganligi bilan izohlanadi.
- Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati: Samarqand viloyatining o'tloqi bo'z tuproqlari sharoitida tezpishar, oʻrtatezpishar, oʻrtapishar kartoshka navlarining oʻsimta koʻchatlari takroriy ekinda oʻsishni boshqaruvchi preparatlarda ishlanib, oʻsuv davrida ildizdan tashqari biooʻgʻitlar bilan oziqlantirib parvarishlanganda koʻchatlarning tutuvchanligi, ildiz tizimining shakllanishi, oʻsishi, rivojlanishi, tuganak hosili va tovar hosil chiqimi hamda sifatiga ijobiy ta'siri ilmiy asoslanganligi bilan izohlanadi.
- Xulosalar: Samarqand viloyatining o'tloqi boʻz tuproqlari sharoitida kartoshka navlarini takroriy ekinda o'simta ko'chatlaridan o'stirish uchun ko'chat chiqimi (4,2-4,6 dona), tutuvchanligi (76,2-77,9 %), ildiz vazni (24,9-27,9 g), barg soni (82,3-87,1 dona), oʻsimlik boʻyi (90,1-97,8 sm), palak vazni (310,0-341,7 g) yuqori boʻlgan kartoshkani tezpishar Arizona, oʻrtatezpishar Evolyushn va oʻrtapishar Saviola navlar ekanligi aniqlangan. Kartoshka navlari takroriy ekinda o'simta koʻchatlaridan yetishtirilganda tuganak tovar hosili 19,0-23,3 t/ga, eng yuqori koʻrsatkichlar tezpishar Arizona navida (21,6 t/ga), oʻrtatezpishar Evolyushn (22,5 t/ga) va oʻrtapishar Saviola (23,3 t/ga) navlarida qayd etilgan. Bir dona tuganakdan 4,2-4,6 donagacha oʻsimta koʻchati olish orqali urug'lik tuganak sarfini 2,2-2,7 barobar yoki 61,7-65,2% ga tejalishi hisobiga Arizona, Evolyushn, Saviola navlarida sof foydani 15746; 16566 И 19346 ming/soʻmga, rentabellik darajasini 57,5; 59,0 va 72,1 % ga yuqori boʻlishini ta'minlagan. Kartoshka navlari oʻsimta koʻchatlarini ekish oldidan Gibbersib (25 g/101 suvga) eritmasida ishlanib, oʻsuv davrida Bio-Si biooʻgʻiti (75 g/ga) bilan ildizdan tashqari oziqlantirilganda koʻchatlar tutuvchanligi 4,9-5,7 %, amal davri oxirida esa 7,0-8,1 ming.dona/ga yuqori boʻlib, oʻsuv davrini 3-4 kunga uzayishiga olib kelgan.