Dezadaptatsiyalashgan o‘smirlarni reabilitatsiya qilishning ijtimoiy-psixologik mexanizmlari
Ushbu dissertatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasida 2022-yil 28-yanvardagi «2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot Strategiyasi toʻgʻrisida»gi PF-60-son, 2020-yil 6-noyabrdagi «Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6108-son, 2020-yil 30-iyundagi «Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-6017-son Farmonlarida hamda boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan keng ko'lamli strategik chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan tadqiqot hisoblanadi. Tadqiqotning maqsadi dezadaptatsiyalashgan o'smirlarni reabilitatsiya qilishning ijtimoiy psixologik mexanizmlari boʻyicha zarur tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Tadqiqotda dezadaptatsiyalashgan o'smirlarning hissiy holatidagi yoshga oid dinamik va gender xususiyatlarini aniqlash va tahlil qilish, o'smirlardagi dezadaptatsiya holatining namoyon bo'lishining psixologik determinantlarini aniqlashtirish, nizoli vaziyatlarda xulq-atvor strategiyalarini namoyon boʻlishiga koʻra dezadaptatsiya holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash hamda dezadaptatsiyalashgan o'smirlarni reabilitatsiya qilishning psixologik mexanizmlarini ochib berish kabi vazifalar belgilangan. Tadqiqotda 240 nafar oʻsmir respondent sifatida jalb etilgan. Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati umumta'lim maktablari o'smir o'quvchilari faoliyatida namoyon bo'luvchi dezadaptatsiya holatlarini bartaraf etishga qaratilgan nazariy va metodologik jihatdan yangi ma'lumotlar bilan boyitilganligi va olingan natijalar mazkur tadqiqotning nazariy asoslarini takomillashuviga, o'smirlarning dezadaptatsiya holatlarini yenga olishi hamda maktab amaliyotchi psixologining faoliyatga ilmiy-amaliy yondashuvini ta'minlaydi. Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati esa, xalq ta'lim muassasalari tizimida ijtimoiy-psixologik xizmatini takomillashtirish oʻsmir oʻquvchilarining faoliyatida dezadaptatsiyani yuzaga keltiruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilish, oʻquv faoliyatida ma'naviy va aqliy-intellektual jarayonlarni rivojlantirishda samara beradi. Tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan xulosa va tavsiyalardan maktab amaliyotchi psixologlari, xalq ta'limi muassasalarida faoliyat olib borayotgan oʻqituvchilar va ota-onalar keng foydalanishi mumkin.