Markaziy Osiyo xalqlari tarixi
«Markaziy Osiyo xalqlari tarixi» fanining asosiy mazmuni va mohiyati tarixiy-madaniy jarayonlar tadqiqotiga asoslanadi. Mazkur fan talabalarga Markaziy Osiyo xalqlari o‘tmishini, ularning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotini, mintaqadagi tarixiy davlatlar, davlatchilik jarayonlarining yagonaligi va mahalliy xos xususiyatlari, boshqaruv tizimi, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ichki va tashqi siyosati bo‘yicha bilim berishdan iborat. Asisiy vazifa esa – talabalarga Markaziy Osiyo hududlari yagona tarixiy madaniy mintaqa sifatida ko‘plab xalqlarning tarixiy taqdirini o‘zida birlashtirganligini e‘tiborga olib mintaqa xalqlari tarixining umumiyligi, mushtarak ildizlari va yaxlit jarayon sifatida tushuntirishdir. Markaziy Osiyo – eng qadim zamonlardan boshlab ko‘plab xalqlarning taqdirini birlashtirgan, murakkab etnik va tarixiy jarayonlar kechgan tarixiy - geografik hudud hisoblanadi. Shuningdek, bu ulkan mintaqa jahon antropogen jarayonlari ro‘y bergan, insoniyatning ilk ajdodlari shakllangan makonlardan biridir. Ming yillar davomida Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan madaniyat o‘chog‘i sifatida dunyo ilm ahlining e‘tiborini tortib kelgan. Turkiston va Markaziy Osiyo hududlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar Markaziy Osiyo hududining insoniyat ilk ajdodlari yashagan mintaqalar qatoriga kirishini ko‘rsatmoqda.