Sadriddin Salim Buxoriyning asliyatdan tarjimalarida adekvatlik va ijodiylik
Ushbu dissertatsiya XX asr oxiri va XXI asr boshlaridagi Buxoro adabiy muhiti vakili, tarjimon-shoir Sadriddin Salim Buxoriyning nemis tilidan o'zbek tiliga asliyatdan tarjimalaridagi adekvatlik va ijodiylik belgilarini aniqlashga bag'ishlangan. Tadqiqotda Sadriddin Salim Buxoriyning ijodiy biografiyasi, tarjimashunoslik faoliyatidagi o'ziga xos uslubi, tarjima tili, janriy va mavzuiy ko'lami, Sharqu G'arb mavzusidagi ijodi, shuningdek, nemis, rus va fors-tojik tillaridan qilingan badiiy tarjimalari tahlil qilinadi. Tadqiqot Sadriddin Salim Buxoriyning badiiy matn tarjimasiga yondashuvini, tarjimonning estetik psixologiyasini, ijodiy biografiyasini tizimli tahlil qilish orqali hozirgi adabiyotshunoslik, komparativistika, tarjimashunoslik rivojining xususiyatlarini ochib beradi. Tadqiqot natijalari O'zbekistonning oliy ta'lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va xalqarolashtirishga qaratilgan ilmiy loyihalarda, shuningdek, teleko'rsatuvlar va radioeshittirishlar tayyorlashda foydalanilgan. Ushbu ish O'zbekistonning ilm-fani rivojiga ham hissa qo'shgan.