MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR OVQATLANISHINI GIGIYENIK BAHOLASH VA UNING OZIQLANISH HOLATIGA TA’SIRI
Mazkur monografiya maktabgacha yoshdagi bolalar ovqatlanishini tashkil etishning zamonaviy gigiyenik asoslari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo'llarini batafsil o'rganadi. Tadqiqot natijalari va ilmiy-tahliliy ishlanmalar orqali bolalar ovqatlanishini takomillashtirish bo'yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Tadqiqot davomida maktabgacha yoshdagi bolalarning ovqatlanishini tartibga soluvchi xalqaro va milliy standartlar, ratsion tarkibining gigiyenik tamoyillari va ularni belgilovchi omillar, shuningdek, ovqatlanishning biologik va ekologik xavfsizligi masalalari keng qamrovli tahlil qilingan. Xalqaro tajribalar asosida ratsionning gigiyenik xavfsizligi va bolalarning fiziologik ehtiyojlariga muvofiqligi ta'minlanishi zarurligi aniqlangan. Bu borada ovqatlanish dasturlarini bolalarning yosh xususiyatlari, energetik ehtiyojlari va ozuqa moddalari talablariga mos ravishda ishlab chiqish muhim ekani ta'kidlangan. Tadqiqot natijalari shuni ko'rsatdiki, maktabgacha yoshdagi bolalarning ovqatlanish sharoitlarida turli xil kamchiliklar mavjud. Bolalar ratsionida oqsil, temir, kaltsiy va vitaminlar yetishmovchiligi kuzatilgani ularning jismoniy va aqliy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Yog'li va qovurilgan mahsulotlarning ratsionda ortiqcha miqdorda bo'lishi esa ortiqcha vazn, oshqozon-ichak muammolari va boshqa kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo'lishi mumkin. Bunday muammolarni hal qilishda ratsionni ozuqa moddalari balansiga asoslangan holda shakllantirish, meva va sabzavotlarni ko'proq qo'shish, shuningdek, mahsulotlarni sifatli va xavfsiz tayyorlash usullarini keng qo'llash tavsiya etiladi. Gigiyenik baholash metodologiyasi bolalar ovqatlanishini ilmiy asosda o'rganish va ratsionning gigiyenik me'yorlarga muvofiqligini baholashda muhim rol o'ynaydi. Kuzatish, tahlil va laboratoriya tekshiruvlari orqali ratsiondagi kamchiliklar aniqlanadi va ular asosida ovqatlanishni yaxshilash uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu tavsiyalar ta'lim muassasalaridagi oshxonalarni zamonaviy jihozlar bilan ta'minlash, mahsulotlarni saqlash va tayyorlash sharoitlarini takomillashtirishni o'z ichiga oladi.