Poetik tarjimaning kommunikativ-pragmatik va lingvostilistik tadqiqi (Robert Byorns poeziyasining o‘zbek tiliga tarjimalari misolida)
Ushbu dissertatsiya Qo'qon universiteti huzuridagi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashining qarori bilan himoya qilingan doktorlik dissertatsiyasining avtoreferatidir. Tadqiqot ishining asosiy maqsadi Robert Byorns she'riyatining lingvostilistik va kommunikativ-pragmatik xususiyatlarini, xususan, o'zbek tiliga qilingan tarjimalar misolida tahlil qilishdir. Ishda Robert Byornsning badiiy uslubi, poetik texnikasi va uning o'zbek tiliga tarjimasidagi qiyosiy-analitik tadqiqot asos qilib olingan. Tadqiqotning asosiy natijalari shundan iboratki, bevosita ingliz tilidan o'zbek tiliga qilingan tarjimalar, bilvosita rus tilidan qilingan variantlarga qaraganda semantik aniqlik, stilistik uyg'unlik va estetik muvozanatni yaxshiroq ta'minlaydi. Bundan tashqari, tadqiqotda poetik tarjima jarayonida zamon va makon kontekstlarini inobatga olish, tarjima tilidagi o'quvchi mentalitetiga moslashtirish, o'zbek poetik urf-odatlari bilan uyg'unlikni saqlash muhimligi ta'kidlangan.